OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Yo‘ldosh Eshbek (1950)

 Yo‘ldosh Eshbek 1950 yil 1 sentyabrda Samarqand viloyati, Ishtixon tumanida tavallud topgan. ToshDUning filologiya fakultetini tugatgan (1977). Dastlabki she’rlar to‘plami — «Sog‘inib yashayman» (1981). «Yuksak daraxtlar» (1985), «Moviy turnalar» (1987), «Yaxshilikka qarayman» (1988), «Daraxtlar ertagi» (1989), «Hayot chechagi» (1990), «Mangu masofa» (1991) kabi she’riy to‘plamlari nashr etilgan. Imom G’azzoliyning «Ey farzand», Ahmad Lutfiyning «O’gay ona», «Hazrati Ali», Fotima Temurning «Ko‘ngil do‘stlari» («Tazkirat ul-avliyo»), Amina Shank o‘g‘lining «Vijdon azobi»ni hamda O’ljas Sulaymon («Sopol kitob») va boshqa adiblarning asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan. «Shuhrat» medali bilan taqdirlangan (1998).


QADIM OHANGLARDA

Ostonangga dilimning 
Torlarini boyladim. 
Men bir dunyo suluvdan 
Sen suluvni sayladim.

Sayladimu ko‘zimda 
Xalqob-halqob yosh bo‘ldi. 
Bu bevafo dunyoning 
Bag‘ri menga tosh bo‘ldi.

Sen yulduzsan - qo‘l yetmas, 
Oshiq bo‘ldim, suluvim. 
Endi sening o‘rningga 
Ko‘shiq qoldi, suluvim.

Bir qo‘shiqki, dilimning 
Tublariga zil bo‘lar. 
Aytsam oxdir, aytmasam –
Sarg‘aytirib sil qilar.

Ostonangta dilimning 
Torlarini boyladim. 
Men bir dunyo suluvdan 
Sen suluvni sayladim.

Eshiging zulfaklari 
Tillo ekan, bildim-ku. 
Qo‘lim kalta ekanin 
Bilib, bag‘rim tildim-ku.

Tilim bag‘rim ichinda 
Darding sizib yotadi. 
Ko‘shiq qilib qalbimni 
Ko‘zlarimga otadi:

Ko‘zlarimda aylangan 
Halqob-halqob yosh bo‘ldi. 
Bu bevafo dunyoning 
Bag‘ri menga tosh bo‘ldi.

YIG’LAYOTGAN QIZ

Bu og‘ir bog‘ ichra og‘ir qadamlar 
Tashlab ketayotgan og‘irgina qiz, 
Dunyo ko‘zlaringdan dunyo alamlar 
Tomchilar, har biri bir ulkan yulduz. 
Tomchilar ko‘zingdan norasidalik, 
So‘zga aylanmagan yonish tomchilar. 
Beshafqat diydormi og‘ir judolik, 
Yo‘qotish tomchilar, topish tomchilar.
Yo‘q, seni aldagan, birov aldagan, 
U seni sevgandir, yo‘q, yo‘q, sevmagan. 
Ko‘ksingga chiroyli o‘qlar qadagan, 
Birovlar aldagan, birov aldagan.
Tomchilar ko‘ksingdan kelayotgan kuz, 
Og‘ular tomchilar, gullar tomchilar. 
Yaqin xotiralar... idrok faromush, 
Vijdoningni o‘yib urar tomchilar. 
Vijdonsiz nomusli niqobin qo‘ymas, 
Vijdonning har dami ruhiy iztirob. 
Vijdonsiz xatosiz kunlardan to‘ymas, 
Vijdon bu xatodan ulg‘aygan azob. 
Seni yupatmoqqa jurat yo‘q menda, 
Sen mening kechmishim, umrim bo‘lagi. 
Faqat men qayg‘ular tilarman senga, 
Kattakon quvonchning unsiz o‘lanin! 
Aldanmoq tilarman senga ko‘p marta, 
Aldanmoq - dunyoga nazar, anglamoq. 
Aldanmoq - ko‘z yoshi qilmoq, yo‘q, artmoq, 
Aldanmoq - kurashga otlanmoq demak.
Yig‘lamoq tilarman, qaynab yig‘lagin,
Tishlaringai sekin qayrab yig‘lagin!
O’nta mard o‘g‘loning bo‘lguncha yig‘la!
Yuzta mard o‘g‘loning bo‘lguncha yig‘la!
Mingta mard o‘g‘loning bo‘lguncha yig‘la!
Paymonang to‘lguncha, to‘yguncha yig‘la!
Ular lazzatxo‘rlar, qaroqchilardir,
Umrlari uzun, sob bo‘lmas, esiz!
Bu dunyo - aslida aldoqchilardir!
Bu dunyo - aslida yig‘layotgan qiz!
Men senga qo‘shilib yig‘lay olmasman,
Faqat bosh egaman qaygungga so‘zsiz.
Men senga talpinib, aslo tolmasman,
Men seni sevaman, yig‘layotgan qiz!
 
