OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Tursun Ali (1952)

Tursun Ali (O’rmonov) 1952 yil 5 fevralda Farg‘ona viloyatining Quva tumani, Toshyo‘li qishlog‘ida tug‘ilgan. ToshDUning filologiya fakultetini tamomlagan (1981). «Yurakdagi so‘zlar» (1983), «Yorug‘ kunlar» (1985), «Iztirob ostonasi» (1992), «Tun tovushi» (1993), «Yolg‘izim» (1995), «Uyg‘oq sukunat» (1999), «Tuyg‘ular rangi» (Saylanma, 2001), «Sokin xayqiriq» (2005) kabi she’riy to‘plamlari nashr etilgan.

* * *

1. 
Men uxlayapman, 
Uxlayotgan odamni 
Faqat uyg‘otadi shoirlar.

2.
Qish. Qorli so‘qmoq, 
Oh, qanday og‘ir 
Birovning izidan yurmoq.

3.
Sahar. Men qayta tirshdim.
Iul kursat,
Bor bo‘lsang, ey, tirik odam!

4. 
Sensiz kirdir oq kunlarim, 
Sensiz qoradir oydin tunlarim. 
Sensiz men - men emas yorug‘ dunyoda!

5. 
Taqillatar eshikni shamol, 
Nimagadir orziqib ketdi 
Mening o‘jar yuragim.

* * *

Sen kaydasan, 
yaraqlar ko‘zlarim. 
Yo‘qsan-ku 
ko‘zlarimga urilgan 
baxt qushi.

* * *

Sen shodon, 
men shodon, 
o‘rtamizda yashar 
qora rido kiygan 
umidsiz sevgi.

* * *

Sen shu qadar go‘zalsan, 
ko‘z uzib bo‘lmaydi. 
Ham abad, ham azalsan, 
yurak aslo to‘lmaydi, 
bag‘rimda ko‘kargan SYeVGI.

* * *

Ayoz...
Yomg‘ir...
Kezinar kuchuk yetaklagan ayol.
Ayol beparvo...
Mening botinimga esa beto‘xtov
yog‘ayotir qip-qizil yomg‘ir.

* * *

1. 
Uchib ketdi ko‘ldan o‘rdaklar, 
qamishzor shitirlar g‘amgin –
nahot men ovchi bo‘lsam.

2. 
Keksa chol arava tortib 
tun og‘ushiga kiradi horg‘in, 
aravada ne bor, bilmadim buni.

3. 
Shubhakanib bordim uning oldiga, 
u esa kuchukday mo‘ltirab 
mendan ketishga izn so‘radi.

4. 
Ko‘ksimga yig‘ilib qolgan toshlarni 
to‘kdim yerga, 
oh, yer esa yumshoq ekan.

5. 
Chumoli, yig‘asan, terasan, 
er qa’riga olib ketasan, 
singlim sen chumoli emassan-ku.

SOYA

Yo‘q, daraxt 
Men sengamas, 
suyanaman soyamga.

Men sening ortingdan emas,
soyam ortidan
yurmoqdaman dadil, mardona.

Har qalay.
Ey odam, shukr
men senga ergashmayman.

ERK YO‘LI

Erk yo‘li
ulug‘ yo‘l
Boryapman dadil
Sarin
huzurbaxsh
ellar yeladi
Ruhimning
bepayon
kengliklarda
Erk yo‘li
ulug‘ yo‘l
Dimog‘imga urilar
muattar bo‘ylar
Tilimdan to‘kilar
bol kabi so‘zlar
Ko‘zim dunyosida
nurga
cho‘milgan
Vatan
Erk yo‘li
ulug‘ yo‘l
O bu yo‘l
ne ulug‘
zotlar
armoni edi
Erk yo‘li
ulug‘ yo‘l
Namxush
sovuq shamollarga
qora bo‘ronlarga
Qilich nigohlarga
tutib
ko‘ksimni
achchiq yomg‘irlarda
boryapman mardona
Erk yo‘li
ulug‘ yo‘l
Chaqmoq qadamimdan
potrab chiqar
nafarmon gullar
buyuk tog‘lar
yashil bog‘lar
umidbaxsh tonglar.

BAHOR

Erib ketdi qor,
Do‘rmon bog‘in chulg‘adi
issiq taftli nafaslar.
 
Bahor keldi ariq bo‘ylariga ham,
bosh ko‘tarar yalpizlar,
bo‘yga o‘sar kunduzlar.
 
Bahor. Gullayotir bodomlar,
gul ochadi kurtaklar.
gullay boshlar hatto qabrtosh.
 
