OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Usmon Azim (1950)

Usmon Azim 1950 yil 13 avgustda Surxondaryo viloyati, Boysun tumanida tavallud topgan. O’zbekiston xalq shoiri (2000). ToshDUning jurnalistika fakultetini tugatgan (1972). Ilk kitobi — «Insonni tushunish» (1979). «Holat» (1979), «Oqibat» (1980), «Ko‘zgu» (1983), «Surat parchalari» (1985), «Dars» (1985), «Ikkinchi aprel» (1987), «Baxshiyona» (1989), «G’aroyib ajdarho» (1990), «Uyg‘onish azobi» (1991), «G’ussa» (1994), «Uzun tun» (1994), «Saylanma» (1995), «Kuz» (2001) kabi she’riy va «Jodu» (2003) nasriy to‘plamlari nashr etilgan. Dramalar ham yozgan («Bir qadam yo‘l». 1997; «Alpomishning kaytishi», 1998 va boshqa). «Alisher Navoiy» kinoqissasi (1990), «Alpomish» kinodostoni (1997), «Sevgi» (1998, shu nomli hikoya asosida) va 2 seriyali «Alpomish» (2000) filmlarining stsenariysiga mualliflik qilgan. Pol Elyuar, V. Vatsietis, K. Dog‘larja, A. Voznesenskiy, Yu. Martsinkyavichyus va boshqa shoirlarning asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan. Gruziyaning Mayakovskiy nomidagi Davlat mukofotiga sazovor bo‘lgan (1982). «Do‘stlik» ordeni sohibi (1998).

 

* * *

Tong titraydi kech kuzakning quchog‘ida,
Yulduzlarni o‘chirmoqda gulgun shafaq.
Jonim, qalbim she’riyatning pichog‘ida...
Zamin - tilsim, osmon - tilsim... she’r - beshafqat!

Men qiynaldim. Xayolimning qanotida 
Dengizlarni ko‘targancha tolib uchdim. 
Yulduzlarni ko‘p ko‘rganman hayotimda, 
Dengizdagi yulduzlarni keldi quchgim.

Ko‘kka bokdim, o‘t tutashdi jonim aro... 
Qat-qat bulut qatlarida ne sir-asror! 
Hayrat ichra o‘ldirgusi meni samo, 
Ona zamin, ucha qolay, qo‘yib yubor!

Men yor dedim... Laylimi yo, Shirinmi yo! 
Yoki endi tug‘ilajak biror malak? 
Mana men, deb ko‘z oldimda bo‘ldi paydo, 
Mana men, deb she’rdan bokdi yakto yurak.

Yulduzlarni o‘chirmoqda gulgun shafaq, 
Tong titraydi kech kuzakning quchog‘ida. 
She’r yozilar... Qiynoq, seng‘a bo‘lsin sharaf, 
Jonim, qalbim she’riyatning pichog‘ida...

Hali butun ro‘yi jahon she’r bo‘lajak. 
Faqat bekor bilib orom quchog‘ini –
Bu dunyoni sirga ko‘mib yashash kerak, 
Qalbga sanchib she’riyatning pichog‘ini!

* * *

Rashk, g‘iybatning to‘lqinlarida 
Kema misol chayqaldi xonam. 
Endi bizlar hech uchrashmaymiz... 
Xayr!

Tong otadi, 
Sen yo‘q. 
Kun botadi, 
Sen yo‘q.

Stolimda sen yozgan xatlar, 
Devordagi suratdan ham sen 
Mehr bilan boqib turibsan. 
Derazadan ko‘ringan osmon

Parchasiga shodmon boqardik, 
Yulduzlari kulganida ham, 
Ol shafaqqa to‘lganida ham... 
Xonam, o‘zim, bu ulkan olam 
Sendan qolgan g‘amgin xotira.

Tong otadi, 
Sen yo‘q. 
Kun botadi, 
Sen yo‘q.

Uzoqlarda bepoyon yo‘lda 
Yig‘lab ketib bormoqdasan sen, 
Oyoqlaring tagidagi yer 
To‘lqin otar monandi dengiz. 
Oq chorlog‘im, uchib charchading –
Yiqilasan daqiqadan so‘ng, 
Yiqilasan, to‘lqinlar yutar...

Tong otadi, 
Sen yo‘q. 
Kun botadi, 
Sen yo‘q.

Chidab bo‘lmaydi.
Endi mendan ketdi ixtiyor! 
Yuragimni qo‘yib kaftimga 
Shivirlayman besabr, takror: 
Qiblanamom, yo‘l ko‘rsat menga!

* * *

Yolg‘izlik ortimdan huvillab quvdi, 
Toki yiqilguncha yugurdim betin... 
Bir ayol tuflimning loyini yuvdi –
Unga sevaman deb aytmagan edim.

Qismat masxaralab bizni otgandi 
Tanholik kechasin tor quchog‘iga. 
Bilmadim, qay mahal ayol uyg‘ondi 
Tufli yuvmoqlikning ishtiyoqida.

Asli masxaralash qismat matlabi, 
Ammo hayrat ichra gangidi xiyol: 
Quvonib (masalan, gul tergan kabi), 
Tufli yuvar ekan tunda bir ayol.

Menga ko‘zi tushib ayol qizardi, 
Uyaldi - qo‘llari tushdi shalvirab. 
Endi u qarshimda yig‘lab turardi, 
Yomg‘ir qo‘ynidagi bargday qaltirab.

Qo‘ymog‘im shart edi bir jasur qadam, -
Qulab tanholikning g‘arib arshidan. 
Cho‘chidim men - mehr ko‘rmagan odam –
Sevgi tufli yuvib chiqsa qarshimdan.

Ketdim... 
Yomg‘irdayin o‘tdimu ketdim, 
Ming asr tanholik kechdi boshimdan. 
Ming asr oralab qaytadan yetdim, 
O’sha yolg‘iz qolgan ayol qoshiga.

U menga baxt berdi osmonday ulkan, 
Men-chi?.. 
Men qovrildim baxtning dog‘ida... 
Bedormanu nechun uyg‘onolmayman 
Tufli yuvmoqlikning ishtiyoqida.

