OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Sa'dulla Hakim (1951)

 Sa’dulla Hakim 1951 yil 25 martda Jizzax viloyati, Forish tumanidagi Garasha qishlog‘ida tug‘ilgan. O’zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi (2002). ToshDUning jurnalistika fakultetini tugatgan (1977). «Hamal tonglari» (1981), «Sen kutgan bahor» (1986), «Yoz oqshomi» (1996), «Ona so‘z» (2000), «Saylanma» (2001), «Ko‘ngil yuzi» (2006) kabi she’riy to‘plamlari nashr etilgan. Publitsistik asarlari ham bor («Esimda qolgan kunlar», «Atom qa’riga sayohat»). A. S. Pushkin, M. Yu. Lermontov, S. Yesenin, Gyote kabi shoirlarning asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan.

* * * 

Yaxshi kitob o‘qisangiz, bir necha kun uning ta’sirida yurasiz. Hayajoningizga kimnidir sherik qilgingiz keladi. O‘zingizga yoqqan misrani lablaringiz ohista pichirlaydi. Kutilmagan tashbeh, go‘zal istioralardan, she’riy san’atlardan bahramand bo‘lib qalbingiz nurga to‘ladi.

She’riyat shaydolariga «Hamal tonglari», «Sen kutgan bahor», «Yoz oqshomi», «Ona so‘z», «Saylanma» kabi to‘plamlari bilan tanilgan shoir Sa’dulla Hakim o‘z muxlislariga yana bir kitobi — «Ko‘ngil yuzi»ni taqdim etdi. Kitob «Ko‘zmunchoq», «Shu go‘zal bog‘», «Onajon», «Eski daftardan», «Yurt ishqida» kabi besh turkumdan iborat. 

Sa’dulla Hakim she’rlaridan gul isi keladi. Ularni o‘qir ekansiz, go‘zal manzaralar, o‘zbekning samimiyati, ona-Vatan tabiati, uning purviqor tog‘lari, qishloqning tanti, mehnatkash insonlari ko‘z o‘ngingizda namoyon bo‘ladi. «Ko‘zmunchoq» turkumidagi to‘rtliklar falsafiy mushohadalarga boy. «Atirgul iforiga arzimas dunyo moli», «Osmoningga sajda qil, inson», «To‘g‘ri yo‘l tik jarga duch etib goho, Egri yo‘l cho‘qqiga eltmog‘i mumkin», «Har mavrid egilmoq singandan yomon» kabi misralar insonni komillik sari undaydi. «Hayot qo‘shig‘i», «Diydor», «Mendan nima bolamga qolar» kabi she’rlarida tandirga kamonday egilib, qirmizi non uzayotgan Ayol bilan faxrlanasiz, sog‘inchdan o‘rtanib ota duolari yodiga tushgan, o‘zidan bolasiga nima qolishini o‘ylab iztirob chekkan lirik qahramon kechinmalaridagi iqrordan o‘ylanib, Siz ham o‘zingizga shu savolni berasiz:
Yashab olis shaharda, oylab
Yo‘qlamabman onajonimni.
Endi meni quvonch unutmish,
Yuragimga sanchilar yo‘llar...
Mendan nima bolamga qolar?


To‘plamdagi hazil she’rlar kayfiyatingizni ko‘taradi. «Erkaklar va ayollar», «Chiptachi qizga», «Afandi» she’rlarida yengil kulgi orqali shoir o‘z gapini aytib olgan:
Chindan so‘z yetmay qolsa
Rosa qoyil bo‘lardi.
Har shoir o‘z so‘zini
Topsa shoir bo‘lardi.


«Kimning uzumi shirin», «Uddaburro Sattorboy siri», «Rajabboyning belgisi» kabi she’rlarda garashalik sodda aziz insonlar, ularning afandinamo ishlari tasvirlangan.
Shoir ijodida Vatan mavzusi o‘zgacha jilvalanadi: 

Senga sadoqatda betimsol elim —
Qozig‘in ko‘chirib kezmas hech mahal.
Besh mahal har kuni tilovat qilib
Bosh qo‘yib tuprog‘ing o‘par besh mahal.
Tirikligim, tayanchim Vatan,
Suyukligim, suyanchim Vatan.


