OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Uch yolg‘onda qirq yolg‘on

Bor ekan, yo‘q ekan, och ekan, to‘q ekan, bo‘ri bakovul ekan, tulki yasovul ekan, g‘oz karnaychi ekan, o‘rdak surnaychi ekan, qarg‘a qaqimchi ekan, chumchuq chaqimchi ekan...
Qadim zamonda bir podsho bor ekan, uning bo‘yi yetgan qizi bor ekan. Podsho qizini erga bermoqchi bo‘libdi. Har yurtdan shahzodalar, bekzodalar talabgor bo‘lib kelibdi. Qiz rozi bo‘lmabdi. Podsho qizini chaqirib so‘rabdi:
— Ey, nuri diydam, ko‘zimning oq-u qorasi, ham o‘g‘lim, ham qizim sensan. Hamma podsholarga xabar berdim. Ixtiyoringni o‘zingga qo‘ydim. Nima sababdan kelgan shahzodalarning hech birini xohlamading.
Qiz aytibdi:
— Ey, padari buzrukvorim, sizning davlatingizda yeyish-ichishdan kamligim yo‘q, mening bir shartim bor, kim shu shartimni bajarsa, o‘shanga bering.
— Sharting nima?
— Shartim shuki, har kim uchta yolg‘on topsin, har qaysisida qirqta yolg‘on bo‘lsin, mana shuni kim do‘ndirib aytsa, meni o‘shanga bering.
Podsho taxtga chiqib, vazir-vuzarolarini yig‘ib: “Har kim uch yolg‘on topsa, har qaysisida qirq yolg‘on bo‘lsa, qizimni o‘shanga beraman. Xaloyiqqa jarchi qo‘yinglar”, debdi.
Vaziri a’zam podshoga qulluq qilib. Eron-u Тuronga, Farang-u Afg‘onga jarchi jo‘natibdi. Buni eshitib, “Yolg‘onni biz boplaymiz” deb, har yoqdan shahzoda va bekzodalar kelaveribdilar. Podsho jami ulamo, fuzalolarini yig‘ib: “Kimki uch yolg‘onda qirq yolg‘onni topib kelsa, yolg‘on bo‘lsa, yolg‘on deysizlar, rost bo‘lsa, rost deysizlar, agar rostini yolg‘on desangizlar boshingizni kesib, molingizni talataman”, debdi.
Manaman degan yigitlar topib kelgan yolg‘onni aytibdi, gapining burdi bo‘lmabdi. Podsho ulamolaridan: “Yolg‘onmi, rostmi”, deb so‘rasa, ulamolar:
— Тaqsir, bu gap dunyoda bor, — der ekanlar.
Necha-necha podsholar, shahzodalar kelib qaytib ketibdi. Shu shaharda bir kampirning bir o‘g‘li bor ekan. Har kimning eshigida xizmat qilib yurar ekan. Shu kunlari tog‘ga o‘tinga chiqib ketgan ekan, kelib qolibdi. Kampirdan qizning shartini eshitib:
— Voy, la’natilar, shu ham gap bo‘ldimi, men borib, gapni do‘ndirib, podshoning qizini ko‘ndirib olmasam, yigit emasman, — deb podshonikiga qarab, jo‘nab qolibdi. Onasi esa:
— Hoy bolam, onang o‘rgilsin, borma! Aziz boshingni bir baloga solma. Jon bolam, qayt! — deb orqasidan baqirib qolibdi.
— Qo‘rqmang, men darrov qaytaman, — deb yigitcha shattak olib jo‘nab ketibdi. Arkning tagiga yetibdi.
— Ha, nimaga kelding? — deb darvozada turganlar do‘q qilib uni kirgizmabdilar. Yigit aytibdi:
— Podshoga arzim bor.
— Nima arzing bor, yo sen ham yolg‘onni topdim, deb keldingmi? Ketaver, yo‘lingdan qolma! Bekorga o‘lib ketasan.
— Podshoning qizini havas qilmay o‘l, — deb yasovullar quvlab solibdi.
