OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Badalqorachi

Bor ekanda yo‘q ekan, bir zamonda bir chol bobo bor ekan. Uning uch o‘g‘li bor ekan. Eng kichkina o‘g‘lining ismi Badalqorachi ekan. Boboning La’li nomli oti bor ekan. Bu biya har yili tug‘gan paytida, uning bolasini bir narsa kelib olib ketar ekan. Bir yili bobo biyani tepasida turib o‘zi tug‘dirib olish uchun poylab yotibdi. Ammo otning tug‘adigan kechasi uxlab qolibdi, toyni ololmabdi. Ikkinchi yili, katta o‘g‘li otasidan: “Otni men poylayman va toyini olaman”, deb ruxsat olib qorovulchilik qilibdi. Ammo otning tug‘adigan kuni bu ham uxlab qolibdi, oltin toydan quruq qolibdi. Uchinchi yili o‘rtancha o‘g‘li otasidan: “Otning tug‘adigan kunini poylab, toyini o‘zim olaman”, deb ruxsat olibdi. O‘rtancha o‘g‘li kechalab, otning tug‘ishini poylab yotibdi. Lekin ko‘zi uyquga ketib qolibdi. Тurib qarasa, toy yo‘q emish.
Keyingi yili kichkina o‘g‘li Badalqorachi otasiga aytibdi: ”Ota, men shu sirni bilaman. Bu yil biya tug‘ish vaqtida uni poylab yotaman. Otim bu safar menga La’li toy tug‘ib beradi”, debdi va otxonada otni poylab yotaveribdi. Ko‘zi uyquga ketayotganda, ot kishnabdi, uyg‘onib qarasa, tuynukdan bir narsa chiqib ketayotibdi. Darrov xanjari bilan bir uribdi. Bir narsa tap etib yerga tushibdi, olib qarasa, bir kishining qo‘li ekan. Badalqorachi tong qorong‘usida otasidan javob olib, qonning izi bilan toy o‘g‘risini qidirib ketaveribdi.
Yo‘l yurib, mo‘l yurib, bir uyga yetibdi. U uyga kirsa, yigirma yoshlar chamasi bir qiz o‘tiribdi. Juda chiroyli. U qiz Badalqorachiga aytibdi:
— Ey odamzod, odam yursa oyog‘i kuyar, qush uchsa qanoti kuyar bu yerda sen nima qilib yuribsan? Тez ket, agar dev kelib qolsa, seni o‘ldiradi.
Badalqorachi aytibdi:
— Sen nega dev bilan bu yerda turibsan?
— Meni dev olib qochib kelgan, — debdi qiz. Dev uchun pishirib qo‘ygan ovqatni beribdi. Badalqorachi aytibdi:
— Men dev bilan kurashib, seni uning qo‘lidan qutqaraman.
— Sen meni qutqaraman deb halok bo‘lma. U juda kuchli, zo‘r dev, — debdi.
— Dev qayerda va qachon, qaysi yo‘l bilan keladi? — deb so‘rabdi:
— Dev bir elatga ketgan edi, ana shu ko‘prikning ustidan o‘tadi, — debdi qiz.
Badalqorachi qizga:
— Sen peshin vaqtida ko‘prikning ustiga borib menga ovqat tut, — debdi va o‘zi ko‘prikning ostiga kirib o‘tiribdi.
Birdan otning tuyoq tovushi eshitilibdi. Ot kelib ko‘prikning ustida to‘xtabdi. Ot ustida kelayotgan oltin toyni o‘g‘irlagan dev ekan, tagidagi ot esa, oltin toy ekan. Devning qahri kelib:
— Bu yerda Badalqorachi bormi? — deb so‘kinibdi. Shu vaqtda Badalqorachi ko‘prik ostidan chiqib, devga qarab:
— Badalqorachi sening yeydigan ovqatingmidi? — deb do‘q uribdi.
Dev aytibdi:
— Otishasanmi, tutishasanmi, chopishasanmi?
— Otishish, chopishish o‘zingga siylov, sen bilan tutishaman, — debdi.