She’rni tahlil qilish qiyin, tushuntirib ham bo‘lmaydi, uni o‘qigan ma’qul. Shoir ta’kidlaganidek, «Sa’dulloni so‘z ichidan axtaring».

Mahmuda Zoirxon qizi
 
******************* 
VATANGA MANSUBLIK

Banogoh cho‘qqidan qulasa bir tosh 
Tog‘ poyiga tushar, togni tark etmas. 
Et bilan tirnokdek bir jonu bir tan 
Vatandan yaralgan Vatandan ketmas.

Quyoshga intilgan havoyi bug‘lar 
Baland parvozlarni qilsa ham havas 
Bir kun qaytib kelar o‘kirib-yig‘lab, 
Vatandan yaralgan Vatandan ketmas.

Shashmaqom - ming yillik navo muattar, 
Ochsam ko‘kayimni yangrar qadim sas. 
Avlodlar tug‘ilar, ajdodlar o‘tar, 
Vatandan yaralgan Vatandan ketmas.

Ulug‘lar yuksalar yer ostida ham, 
Haykal bo‘lib o‘sar, eli unutmas. 
Shahidlar bog‘idan kuylab o‘taman: 
Vatandan yaralgan Vatandan ketmas.

Toshdan uchgan uchqun yalt etib o‘char, 
O’chgan cho‘g‘ qayta o‘z holiga kelmas. 
Choponing silkisang g‘ubori ko‘char, 
Vatandan to‘qilgan Vatandan emas!

EY, KO’NGIL

Nopisand bosma xazon yaprog‘ini, 
Boshing uzra esla soya chog‘ini.

Tanfi hukmiga azal bir chora yo‘q, 
Bandasi bilmas kelib-ketmog‘ini.

Istasa bergay shifo bemoriga, 
Dard berib solg‘ay sinovga sog‘ini.

Umr o‘tar daryo kabi qalqib-oqib, 
Aylagil taqdir nasib qirg‘og‘ini.

Rabbano qodir o‘zi, g‘ofir o‘zi, 
Har nafas tortib turar qarmog‘ini.

Boq, quyoshni qon etib har ro‘zi shom 
Na uchun ko‘z-ko‘z etar o‘rog‘ini?

Bilmasa me’yorini oftob ham 
Quvratar bog‘i chaman har yog‘ini.

Ey ko‘ngal, bu hodisot ibrat senga, 
El aro fasona et kelmog‘ini.

Olmoq ersang, bir g‘arib ko‘nglini ol, 
Ayro etsang, ayro et dil dog‘ini.

Sa’di olloga yetar qirmochi ham, 
Yori jonga tuhfa qil qaymog‘ini.

Shon desa, yo‘l oldi deb Toshkanni ayt, 
Sha’n desa, ko‘rsat Nurota tog‘ini!

IZLAR

Ikki cheti orasta, 
Yolg‘izoyoq chambil yo‘l. 
Ketib boraman asta, 
Har yonda giyohlar mo‘l.

Qurib qoraygan yantoq, 
Cho‘kir shuvoq. Ko‘k barra. 
Uzokda kungura tog‘, 
Osmonga tortar arra.

Shu birgina so‘qmoqda 
Ot izi, qulon izi. 
Eshak izi, it izi, 
Kush izi, ilon izi.

Shu birgina so‘qmoqda 
Don izi, bug‘doy izi. 
Yuzib o‘tar ohista 
Quyosh izi, oy izi.

Balki bunda bir chog‘lar 
Ozod qo‘yib chavkarin, 
Yelib o‘tgan quyunday 
Amir Temur navkari.

Balki... Mashrab so‘zona 
Navolar qilib o‘tgan. 
Tushgancha yo‘l uzala 
Oyoqlarini o‘pgan.

Shu yo‘lda bobom izi, 
Otam izlari poydor. 
Qor o‘tgan, yomg‘ir o‘tgan, 
Shamol o‘tgan necha bor.

Shu so‘qmoqda mening ham 
Izim qolar ekilib. 
Bug‘doy donasi kabi 
So‘zim qolar to‘kilib.