SENING QO’SHIG’ING

1.
Biz baxtiyor bo‘lgaymiz xo‘b, 
Bizni zafar quchajak! 
Tepamizda charx urishib
Qaldirg‘ochlar uchajak!

Shunday qo‘shiq aytgan eding sen, 
Shunday qo‘shiq... hayotday aziz. 
Va dunyoga qaytgan edim men, 
Dunyo menga qaytdi o‘sha kez.

Qo‘shig‘ingni buloqlar tinglab, 
Shamollarning tili tugildi. 
Osmon yuzi ko‘zing nusxalab, 
O’pmoq bo‘lib senga egildi.

Qaldirg‘ochlar uchdi tepangda, 
Qo‘shiq aytib sho‘xshan, dilrabo. 
O’n yettida eding o‘shanda. 
O’n yettiga to‘lgandi dunyo.

* * *

Dunyolardan rashk qildim seni, 
Dunyolarga ishonmas edim.

2.
Qaldirg‘ochlar kelmoqda uchib, 
Bahor quvib yasharlar doim. 
Ushbu damda sen yodga tushib, 
Alamlarda qovrilar o‘yim. 
Sen umringai bo‘lding ikkiga, 
Endi menga ikki xil o‘ysan.

To‘lib ketsa dardpar ko‘ksimga, 
Yolg‘izlikning hukmidan to‘ysam, 
Madadga zor odamday goho, 
Atrofga javdirar nigohim.
Ko‘zlarimda intiq iltijo, 
Ko‘zlarimda tizilar ohim. 

Shunda izlab qolaman zor-zor, 
O’n yetti yosh ko‘hligim qayda?
Va qaytmoq bo‘laman intizor 
O’n yetti yosh dunyoga qayta. 
Meni chorlar ilk umring ma’sum, 
Meni chorlar ul pokiza ishq.

Qayg‘ularga chek qo‘yib, bir zum –
Ruhimda tirilar ul qo‘shiq: 
«Biz baxtiyor bo‘lgaymiz xo‘b,
Bizni zafar quchajak! 
Boshimizda charx urishib, 
Qaldirg‘ochlar uchajak!»

* * *

Sen ketib borasan daraxtlar aro, 
Kichrayib borasan, torayadi yo‘l. 
Senga oq ko‘ringan bu yo‘llar qaro, 
Yengil tin olasan kengayar o‘ng-so‘l.

Shamolda sochlaring pastlar-balandlar, 
Shamolda sochlaring - qushning qanoti. 
Sen uchib borasan - pastlar balandlar, 
Balandlar pastlaydi, erkin hayoting!

O’zimga la’natlar o‘qiyman bot-bot, 
Men senga havaslar qilurman, erkam. 
Senga qurolmadim go‘zal bir hayot, 
O’zimga zindonlar qazdim... juda kam!

Yelkangni shamollar silkitar nega, 
Nega ko‘ylagingni o‘ynar beshafqat?! 
Shamolda mixlanib qarayman senga, 
Shamolda qo‘llaring silkinmas faqat.

IBODAT

Nafsning shashti bosilgay ro’za bilan,
Qaddi-basti bosilgay ro’za bilan,
Tez-tez ro’zador bo’l, nobakor hirsning
Morday qasdi bosilgay ro’za bilan.

Ro’za-tan zakoti, holing salomat,
Zakot-kafforatdir, moling salomat,
Beva-bechorayu yetim yesirga,
Haqdorga ato et, joning salomat!

Haqni ihtiyor qil qodirsan agar,
Ota-onangni haj qildir muqarrar,
Topgan moling halol bo’lsin, avvalo,
Harom bo’lsa, yo’llaringda bor ajdar!