Ko‘klam. Boshimda bulutlar
gala-gala yuzmoqda
sen qayoqqa shoshayapsan, umrim.
 
Gul-chechaklar uzra yomg‘ir
sharros quya boshladi. 
Qorga aylanmaydi endi yomg‘irlar...
 
Ariqlarda oqar loyqa suv,
bahor toshqinlari oshar qirg‘oqdan,
iztirobim aylanar she’rga.
 
Bahor. Oqshom go‘zal naqadar,
samoda yulduzlar karashma etar.
O‘tli tuyg‘ularga cho‘milar yurak.
 
Men yo‘qotib topdim seni, sevgilim,
endi bahor mangu bizlarga,
gulga kirgay qalbimiz qiyg‘och.
 
Ichimda dengizday hayajon,
yo‘limda maysalar gullagan,
kun esa qoraymas sira ham.
 
*  *  *

Yuragim
Egasiz uy kabi bo‘m-bo‘sh
sen tark etib ketding meni.
 
Ro‘paramga kelding,
ey olislab ketgan sevgilim,
biroq seni ko‘rmayapman men.
 
*  *  *

Netay sevib qoldim men seni
sen esa
sevishga juda ham yoshsan.
 
Qarigan qo‘llarim
navqiron sochlaring silaydi
o‘rtada masofa bunchalar uzun.
 
Kulcha yuzlaringni o‘par edim men,
oh, o‘shal bo‘salar meni ushbu kun
iztirob olovida kuydirar.
 
*  *  *

Bir bora meni ham o‘ylaysanmi, ayt,
ey, oq bilak, qora ko‘z,
yuragi shodlikka to‘lgan parizod.
 
Garchand tosh bo‘lsang ham
ko‘nglingni zabt etaman bir kun
mehrimdan simobday erigaydir tosh.
 
INANGU

1
Men ko‘l kabi sokinman juda
g‘alayonsiz, to‘lqinsiz suvga
Siz tosh ota ko‘rmang sira ham.
 
2
Men osmon toqida yashashim uchun
seni o‘ldirishim zarur
ilon yanglig‘ sudralib o‘tayotgan VAQT!
 
3
Sukunat ko‘lini chayqaydi
osilgan soatning chiq-chiqi,
shukur, yurak tingani yo‘q soatdek.
 
4
Osmonda quyosh bor, qor yog‘ayotir
sovuq sening qahring kabi
vujudimni tig‘layotir.
5
Tuyg‘ularim bag‘ridan
seni topdim nihoyat —
bizlar baxtli bo‘lamiz g‘oyat.
 
6
Tun yarmida meni uyg‘otdi
yarqiragan yulduzdek
ma’yus ko‘zlaring nuri.
 
7
Ko‘zlaringning yog‘dularida
men o‘zimning eng dilgir, tolg‘in
suvratimni ko‘rib quvondim.
 
8
Ichimda ovozsiz yig‘i bor
qanday qilay sevgilim
bag‘rimda muhabbat tig‘i bor.
 
9
Namchil havo. Og‘rir oyog‘im,
senga  yetay desam yo‘l yiroq,
ey, mung‘aygan, benavo go‘sha.
 
10
Men o‘zimni aldab yashayman
o, naqadar yolg‘onchiman men
bu yolg‘onchi dunyoda.
 
11
Shamolning uyida qoldim bu kecha
Isinib uxladim bag‘oyat
o‘g‘riday to‘rt tarafga
boqdim tong chog‘i.
 
12
Nigohingdan otilgan tovush
olislarga itqitdi meni,
endi sen qaydasan — yetmas ovozim.
 
13
Taqillatib umid eshigin
ko‘ngling ostonasida jovdirab turdim
sabrim libosi yirtilib
qaytdim ko‘rqushdek
 
XOTIRA

Tosh qotmabdi hali yuragim,
chaqaloq nabiram vafoti, e voh,
ming bir tomirimning 
mingtasin
jon-jonidan uzib ketdi-ya.
 
Suratingga tikilaman
hali tili chiqmagan go‘dagim.
seni
asray olmadik bizlar,
nabiram,
umr bo‘yi yuraklar bo‘zlar
mungga to‘lar
horigan ko‘zlar.
 
*  *  *

Tashlandiq quduqqa
sukunat cho‘kkan.
Boqsam,
Quduq tubidan
qo‘shiqday yangradi tovushsiz tovush.
 
*  *  *

Qushlar qanotida uchaman bir kun,
sog‘inchning ko‘zlari yig‘lar ehtimol.
Sen nechun,
Sevgilim, lom-mim demaysan!
 