* * *

Qurbon qushning patlari kabi
 Ruhim - to‘zg‘in, yuragim - to‘zg‘in. 
Qonli bazm qurmoqda, rabbim, 
Vujudimda uyg‘ongan quzg‘un. 

Dardlarimning sohili yo‘kdir, 
Shamoli yo‘q, shakli yo‘q - tuman. 
Yuragimning bulbuli - surur 
Uxlamoqda g‘ofil uyquda. 

Qurbon qushning patlari kabi 
Yo‘q bo‘laman uchib, to‘zg‘inib... 
Qalb tug‘ilar yo‘qlikdan, rabbim, 
Nay qiladi qonli bo‘g‘zini...

* * *

Osmonga ham otgum tosh. 
Gunohkor bo‘lsa quyosh. 
Gunohkor bo‘lsa quyosh, 
Qaytib tushmagaydir tosh.

Osmon ham bo‘lib g‘anim, 
Qaytib tushsa - ne g‘amim! 
Bir tosh tushsa tushibdi 
Tog‘day boshimga manim.

BAXSHIYONA

Elbek baxshi bir kambag‘alning to‘yini gurillatib, necha kampir-qizlarning  yuragini dirillatib, ovuliga qaytib ketayotgan edi, bir karvonga duch keldi. Karvonning atrofida necha otliqlar chopishib kelishyapti, tuyalarni yetaklagan shotirlar qoqilib kelishyapti. Osmonga mushaklar otilgan, tuyalarga atlas kimxoblar yopilgan, yosh-yalanglar bo‘za ichib bo‘kirishgan, bir-biriga do‘q urishgan, tuya ustidagi qizlar ularga lab burishgan, karvonboshining peshonasi  tirishgan - oldinda kelyapti.
Elbek baxshi: «Huv, kardonboshi, yo‘l bo‘lsin?» - deb so‘radi, karvonboshining oldini o‘radi.
«Yo‘ldan qoch, bachchag‘ar, kelin olib ketayapmiz», - dedi karvonboshi.
Elbek baxshining qulog‘iga yig‘i tovushi urildi. Sezdi - uyi kuygan. Bu - Oytumanning tovushi. Shunda: «Ey, kambag‘allik qursin! Orzum ochilmay so‘ladigan bo‘ldi, o‘zim hasratda o‘ladigan bo‘ldim», deb bir so‘z aytib turgan ekan:

Karvon ko‘rdim, tuyalari bo‘zlab borar, 
Nortuyada mening yorim muzlab borar. 
Menga bergan va’dalari esdan chiqib, 
Ostonasi tillo yurtni izlab borar.

Peshonangning yozdig‘idan ayrilma, yor, 
Jonim chiqar - qo‘shiq aytsam qayrilma, yor!

Oytuman yor ketib borar karvon bilan, 
Og‘rinma, dil, mard qoladi armon bilan. 
Mol-dunyoning izmin tutib ketaversin, 
Men qolayin yurak degan sarbon bilan.

Peshonangning yozdig‘idan ayrilma, yor, 
Jonim chiqar - qo‘shiq aytsam qayrilma, yor!

Oytuman yor, tumandayin suzib ketding, 
Yuragimning qal’asini buzib ketding. 
Parchalansam - meni qo‘shiq yig‘ishtirar, 
Sen qo‘shiqsiz qokding, gulim - to‘zib ketding.

Peshonangning yozdig‘idan ayrilma, yor, 
Jonim chiqar - qo‘shiq aytsam qayrilma, yor!

Karvon yo‘li ketgunicha qizg‘aldoqzor, 
Yig‘lamagin, yig‘lagandan dunyo bezor. 
Kulib-kulib, quvnab-quvnab ketavergin, 
G’amga o‘zim xaridorman, o‘zim bozor.

Peshonangning yozdig‘idan ayrilma, yor, 
Jonim chiqar - qo‘shiq aytsam qayrilma, yor!

Qorli tog‘dan naridadir o‘zga diyor, 
O’zga yurtda kelin bo‘lib qolishing bor. 
O’zga yurtda o‘z yurtingni eslab turgin, 
Menga emas, tuprog‘ingga bo‘l intizor.

Peshonangning yozdig‘idan ayrilma, yor, 
Jonim chiqar - qo‘shiq aytsam qayrilma, yor!

Men-chi? Menga goh shodlik, goh alam to‘lar, 
Har satrimga kulgum to‘lar, nolam to‘lar. 
Bu olam-ku, manim ko‘nglim yarim etdi, 
Yarmi bilan kuylasam ham, olam to‘lar.

Peshonangning yozdig‘idan ayrilma, yor, 
Jonim chiqar - qo‘shiq aytsam qayrilma, yor!

ALAMLI QO'SHIQ

O’zgani sevsang, sevgin,
Men ham senga zormasman!
Kel, yonimga, kela qol deb,
Chorlasang ham bormasman!

O’zi seni nega sevdim?
Buncha bo’lmasam ojiz.
Go’zalmassan, sen shunchaki,
Nayrang-makri ko’proq qiz.

Rostin aytsam arzimaysan,
Na she’rim, na sevgimga.
Men balandman! Qo’ling yetmas!
Ketavergin tenging-la...

Nima deding! Aslo, hech ham
Ko’zimdagi yosh emas.
Yosh bo’lsa ham sening uchun,
To’kmayapman... Bo’ldi... Bas...

Ketgin endi. Sevmayman-ku,
Meni qoldirgin yolg’iz!
Tugayapti sabrim... Tag’in –
Oyog’ingga cho’kmay tiz...

SEVGIMIZ O'LDIMI?!

Sevgimiz o’ldimi? - libosingiz ko’k,
Ko’nglingiz – begulxan, ko’zingiz – becho’g‘.
Bizdan borish yo’qdir, sizdan – kelish yo’q –
Kelishsiz dunyoda beg’am, azizim,
Nega ko’zlaringiz benam, azizim.

O’t yetdi – qaqshatdi band-bandlarimni,
Tuproqqa sochdingiz balandlarimni,
Aqlimni, dilimni – bebaxtlarimni –
Borishsiz dunyoga otgan, azizim,
Olisda oy kabi botgan, azizim.