Namoz-ibodating podshosi erur,
Barcha yaxshilikning peshvosi erur,
Unda haj, savm, me’roj, jannat kaliti,
Dilning tahorati, ifshosi erur!

Saqlagin

Qiyomat Kun oftobidan saqlagin,
bu dunyoda dil hobidan saqlagin,
ikki dunyo yahshiligin ato qil,
ikki dunyo azobidan saqlagin.
Amal qildir O'zing rizo bo'lgulik,
Qiyomat Kun yahshi jazo bo'lgulik,
ko'ksimizni yumshat,Egam, muloyim,
tirilganda uzviy a'zo bo'lgulik.
Qanoatga muvaffaq qil - munosib,
shafoatga musharraf qil - munosib,
bu dunyoda miskinlarning g'amin yeb,
u dunyoda musharraf qil - munosib.
Va'dang haqdir,Odildirsan muqarrar,
bandang ojiz,amallari ko'p zarar,
Senga oson - bizga oson qil Egam,
jon berarda bilingaymish amallar.
Ikki dunyo halolingdan ayurma,
nuru ziyo-zilolingdan ayurma,
mo'minlarga, Yo'ldoshga ham rahm qil,
Mehribonsan,Visolingdan ayurma,
Jamil, Baqo, jamolingdan ayurma!

Sen...

Bir havo o'ylabman nvoday sizgin,
tor yo'lda hor ekanman Senga zor,
ammo qayoqdadir ko'rinmas tizgin,
ammo Sendan boshqa mening kimim bor?
Bir navo o'ylabman havoday mayin,
gul atri misoli muattar ifor,
ko'ngilning qay tori tortilgan sayin,
kuydim - Sendan boshqa mening kimim bor?
Yo'l istab yuribman, yo'lda ekanman,
chiqajak joyi bo'lsa hamki g'or,
qorong'u... gul debman, tilsa tikonlar,
suydim - SEndan boshqa meninh kimim bor?
Bir qultum suv istab, bir qultum najot, 
meni qurshaganday ulkan bir g'ubor,
ammo tushlarimda topilmas hayot,
ayo, Sendan boshqa mening kimim bor?
Qadrdon turtadi, turtadi bir yot...
g'alati hazilga o'hshagan asror,
turinib-surtinib o'tgummi ozod,
ozod Sendan boshqa mening kimim bor?
Men qanday yashadim, bungacha omon,
shu'laga suyangan ulkan tun bedor,
ko'ksimda hayqiriq uhlaydi hamon,
hamon Sendan boshqa mening kimim bor?!

Foniy dunyodan

Men o'tib ketaman izim yashagay,
hayotim samari, sezim yashagay,
nohaqlik bo'roni aro yalangto'sh,
jafokash bir sulton, to'zim yashagay.
Vatandosh jigarim bahti ham kulsin,
baht o'zi g'amgindir,inson shod qilsin,
insonni - Egasi shod etar har vaqt,
baht - Boriyni bilmoq,har kim yod qilsin.
Har kun yod qilsin-u, o'zin shod qilsin,
va shaksiz do'st dilin u obod qilsin,
yahshi amal bilan aylasin qamal,
yomonlik qo'rg'inin shunday mot qilsin.
Ibodat hartidir tilni uyg'otmoq,
mardlarnind qadridir elni uyg'otmoq,
toatning bosh sharti g'ofillik emas,
ko'ngilning dardidir dilni uyg'otmoq.
Ey,ko'ngil, uyg'ongin,nahor o'tmoqda,
yoz o'tdi, qish o'tdi, bahor o'tmoqda,
sajada qil, bir nazar bo'lsa ajabmas,
mehrni bo'g'olmay ne dor o'tmoqda!

O‘ZBEKISTON BOG‘LARI

Bu bog‘lardan xushbo‘y sarinlik kelur,
Jannatiy salqinlik kelur soyadan.
Kimning yurt bog‘idan hislari seldur,
O‘shadir davlatmand, ozod, boy odam.

Supalarga suv sepganda kelinlar,
Kelar edi tuproq tafti, yer hidi.
Nozbo‘ylarday soqollari selkillab,
Chollar bosh tebratib, zavq tuyar edi.

Tabassum qilsalar yorishardi oy,
Va xanda otsalar sapchib qo‘yardi,
Osmonda qolmasdi biror siniq joy,
Yurtda qolmas edi hech ko‘ngli yarim.

