Saytimizning yangi versiyasi n.ziyouz.com sahifasida. Barcha yangi maqolalar va kitoblarni n.ziyouz.com dan olishingiz mumkin.
Ziyo istagan qalblar uchun - Abulqosim Mamarasulov. Telba muhabbat (hikoya)

29.09.2020 y.
Asosiy
Bosh sahifa
Siyosat
Fan va ilm
Sara maqolalar
Ozbek matbuoti
Durdona toplamlar
Ma`naviyat
Islom
Hikmatlar
Tarix
Oila va jamiyat
Ozbek maqollari
Jahon maqollari
Ibratli hikoyatlar
Tafakkur gulshani
100 faylasuf hikmati
Suhbatlar
Adabiyot
Ozbek ziyolilari
Kutubxona
O'zbek she'riyati
Jahon she'riyati
Ozbek nasri antologiyasi
Jahon nasri antologiyasi
Barcha kitoblar
Madaniyat
San'at
Kino olami
Sport
Dam olish
Ajoyibotlar
Reytinglar
Kross-shou
Hajviyalar
Topishmoqlar
Ozbek xalq ertaklari
Tahririyat
Muallif haqida
Sayt haqida
Qidirish
Foydali sahifalar
Yangi versiya
Arxiv
Xizmatlar
Tabriknoma/E-cards
Fotogalereya
Fayllar/Downloads
Forum
Mehmonxona
 


Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko`rsatilishi shart.
 
Sevaman, sevilaman.
Yunus Emro
 
 

Abulqosim Mamarasulov. Telba muhabbat (hikoya) Chop etish uchun E-mailga yuborish
Men senga qo‘shilib yig‘lay olmasman,
Faqat bosh egaman qayg‘ungga so‘zsiz.
Men senga talpinib aslo tolmasman,
Men seni sevaman, yig‘layotgan qiz.
Yo‘ldosh Eshbek
    
   O’sha kuni Halima shifoxonadagi  uzun kursilarda  dugonalari bilan qaldirg‘ochlarday tizilishib o‘tirishgandi. Murod bir to‘da yigitlar bilan allaqayoqdan kelaverdi. Hammasining dumog‘i chog‘.
   Osmon uzilib yerga tushmadi. Yer chappa aylanmadi. Bo‘ron ko‘tarilmadi. Olamni larzaga solib, momoqaldiroq qarsillamadi. Chaqmoq chaqmadi. Jala quymadi. Faqat Halima – miqtigina, chayir, ko‘zlari sho‘xchan, qorachadan kelgan, istarasi issiq qiz o‘tirgan joyida – doim kitoblarda yozilganidek – qotib qolgandi. Go‘yo yelkasida bir botmon tosh. Hayrat to‘la qop-qora qorachiqlari kengayib ketganday.
   - Ana, sening yigiting! – dedi qizlardan biri.
   Qizlar kulib yuborishdi, chunki Murod Halimaning hech qanaqa “yigiti” emas, uch yarim oydan beri shifoxonada baravar yotishsa-da, hali biron marta yuzma-yuz duch kelishmagandi.
   Umuman, Murod juda g‘alati.
   G’alatiligi uchunmi, Halima unga qiziqib, qizlar davrasida bir-ikki marta undan gap ochgan, shuning uchun qizlar Murodni Halimaning “yigiti”ga aylantirishgandi. Bu shunchaki hazil. Hazil deya avvallari Halima ham o‘zini ishontirardi, lekin...
    Bora-bora davralarda Halima Muroddan gap ochmay qo‘ydi.
    Bora-bora Halima ishtirok etadigan davralarda qizlar ataylab, Muroddan gap ochadigan bo‘lishdi.
    Bora-bora Muroddan gap ochilsa, Halima qizaradigan, yuragi tipirchilaydigan va bu suhbatga o‘zini go‘yo uncha e’tibor bermayotganday ko‘rsatishga urinadigan bo‘lib qoldi.
    Halima istardiki, bir kun  Murod uni tushunsa, o‘t-olov ko‘zlarini qadab, yoniga kelsa va... nimadir desa... Ammo Murod haligacha Halimaning yaqiniga yo‘lamagandi.  Halima  esa shunday damni kutardi. Umid  qilar va kutardi.