Chunki tunga aytar rost „oh“ingiz yo’q,
Falakda kezgani sha’n rohingiz yo’q,
Nechun kelmaysiz, gar gunohingiz yo’q –
Boqaman: nigohim – gumon, azizim,
Yo’llaring tumandir, tuman, azizim.

Qarang, ming bir bargda kuzak uchadir,
Qizil-sarig’ida – yurak uchadir,
So’ngaklar uchadir, suyak uchadir – 
Bu to’fon – xazonlig‘ menman, azizim,
Sizsiz ming kuzakka tengman, azizim.

Ammo siz sarg’aymang – gulli bog‘ bo’ling, 
Yam-yashil ko’karing, mudom sog‘ bo’ling,
Bahornng bagrida beadog‘ bo’ling –
Axir, qarg‘aganim sizmas, azizim,
Ikki kuz dunyoga sig’mas, azizim...

SO'NGGI UCHRASHUV

Avval hayron qolding, quvonding, kulding,
Jim qotding. Ko’zingga yosh olding birdan.
So’ng begonaday menga termulding,
Yig’i nuqsi urgan nigohing bilan.

Xavotir ichida deding: „Men ketdim...“
To’xtading. Xo’rsinding. Jo’nading shitob.
Kuzgi chorbog‘ aro yo’qolding, yitding,
Atlas liboslarga belangan sarob.

Avval hayron qoldim. Beparvo kuldim.
Jim qotdim. Go’dakday yig’ladim birdan.
So’ngra begonaday ko’kka termuldim –
Men hanuz falakka begonadayman...

ENDI SHE'R YOZMAYMAN

Endi she’r yozmayman unga bag’ishlab,
Endi xayolini o’ylab yig’layman.
Ana, qorli kecha – oppoq farishta,
Bo’salar olmoqda aziz manglaydan.

Endi maktublar ham bitmayman – tamom!
Zanjirband qilaman telba qayg’uni.
Ana, qorli kecha – to’zg’igan shayton,
Olib ketmoqdadir quchoqlab uni.

Nahot, qachonlardir chiqadi quyosh,
Nurga yo’g’riladi bu sovuq dunyo?
Endi bu hayotim ketguncha bardosh,
Endi bu hayotim meniki tanho...

MEN SENGA OSMONNI KELTIRDIM

Men senga osmonni keltirdim, sevgim,
Anov ikki to’zg’in buluti bilan,
Nimta oyi bilan, hududi bilan –
Men senga osmonni keltirdim, sevgim.

Men senga bahorni keltirdim, sevgim,
Yomg’irlari bilan, sellari bilan,
Gullarni uyg’otgan yellari bilan – 
Men senga bahorni keltirdim, sevgim.

Men senga saodat keltirdim, sevgim,
Ko’ngling ravshan bo’lsin – Chirog’i bilan,
Bedorligi bilan, charchog’i bilan – 
Men senga saodat keltirdim, sevgim.

Senga bir tinch dunyo keltirdim, sevgim,
„Mana, olgin, dedim, hamma narsa taxt –
Mana bu mehrdir, mana bu-chi – baxt...“
Senga bir tinch dunyo keltirdim, sevgim.

Sevgilim, podshohlar senday saxiymas –
Menga bahori yo’q kuz keltirding sen.
Yana osmoni yo’q ro’z keltirding sen,
sevgilim, podshohlar senday saxiymas.
Qatra iqboli yo’q kuz keltirding sen.

Endi ikkimizda hamma narsa bor!
Qani ketdik, jonim, 
Bel bukilguncha,
Tomir uzilguncha, 
Jon to’kilguncha...
Yashashga iqrormiz, o’limga iqror.

 

ISHQ KO'ZLARNI YOSHLAB O'TADIR

So’zlaringda – hasrat, ko’zlaringda – nam,
Suyganim, g’ussangga to’ldi-ku olam...
Ko’ngil salqinida sevgi – bir shabnam,
Quyosh kulganicha yashab o’tadir.

Tumanlar ichinda bog’lar hayrondir,
Ayriliq bulbuli jonda sayrondir,
Ikkimiz tuzgan bu yurak vayrondir – 
Ishq seli xarobat tashlab o’tadir.

Ishq dedik – yo’lida ado bo’ldik biz,
Ishq qayda? Bilmadik – xato bo’ldik biz,
Ishqimizu ishq so’rab gado bo’ldik biz –
Ishq jondan do’zaxni boshlab o’tadir,

Ko’ksimdan qalb chiqdi – ochilib qoldi,
Shamollar tikanday sanchilib qoldi,
Zamon to’fonida yanchilib qoldi –
Oshkormas, pinhon dard yashnab o’tadir.

Suyganim yashamoq sabru qanoat,
Daqiqa – sinovdir, lahza – sinoat,
Ishq deb ado bo’lmoq balki saodat –
Garchi u ko’zlarni yoshlab o‘tadir.

SEVGI - XATDA NAQADAR GO'ZAL!

Sevgi – xatda naqadar go’zal!
Dili – ayon, ruxsori – tiniq.
Gar qog’ozga tushgan besayqal,
Ishq selidan ko’zlari tinib.

Sevgi – xatda naqadar sodda,
Unutgandir o’tmish alamin.
Yuragini shoh bilan zotga,
Topshirmoqchi butun olamni.

Sevgi – xatda naqadar yaqin,
Qalamga sir pichirlagan lab.
Go’yo hozir portlaydi – chaqin...
Lablarimda o’tdan qolgan taft.

Sevgi – xatda qanday barhayot...
Tugab borar sabru bardoshim.
Yirtamanu – yetmaydi sabot,
Yoqamanu – tinmaydi yoshim.

ONAMGA MAKTUB

Erta-indin yelar izg’irin,
Yiqiladi bog’larga tuman.
Anglagani yashashning sirin,
So’zlashaman yomg’irlar bilan.

Mastu alast, beg’am do’sti yor,
Toliqtirar qalbimni manim.
Shunda birdan bo’ladi oshkor,
Yolg’izlardan yolg’iz ekanim.

Derazaga ho’l bag’rin bosib,
Kuzak tuni surganda xayol –
Men eng go’zal she’rimni yozib,
Sizni eslab yig’lashim ayon.