Dev bilan Badalqorachi tutisha ketibdi. Bular shu tutishishda bir-birini hech yiqitolmay, peshingacha kurashibdilar. Peshinda qiz Badalqorachiga tuxum keltirib beribdi. Badalqorachi uni yeb olib, kuchlanib, devni yiqitibdi. Devning kallasini kesibdi. Oltin toyni olib, qiz bilan devning joyiga borib, qizga: “Sen otni boqib tur, men kelguncha hech qayoqqa ketma”, deb o‘zi yo‘lga ravona bo‘libdi. Yo‘l yurib, yo‘l yursa ham mo‘l yurib, Badalqorachi yana bir joyga boribdi. O‘sha joydagi qo‘rg‘onga kirsa, o‘n sakkiz yoshlar chamasi bir go‘zal qiz o‘tirgan emish. U shu qadar go‘zal emishki, hatto unga oyning ham rashki kelar ekan.
Qiz yigitni ko‘rib:
— Ey odamzod, qush uchsa qanoti, odam yursa oyog‘i kuyar bu yerda nima qilib yuribsan? Тez ket, dev kelsa, seni halok qiladi, — debdi.
Badalqorachi qizdan uning dev uyida nima qilib yurganini so‘rabdi. Qiz:
— Meni dev olib qochib kelgan, — debdi va devga pishirib olib qo‘ygan ovqatini Badalqorachiga beribdi.
Badalqorachi aytibdi:
— Men seni shu devning qo‘lidan qutqaraman.
— Sen meni qutqaraman deb halok bo‘lma, bu dev juda yomon dev, — debdi qiz.
— Dev qayerda va qachon keladi, qaysi yo‘ldan keladi, — deb Badalqorachi qizdan so‘rabdi.
— Keladigan vaqti bo‘layotir, ana shu ko‘prikdan o‘tadi, — debdi qiz.
— Sen menga ovqat pishirib ko‘prik ustiga olib bor, — deb Badalqorachi ko‘prik tomon ketibdi. U ko‘prik ostiga kirib yotibdi. Birdan ot tuyog‘ining tovushi eshitilibdi. Ot kelib, ko‘prik ustida to‘xtabdi. Ot ustida kelayotgan kumush toyni olib qochgan dev ekan.
Dev otga do‘q qilib: “Bu yerda Badalqorachi bormi?” deb so‘kinibdi.
— Badalqorachi sening yeydigan ovqatingmi? — deb yosh yigit ko‘prik tagidan chiqibdi. Dev Badalqorachiga aytibdi:
— Otishasanmi, chopishasanmi, tutishasanmi?
— Otishish, chopishish o‘zingga siylov, tutishaman, — debdi.
Shundan keyin bular ikkisi kurash boshlabdilar, azondan ertangi peshinga qadar tortishibdilar. Shu vaqtda qiz ovqat olib kelib Badalqorachining qo‘liga tutibdi. Keyin kuchlanib Badalqorachi devni yiqitibdi va kallasini kesibdi. Badalqorachi kumush toyni olib, qiz bilan devning joyiga borib, qizga:
— Sen bu otni men kelguncha boqib o‘tir, — deb yo‘lga ravona bo‘libdi.
Yo‘l yurib, yo‘l yursa ham mo‘l yurib, yana bir joyga boribdi. Unda o‘n olti yoshlar chamasi bir qiz o‘tirgan ekan, kun desa ko‘zi bor, oy desa yuzi bor, shunday chiroyli bir qiz ekan.
Qiz aytibdi:
— Ey odamzod, qush uchsa qanoti, odam yursa oyog‘i kuyar bu yerda nima qilib yuribsan? Bu yerdan hozir ket. Dev kelsa, seni o‘ldiradi, — debdi.
Badalqorachi bu qizni ham dev olib kelganini so‘rab bilgandan keyin:
— Men seni qutqazaman, — debdi.
— Sen meni qutqazaman deb ovora bo‘lma, dev juda kuchli, — debdi qiz va devga pishirib qo‘ygan ovqatini yigitga beribdi.