Qayda o‘sha qishki, ko‘klamgi pok loy,
Qani o‘sha qishloq, kuzgi sof changlar?!
Hamma yoq qum suvoq, hatto tiniq soy...
Bu gapni hattoki tovuqlar anglar.

Ortga qaytmoq emas, mening tilagim — 
Xotira qo‘yniga edi sayohat,
Sog‘inchdan entikar goho yuragim,
O‘sha poklik qolsa, qolsa diyonat.

Toki yarim ko‘nglim to‘lsin bus-butun,
Zora yarim ko‘nglim bo‘lsa bus-butun.
Shukrona tuyayin chollar safida,
Toki lovullagan shu quyosh uchun,
To‘lajak oy uchun aytay qasida.

Kimning yurt bog‘idan hislari seldur,
O‘shadir davlatmand, ozod, boy odam,
Bu bog‘lardan xushbo‘y sarinlik kelur,
Dilorom salqinlik kelur soyadan.

SEN


Oy bo‘lmas, 
Yulduz bo‘lmas,
Koinotdan tashqari 
Yurt duz bo‘lmas. 

Koinotdan tashqari 
Tashqari bo‘lmas.

Sen mening Nuri Diyorim 
Diyori Nurim.
Koinotdan tashqari

Sen mening tashqarimsan 
Koinotdan tashqari.

SHAMOL VA NASIM

O‘h, bu shamol! Ochirmas ko‘zni,
Gavharingga uriladi qum.
"O‘v, yo‘lovchi! Asragin o‘zni,
Garang bo‘lma, ko‘zlaringni yum.

Karaxt bo‘lma. Ilon izi yo‘l
Zanjir kabi bo‘g‘ar siyog‘i.
Tiz cho‘kmagin, o‘lsang tamom o‘l!
Yo yalagin sahro oyog‘in!"

Holdan toyar, yumar ko‘zini,
Qarchig‘aylar qanoti tegar,
Yumdalaydi, qushmas, yuzini,
Telba shamol. Boshini egar.

Bir tomchi ham suv yo‘q dunyoda,
Dunyo yo‘qdir, yo‘qdir oshno iz,
Faqat shamol uvlar ziyoda,
Faqat shamol cho‘ktirmoqchi tiz.

Hushi qaytar, go‘zal bir nasim
Olib kelar rayhon isini.

SENGA

Ko‘z va so‘z yetmas,
Men yetmasman,
So‘zga sen yetarsan bemalol.

Tasavvur gunoh 
ta’rif ojiz
Boqmoq 40 yil 
Oh boqmoq
Kelmas xayolga 
So‘z
Ikki dunyo 
Va
Kiprik qoqmoq

* * *

Odamiki
Bo‘lsa o‘r,
Enishlar ham bo‘lgay o‘r,
Eshib sabr tolasin,
Halimlik arqog‘in o‘r.

DIYOR

Diyor ko‘rdim oy kabi,
Baxt-yurt degich joy kabi!
Tuya ko‘rdim chopog‘on,
Suv ko‘rmagan hech labi.

G‘ubor ko‘rdim beg‘ubor -
Osmonda oftob kabi.
Toj kiymish ushbu diyor,
Bashorat qilmish nabiy.

Bu yurtlarga qut, omad 
Sokin, vazmin keladi.
Baxt kelmaydi, o‘zi baxt!
Taxtlar hazin keladi.

Diyor ko‘rdim baxtiyor, 
Suv bergan tashna buloq,
Qilichida oy yig‘lar,
Oftobida nur bayroq!

QADIMIY ALLA

Alla, alla, allayo,
Qora ko‘zli bolayo,
Qora qoshli bolayo,
Shirin so‘zli bolayo.

Beshiging baxt eshigi,
Kelgusining qo‘shig‘i,
Tomog‘ingning teshigin,
Qanday yog‘lay, allayo,

Rizqingdan uradilar,
Qo‘rqmasdan turadilar.
Oyga ot suradilar,
Yerlar kunni, allayo.

Bir kun katta bo‘larsan,
O‘z ko‘zing-la ko‘rarsan.
Yaratgandan so‘rarsan
Bolangga rizq, allayo.

SHOIR


U so‘zning rangiga qaraydi avval,
So‘z ohangiga qilar e’tibor.
Qofiyalar doim beradi xalal,
Fikrning so‘nggi yo‘q, va le madad bor.

