OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Bahrom va Sherzod

Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, qadim zamonda bir podsho bor ekan. Uning Bahrom degan bitta-yu bitta o‘g‘li bor ekan. Bahrom aqlli, hushyor bola ekan. Bu bola yoshligidan hunar o‘rganishga qiziqib, temirchilik, duradgorlik, tikuvchilik, sartaroshlik kabi oltmish to‘qqiz hunarni o‘rganibdi. Gilam to‘qishda o‘zining Sherzod degan ustasidan ham o‘tib ketibdi.
Bahrom shunday gilam to‘qir ekanki, bir katta podshoning xazinasini, boj-xirojini jamlasa ham, Bahrom to‘qigan gilamning narxiga yetmas, tovlanishda tovusni tang qoldirar, quyoshning rashkini keltirar ekan.
Podsho esa o‘g‘lining hunarini nazarga ilmas, uni davlat ishini o‘rganishga undar ekan. Lekin Bahrom otasining so‘ziga quloq solmas, saroy ishiga qiziqmas ekan. Podsho esa o‘g‘lining bu ishidan qattiq xafa ekan.
Kunlardan bir kun podsho o‘g‘lidan yana “yo‘q” degan javobni eshitib, g‘azablanibdi va “Mening, senday o‘g‘lim yo‘q! Shahrimdan chiqib ket, bo‘lmasa kallangni olaman!” debdi.
Bahrom otasining niyatini ilgaridan bilib, uzoq safar anjomlarini tayyorlab qo‘ygan ekan, bu gapni eshitgan zamon onasi va yor-do‘stlari bilan xayrlashib, shahardan chiqib ketibdi.
Yo‘l yuribdi, yo‘l yursa ham mo‘l yuribdi, necha-necha qir-u cho‘llarni bosib o‘tibdi. Qush otib ovqat qilibdi, yer qazib suv ichibdi. Kunlardan bir kuni Bahrom oy yorug‘ida katta dovondan oshib bir soylikka tushganda hayron qolibdi: ketayotganida kunchiqar tomonda oy har kungidek bitta ekan, hozir bo‘lsa kunbotar tomonda ham bir oy paydo bo‘lib qolibdi. Bahrom shu kunbotar tomondagi oyga qarab yuraveribdi. Kunduzi yotib dam olibdi, kech bo‘lib oy chiqqanda yo‘lga tushibdi... Rosa yettinchi kuni kechasi kelayotganda kunbotar tomondagi oy osmonda emas, osmonga tutashgan baland minora tepasida ko‘rinibdi. Minora Chindil degan shaharning o‘rtasida ekan. Bahrom bozorda aylanib yurib, bir hashamatli do‘kon oldida to‘xtabdi. Bu do‘kon kabobpazning do‘koni ekan. Do‘kon oldida odam tirband emish. Ichkarida kabobpaz yigit: “Ha, kep qoling, pishdi kabob, yeganlar darmonda, yemaganlar armonda!”, deb xo‘randalarni qiziqtirib, kabob pishirib turgan emish. Bahrom: “Bu hunarni ham o‘rganish kerak ekan”, deb ko‘nglidan o‘tkazibdi va kabobpazning ishidan ko‘z uzmay, zehn qo‘yib turaveribdi. Bir vaqt do‘konning oldi bo‘shab kabobpazning Bahromga ko‘zi tushibdi:
— Xo‘sh, yigit, muncha tikilib qolding... Hunar o‘rganasanmi? — deb so‘rabdi.
Bahrom quvonib ketib:
— Kabob pishirishni o‘rgating, — debdi.
— Bilasanmi men kimman? —debdi kabobpaz.
— Yo‘q, bilmayman, — debdi Bahrom.
— Men oddiy kabobpaz emasman, Chindil podshosining o‘g‘li — Korson bo‘laman, — debdi kabobpaz.
Bahrom Shahzodaning kabob pishirishini ko‘rib hayron bo‘libdi. Bahrom kabobpazlikni o‘rgatishni Korsondan yana iltimos qilibdi.