Badalqorachi so‘rabdi:
— Dev qayerda, qachon, qaysi yo‘ldan keladi?
Qiz devning bir joyga ketganini, kelish vaqti bo‘lib qolganini aytib: “Ana shu ko‘prikdan o‘tib keladi”, debdi.
Badalqorachi borib ko‘prik ostiga kirib turibdi. Birozdan keyin otning tuyoq tovushi eshitilibdi. Ot kelib ko‘prik ustida to‘xtabdi. Dev otga qarab: “Bu yerda Badalqorachi bormi?” — deb turgan ekan.
Badalqorachi ko‘prik ostidan chiqib:
— Badalqorachi sening yeydigan ovqatingmidi?— debdi.
Dev Badalqorachiga qarab:
— Otishasanmi, tutishasanmi, chopishasanmi? — debdi.
— Otishish, chopishish o‘zingga siylov, tutishaman, — debdi.
Ikkisi tutisha ketibdi. Kun bo‘yi olishibdi. Bu olishish ikki kun davom etibdi. Uchinchi kun Badalqorachi g‘ayratga kirib, qahri bilan devni ko‘tarib yerga uribdi va darrov kallasini kesibdi.
Endi Badalqorachi uch devni o‘ldirib, ularning mollarini olib, uch qizni ham uch otni: Oltintoy, Kumushtoy, La’litoyni olib qaytibdi. Yo‘lda o‘z-o‘zicha o‘ylabdi: “Katta qizni katta akamga, o‘rtanchasini o‘rtancha akamga beraman, kichigini o‘zim olaman”.
Badalqorachi yo‘l yurib, yo‘l yursa ham mo‘l yurib, shaharga yaqin kelib dam olibdi. Badalqorachining akalari uning kelayotganini eshitib, kutib olish uchun peshvoz chiqibdilar.
Badalqorachi akalariga:
— Og‘alarim, men juda horidim, shu uyda biroz uxlab olay, sizlar mollarga qarab turinglar, mabodo birorta dushman kelguday bo‘lsa, menga xabar beringlar, — deb uxlab qolibdi.
Akalari maslahat qilishibdi: “Agar u shuncha mol bilan otamizning oldiga borsa, otamiz uni yaxshi ko‘rib, bizni uyaltiradi. Undan ko‘ra, Badalqorachining bir ilojini qilaylik”. Shunda Badalqorachi yotgan uyning eshigiga xanjarni qo‘yib, Badalqorachiga: — O‘g‘ri keldi, — deb qichqiribdilar. Badalqorachi yugurib, chiqaman deganda xanjar ikki oyog‘ining tizzasidan kesib ketibdi. So‘ng ikki aka butun narsalarni olib qizlarga: “Hech kimga buni aytmanglar!” — deb qo‘rqitib yo‘lga tushibdilar. Badal-qorachi oyoqsiz shu yerda qolaveribdi.
Akalari boboning oldiga borib: “Bu narsalarni: toy va qizlarni biz olib keldik”, debdilar.
Badalqorachi emaklab yo‘lga chiqibdi. Yo‘lda bir ko‘r bilan topishib olibdi. Bular dalada yurganlarida, bir boy kambag‘alning qizini xohlamaganiga qo‘ymay, zo‘rlab olayotgan ekan, to‘y ustidan chiqib qolibdilar. Тo‘yda chopishma bo‘libdi.
Badalqorachi chopishmada yutibdi. Xotinlar narsa bersalar olmabdi.
— Nega olmaysan? — desalar, Badalqorachi:
— Menga kelinning o‘zi uzatsa olaman, — debdi. Kelin unga narsa uzatayotganida, uning o‘zini olib qochib ketibdi. Uni quvibdilar, lekin qayerga qarab ketganini bilmabdilar, ko‘zdan yo‘qolibdi.
Ko‘r bilan Badalqorachi qizni o‘z joylariga olib kelib, singil qilib olibdilar. Faqat undan ovqat pishirib berib turishni so‘rabdilar. Bularga yana bir kar ham qo‘shilibdi. Bular uchalasi ovga chiqib ketar ekanlar; qiz esa ovqat tayyorlar ekan.