...Qay bir zamon, begona 
Yo‘lovchi qo‘ysa qadam, 
Ma’yus bir sog‘inch ila 
Eslarmikan meni ham?

CHOSHTEPADA YOZ


Yo‘lim tushib, yoz chog‘i 
Choshtepada to‘xtadim. 
Osmon sariq, yer sariq, 
Sap-sariq qiru adir.

Salqin joy qidirib suv 
Qochmish quduq tubiga. 
Har yerda to‘p-to‘p suruv, 
Chashma kirar tushiga.

Esadi iliq-iliq 
Yalqov shabboda ovush. 
Tumshug‘in cho‘mich qilib 
Hansirab nur ichar qush.

Loysuvoq imoratlar 
Bog‘ ichiga bosh suqib 
Sokin soyalab yotar, 
Sukutga cho‘mgan sukut.

Ko‘lanka quyuq, qalin, 
Baxmal ko‘rpacha monand. 
Soyasining soyasi 
Kabi rangsiz dov-daraxt.

Zardoli tanasida 
Mudrab yotgan o‘t-otash 
Shoxlarda yonar sachrab, 
Bamisli kahrabo tosh.

Ishkom osti supada 
Ko‘zga chalinar xiyol. 
Ko‘krak tutib, beshikka 
Suyangan so‘lim ayol.

Bari yurakka yaqin, 
Kelmas odam ketkisi. 
Nur qanotida oqib, 
Mast qilar shuvoq isi.

...Bo‘liq tuproq - etigim, 
Quyosh qalpog‘im mening, -
O’tib ketar yonimdan 
Bolalik chog‘im mening!

NAY

- Ohanglaring munglar nahrimi, 
Nay, bunchalar ma’yussan nega?
- Aytolmagan hasratlarini 
So‘zlashadi odamlar menga!

O’RMONCHILAR

O’rmonchilar haqida hangomaga bu bir gap,
Ko‘rgan-eshitgan hayron: o‘rmonchilar netdilar? 
Egri-bugri qayrag‘och soyasida soyalab, 
To‘g‘ri o‘sgan terakni shartta kesib ketdilar...

ALDARKO’SA

- Aldarko‘sa, nega aldaysan?
- Aldamasam yashay olmayman.
- Aldarko‘sa, nega o‘lmaysan?
- Yashamasam alday olmayman...

BEDILONA
Bahodirjonga

Havoyi so‘z emas sukut, andisha, 
Toysa tildan toyar odam hamisha. 
Bo‘shatib bir chetga otmas edilar 
Og‘zini ochmasa may to‘la shisha. 
 
SUYUKLIGIM, SUYANCHIM

Sen haqda o‘ylasam fikrim ochilar,
Sen haqda so‘ylasam aslo tolmayman.
Shoirlaring ko‘pdir — mashhur ochunda,
Ulardan oshirib ayta olmayman.
Tirikligim, tayanchim Vatan,
Suyukligim, suyanchim Vatan.

Oybek na’matakka bitdi madhiya,
Olimjon nazmida gul ochdi o‘rik.
Yam-yashil maysalar navolarida
Xayriddin Salohning bayoti tirik.
Tirikligim, tayanchim Vatan,
Suyukligim, suyanchim Vatan.

Bir fasling — kun qisqa, tunlaring uzun, —
Oy tezroq balqay deb Kunni shoshirar.
Bir fasling — tun qisqa, kunlaring uzun, —
Quyosh bog‘laringda yog‘du shopirar.
Tirikligim, tayanchim Vatan,
Suyukligim, suyanchim Vatan.

Ikki bosh uzumni bag‘riga bosib,
Ayol chiqib kelsa uzumzoringdan,
Shamollar osilib etaklariga,
Bergil, der, bir dona o‘sha doringdan.
Tirikligim, tayanchim Vatan,
Suyukligim, suyanchim Vatan. 

Istiqlol bongidan uyg‘ondi,
Zamon shiddatida asrlar shashti.
So‘z aytsang, so‘zingni tinglasa jahon
Naqadar ulug‘dir ro‘shnolik gashti.
Tirikligim, tayanchim Vatan,
Suyukligim, suyanchim Vatan.