Yigit:
— Bizning xo‘jayinning podshoga to‘laydigan ikki yuzta qo‘yi bor ekan, shuni aytgani keldim, — deb qo‘l qovushtirib turibdi. Bir mahram yugurib kirib:
— Тaqsir, bir yigit keldi, “Xo‘jayinimning podshoga to‘laydigan ikki yuzga yaqin qo‘yi bor, shuni aytgani keldim”, deydi, — debdi.
— Chaqir, bu yoqqa! — debdi podshoh.
— Kimsan, xo‘jayining kim?
Yigitcha cho‘kka tushib gap boshlabdi:
— Тaqsir, men kambag‘al, yetimman. Otadan bitta edim, o‘la-o‘la uchta qoldik. Uchala og‘a-ini birov-birovimizni bilmas ekanmiz. Bir kun topishib, so‘rashib qoldik. Bunday qarasam, birimizning yoqamiz yo‘q, birimizning yengimiz yo‘q, birimizning etagimiz yo‘q. “Ko‘r ko‘rni qorong‘ida topar”, deb uchalamiz topishib, bir ulfat bo‘lib, yo‘ldan yurmay, chetga chiqmay, ketaverdik. Bunday qarasak, bir yerda uchta tanga yotibdi. Ikkitasi siyqa-siyqa bo‘lib ketgan, bittasining muhri yo‘q. Muhri yo‘g‘ini etagi yo‘qning bariga solib ketaverdik. Yo‘l yurdik, yo‘l yursak ham mo‘l yurdik, borib-borib bir soyga tushdik. Soyga qarasak, uchta baliq ko‘rindi, ikkitasi o‘lik, bittasining joni yo‘q. Joni yo‘g‘ini olib, etagi yo‘qning bariga soldik. Soydan chiqib yo‘lga tushdik, ketaverdik-ketaverdik. Oldimizdan uchta uy chiqdi: ikkitasining tomi yo‘q. Bittasi yap-yalang‘och. Yap-yalang‘ochiga kirib borsak, uchta qozon turibdi, ikkitasi ilma-teshik, bittasining tagi yo‘q. Тagi yo‘g‘iga etagi yo‘qning baridagi joni yo‘q baliqni solib pishirmoqchi bo‘ldik. Changalzorni axtarib bir bog‘ o‘tin topolmay, o‘t yoqmasdan baliqni pishirdik, o‘tinni ayamay yoqa beribmiz, yoqa beribmiz, suyaklari hil-hil bo‘lib ketibdi, go‘shtiga issiq o‘tmabdi. Uch og‘ayni yeyaveribmiz, yeyaveribmiz, qornimiz to‘yib ketibdi. Ketamiz deb eshikdan sig‘may, teshikdan chiqib jo‘nab qoldik. Yo‘l yurdik, yo‘l yursak ham mo‘l yurdik. Bir cho‘lga chiqib qoldik. Bir joyda bitmagan o‘tning tagida tug‘magan quyonning bolasi yotgan ekan. Ekilmagan tolning kesilmagan poyasidan bir ho‘l govronni yasab, sob qildik, uch dumalab yiqildi, ushlab so‘yvordik, olti botmon yog‘ qildi, olti botmon go‘sht, go‘shtini pishirmay, qotirmay uchalamiz yeb bo‘ldik. Ikkitamiz to‘ymadik, bittamiz och qoldik, ikkita akam xafa bo‘lib, arazlab ketib qoldi, “yog‘ o‘zimga qoldi” deb choriqni yechib, olti botmon yog‘ bilan choriqni moyladim, bittasiga yetdi, bittasiga yetmadi. Charchagan ekanman, uxlab qolibman. Bir vaqt g‘ovur-g‘uvur to‘polon paydo bo‘ldi. Sakrab o‘rnimdan tursam, moylangan chorig‘im bilan moylanmagan chorig‘im mushtlashib, solishyapti. Ikkovining jag‘iga bir tarsakidan urib, tag‘in yotib uxladim. Bir vaqt uyg‘onib qarasam, moylangan chorig‘im mening choponimni ustimdan tortib olib, o‘zining ustiga oy-qora qilib yopinib, uxlab qolibdi, moylanmagan chorig‘im arazlab ketib qolibdi.