*  *  *

Oyning sharpasidan uyg‘ondim
ketib borar edi yalang‘och
sap-sariq sochlari to‘zg‘igan,
ko‘zlarimni olib qochdim-u
men o‘zimni yashirib qo‘ydim.
 
*  *  *

Nahotki, ovozim qaridi.
Oh, mag‘rur ovozim
vujuddan oldin
keksaygan — kuz kabi
qarigan bo‘lsa?..
 
*  *  *

Sen va men,
o‘rtada
baland devor bor,
ko‘zga ko‘rinmaydi
zinhor-bazinhor.
 
*  *  *

Men she’r yozayapman
hech kim o‘qimaydi bilaman uni,
hatto o‘qimaysan sevgilim sen ham.
Biroq
Senga atalgani uchun she’rimni
men o‘zim o‘qiyman titrab-entikib.
 
TAZOD

Naqadar o‘jarsan
ey, sohibjamol,
bo‘ysunmassan menga hech qachon.
Tiz cho‘kmasman
poyingga men ham.
Ikki o‘t yondirar endi dunyoni.
 
*  *  *

Yuragimdan qachon qaytishingni
so‘rayin desam,
joyida yo‘q sevib qolgan
telba yuragim.
 
*  *  *

Yo‘q, bu sening aksing emas, ey daraxt,
suvda yuzib yurgan ilonlardir bahaybat.
 
*  *  *

Bu qanday joy, qanday makon,
qayoqqa qaramay urilyapman shamolga.
 
*  *  *

Uchgim keldi, gulim, sen sari
kapalakning par qanotida.
 
*  *  *

Seni siyratimdan topolmadim hech,
ko‘zlarim o‘ngida yashayotgan do‘st.
 
*  *  *

Bolam, seni o‘ylayapman men,
Sen-chi, neni izlayapsan to‘ng.

 

YANGILIK

She’riyat... Men seni sevaman. Sen eng go‘zal, eng bokira qizsan go‘yo. Sen mening ishongan tog‘im, yashnagan bog‘im. Sen mening tanho yorimsan, bolamsan. Sen mening borimsan.
She’riyat, meni kechir. Sening barcha qonunlaringga bo‘ysunolmayman. She’riyat, sening izmingda — temir yo‘lda yurganday yurmoq yo‘q. Zotan, tuyg‘ularni tulpor kabi jilovlab bo‘ladimi? Ehtirosni ko‘l singari tindiray nechun? So‘zlarni mahbus kabi qamoqqa solmasman. Axir, shoir so‘zi qush kabi erkin, bemalol parvoz etmasmi yurakdan-yurakka.
She’riyat... Erkin yaralmog‘ing, erkin yashamog‘ing shart sen mening qonli yuragimda...


O‘N SAKKIZ YOSHLIGIM

O‘n sakkiz yoshligim... Eng mahzun, eng shodon mavsum. U yupun kezgan musofirlik ko‘chalarida. Toshkent. Sebzorning Tarnovboshi mahallasi. Boshi berk ko‘chadagi ijara uy. Burgut qanoti yanglig‘ darvozani ochib ohista, iymanib kirgan, tortinib chiqqan o‘n sakkiz yoshligim. Xonadon sohibi vazmin inson, otamning birodari Asadulla ota panohida kechsa-da o‘n sakkiz yoshligim, oila a’zolari shajarasiga kech o‘tqazilgan niholday qisingan, qimtingan turmushi.
O‘n sakkiz yoshligim... Sohir she’riyatga shaydo yuragim shu hovli gulg‘unchasin sevgan, har narsadan uni ortiq ko‘rgan. Gulg‘uncha qoshida entikkan. Diydoriga uzoq-uzoq ko‘z tikkan, bedor.
O‘n sakkiz yoshligim... Dengizday shaharning "Eski kitoblar"i va barcha kitob do‘konlarin besh barmog‘iday nomma-nom bilgan. Kitoblar qo‘ltiqlagan. Pushkin, Nekrasov, Lermontov, Qahhor, Oybek, Mirtemir... Ey, qancha-qancha qo‘lma-qo‘l o‘qilgan nodir kitoblar... Ovozi va umri yetmaydi uning.
O‘n sakkiz yoshligim... Kunduz ishlagan. Oqshom tahsil olgan kechki maktabda. Sho‘x-shaddod tenqurlari birla qizlarni ostonasigacha kuzatib qo‘ygan. Tunlar she’r mashq qilgan. Abdulla Oripovning "Mitti yulduz"i hujrasini charog‘on qilgan.
O‘n sakkiz yoshligim... Anorzor hovlisin qo‘msagan.
Tuproq kechgan ko‘chalarin sog‘ingan. Paxta dalalarin iztirob bilan eslagan. Sog‘nchidan anor donalariday bag‘ri sitilgan...
Tanasiga ismin bitgan daraxtlarin sog‘ingan.
Goh sokin, goh sarkash oquvchi ariqlarin qo‘msagan.
O‘n sakkiz yoshligim... Marhuma onasin qayta-qayta tushida ko‘rib, ko‘zlaridan yomg‘ir yoqqan, yuragida gumbirlagan momaqaldiroq, chaqnagan chaqmoq. Yantoq ildiziday — o‘ylarida otasi...
Rutubatli tunlar ukalari ila totli sirlashgan.
Yulduzlar-la bo‘ylashgan...
O‘n sakkiz yoshligim... 


