OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Материалы

Jan Jak Russo (1712.28.6, Jeneva — 1778.2.7, Ermenonvil, Parij yaqinida) — Fransuz faylasuf-ma’rifatparvari, yozuvchisi, kompozitori. Fransuz sentimentalizmining yirik vakili. Malay, xattot, murabbiy, musiqa o‘qituvchisi va boshqa ishlarda ishlagan. Parijda D. Didro rahbarligida tayyorlangan ensiklopediyaga musiqaga oid maqolalar yozgan.
1741 yilgacha Shveysariyada yashagan, keyin Parijga ketgan 1762 yili «Emil, ya’ni Tarbiya to‘g‘risida» nomli pedagogik romani va «Ijtimoiy shartnoma to‘g‘risida» siyosiy risolasi chop etilgach, dindorlar tomonidan taqibga olingan Russo Fransiyani tark etgan. 1770 yili u yana Parijga qaytib kelib notalarni ko‘chirish bilan shug‘ullangan. «Fanlar va san’atlar haqida mulohazalar» (1750) asarida tengsizlik va zulmga asoslangan o‘z davridagi tamaddunni tanqid qilib, uning o‘rniga «tabiiy holat»ni qo‘ygan. Uning g‘oyalari keyinchalik «Odamlar orasida tengsizlikning kelib chiqishi va asoslari haqida mulohaza» (1755) asarida o‘z ifodasini topgan. «Ijtimoiy shartnoma to‘g‘risida» risolasida (1762) ideal jamiyat manzarasini tasvirlagan.
Russo ingliz parlamentarizmini qoralab, xalq suverenitetini, xalq hokimiyatini himoya qilgan. Pedagogika masalalariga bag‘ishlangan «Emil, ya’ni Tarbiya haqida» (1762) asarida sxolastik ta’lim va tarbiya usullarini tanqid qilgan, maktabning eng birinchi vazifasi haqiqiy inson va fuqaroni tarbiyalashdir deb uqtirgan. Bolalarda mustaqil fikrlash tarafdori bo‘lgan.
Russoning asarlari («Harbiy asirlar», 1743; «Yuliya, ya’ni Yangi Eloiza», 1761; «Iqror», 1766—69; «Yolg‘iz xayolparastning sayri», 1777—78 va b.) Yevropa adabiyotida psixologizmning vujudga kelishiga sabab bo‘lgan. She’rlar, dostonlar, operalar («Qishloqlik jodugar», 1752—53) yozgan, bir pardali lirik sahna asari «Pigmalion» — melodramaning ilk namunasi hisoblanadi. Russo g‘oyalari ko‘pgina mamlakatlar ijtimoiy tafakkuriga va adabiyotiga ta’sir ko‘rsatgan.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.