   Davolanuvchilar orasida “kandidat” laqabini olgan Murod haqiqatan ham g‘alati edi. Ko‘pincha yolg‘iz yurar, umuman, shifoxona hovlisida kam ko‘rinardi. Mish-mishlarga qaraganda palatasida o‘tirib olib, nuqul dissertatsiya yozgani-yozganmish. Yaqinda fan kandidati bo‘larmish. Dugonalar tegishib, Halimani “kandidatning xotini” deb chaqirishardi. Bu hazil Halimaga yoqardi. Shunday yigit umriga yo‘ldosh bo‘lish -  baxt.
Kelishgan, xushbichim, bilimli, va hokazo, va hokazo...
   Halima goho yigitlar davrasida Murod juda qiziq gaplar ayib, hammani kuldirayotganini ko‘rib qolardi. Ha-da! Aynan hammadan chetda yuradigan, xayolparast yigitni  ko‘pchilikning o‘rtasida ko‘rsang qiziq bo‘larkan. Yana, hammani kuldirsa.
   O’sha damda “sening yigiting”  degan qiz Halimaning yaxshigina mushtini yedi. Bari bir Halimaga “sening yigiting” iborasi yoqqan, yuragi shirin orziqib, hatto Murod uzoqdan ko‘ringandayoq ancha-muncha talvasaga tushgan, zo‘r berib o‘zini beparvo ko‘rsatishga urinayotgandi. Ammo qalban Murodning yigitlar davrasidagi har bir qadamini, har bir qarashini kuzatayotgandi. Kam hollarda bo‘lganidek, Murod juda xushhol,  ko‘zlari chaqnoq. Do‘stlariga nimanidir quvnab gapiryapti. Halima ham quvonib ketdi.
   Qizlar ham shod edilar. Boyadan beri safsata sotib, kulishib o‘tirgandilar. Shu quvnoq ruh bois Dilorom:
   - Murod, bu yoqqa keling! – deb qoldi.
   Birdan Halimaning nafasi ichiga tushdi. Ustiga birov bir paqir muzday ag‘darganday. Yurak urishi sustlashayotganday. Murodni chaqirgan Diloromga javdirab bir qaradiyu, ko‘zlarini yerga tikdi.
   Murod yaqinlashdi.
   “O’zini tutgani ma’qul. Tag‘in, Halima chindan yaxshi ko‘rib qolipti, deb o‘ylashmasin”.
   - Siz nega bunchalar beparvosiz? – dedi dabdurustdan Dilorom, dugonalarga ko‘z qisarkan.
   - Nima, birontasi meni sevib qoldimi? – so‘radi Murod, xushhol qizlarga bir-bir nazar tashlarkan, hammasining valaqlashgisi kelayotganini payqaganday.
   Ko‘z tanishligini hisobga olmaganda Murod bu qizlarning birontasi bilan haligacha hamsuhbat bo‘lmagan, hozirgi hazil-chin aralash gap qo‘shishlar esa tabiiy ravishda ularni birdan ruhan yaqinlashtirayotgan, yigit qizlarning  maqsadini gaplari tugamasdan anglab yetgandi.
   - Albatta-da! – Dilorom yuziga achinish tusini berdi. – Bechora Halima dugonamiz sizning dardingizda kuyib kul bo‘ldi. Ado bo‘ldi! Bir qaramaysiz ham, ahvolini so‘ramaysmz ham! – Dilorom Halimani bag‘riga bosdi, sochlari, yuzini silab ovutgan bo‘ldi.
   Butun vujudi bilan asl holatini bildirib qo‘ymaslikka urinayotgan Halima ham yolg‘ondakam qovoqlarini solgancha, qo‘llarini ikki yonga osiltirib, yerga  qaradi.
   - Si-iz? Meni yaxshi ko‘rib qoldingizmi?! Nahotki?..
   - Ha,..  endi,..  sizni... – dedi Halima tutila-tutila, xuddi hozir yig‘lab yuboradiganday (aslida ham yig‘lashiga sal qolib), - ko‘pdan beri... ko‘z ostiga... olib yurgandim.
   Qiyqiriq kulgu ko‘tarildi.
   - O, Halima! – Murod nogahon uning qarshisida tiz cho‘kdi. – Qiz hatto kaftlari yigitning kaftlariga tushib qolganini sezmadi hisob. Sezsa-da, tortib olishga yuragi betlamadi. – Nahotki siz rost so‘zlayapsiz?! Nahotki mana shu beg‘ubor ko‘zlar aldamaydi? Nahotki bu oshufta ko‘zlar bir umr menga maftunkorona termuladi?  - Murod shunaqangi ilhom bilan ko‘zlari yonib gapirardiki, qizlar o‘zlari boshlagan kulguli mashmashaning davomini zo‘r qiziqish bilan kuzatishardi. Murod qiziqchilik qilayotgani ayon ediyu, bari bir sevgi izhori hazilmi, chinmi, hech kimni hech qachon loqayd qoldirmagan.