O'N YIL KECHIKISH

Bizni chalkashtirdi soat millari,
Soating to’xtadi o’n yil muqaddam.
O’n marta aylandi mening yillarim,
Sen o’n yil kechikib kelding, Muharram.

Havo quyuq edi. Kecha bejon, keng...
Hech umid yo’q edi oydin ro’zimdan.
Vaqtga (o’n yil avval) kelolmadim teng,
Vaqt uchdi ajratib meni o’zimdan.

Bir so’zim bor edi – u so’z to’zidi,
Bir o’yim bor edi – quridi u o’y.
Sen kelding eritib yillar muzini,
Qarshimda bir olam turar bahorro’y.

Basabr boqursan, notinch boqursan,
Uyqu bermagaysan she’rlar yozdirib.
Bormasam – olamni o’tda yoqursan,
Ko’zlaring qalbimga kirar bostirib.

Toqat qil. Shoshirma. Men borayapman.
(Poyimdan nur kabi oqa boshlar Yer).
Ketmagin. Men sendan o’n yil nariman,
O’n yildan o’tishga o’n daqiqa ber...

YORIJON

Umrimni bir olis ishqqa almashdim,
Qochdim hushyorlikdan, tushga almashdim,
Beqanot qalbimni qushga almashdim –
Sizsiz o’tgan umrim bekor, yorijon!
Ne baxtkim, yuragim bemor, yorijon!

Ul ko’zda qay kuni porladi ziyo,
Dunyodan kechgulik topdim bir dunyo.
Bu dunyo nimadur? Bu dunyo – ro’yo –
Faqat pok ishqingiz haqdir, yorijon,
Qalbimga eng yuksak taxtdir, yorijon.

Garchi o’rtamizda sog’inchu hijron,
Garchi visol yo’li vayrondir, vayron,
Ammo azobingiz ko’ksimda har on –
Muqaddas olovday qoldi, yorijon,
Shukurkim, siz bilan yondim, yorijon.

Yashardim o’zimga muz kabi boqib,
Ishq keldi, jo’nadim, daryoday oqib,
Menga habib bo’ldi hatto shum raqib –
Ko’rib – to’lqin-to’lqin qonim, yorijon,
Siz mening jonimsiz, jonim, yorijon.

Hech qachon demasman boshni yo’qotdim,
Eridim, vujuddan toshni yo’qotdim.
Yillarni yo’qotdim – yoshni yo’qotdim,
Mendan ayro tushdi yolg’on, yorijon,
Shundanmi tillarim ravon, yorijon.

Nodon der „Sen borni yo’qqa almashding,
Quyoshni bir g’arib cho’qqa almashding...“
Kulaman: “Xalqobni ko’kka almashdim...“
Endi yurar yo’lim falak, yorijon,
Qanotga aylandi yurak, yorijon!

DUNYODAGI ENG GO'ZAL AYOL

Sen uxlayapsan.
Derazadan tushgan oy nuri
sudralib-sudralib
ko’rpangga yetar.

Dunyodagi Eng Go’zal Ayol,
oyning nurlariga o’ranib uxla,
oyning nurlarini quchoqlab uxla,
meni sog’ingan lablaringni
oyning lablariga bosib uxlagin...

Men bora olmayman. Yurak to’la tosh.
Ayt, qachon vaznsiz bo’lmoqlik mumkin?
Qanday oy nuriga aylansa bo’lar
Va qachon oy nuriday sarg’aygan qo’llarim
Qaro sochlaringni silab titragay?

Dunyodagi Eng Go’zal Ayol,
nahot, bir umr kerak bo’lsa,
oy nuriga aylanmoq uchun?..

BIZ UCHRASHMADIK

Tong chog’i tun bilan kunduz uchrashdi,
Tunda armon bilan yulduz uchrashdi,
Bahor bilan kuzak – baxtxush uchrashdi,
Toshlar uchrashdilar, biz uchrashmadik.

Bulut zamin bilan yig’lab uchrashdi,
Shamol kurtaklarni ilg’ab uchrashdi.
Visol hijron bilan minglab uchrashdi,
Yoshlar uchrashdilar, biz uchrashmadik.

O’lik zil tuproqni otdi ko’tarib,
G’ofil tiriklarni topdi axtarib,
Yo’qlik va borliqni oralab, g’arib –
Boshlar uchrashdilar, biz uchrashmadik.

Sarxush ari bilan uchrashdi gullar,
Erka shodlik bilan uchrashdi munglar,
Nigohlar, bag’irlar, lablaru qo’llar,
Qoshlar uchrashdilar, biz uchrashmadik.

Yoningda turibman dalli devona,
Yorim-a, ketdimi ishq yona-yona?
Men seni quchaman... Sovuq, begona –
Loshlar uchrashdilar, biz uchrashmadik.

GRAFIKA

Ko’zing qaro sening, qoshlaring qaro,
Yuzlaring oq sening, kulishlaring oq.
Qo’lingdagi ta’na toshlaring qaro,
Menga g’amgin boqib turishlaring oq.

Unutishing - qaro, hijroning qaro,
Sog’inching oppoqdir, xatlaring – oppoq.
Qarodir yurganing o’ch-mehr aro,
Menga tashlab ketgan dardlaring – oppoq.

Shommi yo saharmi – vaqtimdir qaro,
Sen deb to’kayotgan yoshlarim oppoq.
Sening ham, mening ham baxtimdir qaro,
O’ttiz to’rt yoshingda sochlaring oppoq.

Ishon, yurak oqdir, qarodir taqdir,
Oq-qaro bo’yoqlar bizning bog’larda...
Men million bo’yoqni bilardim, axir,
Ikkimiz baxtiyor bo’lgan chog’larda.

AVTO BEKATIDA

O’sha – meni hech kim sog’inmagan shom,
Avto bekatida hayrona turdim.
Boshimni ko’tarib boqdim bir zamon,
Qarshimda bir yigit, bir qizni ko’rdim.

Yigitning paltosi... Yo’q, yodimda yo’q...
Aniq, ko’m-ko’k edi qizning paltosi.
Bellarini quchgan belbog’i ham ko’k,
Hatto ko’m-ko’k edi to’rtta tugmasi...

Yigitning ko’zlari... Eslay olmayman...
Oshkor jaranglatib pinhon o’yini,
Qizning ko’zlarida yoqardi gulxan,
Erkalik va ishqning ma’sum quyuni...