Kabobpaz Bahromni shogird qilib olmoqchi bo‘lib, uni orqadagi bir uyga boshlab kiribdi. Uyda allanechuk sassiq bir hid burqsib turar ekan. Bahrom qaytmoqchi bo‘lgan ekan, kabobpaz qo‘ymabdi. Bahrom qarasa, qo‘llariga oyboltalar ushlagan to‘rt jallod baravariga: “Qon, qon!.. Uf... cho‘lladik, qon!” deb turgan emish. Kabobpaz Bahromni yetaklab, yana bir eshikni ochibdi. Ichkarida bir qancha odam birining og‘zidan biri ilib, ha desa “Men semiz emas, bu semiz... Men semiz emas, u semiz”, der emish. Bahrom esankirab qolibdi. Kabobpaz uni ichkariga itarib yuborib, eshikni tashqaridan qulflab qo‘yibdi.
Kabobpaz bu yerdagi semiz odamlardan har kuni ikkitasini tanlab olib, jallodlar qo‘liga tashlar, ularning go‘shtidan kabob pishirar ekan. Shuning uchun eshik “tiq” etdi deguncha bechoralar jon talvasasiga tushar ekanlar.
Oradan bir necha vaqt o‘tibdi. Kabobpaz kuniga ikkitadan odam olib chiqaveribdi. Navbat Bahromga yetibdi. Bahrom o‘lishini bilib, kabobpazning oyog‘iga bosh qo‘yib zorlanibdi:
— Bir arzim bor, birodar, ne-ne orzu bilan yetmish xil hunar o‘rgandim... Menga kerakli narsalarni keltirib ber, senga bir gilam to‘qib beray, uni sotsang, puli butun umringga yetadi. Shu gilamni to‘qib bo‘lganimdan so‘ng meni o‘ldirsang roziman, — debdi.
Kabobpaz o‘ylab turib rozi bo‘libdi va shu kuniyoq Bahromning aytgan hamma narsasini keltirib, gilamni tayyor qilishga qirq kun muhlat beribdi.
Bahrom gilamni o‘ttiz sakkiz kun deganda tayyor qilibdi. Kabobpaz gilamni ko‘rib hayron qolibdi. Bahromni gilam bitgan kuni kabob qilishga olib chiqmoqchi ekan, sevinganidan yana ikki kun asrab, gilamni bitirishga belgilagan muhlatni to‘lg‘izmoqchi bo‘libdi. U saharni erta olib gilamni do‘kon oldiga osibdi.
Shahar xalqi bunday gilamni bir umr ko‘rmagan ekan. Bozor va shahar ichidagi butun xalq kabobpaz do‘koni oldiga yig‘ilibdi. Gilam savdoga qo‘yilibdi. Birov o‘n ming tilla desa, birov yuz ming tilla der emish. Gilamning narxi borgan sari ko‘tarilaveribdi. Shahardagi “manman” degan savdogarlar, amaldorlar ham gilamni sotib olishga pul yetkazolmay, chippakka chiqib qolishaveribdi. Xullas, hech kim gilamning narxiga yetolmabdi. Kabobpaz bo‘lsa: “Mening hunarimga qoyil qoling”, degandek gerdayib, savdoni ham xalqning o‘ziga qo‘yib, qarab turaveribdi.
Endi gapni Bahromning onasidan eshiting:
Bahromning onasi o‘g‘lining dardida yig‘layverib ikkala ko‘zidan ajrabdi. Lekin eriga hech nima demas ekan. Podsho o‘z xotinini Bahrom tufayli sevar ekan. Bahromni bo‘lsa yo‘qotib, qo‘l ostidagi hamma shaharlarga jarchi qo‘yibdi. Bahromdan aslo darak bo‘lmabdi. Podsho vahimaga tushibdi. So‘ngra boshqa podsholarga ham elchilar yuborib, Bahromni qidirtiribdi.
Axiri shu Chindil shahriga ham Bahromni qidirib uch elchi kelibdi. Elchilarning boshlig‘i Bahromning ustozi Sherzod pahlavon ekan. Elchilar yurt podshosidan Bahromni so‘rab turganlarida eshik ochilib, bir kishi ichkari kirib, podshoga ta’zim ila xushomad qila boshlabdi. Bu odam Chindil shahrining katta boylaridan ekan.