   - Men  sizga ishonaman, Halima! Bir siz emas, axir men ham olti oydan beri g‘oyibona sizning dardingizda kuyaman! Yonaman!! Men ham sizni jon-dilimdan sevaman, Halima!!! Dardimni qanday yetkazishni bilmay, arosatda edim. Baxtli tasodifni qarangki, dugonalaringiz bizga xolis xizmat qildilar. O, bu qanday samoviy baxt! Sira ishongim kelmayapti... Halima sizmisiz o‘zi?  -  Murod Diloromga o‘girildi: - Men aynan meni yaxshi ko‘rib qolgan qizga sevgi izhor qilyapmanmi?
   Yana kulgi ko‘tarildi.
   - Ha, ha, adashmadingiz.
   “E, ajoyib yigit ekan-ku bu Murod deganlari!”
   - Ana, - dedi Murod hamon o‘sha alfozda, -  mening yuragim ham sizga bo‘lgan otash muhabbatga limmo-lim. Sizga talpinyapman, sevgilim! Endi sizsiz menga hayot yo‘q! Siz borsiz – men borman bu dunyoda. Endi hech qachon ajralmaymiz. Birga yashaymiz. Ertaga ertalab zagsdan o‘tamiz, Yo‘q, qizlar, sizlar kulmangizlar. Halima, jonginam, siz ham kulmang, men yuragimda bor gaplarni aytyapman. Men yuragimni bo‘shatib olmasam, tars yorilib ketadi. Biz birga baxtli yashaymiz. Bolalarimiz ko‘p bo‘ladi. Siz “Qahramon ona” bo‘lasiz.  Olti marta egizak tug‘ib bersangiz kifoya. O. Siz bilsangiz edi...
   - Iye, sevgi izhori shunaqa bo‘larkanmi? – ajablandi qizlardan biri.
   - Siz mening ustimdan kulyapsiz! Men nechun o‘z dardimni sizlardan yashirishim kerak? Bu tashna yurak to‘lib ketgan. Oshing halol bo‘lsa ko‘chada ich, deganlar. Halima, siz uyalmang, mayli, dugonalaringiz meni hazillashyapti, deb o‘ylayversin. Hazil yaxshi. Kulishsin, mayli. Hazil hazil bilanu, ammo men sizni chindan yaxshi ko‘rib qolyapman...
   Shuncha gapni qaerdan olyapsiz? Doim indamay yurardingiz-ku! – so‘radi Dilorom zavqlanib.
   - Men asli kamgap odamman, to‘g‘ri, - deya davom etdi Murod, ammo bilingki?
          Yurakkinam alvon yaylov, titrab yotar, sevgilim.
          Undan tinmay dukur-dukur, otlar o‘tar, sevgilim.
   O, bu xo‘rlangan yurak tuyoqlarning toptashlariga bardosh berolmaydi. Yo‘q, men ortiq chidolmayman. Men ketaman! Bu o‘lkalardan bosh olib ketaman. Alvido, sevgilim! – deya Murod Halimaning qo‘lini labiga tortdi, lekin qizning qo‘llari ustida turgan o‘zining qo‘lini o‘pdiyu, jo‘nab qoldi.
   - Indamay yurgani bilan ko‘p balo bor ekan bu kandidatingizda! – dedi Dilorom. – Hammani jim qildi, ketdi.

***

   O’sha voqea bo‘lib, Toshkentdan qaytgandan so‘ng Halima bir insonga dardini yorolmay yurgan kunlarning birida defoliatsiya navbati  ularga keldiyu, mexanizator kasal bo‘lib qoldi. G’o‘za rivoji busiz ham kechki bo‘lib, vaqt o‘tib borar, defoliatsiyani kechiktirish mutlaqo mumkin emasdi. Shuning uchun Halima hamma tashvishlarini yig‘ishtirib qo‘yib, traktor ruliga o‘zi o‘tirdi. Respirator taqishu, yana bir qancha ehtiyot choralarini ko‘rish xayoliga ham kelmadi. Alam zo‘r ediyu Ikkinchi defoliatsiyada bargni tezroq to‘ksin deb butifos miqdorini ko‘paytirishgan edi,.. terim boshlanmay o‘zi kasalxonaga tushdi. O’pkasiga zahar yig‘ilib qolganmish! Yotipti o‘shandan beri sil kasallar shifoxonasida.. Birinchi kunlari  “endi umrim dard bilan o‘tarkan”, deb necha bor yig‘lagan bo‘lsa ham tabiatan xushchaqchaq qiz tezda o‘zini ovutib olgandi. Shifoxonadagi yigitlarni qizlarga  “bo‘lishtirgan”, o‘ziga Murodni “tanlagan” ham Halima edi. Davralarda Halimaning qattiq-qattiq ovozi, sho‘x kulgusi alohida ajralib turardi.