Qor rangin yog‘adi, ajib atri bor,
Oq tog‘ni qoplaydi cho‘ng qora ko‘lka.
Qora tog‘ — oq, uni qoplagandir qor,
Moviy dur yomg‘irlar aro bu o‘lka.

 

TIZ CHO‘KTIRAMAN

Tuyani yantoq qoshida,
Chumolini don qoshida,
O‘zimni tiz cho‘ktiraman
Elga tiz cho‘kkanning qoshida.

Qavatlarni bosh egdiraman
Qariyalar poyiga
Falakni bosh egdiraman
Vatanimning soyiga,
Quyoshni bosh egdiraman
Bayrog‘imning oyiga.


MENDAN

Quvvat, g‘ayrat o‘tar senga,
Nabiram,
Nasib etsa.
Men ufqqa qarab ketayapman
Tobora
Yiroqlashib.
Mayli, singib ketay,
Mayli, sog‘in,
Sog‘inaylik
Mayli, singib ketay
Ufqqa—bir qora
Nuqta bo‘lib
Faqat sen bosh ko‘tar,
Shafaqlar aro
Oq quyosh bo‘lib.


ARIQDAN

Bir jilg‘a  ayrilib
Yo‘lni mo‘l yurdi
Adashibmi, horibmi
To‘xtab qoldi
Sahro ichinda.
Qaror qabul qildi.
Qurbon etaman
Umrimni
Shu sahro uchun.
Singib ketdi,
O‘zin xazon etdi.
O‘ziga loyiq
Sahroga bir o‘zan etdi.
Har bahor
Xushbo‘y yalpizlar
Chopib o‘ynar
Bu o‘zan bo‘ylab.


YO‘L

Oqarib ko‘rinar
Qirning baland joyida 
Qorayib g‘oyib bo‘lar
Yo‘qolar
Tun-kun bir juft ko‘z
Kutib-kutib tolar
Shahardan kelar
Yo‘l
Yupqa ko‘rpacha uzra yotgan
Ko‘l ko‘tarilar
Derazadan chiqar
Egasining yuziga qaytar
Yo‘l bilan barobar.
Shaharga borib
Kelar
Bu ozg‘in, sertomir qo‘l.


ESLAYMAN

So‘zlarni, ko‘zlarni,
Daraxtzor joylarni,
Soyda qalqib oqqan
Oylarni.
Titrab boqqan giyohlarni,
Jimir-jimir qaynab chiqqan
Buloqlardan yulduzlarni.
Faryodi tunlarni yorgan,
Tonglarni yoqqan tulporlarni,
Harir, ko‘kish, beg‘ubor g‘uborlarni.
Turnalar yodimga kirar hayqirib,
Otam kirar hovli aylanib,
Tomog‘in qirib
Va le qachon qo‘lidan
Oftoba tushganini,
To‘nini tutga turna qilib,
O‘zi ham ichidan turna bo‘lib,
Inshaalloh issiq yurtiga
Uchganini
Eslay olmayman.
Onam ham ortidan qush bo‘lib,
Derazaga urilib
Behush bo‘lib
Qolganini
Eslay olmayman.
Zotan, xossatan bu hollarni
Bolalarga bildirmaydi
Otalar, onalar.


YIG‘LAYDI

Bir yalpiz hiqillab
Ariq bo‘yida o‘ltirib,
Atrofida barra o‘tlar,
Maysalar xursand,
Hayratli
Pichirlab, qiqirlab
Kulishar sekin.
Sababin bilsam,
Qish bo‘yi quyoshni ko‘rmaganidan,
Va birdan yugurib o‘ynaganidan,
Shod bo‘lib yig‘lar ekan —
Bahor sevinchlari ekan bu.
Nenidir esladim men ham,
Alamga to‘lib. 
Shukr, dedim so‘ng
Shodumon bo‘lib.


SO‘Z

Odamni, olamni
O‘qidan, izidan
Chiqarar.
Va odamni, olamni
Gul qilib qo‘yar.
Shayton joylashib olsa
Harflarga ham
Qulluq qila boshlaysan
Harflarga ham
Ular past-baland
Shaklda
Gul, ilon, zahar, qand
Shaklda.
Aslda mo‘’tabar bo‘lgan so‘z
Odobsiz tovushga aylanar
Hazrat aytganidek
O‘likni tiriltib
Duo uchun hovuchga aylanur,
Shukrki, aylanur u erkin qushga,
Zulmat quyuq esa ta’birga, tushga...


