OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Sobir Hakimov (1963)

Sobir Hakimov 1963 yilda tug‘ilgan. Nizomiy nomli Toshkent Davlat pedagogika institutining o‘zbek va qozoq filologiyasi fakultetini tamomlagan. Hozir Marhamat tumanidagi 3-son maktab-internatida ishlaydi.

IQROR

Menga nima bo‘ldi,
Nima qilding, vaqt?
Shabnamday sof edim
Aynigandayman.
Kunlarim sharobin uzatadi: talx
Shaklim musulmonu g‘ayridindayman.

Insofu diyonat chegarasini
Bilmadim. Bilmadim, qachon hatladim.
Hayronman. Do‘stlarning eng sarasini
Ko‘zimni lo‘q qilib bugun aldadim.

Ishondi u mening yolg‘onlarimga
Go‘yo tinglaganday pirdan aqida.
Yuzlarim qizarmay tuqqanlarimga
Falsafa o‘qidim iymon haqida.

Oyoqqa tin bermay topilgan rizqim
Halol va makruhning oralig‘ida.
Yutilgan luqmamdan kelmaydi qusgim,
Bu ham manglayimning qoraligi-da...

Qoshingga bordimmi bel boylab qoyim,
Onajon, kuningga qachon yarayman?
O, ko‘zlari munchoq oydin bolalik,
Endi ko‘zlaringga qandoq qarayman?..

Menga nima bo‘ldi,
Nima qilding, vaqt?..

* * *

Sochlarimga oralabdi oq,
Yoshlik, sendan ketgim yo‘q mening.
Yuragimga indi bir titroq,
Yoshlik, sendan ketgim yo‘q mening.

Sunbullarga so‘ylab she’r – g‘azal.
Umr o‘tdi – o‘tgan kun go‘zal,
Sen ham endi topdingmi o‘sal,
Yoshlik, sendan ketgim yo‘q mening.

Olislarda qolgan malagim,
Garchi yo‘qdir senga keragim,
Qirqimda ham kuyar yuragim,
Yoshlik, sendan ketgim yo‘q mening.

Keksalikni bo‘ynimga ortar,
Yillar meni yo‘qlikka eltar,
Bir kungina ortimga qaytar,
Yoshlik, sendan ketgim yo‘q mening.

Vodiylarda yayragan qo‘zim,
O‘zing nolam, o‘zingsan bo‘zim,
Ohanglarga aylangan so‘zim,
Yoshlik, sendan ketgim yo‘q mening.

* * *

Men bir kun ishq bog‘in sultoni bo‘ldim,
Eng nozik pardasin chertdim torimning.
Raqsini kuzatib kapalaklarning,
Sochlarin o‘ynadim diloromimni.

Taqdir ham qumsoat – to‘nkarildi tez,
Ayriliq oshimga namagin soldi.
Yuragim tubida bir tumor kabi
O‘shal gulruxsorning hijroni qoldi.

Kapalaklar menga parvona bo‘ldi,
Ko‘nglim yum yig‘ladi – devona bo‘ldi,
So‘ng uylar tikladim koshona bo‘ldi,
Musofir eliga hamxona bo‘ldim.


Roviylar tilidan bir mujda kutib,
Yillar o‘tdi. Qismat qilmadi shafqat.
Xabarin tingladim olti iqlimning
Yettinchi musofir kelmadi faqat.

BOBOMNING QO‘RG‘ONI

Bostirma tagida zangladi ketmon,
Olmurti quridi. Kesildi tuti.
Bog‘i Eram bo‘lib ko‘ringan qo‘rg‘on
Bobomning ortidan o‘chmoqda quti.

Labida jambillar kulgan ariqcha,
Uni ham xazonlar to‘ldirib qo‘ydi.
Mevasin bir yuzi bitta qiyiqcha –
Olmalar o‘tinga aylandi-qo‘ydi.

Hovlining sahnida ko‘mildi izlar,
Birgina qaldirg‘och bundan ketmadi.
Tushgan joylarida tosh bo‘ldi qizlar,
O‘g‘illar qo‘liga ketmon tutmadi.

Duvullab to‘kilar uyning shuvog‘i,
Ko‘rinmas bir pichoq tig‘layotganday.
Bu qo‘rg‘on hech kimga dardini aytmay
Yetim bola kabi yig‘layotganday...

QIZIL OLMA

Suv bo‘yida o‘tirgandim
Oqib o‘tdi qizil olma.
Ro‘paramga kelganda bir
Qalqib o‘tdi qizil olma.

Ko‘ngil dedi: “Qo‘lni uzat,
Shundan qolma, shundan qolma!”
O‘z-o‘zini ko‘z-ko‘z qilib
Oqib o‘tdi qizil olma.

Ko‘nglimning gul ko‘chalari
Keng dunyodan keng ekan-da.
Bu dunyoda avvalambor
Tengingizni deng ekan-da.

Qo‘l uzatib qolaverdim,
Oqib ketdi qizil olma.
Ro‘paramga kelgandi bir
Qalqib ketdi qizil olma.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.