OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Материалы

Atoqli shoir va journalist Botu (asl ismi Mahmud Hodiyev) 1904-yil 15-may kuni Toshkentda tug‘ilgan. Rus-tuzem maktabi (1914—17), o‘qituvchilar tayyorlash kursi (1918—20), Moskva davlat universitetining iqtisod fakulteti (1921—27) da o‘qigan. 
«Farg‘ona» gazetasi, «Alanga» jurnalida bosh muharrir, ayni vaqtda O‘zbekiston xalq maorifi komissari o‘rinbosari bo‘lib ishladi (1928—30). 
Dastlabki she’rlarida Munavvar qori singari milliy istiqlolchilar ta’siri seziladi. «Umid uchqunlari» (1925), «To‘lqin tovushlari» (1929) to‘plamlari nashr etiladi. U yangi tuzumga chin dildan ishongan, xalqqa haqiqiy tenglik, ozodlik, baxtsaodat beradi, deb umid qilgan. Shu ma’noda yangilikni, yoshlikni, Xotin-qizlar ozodligini kuyladi. 
Botu «Yangi qishloq» (1928), «Hoshim jon», «Tursun» (1929), shuningdek bolalarga bag‘ishlangan hikoyalari («Bolalar yolg‘oni», «Mening kitobim» va b.)da yangi ijtimoiy munosabatlar hamda bolalar dunyosi ruhiyatini tasvirladi.
Botu o‘zbek-arab alifbosini lotin grafikasi asosidagi alifboga almashtirish tashabbuskorlaridan bo‘lgan (1920). Tilshunoslik va adabiyotshunoslik masalalariga oid bir qator maqolalar muallifi. Botu 1930 yilda nohaq ayblanib, qamoqqa olindi va qatag‘on qurboni bo‘ldi. Toshkent ko‘chalaridan biriga va maktabga Botu nomi qo‘yilgan.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.