SO‘Z MAYDONIDA

Shoir so‘z maydonin sohibi,
Kurashchisi.
U ham banda,
Bandai ojiz.
Qahramoni, raqibi
Yengar, yengilar,
E voh, ba’zan u ham
Salbiy qahramon.
Shunday tus olar yoki berishar,
Uning butun vujudi kun-tun ishlar,
Kun og‘zidan kirib tovonidan tushar,
Tun tovonidan kirib tilidan tomchilar.
Qorachig‘i quyosh bo‘lar saharda, sahar
Shafaqqa aylanar bag‘ri ham
Ko‘zining oqi qadar...


TULPOR

Oppoq bulut
Goh qotib turar havoda muallaq
Goh qanotlarin yozib
Aylaydi parvoz —
Qanotlari ulkan bulut parchasi.
Jami bulutlardan uzun tuyular,
Jami bulutlardan baland tuyular,
Tuyularki, hozir kishnab yuborar —
Osmonni ovozga to‘ldirib,
Olamni qo‘shiqqa to‘ldirib.
Ammo u suratmi,
Harakat,
Yo ovozsiz musiqa,
Jim qotib yana parvoz aylar,
Ba’zan joyida
Bulutlarga, tuyoqlarga,
Qanotlarga yulduzlar tomgan
Oppoq-oppoq hilollar qo‘ngan
Shiddat nihon.
Shamollarni tindirib qo‘ygan,
Havoda havoday suzib borar
Falakdan keng bulut parchasi.
Osmonda osmonga sig‘may suzib borar
Bulut Parchasi — Tulpor.
Men-ku kichik she’r bitdim,
Dostonga sig‘may suzib borar.
Dostondan keng Bulut Parchasi.
Go‘yo so‘ngsiz kurashdan so‘ng
Ozod parvozlarni sog‘inib tolgan
Tuyog‘ida mixlar
Gul bo‘lib qolgan
Oh, Bulut Parchasi
Voh, Buyuk Bulut!


JON VA TAN

Bu osmon ostida bir gul bor,
Ta’zimida yo‘q aslo g‘ubor.
Ariq bo‘ylab chopar ortimdan,
Safar qilar bo‘lsam yurtimdan,
Qolar nozik qo‘llarin cho‘zib,
Yo‘l qaraydi, nigoron ko‘zi,
Yiroqlarda eslab qo‘yaman,
Yurtdoshlarda bo‘yin tuyaman.
Bo‘yi yetgan bulutlar bedor,
Tomchilarning bag‘rida xumor,
Ul marvarid shabnamlar aro
Jilmayadi, ko‘zlari qaro,
Bu osmon ostida bir gul bor,
Cho‘qqilar hayratda lolu zor,
Buloqlar chopadi hakkalab,
Uni ko‘rsa erib ketar qalb,
Bu osmon ostida bir gul bor,
Yashil ko‘ylak alvon yuz dildor,
Ismi ne bo‘lsa-da baxtga tan,
O‘zbekka tan, demak, jon Vatan,
O‘zbekiston — yurak, jon va tan!


BAXT

Bog‘imni qiyalab
O‘tasan uyga kirmay,
Kel, kelaver, uyalma.
Tushmagin bunday ko‘yga,
Qay aroba qo‘shig‘in
Aytasan bo‘lib xarob.
Kimning baland eshigin,
Qo‘riqlaysan yo‘l qarab.
Olib qochma ko‘zingni,
Men sendan tantiroqman,
Kechiraman o‘zingni,
Kechaman qarzimdan ham!


VATAN OZODLIGI

Bir asr zindonda tutildim "erkin",
O‘zga tilda suydim, Vatanim seni.
Zolim zamon zug‘umidan qutuldim,
Nasimlar, sabolar o‘ldirar meni.
Chohdan chiqqan Alpomish misol edim,
Sog‘indim bag‘ringda aslingni, seni.
G‘ordan, ajdarlardan qutulib ketdim,
Go‘zal lahzalaring o‘ldirar meni.
Qanchalar yashadim, qanday qaqshadim,
Bugun sof havolar ko‘ksim to‘ldirar.
Kecha dor ostida kulib yashadim,
Sevinchli yoshlaring bugun o‘ldirar!


