OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Материалы

Iste’dodli shoir va publitsist Xurshid Davron 1952 yil 20 yanvar kuni Samarqand viloyati Samarqand tumanidagi Chordara qishlog‘ida xizmatchi oilasida tug‘ilgan.
O‘rta maktabni tugatgach, 1969 yili Toshkent Davlat universiteti jurnalistika fakultetining kechki bo‘limiga kirib, kunduzi Toshkent qurilishlarida ishlaydi.
1971 - 1973 yillar davomida harbiy xizmatni o‘tab qaytgach, o‘qishni davom ettiradi. 1974 yildan 1992 yilgacha turli nashriyotlarda ishlaydi.
Xurshid Davron she’riy tarjima bilan ham shug‘ullanib keladi.
Hozirgi kunda shoir tarixiy hikoya va qissalar yozish bilan band.
Unga «O‘zbekiston xalq shoiri» unvoni berilgan.
Xurshid Davronning ilk she’rlari 1976-1977 yillardan boshlab tuman va viloyat gazetalarida bosilgan. 1976-1978 yillar davomida uning bir qator she’rlari chop etiladi. 1979 yili birinchi va ikkinchi kitoblari: «Qadrdon quyosh», «Shahardagi olma daraxti» bosilib chiqadi. Shundan so‘ng shoirning quyidagi kitoblari nashr etiladi: «Tungi bog‘lar» (1981), «Uchib boraman qushlar bilan» (1983), «To‘marisning ko‘zlari» (1984), «Bolalikning ovozi» (1986), «Qaqnus» (1987), «Samarqand xayoli» (1991). So‘nggi to‘plam o‘zbek xalqi tarixiga oid ko‘rkam qissalardan iborat.
Uning istiqlolimizni ardoqlovchi yangi she’rlar kitobi «Bahordan bir kun oldin» nomi bilan nashr etildi.
Sharq va G'arb shoirlarining asarlaridan iborat 'Qirq bir oshiq daftari' (1989) va yapon shoirlarining she'rlaridan tarkib topgan 'Dengiz yaproqlari' (1988) to'plamlarini o'zbek tiliga tarjima qilgan.
Bundan tashqari, Xurshid Davron «Sohibqiron nabirasi» (1995), «Shahidlar shohi» (1997) kabi tarixiy qissalar ham yozgan. Dramaturg sifatida «Mirzo Ulug‘bek», «Bobur shoh», «Avrangzeb» kabi tarixiy mavzudagi dramalarini yaratgan.
Adib ayni paytda Samarqandda bo'lib o'tgan Amir Temurning 660, Ulug'bekning 600 yilligiga, Parijda YUNESKO qarorgohida, 'Odeon' teatrida namoyish etilgan Buxoro va Xivaning 2500 yilligiga bag'ishlab o'tkazilgan teatrlashtirilgan tomoshalar va 21 qismli 'Temurnoma', 2 qismli 'Buxoroyi Sharif' videofilmlari ssenariylari muallifi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.