Yigitning yuzida bilmayman, nima...
Ammo qizning yuzi qarshimda ayon:
Uni ko’mgan edi gulgun shafaqqa,
Muhabbat – eng moviy pokiza osmon...

Qor bo’lsa yog’ardi, qizning boshidan,
Kumush tangalarni ayamay sochib.
Shamol titar edi – ko’zi, qoshiga,
Manglayiga tushgan bir tutam sochin.

Yigit... Yigit bilan qancha ishim bor!
Ammo qiz yigitni shunday suyardi –
Ki, goh termulardi hazin, beozor,
Goho qo’llarini ushlab qo’yardi.

Toshkentday shaharda, balki dunyoda,
Yagona – hammadan go’zal edi qiz.
Chiqmasa ham telba orzum ro’yobga,
Bo’zlab qarshisiga cho’kkim keldi tiz!

Yigit... Ammo seni nega o’ylayman,
Hozir ham havasdan muzlaydi etim...
Men qorli bekatda vayron turgan shom,
Sen mendan – hammadan baxtiyor eding.

BEKOR. YOLG'ON!

Bekor. Yolg’on. Botmagan,
Muhabbatning quyoshi.
Tun keldi deb dodlagan,
Bevafolar ko’z yoshi.

Men boraman. Bu jonim,
Senikidir... O’ksima.
Tunda qo’rqma. Oq tongning
Bir parchasi ko’ksimda...

ISHQ YO‘LLARI XATARLIDIR

Endi bizga ishq yo’llari xatarlidir,
Ma’yuslidir, og’riqlidir, kadarlidir,
Ibtidomiz intihodan xabarlidir,
Quvonchi oz, g’ami o’lim qadarlidir.

O’rtamizda begonalar nafasi ko’p,
Poklikning ham, gunohning ham sharpasi ko’p.
Yuraklarning chidab bo’lmas qafasi ko’p,
Umr – daryo, har mavji bir ajdarlidir.

„Oh“ urarmiz, har „oh“imiz – sariq yaproq,
Ishq bog‘ berdi ikkimizga, tumanli bog‘,
Har bir bargi xazonlikda, har bargi dog‘ –
Najotsiz ishq dami odam yutarlidir.

Qarashingda umid bordir, vido bordir,
Baxtli, badbaxt jo bo’lguvchi dunyo bordir,
Qo’rqma, senga meningdek bir fido bordir,
Garchi sevgi ikkimizga zaharlidir.

Yoshlaringni yulduz qilma osmonlarga,
Osmon emas, inson chidar armonlarga,
Kelgin, so’ng bor ishonaylik yolg’onlarga –
Ki, sevgining yo’li mudom saharlidir.

JONINGIZ QAYDA?

Ishqning osmonida oyga qo’shilib,
Aylangan boshingga bulutlar qaytar.
Mening quchog’imda kuyday eshilib,
Asta shivirlaysan: 
- Joningiz qayda?

O’g’irlaysan barcha kalitlarimni,
Sandiqlar ochilar – senga sir aytar.
Izlaysan Qo’ng’irot, Yovmudlarimni,
Horib shivirlaysan:
- Joningiz qayda?

- Shumi? – Qilichimni ko’lga tashlaysan.
- Balki bu? – qo’lingni cho’zasan yoyga.
So’ngra yig’lab-yig’lab so’roq boshlaysan:
- Bir marta ayting-chi, 
Joningiz qayda?

O‘zingni qadringni suvga otasan,
Mening izzatimni qotasan loyga.
Bolang o’lgan kabi fig’on tortasan:
- Hamon tirikmisiz – 
Joningiz qayda?

Og’ular qo’shasan hamma oshimga,
Har qanday qasoslar tuyilar mayda.
Yalinib turasan yana qoshimda:
- Nega o’lmayapsiz?
Joningiz qayda?

Jonim senda deyman – aylanmas tilim,
Jonim sensan deyman – yuragim to’nar...
Mening omonatim...
Jonim!
Sevgilim!
Endi snei qanday asrasam bo’lar?...

AYT, QACHON ULGURDING JONIM BO'LISHGA

Endi tikanlimi bu erka yo'llar,
Yo yo'l tugadimi - endi qaytishmi?
Gullagan sevgidan qoldimi cho'llar,
Endi begonaday "xayr" aytishmi?

Oh, qachon aldashga o'rganasan sen,
Yuzingda kulgiyu, labingda titroq.
Men uchun o'rtanmay, o'rtanasan sen...
Qo'rqma! Tillarimda qolmadi so'roq.

Ne qilay? Yurakdan bo'shadi tanim,
Najot - ko'nishdami, najot - o'lishda?..
Azizim, azizim, azizim manim,
Ayt, qachon ulgurding jonim bo'lishga?

BIRGA YONMOQ BARIBIR SOZDIR

Musiqa! Izmingga tushganlar xordir -
Hamma pinhon dardni oshkor etdi kuy.
- Jonim, najot bormi?
- Najot? Ha, bordir! -
Kuygin! Yana kuygan! Faqat yana kuy!

Musiqa! Uzilsin sening torlaring -
Qaytadan ko'ngilda titrandi alam.
Gulxanga aylandi yo'g'u borlarim:
- Jonim, olovdaman!
- Yonayapman men ham!

Musiqa! Jonimning ichida bural,
Bo'g'zimga qadalgan azobing ozdir...
- Jonim, yonmoq buncha shirindir bu gal!
- Jonim, birga yonmoq baribir sozdir.

BOYSUN HAQIDA G'AMGIN BALLADA

Sen bor eding.Meni kuzatding.
-Bolam singib ketma shaharga,
Yurak bilan ko'ksing bezadim,
Eslab turgin olis safarda.
Tillarimda ertak bo'lding sen:

"Bor ekanda,
Yo'q ekan,
Och ekanda,
To'q ekan.
Ko'rdim, 
Kezdim,Boysunday joy
Bu olamda yo'q ekan".

Hayron boqib do'stu begona,
Xayolkash deb kuldilar ro'y-rost.
-Boysun? Bunday joy yo'q, devona,
U tushingga kiribdi xolos.