Do‘st qo‘li qo‘sh doim, dushman qo‘li — uch,
Bittasi hamisha yeng ichida berk.
Endi Erk o‘g‘lingni asra, mahkam quch,
Yigit ori — nomus, millat ori Erk.
Tirikligim, tayanchim Vatan,
Suyukligim, suyanchim Vatan.

Senga sadoqatda betimsol elim —
Qozig‘in ko‘chirib kezmas hech mahal.
Besh mahal har kuni tilovat qilib,
Bosh qo‘yib tuprog‘ing o‘par besh mahal.
Tirikligim, tayanchim Vatan,
Suyukligim, suyanchim Vatan.

Taqdirda bo‘lsaydi qayta yaralmoq,
Men yana munavvar ul o‘sha onda,
Egamdan yolvorib so‘rardim, yorab,
O‘zbek qilib yarat O‘zbekistonda.
Tirikligim, tayanchim Vatan,
Suyukligim, suyanchim Vatan.

OTALAR VA BOLALAR

Agar xonadonga kirsa bir kitob
Bir kuni, albatta, varaqlanajak.
O‘smani qoshida yayratsa ona,
Qizi zulfin qilar burama gajak.

Asal tabassumu  o‘tli qarashlar
Onadan oy yuzli qiziga o‘tar.
Ming yillik malohat, nozu karashma
Hamon yuraklarda to‘fon uyg‘otar.

Ota tashlab qo‘ysa bog‘iga ketmon
Suyagi qotganda bolasi chopar.
Ota kitob ko‘rib izlaganini
Oxir dunyo kezib zuryodi topar.

Ota yo‘l-yuzaga tashlab qo‘ysa tosh
Bir kuni duch kelib bolasi bebosh
Shu toshga qoqilib ketmog‘i mumkin,
Taniga ozorlar yetmog‘i mumkin.

Naslu nasabini burkar sharafga
Ota jasorati abadul-abad.
Sherdan sher tug‘ilar, tulkidan tulki,
Itolg‘idan burgut chiqmagay minba’d.

Suv ham o‘zanidan ayrilar toshib,
Nur kabi taralar dashtu dalaga.
Ajabki, har qancha bo‘lsin munosib,
Ota yo‘li torlik qilar bolaga.

Dunyo ming evrilsin, o‘rgilsin, illo
Aslo o‘zgarmagay bitta shevasi.
O‘z o‘sgan uyingning kesagi tillo,
O‘z ekkan bog‘ingning gavhar mevasi.

ESKI KITOB

Eski kitoblarni o‘qidim ko‘p-ko‘p,
Oltinga topilmas ko‘rganim foyda:
Na’rasi chaqmoqdek shiddatli sher ham
Mushukcha bo‘lolmas sir qochgan joyda. 

Eski kitoblarni o‘qidim ko‘p-ko‘p,
Bozorda sotilmas olganim saboq:
Sirti mahkam deya qolma chuv tushib,
Ichidan panglagay usti tosh yong‘oq.

Eski kitoblarni o‘qidim takror,
Bilganim shu bo‘ldi, bilmaganim bu:
Bedorlik, oh, nega bunchalar taxir,
Vah, nega bunchalar shirindir uyqu?

Eski kitoblarni o‘qidim to‘ymay,
Qalbimni charog‘on etdi bir hikmat:
Kuydirsa kuydirsin ishq alangasi,
Yondirsa yondirsin ishq o‘ti faqat!

HAR SO‘ZIM MONAND TUZAY

Ko‘ngil uzgandan manam ko‘ngil uzay,
Mehr ko‘rgazganga chandon ko‘rguzay.

O‘tdi yolg‘on ichra umrim qanchasi,
Har qadamni Haq yo‘lida yurguzay.

She’ru borim egniga zarbof chopon,
Ham yalang boshiga qalpoq kiyguzay.

Yurt sobit. Do‘st beqaror. Yor ming navo,
Fikratim har qaysiga monand tuzay.

Patqalam — oftob nuri, Chorvoq —  davot,
Hur Vatan vasfini gul birla yozay.