QIR GULI

Qir guli,
Adr guli,
Tebranar sabolarda,
Nur guli, atr guli.
Emranar samolarga,
Elanar havolarda,
Entikar so‘zsiz qo‘shiq,
Belanar davolarga,
Kun - shifo, yulduz qo‘shiq,
Keng duzlarga ketar bo‘y,
Muattar shamollarda,
Yulduzlarga yetar bo‘y,
Samoviy xayollarda,
Qir guli, adr guli,
Tashnalar ko‘p o‘rgilur,
Nur guli, atr guli,
Chashmalar ko‘p o‘rgilur.
Seni ekib ketgan kim,
Murodiga yetgan kim,
Qir guli, hey, nur guli,
Ekkanga shukrim bu kun,
Ekkanga so‘ngsiz shukrim!


GUL

Bukilib turar,
Ko‘zidan yoshi —
To‘kilib turar,
Tugab bardoshi,
Kulmaydi sira,
Titratar xiyol.
Yo bir xotira,
Yoki zo‘r xayol —
Uni shamolmas,
Balki bosgan g‘am.
Yoki nogahon
Baxt bo‘lgan hamdam!


GULLAR

Gullar jilmayadi, ildizi ko‘kda,
Yerdan qo‘l cho‘zaman shamolga o‘xshab.
Xayol bog‘ yaratar, ko‘k bog‘in o‘pgan,
Diyor deydi hargiz, demaydi Yer-Shar,
G‘alati gapirar, lug‘ati boshqa.
Aql goho unga usta tarjimon,
Jilmaytar — gul chizar o‘qraygan toshga.
Osmonga osmondan qaraydi yomon,
Cho‘ng aql qanotli xayol ulgurar,
Mening aqlim yalqov, a’molim noqis,
Xayolda ajab xush gullar tug‘ilar,
Hech hayot ko‘rmagan, his qilmagan his,
Hech kim tortolmaydi uning jilovin,
Goho men podshoman, goho u... zorlar,
Tug‘adi bir hayot, tug‘ar qalovin,
Qorlar yonib ketar, gullaydi qorlar!


CHO‘PONNING

Bir hayqirig‘i kifoya —
Qaytadi suruv.
Bu ajib hikoya,
Bunda bor qandaydir qo‘rquv.
U qandaydir hurmat,
Yo jumla jahonga
Go‘zal bir ibrat.
Har qalay hikmat bu,
Ajib bir hikmat.


OLAM VA JANNAT

"Quvonch ortida alam,
Shakar ichra og‘usi, bu olam mushkulot, g‘am
Bormi buning dorusi?!"
"Vatan jonbaxsh bo‘stondir,
Ziyodir, vatan—jannat,
Baxt—diydor, nur—osmondir,
Tuproqlari zabarjad!”


EY, YO‘LOVCHI

Qaydan kelding, 
Yo‘l olding qayga,
Tashnamisan sen ham baxtga,
Navoga, nayga?

Ko‘z ilg‘amas kengliklarni
Jo qilgan ko‘zi,
Gapirgisi kelmasmidi,
Yo yo‘qdir so‘zi — 
Yo‘lovchi ko‘p qarab turdi
Ufq tomonga,
Imo qildi avval Yerga,
So‘ng Osmonga.


FARHOD BO‘LMOQ —

Navoiy bo‘lmoq.
Alpomish bo‘lmoq — Fozil ota bo‘lmoq,
Anvar bo‘lmoq — Abdulla bobo bo‘lmoq
Shart emas.
O‘lmoq shart —
Diyori uchun.
Tirilmoq shart —
Yer uchun
Or uchun
Tug‘ilmoq shart!


QO‘Y

Pusma, qo‘y, pusinma
Doim ham
Ish bermas pistirma
Qisinma,
Jo‘mard bo‘l,
Dushmanga ham
Yuragi kichikka ham
Uylarning to‘ri to‘lar
Och qolsa kuchuklar ham
Tulki yo bo‘ri bo‘lar,
Qo‘y, pusinma.


OHISTA

Ohista yog‘adi yomg‘ir,
Ohista-ohista tashlanar qadam.
Shamol esib qo‘yar gohida g‘ir-g‘ir,
Og‘ir o‘y bosadi odamni bu dam.