Bu hukmga bo'lmasdan rozi,
Ertagimni kuylardim takror.
-Qulog'imda hamon ovozi,
Ishoninglar,do'stlar, Boysun bor!

Yuragimga sig'madi sog'inch.
Bu'lmayin deb hijronda vayron-
Endi kuylay boshladim notinch:
-Boysun!Boysun! Boysun! Boysunjon...

Asta-asta, bir-bir etdi rom,
Yuraklarni ohangrabo kuy.
Dedilarki:-Qani oshnajon,
Boysuningni bir ko'rsatib qo'y.

-Qani ketdik!
Shahri shovqinzor
Boshingizni qo'ymish gangitib.
Hali ko'rasizlar, Boysun bor!-
Peshvoz chiqar mehr anqitib.

Yo'llar yurdik, tog'lardan oshdik.
-Boysun qani? Boysun qaerda?
-Bir kun qalbim sevinchdan toshdi,
Men yetgandim tug'ilgan yerga.......

* * *

Maysalar,tovonim sizni sog'inar,
Toglar,viqoringiz qalbimda mangu.
Qaydadir qo'zichoq bo'zlar, oh urar,
Qirlarda adashgan sog'inchimmi u?

Qorlar erib oqdi bu g'amli fursat.
Bu fursat eridi tog'larning toshi.
Yurak, rahming kelsin, to'g'ri yo'l ko'rsat,
Men qanday Boysunga ketay qorishib?

Yurgan yo'lim to'fon bu g'amli fursat...
Qat'iyat ko'z yoshday oqqan mahali,
Yurak, rahming kelsin, to'g'ri yo'l ko'rsat,
Men qanday Boysundan ketay ajralib???

XAYRLASHMOQ KERAK

Xayrlashmoq kerak sen bilan,
Ko’ngillarni uzmoqlik kerak.
Kechmoq kerak g’arib umiddan,
Dunyomizni buzmoqlik kerak.

Boshqalarga bermoqlik kerak,
Kuzgi oqshom charchoqlarini.
Endi ma’yus termoqlik kerak,
Sevgimizning aldoqlarini.

Bizga do’zax va’dalar etib,
Tepamizdan jim boqar xudo.
Seni saqlay, sevgidan ketib,
Ishqda qolib, sen bo’lma ado.

Muncha shirin bu kuz oqshomi
Labingdagi charchoq kalomlar:
- Men do’zaxdan qo’rqmayman, jonim,
Do’zaxdaman allaqachonlar...

BAHODIR VA MALIKA

Bahodir, men sen bilan suhbatdosh bo’lgandim. Dunyolarni dengizday yuragingga cho’ktirib qo’yganding...
Ammo, o’zing Amudaryoga cho’kib ketganding. Ukam, shu she’rni senga bag’ishladim.

Malika, men seni ko’rganim yo’q. Sen o’z sevgingga g’arq bo‘lding...
Singlim, shu she’rni senga bag‘ishlayman.

O’g’ling bo’lsa, oltin oshiq o’ynagan,
Qizing bo’lsa, o’z husniga to’ymagan.
Xudo bizning nigohimiz qiymagan –
Armonlar aylanib osmon bo’ldilar,
Osmonlar aylanib armon bo’ldilar...
Bahodirning she’ridan

Bahodir:

Yetti kecha-kunduz cho’kib boryapman,
Yetti kecha-kunduz cho’kib boryapman,
Amuning tubiga yetolmayman hech.
Yetti kecha-kunduz cho’kib boryapman,
Dahshatli bir she’rni o’qib boryapman –
Orol sari oqib ketolmayman hech.

Malika:

Yetti kecha-kunduz cho’kib boryapsan,
Yetti kecha-kunduz cho’kib boryapsan –
Umrim bir benajot ranjlarga to’ldi.
Yetti kecha-kunduz cho’kib boryapsan –
Menga dahshatli she’r to’qib boryapsan,
Toshkent ko’chalari mavjlarga to’ldi!

Bahodir:

Bo’g’zimga suv to‘ldi, ko’zlarimga qum,
Cho’kib bormoqdaman yetti kecha-kun.
Bag’rimga yuz bosdi baliqlar – sovuq.
Cho’kib bormoqdaman yetti kecha-kun,
Nahotki, umrimdan ketdi kecha-kun –
Ammo ko’z oldimda ko’zlaring yoniq.

Malika:

Ammo, ko’z oldimda ko’zlaring yoniq,
Ammo, ko’z oldimda ko’zlaring yoniq...
Yetti kecha-kunduz cho’kib boryapsan,
Seni yamlamoqda bir daryo – ajdar,
Tillari hanjardir, mavjlari hanjar –
Menga Navoiyni o’qib boryapsan.

Bahodir:

Nahotki, tasodif shunchalar azim,
Olib qololmadi meni Xorazm –
Yetti kecha-kunduz cho’kib boryapman.
Farzandin tanimas bu telba Amu,
Sening ostonangga yetmasin, yohu! –
Shu o’y xayolida qo’rqib boryapman.

Malika:

Amu toshgani yo’q, sen toshding, jonim,
Bir qalqib sahrodan sen oshding, jonim –
Mana, Toshkent aro yonib boryapsan.
Daryo ostonamning tagiga yetdi,
Es-hushim daryoga tushdiyu ketdi...
Yetti kecha-kunduz oqib boryapsan!..

Bahodir:

To’lqinni men sevdim, sen qo’rqqin, axir,
Qochgin, xatarlidir bu to’lqin, axir...
Axir, kecha-kunduz cho’chib boryapman!
Senga qoldirganim sevgim – to’lg’indir,
Sening topolganing, nahot, to’lqindir?
Sen cho’kma, axir, men cho’kib boryapman...

Malika:

Daryo eshigimga boshin uradi,
Sening xayolingday oqib kiradi –
Sevgiday salqini tavonimdadir.
Yetti kecha-kunduz cho’kib boryapsan,
Yetti kecha-kunduz cho’kib boryapsan –
To’lqinlar sirtmog’i tomog’imdadir.

Bahodir:

Yetti kecha-kunduz oramizda, oh,
Yetti kecha-kunduz oramizda, oh,
Baribir sen menga yetmog’ing gumon...

