OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Материалы

Abduqodir Hayitmetov 1926 yilning 27 mayida Farg‘ona viloyatining Dang‘ara tumanidagi Qiyoliqum qishlog‘ida tug‘ildi. 1949 yilda O‘rta Osiyo davlat universiteti (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti)ning Sharq fakultetini bitirgach, 1949-1952 yillarda Sharq qo‘lyozmalari instituti aspiranturasida tahsil oldi. U akademik Oybek tavsiyasi asosida «Alisher Navoiyning adabiy-tanqidiy qarashlari» mavzuida nomzodlik va «Navoiyning ijodiy metodi» mavzuida doktorlik dissertatsiyalarini himoya qildi.
Atoqli olim 1953 yilning martidan umrining oxirigacha Alisher Navoiy nomidagi Til va adabiyot institutida kichik ilmiy xodim, katta ilmiy xodim, mumtoz o‘zbek adabiyoti tarixi bo‘limi mudiri, ilmiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari lavozimlarida samarali mehnat qildi.
Abduqodir Hayitmetov mamlakatimizdagi yirik adabiyotshunos olim sifatida xalqimizning ulug‘ shoiri Alisher Navoiy ijodiy faoliyatini o‘rganishga salmoqli hissa qo‘shdi. Uning «Alisher Navoiyning adabiy-tanqidiy qarashlari», «Navoiy lirikasi», «Sharq adabiyotining ijodiy metodi tarixidan», «Navoiyxonlik suhbatlari» kabi kitoblari Navoiy ijodining serqirra jihatlarini tadqiq etishga bag‘ishlangan.
U 500ga yaqin ilmiy maqolalar, monografiya va risolalar e’lon qildi, «O‘zbek mumtoz adabiyoti tarixi»ning akademik nashrini tayyorlashda rahbar va hammuallif sifatida jonbozlik ko‘rsatdi, ulug‘ ajdodlarimiz haqidagi «Alisher Navoiy», «Abu Rayhon Beruniy» kabi hujjatli filmlarni yaratishda faol ishtirok etdi. 
Abduqodir Hayitmetovning rahbarligida 30ga yaqin doktorlik va nomzodlik dissertatsiyalari himoya qilingan.
Abduqodir Hayitmetov «O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi» faxriy unvoni, Davlat mukofoti va «Buyuk xizmatlari uchun» ordeni bilan taqdirlangan. U 2005 yili vafot etgan.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.