— Hurmatli shohim! Sizni buyuk bir martaba bilan tabriklamoqchi bo‘lib keldim. Bir qoshiq qonimdan kechsangiz, gapirsam, — degan ekan, podsho unga:
— Kechdim, gapir! — debdi. Shunda u qulluq qilib so‘z boshlabdi:
— Shu bugun erta bilan farzandingiz do‘konlari oldida bir gilam paydo bo‘lib qoldi. Hammamiz yoqa ushlab: “Ofarin”, dedik. Bunaqa gilamni shu vaqtgacha ko‘rmagan edik. Qo‘l ostingizdagi “manman” deganlar ham, qo‘li qisqalik qilib, gilamning bahosiga yetolmadi. Gilam shundayin bebaho. Podshohi olam, sizning soyayi davlatingizda kabobpaz o‘g‘lingizdan hunarmandroq kishi bo‘lmas. Kamina qulingiz bu ishni ham o‘g‘lingiz Korsonning ishi deb o‘ylab, sizni muborakbod qilgani kelgan edim.
Podsho bunga quvonib, boyga to‘n kiygizibdi. Boy chiqib ketgandan keyin podsho o‘g‘li Korsonning hunarini tomosha qilmoqchi bo‘libdi. Elchilar, ayniqsa, Sherzod buni kutib turgan ekan.
Podsho dabdaba bilan bozorga boribdi. Elchilar ham u bilan birga borishibdi. Hamma egilib, ta’zim qilibdi. Podsho o‘g‘lining peshonasidan o‘pibdi.
Sherzod gilamni ko‘rishi bilan behad sevinibdi. Gilamda Bahromning tug‘ilganidan tortib to Korson kabobpazning zindonida yotganigacha bo‘lgan sarguzashti gul bilan yozilgan ekan. Sherzod chidayolmay, bir oh tortibdi va qilichini sug‘urib, qalqonni tutib do‘konga kiribdi. Uning ketidan qolgan ikki elchi ham kiribdi. Sherzod gilamda ko‘rsatilgan yo‘l bilan ketaveribdi. U “Qon!” deb baqirib turgan jallodga duch kelib, to‘rttasini ham qilichdan o‘tkazibdi. “Men semiz emas, u semiz!” deb bir-birlarini ko‘rsatib turgan odamlar oldiga kirib Bahromni topibdi. Bahrom ozib ketgan ekan. Sherzodni ko‘rishi bilan o‘rnidan turib, ikkalasi quchoqlashib ko‘rishibdi. So‘ngra Korsonning hamma asirlarini ham zindondon ozod qilibdi.
Тashqarida Chindil podshosi butun askarlarini to‘plab, urushga hozirlanib turgan ekan.
Bahrom tashqariga chiqa solib, Korsonning kallasini uzibdi. Тo‘rt pahlavon baravariga kurash maydoniga otlanibdi.
Qirq kecha-yu qirq kunduz urush bo‘libdi. Bahrom bilan Sherzodga podsho qo‘shini bas kelolmabdi. Chindil podshosining butun lashkari va pahlavonlari qirilibdi. Podsho taslim bo‘libdi. Sherzodning ham ikki sherigi o‘libdi.
Shu tobda Bahromning esiga minorada ko‘ringan oy tushib qolibdi. Sherzoddan ruxsat olib, haligi minora tepasiga chiqibdi. Minorada qirq qiz o‘rtasida podshoning qizi to‘lin oy kabi o‘tirar ekan. Bahrom podshoning qizi shu ekanligiga ishonibdi.
Malika Bahromni ko‘rib o‘rnidan turibdi.
— Marhamat, aziz pahlavonim Bahrom, — debdi.
Bahrom:
— Salom, ey, oyjamol qiz, — debdi va go‘zal malika bilan tanishibdi.
Shunday qilib, Sherzod zolim podshoni zindonga solibdi. Bahrom esa go‘zal malikani olib, o‘z yurtiga qaytibdi, murod-maqsadlariga yetibdi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.