Malika:

Endi sen to’lqinsan, men ham bir to’lqin,
Endi sen to’lqinsan, men ham bir to’lqin –
Bir kun uchrashamiz Orolda – ayon...

Muallif:

Orol sohiliga tushganda yo’lim,
G’amgin, aftoda bir to’lqinni ko’rdim.
U mendan so’radi: „Dengizda shu payt
Yolg’iz bir to’lqinni ko’rmadingmi, ayt?“
„Yo’q“ dedim, u ketdi yugurib sarson...
Mening ko’zlarimdan yosh oqdi marjon.
Axir, men bilaman, taqdir qattiqqo’l,
Ularning orasi yetti kunlik yo’l...
Axir, bu dunyoning shunisi yomon:
Hatto dengizda ham uchrashmoq gumon...

KARVON KO'RDIM

Bir zamonlar kishilarning to'ylarini o'tkazib yuradigan, dostonlar aytadigan bir baxshi yigit bo'lganakan... O'sha yigit tog'ni u tomoniga o'tib, bir odamni to'yini o'tkazib, o'z yurtiga qaytib kelayotsa, tog'ni bu tomonida cho'ldan kelayotgan bir karvonga ko'zi tushibdi... Va karvonboshini to'xtatib so'ray boshlabdi: "Bu tuyalarni ustida qizlar doira chalib, ashula aytishib, yigitlar ot o'ynatishib kelishyapti. Qayoqqa ketayapsizlar?", debdi. Shunda karvonboshi yigitga javob qipti: "Biz falon qishloqdan falonchini qizini kelin qilib, tog'ning bu tomoniga olib ketayapmiz". Shu payt yigit bilibdiki, o'zi ahdu-paymon qilgan qizni o'sha karvonda kelin qilib olib ketishayotgan ekan. Yigit va karvonboshining savol-javobini eshitib, tuyani ustida yig'lab turgan qizga qarab, yigit shunday debdi:

Peshonangga yozganidan ayrilma, yor,
Jonim chiqar, qo'shiq aytsam qayrilma, yor!

Karvon ko'rdim, tuyalari bo'zlab kelar,
Nortuyada meni yorim muzlab kelar.
Menga bergan va'dalari esdan chiqib,
Ostonasi tillo yurtni ko'zlab kelar.

Peshonangga yozganidan ayrilma yor,
Jonim chiqar, qo'shiq aytsam qayrilma, yor!

Karvon yo'li ketgunicha qizg'aldoqzor,
Yig'lamagin, yig'lagandan dunyo bezor.
O'ynab-o'ynab, kulib-kulib ketavergin,
G'amga o'zim xaridorman, o'zim bozor.

Peshonangga yozganidan ayrilma yor,
Jonim chiqar, qo'shiq aytsam qayrilma, yor!

Qorli tog'dan naridadir o'zga diyor,
O'zga yurtda kelin bo'lib qolishing bor.
O'zga yurtda o'z yurtingni eslab turgin,
Menga emas, o'z yurtingga bo'l intizor.

Peshonangga yozganidan ayrilma yor,
Jonim chiqar, qo'shiq aytsam qayrilma, yor!

Bilki, menga olam to'lar, alam to'lar,
Yoki shodlik, gohida g'am nolam bo'lar.
Bu dunyo kimning ko'nglin g'arib etdi,
Alam bilan kuylasam ham olam to'lar.

Peshonangga yozganidan ayrilma yor,
Jonim chiqar, qo'shiq aytsam qayrilma, yor!

Karvon ko'rdim, tuyalari bo'zlab borar,
Nortuyada meni yorim muzlab borar.
Menga bergan va'dalari esdan chiqib,
Ostonasi tillo yurtni ko'zlab borar.

YURT FARZANDLARI HAQIDA

Birodarlar, ana endi Elbek baxshi Asqar tog'ining boshida o'tiribdi. Atrofga qarayapti: bir tomon Sayxun, bir tomon Jayxun, bir taraf ko'l, bir taraf cho'l. Ana Samarqandu Buxoro, undan nari Xorazm, shundoq to'g'rida Surxoni azim...
Baxshining dili to'liqib, ichida doston to'kilib kelayapti. Tilida qo'shiqlar tuzilayapti, qo'li do'mbiraga cho'zilayapti... Shu alfozda ko'zlari suzilib, ko'ngli buzilib turgan edi. "Hormang, baxshi bobo", degan tovush qulog'iga urildi. Baxshi burilib qarasa, Oqbotir bilan Qorabotir otlarini yetaklab, daradan chiqib kelishyapti.
"Endi bir qo'shiq aytib berasiz", deb kulib kelishyapti.
"Nimadan aytayin?", -deb so'radi Elbek baxshi ovozi titranib.
"Bo'lar elning farzandi qanday bo'ladi-yu, sho'rlik elning farzandi qanday bo'ladi - shundan ayting", - deyishdi botirlar.
O'zi qo'shiq ham baxshining yuragidan o'rlab, bo'g'ziga yetgan edi - do'mbirasini oldi-da, aytib yubordi:

Har kim o'z elida bekdir, to'radir,
O'z elida bek bo'lmagan o'ladir.
Bo'lar elning farzandlari, botirlar,
Ko'zin o'yib olishsa ham ko'radir.

Mard dunyoga kelgan tuproq zo'r bo'lar,
Nomard oyoq bosgan zamin sho'r bo'lar.
Sho'rlik elning farzandlari, botirlar,
Ikki ko'zi ochiq turib ko'r bo'lar.

Har kim o'z elida davron suradir,
Mardlar elin to'g'ri yo'lga buradir.
Bo'lar elning farzandlari, botirlar,
Oyoqlarin kesishsa ham yuradir.

Yomon to'g'ri so'zda mudom xun ko'rar,
Tushlarida el og'zida mum ko'rar.
Sho'rlik elning farzandlari, botirlar,
Yurtin eshakdayin minib kun ko'rar.

Shoirlar she'rlarin yuksak taxt deydi,
Lof urmagin, aytgin mundoq naqd deydi.
Bo'lar elning farzandlari, botirlar,
Tilin kesib tashlashsa ham "haq" deydi.
Yurak kerak doim haqni demoqqa,
Dilim yondi - isi tegdi dimoqqa.
Sho'rlik elning farzandlari, botirlar,
Og'iz ochar faqat ovqat yemoqqa.