   Ana shu qiz Murodni chinakamiga sevib qoldi, shekilli.
   Bir gapirib o‘n kuladigan, uncha-muncha yigitlarni mot qilib ketadigan qiz Murodning qarshisida  xijolatdan qizarib, tili aylanmadi.
   Murod oshxonada bir stol atrofida ikki juvon bilan o‘tirardi. Murod hazil tarifasida ularga ham sevgi izhor qilganini yon tomonda o‘tirgani uchun Halima necha martalab eshitgan.
   Murod hozir o‘ziga ham o‘shanaqa  gaplarni hazil-mazax aralash aytib ketdi.
   Bari bir yaxshi gap yaxshi-da.
   Endi Halima Murodni ko‘rsa hayajonlanaveradi. Ayniqsa uning qarashlari,.. kulishlari...
   Murod esa ko‘chada kam ko‘rinadi. Oshxonada o‘sha ikki juvon bilan chaqchaqlashib o‘tirar, keyin yo‘lakdan to‘g‘ri  shifoxona binosiga yo‘l olardi.
   Kechalari kinoga ham chiqmaydi.
   Nuqul yozarmish. Kandidat bo‘lish oson emas, shekilli.
   Murod yigirma to‘rtga to‘lib yigirma beshga o‘tgan, aspiranturada o‘qir, o‘zbek klassik adabiyotidan dissertatsiya yozar, shu sababli o‘zini adabiyotchi do‘stlari davrasida “klassik” deb atar, ular esa Murodni darvish deyishar, buni Murodning o‘zi ham bilardi. U haqiqiy kayfiyat kishisi bo‘lib, dam olayotgan paytlari, agar vaqti chog‘ bo‘lsa, to‘g‘ri kelgan qizga albatta hazil tariqasida sevgi izhor qilaverar, qizig‘i shundaki, har bir so‘zi chin yurakdan aytilayotganga o‘xshar, ko‘zlari qarshisidagi qizga  eng sof muhabbat ilan tikilardi. Murod hech qachon qiz bolaga birinchi bo‘lib so‘z qotmagan, ammo qiz bola...
   Oradan to‘rt kun o‘tdi. Halima Dilorom bilan kechki ovqatdan chiqib kelishayotgandi, kimdir qo‘lidan ushlab to‘xtatdi. Halima o‘girildi. O’girildiyu, vujudiga harorat yugurdi. Xushhol ishshayib, Murod turardi.
   - Ha, bevafo! – dedi u. – Ko‘rinmaysiz! Uchrashuvga chiqmaysiz? Nima, umrimiz visol damlarini intiqib kutish bilan o‘tib ketadimi? Yo boshqa bittasini topib oldingizmi?
   Halima lol. Yuragi iydi. Kulimsiradi. Ayniqsa, Murodning o‘tli nigohi uni “o‘ldirayotgandi”.
   - Halima bevafomi, sizmi? – Dilorom oraga suqildi. – Sevgi izhor qilgandan beri dumingizni ushlatmaysizku!
   - Men Halimani bu o‘lkalardan olib ketmoq istayman. Ne baxtki, biz bir-birimizni shifoxonadan topdik. Endi ketamiz. Mening yurtimga ketamiz.
   - Yurtingiz qayoqda? – so‘radi Dilorom.
   - Baxmalda. Baxmal tog‘larini, Oyqor cho‘qqisini eshitganmisiz? O’sha tog‘lar etagida bizning Barlos qishlog‘imiz bor.
   - Men tog‘da yasholmayman! – dedi Halima azbaroyi hayajonlanganidan, go‘yo Murod uni hozir olib ketib qoladiganday.
   - Yashaysiz! – dedi Murod komil ishonch bilan. – Biz sizga barcha shart-sharoitlarni yaratib beramiz. Hovlimizda yigirmata qo‘y, o‘ttizta echki, yigirmata qoramol bor. Har kuni ertalab soat to‘rtdan yettigacha siz ularni tog‘ bag‘rida boqib kelasiz.