Kunlardan bir kuni uchalasi ovga ketganida, qiz ovqat pishirmoqchi bo‘libdi. O‘t o‘chib qolgan ekan, eshikka chiqib u yoq-bu yoqqa qarasa, bir yerdan tutun chiqib turgan emish. O‘sha yerga borsa, bir momo o‘tirgan emish. Qiz momoga salom beribdi.
— Gar saloming bo‘lmasa, ikki yamlab bir yutardim, — debdi momo. Qiz o‘t so‘rabdi. Momo qizning qayerda turishini so‘rab olib, keyin o‘t beribdi.
Ertasi kun bular yana ovga ketganda, momo qizning yoniga kelib boshini boqtirib, uning qonini so‘rib ketibdi.
Ertasi ham, uchinchi kun ham xuddi shunday hodisa ro‘y beribdi. Bir kuni Badalqorachi qizga diqqat bilan qarab, undan so‘rabdi:
— Biz senga ozor bermasak, xafa qilmasak, nega ranging sarg‘ayib ketayotibdi, ota-onangni sog‘indingmi yo senga birov ozor berayotibdimi?
— Yo‘q, hech narsa bo‘lgani yo‘q, — debdi qiz.
— Sen bizdan yashirayotibsan, to‘g‘risini ayt, — deb majbur qilibdi.
— Men bir kuni o‘t o‘chib qolganida bir momodan o‘t olib keluvdim. Shu momo har kuni sizlar ovga ketganda kelib, mening qonimni so‘rib ketadi, — debdi qiz.
Ertasi ketish oldida Badalqorachi karni poyloqchi qilib qoldirib ketibdi. Kunduz kuni momo kelib, bir tola sochi bilan karni bog‘lab qo‘yibdi va qizning qonini yana so‘rib ketibdi.
Badalqorachi kelib, karning bog‘liq yotganini ko‘ribdi. Kar aytibdi:
— Momo kelib meni bog‘lab qo‘ydi va qizning qonini so‘rib ketdi.
Ikkinchi kuni Badalqorachining o‘zi qolibdi.
Momo kunda keladigan vaqtida kelibdi. Badalqorachi momoni tutib olib, o‘ldirmoqchi bo‘lgan ekan, momo Badalqorachiga aytibdi:
— Meni o‘ldirmagin, men qizni avvalgisidan ham xushro‘y qilaman, karning qulog‘ini ochaman, ko‘rni tuzataman, sening oyog‘ingni butun qilaman, — debdi.
Momo avval qizni bir yutib, so‘ng qayta chiqaribdi. Qiz avvalgisidan ham chiroyli bo‘libdi. Ikkinchisida karni yutib chiqaribdi. U burungisiday eshitadigan bo‘libdi. Uchinchisida ko‘rni yutib chiqaribdi. Uning ko‘zi ko‘radigan bo‘libdi. Endi Badalqorachiga navbat yetganda, u sheriklariga qarab:
— Agarda meni yutib, chiqarmasa, uni chopib o‘kchasini yoki jimjilog‘ini qaranglar, — debdi.
Momo Badalqorachini yutib chiqarmabdi. Bular “chiqar!” desa, momo:
— Endi sizlarni ham yeyman, Badalqorachidan qo‘rqib turuvdim, — debdi.
Bular ham g‘ayratlanib, darrov momoni chopqilab, jimjilog‘idan Badalqorachini topib olibdilar. Badalqorachi ham oyoqli bo‘lib chiqibdi. Bular qizni uyiga yuboribdilar. Har qaysilari o‘z joylariga qarab yo‘lga tushibdilar.
Badalqorachi otasi yoniga borib, butun bo‘lgan voqealarni aytib berib, akalarining xiyonat qilganini so‘zlabdi.
Devdan ozod qilingan qizlar guvohlikka o‘tibdilar.
Boboning qahri kelib, xiyonatchi ikki o‘g‘lini qattiq jazolabdi.
Badalqorachi devdan qutqarib olgan kichkina qizga uylanib, murod-maqsadiga yetibdi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.