Kuysin dunyo! - mudom o'tga tashlaydi,
Asl erlar o'tda cho'g'day yashnaydi.
Bo'lar elning farzandlari, botirlar,
Dushman ming bor o'ldirsa ham yashaydi.

G'arib dunyo tasodifga to'ladir,
Tasodifga g'arib boshlar ko'nadir.
Sho'rlik elning farzandlari, botirlar,
O'zi bilmay tiriklikda o'ladir.

Kuysin dunyo! - g'amin haddan oshirar,
G'amni sochib, shodligini yashirar.
Bo'lar elning farzandlari, botirlar,
"Yo, xalqim...", deb jallodga jon topshirar.

G'arib dunyo g'ariblikda ko'p xordir,
O'zi boqib - bovlagani ag'yordir.
Sho'rlik elning farzandlari, botirlar,
Elin so'yib yemoqqa ham tayyordir.

Gap kelganda gap qilichday jaranglar,
O'tkir so'zdan achishdimi yaranglar?
Ena elim farzandlari - botirlar,
Tog'dan turib endi yurtga qaranglar...

Elbek baxshi bu so'zlarni aytyapti, botirlar tog'dan turib pastga qarayapti... Kim bilsin - nimani ko'rishyapti? Bu dunyodan hamma istaganini ko'rib o'tadi, degan ekan yaxshilar!

OYTUMAN VA ELBEK BAXSHI

U payt shoir elma-el, yurtma-yurt yurib, goh dili suyganni, goh dili kuyganni tinglar ekan. Shoir "oh" tortsa, el "oh" tortib, shoir kulsa, el kular ekan. Elbek baxshi ham el kezib yurib, odamlarning dardini sezib yurib, bir ovul ustidan chiqdi. Qaradi, bir ayol qimtinib, xayol surib, toshlarga turtinib soyga, suvga tushdi. Tanidi - Oytuman. Oytumanning ko'zi ham unga tushdi. Gapirmoqqa til qayda? - ikkovi ikki joyda serrayib turibdi. Shunda ularning sel-selbor yig'layotgan ko'zlari shunday gaplashishgan ekan:

Oytuman:

- Yaproqlar so'ladi - baxtsizman,
Olovlar so'nadi - baxtsizman.
Yo'lingga intizor ko'zimni,
Tuproqlar ko'mmadi - baxtsizman -
Ammo sen baxtiyor bo'lgin, hamisha!

Elbek baxshi:

- Axir, bir ochilish baxti bor,
Boshoqday yanchilish baxti bor,
Sog'inchdan xazonday to'kilib,
Ko'zyoshday sochilish baxti bor -
Men shunday baxtiyor bo'lay, hamisha!

Oytuman:

- Kun o'tmay, shom keldi - baxtsizman,
Ufqdan qon keldi - baxtsizman,
Nechun bu yuragim qiynalar,
Ot minib, jon keldi - baxtsizman -
Ammo sen baxtiyor bo'lgin, hamisha!

Elbek baxshi:

- Shom chog'i yulduzlik baxti bor,
Sog'inchda yolg'izlik baxti bor,
Hasratda qo'shig'im gulladi,
Shu gulga ildizlik baxti bor -
Men shunday baxtiyor bo'lay, hamisha!

Oytuman:

- Dilimda nolam bor - baxtsizman!
Jig'amda lolam bor - baxtsizman,
Qo'sh beshik tebranar yonimda,
Egizak bolam bor - baxtsizman -
Ammo sen baxtiyor bo'lgin, hamisha!

Elbek baxshi:

- Yurakni tinglamoq baxti bor,
Qayg'uni ilg'amoq baxti bor.
Kechani sho'r boshga yopinib,
Ko'rinmay yig'lamoq baxti bor -
Men shunday baxtiyor bo'lay, hamisha!

Oytuman:

- Yo'limdan tayrindim - baxtsizman -
Qanotim qayrildi - baxtsizman.
Kechalar boshimga yog'ilsin,
Men sendan ayrildim - baxtsizman -
Ammo sen baxtiyor bo'lgin, hamisha!

Elbek baxshi:

- Yig'lama, armonning baxti bor,
Oytuman, hijronning baxti bor.
Ishqsizga omonlik baxt bo'lsa,
Ishq ichra qurbonning baxti bor -
Men shunday baxtiyor bo'lay, hamisha!

Oytuman:

- Armonning gullari sap-sariq,
Sariqqa to'ldi-ya, bu borliq,
Men qancha baxtqaro bo'lsam, ayt,
G'ussadan bo'lasan sen forig'.
Men qancha baxtqaro bo'lay, ayt!

Elbek baxshi:

- Boshingga shol ro'mol tashlaysan,
Bekorga ko'zingni yoshlaysan.
Men qancha baxtiyor bo'lsam, ayt,
Sen meni unutib yashaysan.
Men qancha baxtiyor bo'lay, ayt!

Ular shu alfozda qancha turishganini bilishmadi. Avval Elbek baxshi o'ziga keldi. Qarasa, ko'zlari dardlashib to'ymaydiganday. Shunda o'zini tutib olib, ko'z yoshini yutib olib, Oytumanga gap qotdi: "E, egachim, bunday qarasam, kelbating ovulmizdagi Davlatbiyning qiziga mengzaydi. Shu yerlarga bir qizi kelin bo'lib tushgan deb eshitaman. Shu sen emasmisan?" -dedi. Oytuman bir yutinib, ming bir tutilib: "Davlatbiyning shu qizi men bo'laman", dedi. "Borsam elu yurtingga nima deyin?" - dedi Elbek baxshi. "Salom deng", dedi Oytuman. "Yana nima deyin?", deb so'radi elbek baxshi. "Salom deng", dedi Oytuman. "Xush qol bo'lmasa, egachim", deb elbek baxshi otiga qamchi tortdi. "Yaxshi boring, og'am", deb Oytuman soy bo'yida toshday qotdi... Birodarlar, Elbekning ketishiyu Oytumanning qolishini aytishga kuchim yetmaydi. Mening ham bitta jonim bor-da...

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.