OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Материалы

Gasprinskiy (G‘asprali) Ismoilbek (1851.21.3, Boqchasaroy yaqinidagi Ajiko‘y qishlog‘i — 1914.11.9, Boqchasaroy) — jadidchilik harakatining asoschisi, yozuvchi va publitsist. Gasprinskiyning otasi Mustafo Gasprinskiy Rossiya harbiy dvoryani (praporshchik) bo‘lib, Yalta shahri yaqinidagi Gaspra qishlog‘idan edi. Gasprinskiy qishloq musulmon maktabi, Oqmachit (hozirgi Simferopol) gimnaziyasi va Voronejda, Moskva kadetlik korpusida o‘qidi (1864—67).
Qrimga qaytgach, rus tili o‘qituvchisi bo‘lib ishladi (1867—70). Istanbul va Sorbonna (Parij) universitetlarida o‘qidi (1871—75). Jazoir, Tunis, Misr, Gretsiyada bo‘ldi. Parijda frantsuz sotsialistlari va liberallariga yaqinlashdi. Turkiyada Yosh turklar harakati rahbarlari bilan tanishdi (1875—77). Boqchasaroy shahri meri qilib saylandi (1877).
Gasprinskiy turkiy xalqlar tarixi va adabiyotini o‘rganib, Sharq bilan G‘arb olamini taqqoslash imkoniyatiga ega bo‘ldi. Gasprinskiy «Rusiya musulmonligi» (Simferopol, 1881) ilk risolasida Yevropa tsivilizatsiyasidan ko‘r-ko‘rona andoza olishga qarshi chiqib, uni tanqidiy qabul qilishga, musulmonlarni ilm-fanni egallashga, texnika yutuqlaridan foydalanishga da’vat etdi. «Ovrupo madaniyatiga bir nazar muvozini» (Istanbul, 1885) asarida esa sotsializm g‘oyalari bilan bahsga kirishib, uning asosiy tamoyillarini shubha ostiga oldi.
Gasprinskiy Rossiya mustamlakasidagi barcha musulmon xalqlar maorifini tubdan isloh qilish, dunyoviy fanlarni o‘qitish masalasiga alohida e’tibor berdi. Boqchasaroyda dastlabki «usuli jadid» (yangi usul) maktabini ochdi (1884). Turkiston general-gubernatori N. O. Rozenbaxga musulmon maktablarini isloh qilishga doir loyihasini yubordi. Rad javobini olgach, 1893 yili Turkistonga o‘zi keldi, Buxoro, Samarqand, Toshkentda bo‘lib, taraqqiyparvar ziyolilar bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.
Gasprinskiy jadidchilik g‘oyalarini kengroq yoyish uchun «Tarjimon» (1883 yil 10 apreldan), «Millat» (1908), «Bolalar olami» (1908—15), «Uyg‘onish» (Qohira, 1908, arab tilida) gazetalari, «Ayollar olami» jurnali (1908—10), «Xa-xa-xa!» hajviy haftanomasini chiqardi. Jadid maktablari uchun «Xo‘jai sibyon» («Bolalar muallimi») darsligini, «Rahbari muallimin yoki muallimlarga yo‘ldosh» (1898) kitobini yozdi.
Gasprinskiy musulmon milliy ozodlik harakatining yo‘lboshchisi sifatida tanildi. U Kavkaz, Volgabo‘yi, Misr va Hindistonga borib, umummusulmonlar qurultoyini chaqirishga harakat qildi. Butun Rossiya musulmonlari 3 ta kongressi ishida faol qatnashdi (1905—06). Dastlabki umummusulmon siyosiy partiyasi «Ittifoq ul-muslimin»ni tuzish tashabbuskorlaridan biri bo‘ldi (1906). «Dor ul-rohat musulmonlari» ilmiy-fantastik asari, «Yuz yildan so‘ng. 2000-sana» badiiy-publitsistik romani, «Turkiston ulamosi» kitobining muallifi. (Qahramon Rajabov)
Ad.: Qosimov B.. Ismoilbek Gasprali, T., 1992.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.