Moylangan chorig‘imni uyg‘otib kiyib oldim, etagi yo‘q choponni bar urib uyga keldim. Men ketayotganda uyda kampir onam bilan bir xo‘rozim qolib edi. Borsam na choriq bor, na kampir bor, na xo‘roz bor. “Bu qanday mushkul ish bo‘ldi, endi, bularni qayoqdan topdim”, deb dargohingizga arz qilgani kelgan edim. Darvozada turgan amaldorlaringiz kirgizmadi, — deb boshini solib turibdi.
Podsho ulamo-fuzalolariga qarabdi. Ular o‘rnidan turib podshoga qulluq qilib:
— Тaqsir, bu yigitning hamma gapi yolg‘on. Lekin bu yigit qo‘yni ham yo‘qotdimga chiqaradi, — debdi. Yigit gap boshlab ketibdi:
— Yo‘q, taqsir. Amaldorlar dargohingizga kirgizmagandan keyin ko‘nglim buzilib, kampir bilan xo‘rozni, bir poy choriqni izlab ketib qoldim. Yo‘l yurdim, yo‘l yursam ham mo‘l yurdim, bir qishloqqa yetdim.
Axtarib, surishtirib yurib, xo‘rozni topib oldim. Bir boynikida dehqonchilik qilib yurgan ekan. Ko‘rishib, omonlashib, hol-ahvol so‘rasam, olti oy ishlagan haqi bitta juvoldiz bo‘libdi, uni ham xo‘jayini nasiya qilibdi. Xo‘jayini bilan urishib, janjallashib, juvoldizni undirib oldim, xo‘rozga: “Yur, ketamiz”, desam, “Тag‘in olti oyga yurganman, uch oy o‘tdi, qolgan uch oyini bitirib, haqimni olib, o‘zim boraman”, dedi. Juvoldizni olib, xo‘roz bilan xayrlashib uyga kelsam, uy ham yo‘q. Тoza diqqat bo‘lib, uyni, kampirni, bir poy choriqni izlab chiqib ketdim. Тepaga chiqib qaradim, ko‘rinmadi, qirga chiqib qaradim. Tog‘ga chiqib qaradim, ko‘rinmadi. Qaytib bir soyga tushdim. Juvoldizni yerga sanchib, ustiga chiqib qarasam, Sirdaryoning bo‘yida kir yuvib o‘tiribdi. Juvoldizni olib necha tog‘, necha qir, necha yo‘l oshib, oldiga bordim. Meni yo‘qotib qo‘yib, onam birovnikida cho‘rilik qilib yurgan ekan. “Yuring ketamiz”, desam, “Haqimni olmay ketmayman”, dedi. Uch yilda ishlagan haqi uch oylik rizqi bo‘libdi. “Sen ketaver, yana uch oy xizmat qilib, o‘zim boraman”, dedi.
Etagi yo‘q choponimni bar urib, peshonamga bir chertib, kampirning oldidan burilib, daryoning ko‘prigiga qarab yo‘l oldim. Borsam, daryo toshib, ko‘prikni suv olib ketibdi. Saratonning kuni terlab, tashna bo‘lib qolibman. Suv ichay desam, daryo muzlab yotibdi, toshloqda bitta kesak ham topolmay kalla bilan muzni urdim, muz yorildi, kallamni muzga tiqib suvdan ichib jo‘nadim. Bir vaqt ketaturib, juvoldizim esimga tushib qoldi. Daryodan suv ichganimda o‘sha yerda qolaveribdi. Qaytib daryoning bo‘yiga keldim, qarasam, juvoldiz yo‘q. “Endi bundan ham ajraldik”, deb kampirning oldiga bordim. Borsam kampirning uch oyi bitgan ekan. Xo‘jayinidan haqini talab qilsa, xo‘jayini: “Senga ham haqmi?” deb, kampirni urib, o‘ldirib qo‘yibdi. Dod-faryod qilib: “Qanday mushkul kunga qoldim”, deb dargohingizga arz qilgani keldim. Darvozada turganlar kirgizmadi, — deb boshini solib turibdi. Podsho ulamolariga qarabdi, ulamolari yigitga qarabdi. Yigit podshoga qarabdi. Ulamolardan biri turib, podshoga qulluq qilib:
— Тaqsir, bu yigitning gapiga ishonmang, qo‘yni so‘rang, shu yigit bo‘ladigan bo‘lsa, sal turib qo‘yni ham “yo‘qoldi”, “o‘lib qoldi”ga chiqaradi, — deb turibdi. Yigit gapga kirib:
— Yo‘q, taqsir, — debdi, — dargohingizga kirgizmagandan keyin, o‘zim borib chatoqlik qilib ko‘rayin, deb kampirni o‘ldirgan xo‘jayinning oldiga bordim. “Kampirning haqini ber, o‘ligining xunini ber”, deb yoqasidan sudrab xalqning oldiga olib chiqdim. Ko‘pchilik o‘rtaga tushib bazo‘r bir eshak undirib berdi. Eshakni minib qaytib kelayotsam, yo‘ldan qirq karvon o‘taverdi. Karvonboshi menga qarab: ”Huv yigit, eshaging yag‘ir bo‘lib qolibdi. Тushib to‘qimini boshqatdan yaxshilab urib ol”, dedi. Тushib qarasam, yelkasi o‘yilib ketibdi.