YURAGIM DARSXONASI...

Ibrohim G‘afurovga


Kitob javonimni titkilayman.
Yarq etgan chaqinday ko‘zimga to‘qinar " Go‘zallikning olmos qirralari". "Unutilmagan bog‘" yashnatar yuragim dasht-yobonlarin. Unda Usmon Nosir yonib she’r o‘qir.
Kitob javonimni titkilayman. "Joziba" ohanglarda she’r yozur "Ona yurt kuychisi" ustoz Mirtemir. O, el shoiri misralarida "Yonar so‘z", "Yurak alanga"...
Kitob javonimni titkilayman. "Prozaning shoiri (Said Ahmad)". "Ufq" bag‘ridan termilar xushchaqchaq, ma’yus ko‘prik solur dilga "Lirikaning yuragi".
Kitob javonimni titkilayman. O‘tli ko‘zlarimda "El erkinligi". Yolg‘iz Ollohimga "Iltijo" aylab dilimni uyg‘otar "Hayo — xaloskor"...
Kitob javonimni titkilayman. Buyuk Dostoevskiy birla o‘z tilimda so‘zlashurman, ruhiyatim sinar chinniday chil-chil... O‘, Xeminguey Navoiy tilida so‘zladi biyron.
Kitob javonimni titkilayman. Ruhim dengizida qo‘par "Qiyomat". Boshim uzra kezar "Chingizxonning oq buluti". Yuragim darsxonasiga kirar Mopassan, Nozim Hikmat. "Azizim". Baxsh etar "Surur". Oh, jonimni achitar yaraday Nitshening "Zardusht tavallosi".
Kitob javonimni titkilayman. Tillashurman kolumbiyalik buyuk yozuvchi Gabriel Garsiya Markes bilan. Avliyo kabi meni yuksaltirar osmon sari "Konfutsiy hikmatlari"...
Kitob javonimni titkilayman. "Yam-yashil daraxt" soyasida yetmish yoshga to‘lgan zukko Ibrohim G‘afurov. Uning yam-yashil qo‘llari to‘la kitob. U dunyoga boqadi nigohlari yam-yashil. Yam-yashil ko‘klamday uning borlig‘i.


O‘XSHASHLIK

Kuz... Sen sari boryapman.
Qadamlarim yellar kabi ildamlashar sarosar. Za’faron yaproqlaring yanglig‘ to‘kilmoqda mening ham qarigan sochlarim. Sharqiragan suvlaring tiniqqan misol jo‘shqin tuyg‘ularim tinmoqda.
O, shamolingdek bag‘rimda uvillar shamol.
Uzun-uzun yomg‘irlaringga o‘xshash yomg‘irlar yog‘ilar vujud-vujudim qa’ridan.
Havolaring kabi kun sayin sovimoqda o‘tli yuragim.
Kuz... Sen sari boryapman yaqinroq.
Kechikkan bahorga o‘xshaysan buncha?
Kuz... Kechikkan sevgiga o‘xshaysan.
Kuz...


QISH RUHIYATI

Qish... Sovidi kunlar. Bemor xayollariday cho‘zildi yaxlagan tunlar... Qor butun borliqni go‘yo kafanga o‘ragan. Hatto, qora qarg‘alar xayolchan o‘ltirar qunishib karaxt. Bir kechada sochi oqargan odamday oqargan daraxtlarning huvillar bag‘ri. O, ne-ne qorako‘z qushlar uchib ketgan iliq ummonli o‘lkalarga. Bugun huvillar daraxtlar, huvillar tevaragim. Huvillar yuragim mening.
Qish... Sovidi kunlar. Bemor og‘rig‘iday cho‘zildi yaxlagan tunlar...