   - E, boqmayman!
   - Nechun? Axir bu siz uchun katta baxt-ku! Tong otmasdan siz Oyqor cho‘qqisining etagida shirin orzular og‘ushida cho‘ponlik qilasiz. To‘g‘ri, bizda bo‘rilar ko‘p. Yesa yeb ketar, nima bo‘pti? Axir bu romantika-ku! Tasavvur qiling: Agar qaytib kelmasangiz, butun qishloq oyoqqa turadi. Sizni izlaymiz... va xarsanglar orasidan sizning qop-qora qonga belangan  oppoq harir ko‘ylagingizni topib olamiz. To‘y kechasi siz ana shu ko‘ylakda edingiz. O, mening armonlarim! – Ushalmagan orzularim! Qonli ko‘ylagingizni ko‘zlarimga surtib yig‘layman. Siz emas, bir umr men baxtsiz bo‘lib qolaman. O-o! Oyqorda bir qabr bor. Unga siz dafn etilgansiz. Siz emas, u yerga mening ushalmagan orzularim dafn etilgan. Har tong g‘am-anduhga botgan bir g‘arib kimsa qo‘lida bir dasta anvoyi gullar bila Oyqorga ko‘tariladi. U har kuni kabrni changallab, sochlarini yulib, betlarini timdalab, faryod chekadi. U – men! Sevgilingiz, sining bebaxt sevgilingiz! – Murod gapdan to‘xtadi. Bir necha daqiqa hammalari jimib qolishdi.
   Odamning eti junjikib ketdi, - dedi Dilorom nihoyat o‘ziga kelib. – Gaplaringiz buncha sovuq?
   - Nima, dissertatsiyangizga shunaqa narsalar yozyapsizmi? – so‘radi Halima chuqur ichki hayajon bilan.
   - Ha. “Murod bilan Halimaning fojiali sevgisi tarixi” degan mavzuda.
   - Qiziq ekansiz, - dedi Halima past ovozda, hayajonini yashirishga urinib, chunki Murodning so‘nggi gapi uni yana larzaga solgandi. – Qachon jiddiy gapiryapsiz, qachon hazillashyapsiz, bilib bo‘lmaydi. Uch-to‘rt kunlab ko‘rinmaysiz. Ko‘rinsangiz, gapirib-gapirib jo‘nab qolasiz...
   - Yoningizda yurishimni istaysizmi?!
   Halima Murodga o‘girildi. Eng qo‘rqqani – Murodning ko‘zlariga duch keldiyu... “Men seni sevaman!”, derdi Murodning  ko‘zlari. Bitmas-tuganmas baxt  va’da qilardi bu ko‘zlar! Bu ko‘zlar yonardi. Bu ko‘zlar Halimaning oromini o‘g‘irlagandi.
   - Nima balo, siz meni rostdan yaxshi ko‘rib qolyapsizmi, deyman-da, a!?
   - Siz-chi? Siz yolg‘ondakam deb o‘ylaganmidingiz? – dugonasi o‘rniga Dilorom javob berdi.
   - Ha-da!
   - Demak, o‘zingiz ham yolg‘ondan sevgi izhor qilayotgan ekansiz-da?!
   - Menku, Halima deb es-hushimni yo‘qotganman, ammo Halima hazillashyapti, mening ustimdan kulib yuripti, deb o‘ylagandim.
   - Bu gapingiz ham hazilmi?
   - To‘g‘risi, qachon hazillashaman, qachon jiddiyman, o‘zim ham ajratolmay qoldim. – Murod kulib yubordi. – Xo‘sh, borasizmi bizning Baxmalga?
   - Shunaqa vahimali narsalar aytyapsizki, men Halimaning o‘rnida bo‘lsam sirayam bormasdim.
   - Ko‘ngilga xush yoqadigan narsalar ham aytish mumkin: Mayli, Halimani bo‘rilar yemasin. Halima hech qachon qo‘y-echki boqmasin. Tasavvur qiling: Bahor! Lolalar hamma tarafda qip-qizil bo‘lib ochilgan. Qizg‘aldoqlar qir-adirlarga to‘shalgan.  Yon bag‘irdagi Oysharrak bulog‘idan sharqirab oqayotgan zilol suvlar soylarga tomon yuguradi. Erta tong. Halima oppoq harir kelinlik libosida ko‘za ko‘targancha buloq boshiga bormoqda. Mayin tog‘ shabadasi sochlarini o‘ynayapti. Halima baxtiyor! Lablarida sokin tabassum. Ana!  Yuzini muzday suvga chayqayapti. Shu payt men orqasidan boramanu, ko‘zlarini  yashiraman. Bu men ekanligimni Halima yaxshi bilgani uchun qo‘llarini qo‘llarim ustidan bosadi. Qalblardagi harorat qo‘llarga, qo‘llardagi harorat qalblarga o‘tadi. Halima o‘zini mening og‘ushimga tashlaydi. Bir-birimizga termulamiz. “Men baxtliman!” deya pichirlaydi Halima va ko‘zlarini yumadi. Men Halimaning qop-qora, mayin sochlarini  mehr bilan silayman...