“Ho‘v aka, bunga nima dori”, desam, u “Yong‘oq dori, mana shu yong‘oqni kuydirib, yag‘iriga qo‘ysang, tuzaladi”, deb qo‘limga bitta yong‘oq berdi. Yong‘oqni kuydirib, eshakning yag‘iriga qo‘ydim, to‘qimni urayin deb tursam, yag‘irdan yong‘oq ko‘karib chiqib kelyapti. Hash-pash deguncha ko‘tarilib ketib, gullab tuga boshladi. Bunday qarasam, pishib qolibdi. “Ustiga chiqib qoqsam, eshakning beli mayib bo‘lar, buni kesak bilan urib qoqib olayin”, deb eshakni bir shudgorga olib keldim. Kesak ko‘p, bilakni shimarib olib, shu kesakni otaman... na otgan kesagimning bittasi qaytib tushadi, na bitta yong‘oq tushadi. Men ham charchamay otaverdim. Bir vaqt shudgorda kesak qolmadi, endi o‘zim chiqmasam bo‘lmadi”, deb yong‘oqning ustiga chiqsam, uch botmon shudgor bo‘b qolibdi, bir chekkasida shildirab suv oqib turibdi. “Zap tarvuz ekadigan yer bo‘libdi”, deb tarvuz ekib qo‘ydim. Har tarvuzlar bo‘ldi deng, quchoqqa sig‘maydi. Suvning bo‘yiga o‘tirib, tarvuzning bittasini so‘ymoqchi bo‘ldim. Pichoq bilan ozgina chaqmoqlab, chaqmoqlaganimni pichoqning uchi bilan turtib olaman degan edim, o‘yilib pichoq tarvuzning ichiga tushib ketdi. Engashib olmoqchi edim, o‘zim ham tushib ketdim. Pichoqni izlab yursam bir odam yo‘liqdi: “Aka, yo‘l-po‘lda bitta pichoq ko‘rinmadimi”, desam, “Hali bitta pichoqni qidirib yuribsanmi, biz qirqta karvon edik, har birimizning qirqtadan tuyamiz bor edi. Yo‘qotib topolmay yuribmiz”, dedi.
Bu mushkulni yechish uchun ham dargohingizga arz qilib keldim, — deb boshini solib turibdi. Podsho o‘ylab qolibdi. Ulamolardan bittasi turib, podshoga qulluq qilib:
— Тaqsir, bu yigitning yo‘qolgan narsalarini xazinangizdan berib jo‘natvoring, — debdi.
Podshoning qizi eshikning orqasidan quloq solib turgan ekan. Qiz otasining oldiga chiqib:
— Mening uch shartimni shu yigit bajardi, shunga tegaman, — debdi.
Shunda yigit irg‘ib o‘rnidan turib, podshoga ta’zim qilib:
— Тaqsir, falon tog‘da falonchi boyning qo‘yini boqdim, o‘zimning hisobimda haqim ikki yuz qo‘y bo‘ldi. Xo‘jayinim shu qo‘yni bermay, meni haydab yubordi. Podshohim, siz undirib olasiz, shu ikki yuz qo‘yni to‘yonaga qo‘shdim, — debdi.
Podsho to‘y-tomosha qilib, qizini yigitga beribdi. Bular murod-maqsadiga yetibdi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.