Yomg‘ir iz qoldirmay o‘tib ham ketar,
Quyosh jilmaysa-da atrof qunishar.
Ko‘nglingni yoritib xayollar yetar,
Vazmin Rauf Parfi yodingga tushar.


QIZG‘ALDOQ

Porillab chorlaydi bu choq,
Zorillab qo‘yadi bu dam zarg‘aldoq.
Shoshib shaftolilar ko‘tarar chiroq,
Pushti zorillaydi novdalar quvnoq.

Yodingga kelmasmi ajdodu nasl,
Hay jonzot, sening-da zoting asldir,
Nega quvnamaysan, umring bir fasl,
Qizg‘aldoq umri-chi, yarim fasldir.


UYINGDA

O‘sadi bir gul za’faron,
Bir chimdim quyoshga zor.
Quyoshga zor emas,
Tomchilar ko‘zing.
Gul esa gurkirab yongusi kelar
Ya’ni o‘sgusi kelar — 
Yashil qanot yozib.
Issiqdan, sovuqdan, yomonlikdan
Seni to‘sgusi kelar.
Gul bo‘lgim kelar,
Bir chimdim quyoshga zor
Quyosh bo‘lgim kelar.


KO‘NGLIMDA

Bir quvonch ko‘rayotirman,
Va ham birozgina qo‘rqayotirman,
Bo‘lmasidan avval shodligim yuza
Ortida turgan g‘am chiqmasin suza.
Daryo sohilida o‘ychan baliqchi
Kabi termulaman hayotga hazin
"Laqqa" chiqar bo‘lsa, omadliman chin,
"Tilla" chiqsa, yarmi chin, yarmi hazil.


SHAYTON

Meni bog‘lar dumiga
Dumini dunyoga bog‘lar
Oh meni boplar
Oh meni dog‘lar.
Farishta o‘ngirimdan o‘ngga tortar
Farishtaning ishi sarishta, bilaman
Men o‘zimni qachon sarishta qilaman
Tong otganda dong qotaman
Qachon tongni uyg‘otaman?
Shayton meni holimga qo‘ymas
Rahmon rahm etmasa.
Rahmon mendan ketmaydi hech
Sabr mendan ketmasa.


SOVUQ

Tushib kelayotir tog‘lardan,
Qaymoq bog‘lab qolgan suvlar tiniqdir.
Fayz ketganday shuvillagan bog‘lardan,
Sovuq sezar yoshda ko‘ngul siniqdir.
Sovuyotir endi biroz qonimiz,
Keksalikka tashlab sekin qalampir.
Issiq so‘zga, choyga muhtoj jonimiz— 
Ko‘tarolmas kelsa nogoh alamlar. 
Yoshlikdayu keksalikda xalal bor,
Xalal berar doim turmush odamga.
Sovuq temirni ham aylaydi abgor,
Yo‘l bergisi kelmas yoshlik sitamga.
Yaxshi so‘zlar keksalikning shifosi,
Yomonlikka mudom qalqon yaxshi so‘z,
Qaymoqlagan suvday keksa dunyosi — 
Chelak soling, to‘lgaydir dur-naqshli so‘z,
Sovuq sezar yoshda ko‘ngul siniqdir,
Turnako‘z buloqday ko‘zi tiniqdir.
Fayz ketganday huvillagan bog‘lardan,
Sovuq tushib kelayotir tog‘lardan.


QUSH

Ko‘zi jovtillaydi,
Tikilib mo‘ltillaydi.
Qahratondan qo‘rqdi qush,
Derazamga urdi to‘sh.
Qattiq mening derazam,
Qattiqdir bag‘rimdan ham,
Ochay deyman, qo‘rqaman,
Uyda ham rutubat, nam.
Bir zo‘ravon qish ko‘rdim:
O‘z tinchimni xush ko‘rdim,
Chirqillar bechora qush,
Qush to‘shini bo‘sh ko‘rdim,
Balki yakson aylardi,
Qip-qizil qon aylardi,
Bag‘ri qattiq bo‘lganda,
Bu romni rom aylardi,
Kirolmas ota-onam,
Qattiq metindan xonam.
Eshiklari temirdan,
Kemirar kirsang alam,
Hayron bo‘lib to‘ydiga,
Bu dunyoning o‘yniga,
Yaxshisi darding olay,
Duo qil, chiqa qolay — 
Qahratonning qo‘yniga!

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.