Bosh qo‘yib tuprog‘ini aylay tavof
Besh mahal, ruhimga quvvat kirguzay.

Joiz o‘lsa, nomusim aylab kamon,
Har so‘zim paykon kabi shay turguzay! 

Ustoz Hamid Olimjonga

Qani, 
Men ham 
Bir daraxt bo‘lsam...
Ko‘ksimdagi otash gulxandan
Son ming
Pushti chiroqlar yoqib,
Matonatli o‘riklar kabi
Bahor yo‘llarini yoritsam...

Otam Hakim Rahmat o‘g‘li xotirasiga

Bu bog‘ning bog‘boni chol edi —
Soqoli sochlari kabi oq.
Bog‘ o‘rni yalanglik joy edi,
Bor-yo‘g‘i oqquvray va yantoq.

Bu bog‘ning bog‘boni chol edi...
Terak lol: «Ketdi u qayoqqa?»
Shaftoli qomati dol endi,
Bo‘zlaydi tayanib tayoqqa.

Uzumlar yig‘lashar mo‘ltirab,
Yaproqqa berkitib yuzini.
Yo‘l chopar bog‘ aro tentirab,
Yo‘qotib bog‘bonning izini.

Bog‘ kezdim,
Ayriliq tig‘idan
Ko‘ksimda jarohat izlari.
Qizarib ketibdi yig‘idan
Olmalarning o‘ychan ko‘zlari...
Bu bog‘ning bog‘boni chol edi!

BOLALIK. AYOL, QIZALOQ

Mehmon kutayotgan uy bekasiday
Chopqillab yo‘llarni supurar shamol,
supurar shamol.
Toshdevor yoqalab bolalarday saf
Qo‘l silkib qutlaydi teraklar xushhol,
teraklar xushhol.

Olmalar lablarin qirmizga bo‘yab,
Yaproq durrasidan mo‘ralab boqar,
mo‘ralab boqar.
Yuvinib-tarangan Garashasoydan
Borliqqa yalpiz xush ifori oqar,
ifori oqar.

Boshiga oppoq qor yarashiq salla
Bobomo‘la go‘yo mo‘ysafid ota, 
mo‘ysafid ota.
Oqil o‘g‘lonlardek past-baland qirlar
Cho‘k tushib poyiga bosh urib yotar,
bosh urib yotar.

Shu qirlarda kechdi bolalik chog‘im,
O‘smir qalbi bilan yonib suyganman,
yonib suyganman.
Bulutni — qalpoq, qorini — chopon,
Yomg‘irini ko‘ylak qilib kiyganman,
suyub kiyganman.

... Huv, ana tandirdan non uzar ayol,
Issiq non yuzida yaltiraydi nam,
yaltiraydi nam.
Yuzlarim lovullab shirmoy non misol
Banogoh labimda sezaman sho‘r ta’m,
sezaman sho‘r ta’m.

Chetan darvozalik bu uy oldida
Bolalik bir lahza to‘xtatar shu choq,
to‘xtatar shu choq.
Ohu kabi hurkak nazari bilan
Bir juft non ko‘tarib chiqar qizaloq,
chiqar qizaloq.

Yuzlarida shirmoy shu’lasi yonar,
Qiyiq ko‘zlarida bahoriy chaqin,
bahoriy chaqin.
Ajab, tanish ayol endi begona,
Notanish qiz nechuk bunchalar yaqin,
bunchalar yaqin?

Jismu jahonimga o‘t tutashgancha
Yong‘oqzor oralab o‘ychan kezaman,
o‘ychan kezaman.
Tandirdek qizigan bag‘rimdan, qancha
Sog‘inch so‘zlarini nondek uzaman,
nondek uzaman...

***

To‘kilmoqda olcha barglari,
Yomg‘ir tuman kabi quyilar.
Bo‘sh qo‘llarin cho‘zib keksa tut,
Yo‘lchi kuzga iltijo qilar:
— To‘xta,
Tashlab ketma beshafqat!
Orzum edi har yashil yaproq,
Tirik turib azobdir, faqat
Xotiralar bilan yashamoq! 

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.