HAYRONLIKDA

Barvaqt uyg‘ondim.
Yo‘l oldim ulkan shaharga. Ko‘chalar jimjit.
Huvillar HAYaJON.
Huvillar YURAGIM.
Temir izlar yaltirar sovuq, go‘yo yalang‘och xanjar. Tobutsiz mayitdek daraxtlar.
Atrofimda maysalar siniqqan — yetim boladek. Devqomat binolarning ko‘zlari yumilgan, yer yutsa parvoyi palak!
Mudroq tuyaday oshxonaga kiraman otilib. Hammayoq betartib, ayqash-uyqash. Har joy-har joyda shishalar uxlar og‘izlari lang ochiq.
Sigaret qoldiqlari yotadi hasratimday sochiq.
Tonggi shahar ko‘rpaga burkanmay uxlar, charchagan, toliqqan, sochlari to‘zg‘igan fohishaday...


LAHZA...

O‘tayotgan lahza... O‘tayotgan kun... O‘tayotgan yil... Juda uzun, juda qisqa umr. Yil fasllari inson umriga o‘xshaydi. Tabiat va inson bir-biriga uyqash, bir-biriga uyg‘un. She’riyat saltanatining buyuk podshohi Navoiy ham inson umrin to‘rt faslga qiyoslagan.
Men ushbu satrlarni yozayotganimda, shundoq derazam ortida shivalab yomg‘ir yog‘ardi. Mung‘aygan daraxtlarning so‘nggi za’faron yaproqlari ivib, qushday uchib loyga qorishar, qarg‘alar qag‘illab, qorni chaqirardi. Ivigan musicha ayvonimda patlarin to‘zg‘itib quritishga intiladi. Bu manzara meni og‘ir o‘ylar girdobiga otdi.
Kechagina O‘zbekiston qahramoni, domla Said Ahmad sakson yetti yoshida olamdan o‘tdi. Garchi, qishning ilk kunlari bo‘lsa-da, ehtimol, domlaning umrida qish allaqachon o‘z hukmini o‘tkazib bo‘lgandi... Balkim umr yo‘ldoshi latif shoira Saida Zununova olamdan o‘tganida adib umrida ham qish hokimlikka o‘tgandir... Balkim soch-soqoli qorday oqargan kezlar uning dunyosida qish kezgandir... Balkim tuyg‘ulari, ehtiroslari tinganida adib umrida qish barqaror bo‘lgandir. Balkim...
Derazam ortida yomg‘ir yog‘ar ezgin shuvalab.
Tobora to‘lib borar o‘ksik yuragim. Ko‘zlarimga kirib kelar oltmish ikki yil yashab o‘tgan ustoz Rauf Parfi. Vo darig‘, balki shoirni she’r iztirobi qiynagan. Balki uni ilhom parisi hijron o‘tida yondirgan. Balki, uni sukunat o‘z qabristoniga dafn etgan. Balki, shoirni o‘lim sog‘inchi olib ketgan. Balki...
Men ushbu satrlarni yozayotganimda tashqarida yomg‘ir qorga aylanishga shaylanar edi. O‘tayotgan yil ko‘zim oldidan bir-bir kino tasmasiday o‘tdi. Bir nechta she’r qoralabman. Bir quchoq kitob o‘qibman. Tarjima daftarimda yapon mumtoz adabiyotidan bir qancha she’rlar o‘zbekchalashtiribman. Eski she’rlarimni qayta-qayta ishlabman. Hammasin jamlasam, "Oy yaprog‘i" nomli yangi she’riy kitob tayyorlabman...
O‘tayotgan yil Yaldo kechasiday juda uzun, qish kuniday juda qisqa...


OVOZIM KO‘LANKASI...

Sen betoblangan kun...
Tog‘lar kabi og‘ir o‘ylar girdobiga goh xarsangdek cho‘kdim, goh qalqidim po‘kak misoli.
Gulim, ovozing yarador qush. Go‘yo tig‘langan, xirillar ovoz.
Palag‘da-alag‘da so‘zlarni tushunish og‘ir.
Ey nafis, go‘zal ovoz!
Qaydasan?!
Hayqirdim! Dunyoni solib larzaga. Dengizday chayqaldim.
Yorilmas boshimni toshlarga urdim nolon.
Bahaybat it tirnadi ruhimni. Kulrang tuman ko‘mdi ochunni.
Dilim dunyosin toptadi qora ayg‘ir tuyoqlari. O‘rmaladi vujudim aro qoraqurt.
Sen betoblangan kun o‘ldim, tirildim bejon, beruh. Ey nafis, ifor bo‘yli ovoz, qaydasan?! Dunyoni chulg‘adi, mening-da majruh ovozim.
 
Ovozim ko‘lankasida ezildim, uzoq ezildim.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.