   - Bilibsiz! Ko‘zlarimni yashirganingizdayoq ko‘za bilan boshingizga solib qolaman, - dedi Halima, oz-moz og‘rinish bilan.
   - Ana sizga buloq!Endi nima bo‘ldi?
   - Nima bo‘lardi. Boshim yorilib, hushimdan ketib, yiqilaman. Halima o‘giriladiyu, qattiq dahshatga tushadi, chunki meni qandaydir yovuz niyatli odam deb o‘ylagan-da. Tezda boshimni tizzasiga olib, peshanamni tang‘iydi. Ammo qon oqaveradi. Nafas olmay yotaveraman. Halima yuzimga suv sepadi, yoqamdan tortib, silkiydi, yum-yum yig‘laydi. “Sizki bu dunyoda yo‘qsiz, menga yashash na darkor?”, deb  sal naridagi tik jarlik tomon yuguradi. Halima o‘zini halok qilishga chog‘lanayotganini anglaymanu, to‘lqinlanib ketaman. (Yolg‘ondakam o‘zimni o‘lganga solib yotgan bo‘laman-da.). Tomog‘im bo‘g‘iladi. “To‘xta, Halima!” deya hayqiraman. Halima to‘xtaydi. Ko‘zlariga ishonmaydi. Majoli qurib cho‘kka tushadi. Kulib yig‘laydi, yig‘lab kuladi. Barmoqlarini tishlagancha, titrog‘ini bosmoqchi bo‘ladi, lekin bosolmaydi. Men ham yig‘layman. Hech kim hech qachon meni Halimadek seva olmasligiga hozirgina ishonganim uchun yig‘layman. Sal bo‘lmasa Halimadan ajrab qolishim mumkinligini anglab yetganim uchun xudoga shukr qilib yig‘layman...
   Murod bu ertagini ham tugatdi.
   - Yozuvchiga o‘xshab gapirasiz-a! – Dilorom hayratlandi.
   - Aspiranturaga kirishdan oldin muxbirlik qilganman. Halimalarning qishlog‘ida ham bo‘lganman, - dedi Murod. Nogoh uning nigohi sovuq chaqnadi.
    Shifoxona binosiga yetib keldilar. Qizlar hali sayr  qilishni istardilar “Unda o‘zlaring aylanaveringlar”, deb Murod ichkarig yo‘l oldi.
   “Demak, xabari bor shekilli”.
   Halimaning butun vujudi zirqirab ketdi.
                             X                                          x                                     x
   O’shanda, markazda bo‘lgan majlisda Halimani mukofotlashdi. Majlisdan  chiqib, Klara, Ismat bilan birga kechqurun restoranga borishdi. Halimaning mukofotini yuvishdi. Halima ham ozroq ichdi.  Es-hushi joyida edi. Mehmonxona kelib, Klara ikkovi o‘zlariga ajratilgan xonada yotishga hozirlanishdi. Keyin yarim kechaga yaqin “opa chaqiryapti” deb, Ismat Halimani chekkadagi bir xonada Erkin Eshboevichga duch qildi. “Opa” viloyat komsomol qo‘mitasining birinchi kotibi edi. U chaqirgan joyga bormaslik mumkin emasdi. Keyin... nima voqea yuz berganini Halima faqat ertalab angladi. Lekin baqirmadi, chaqirmadi, Erkin Eshboevichga yig‘lab tarmashmadi. Shunaqa holga tushgan qizlar  haqida ko‘p eshitgani bois qachondir o‘zi ham shu holga tushib qolishdan qo‘rqib, hadiksirab yurgani boismi, tushunib bo‘lmaydigan bir xotirjamlik va befarqlik bilan kiyimlarini kiyib, ayvonchaga chiqdi-da, panjaraga suyandi. O’h-ho‘! To‘qqizinchi qavatda... o‘zini tashlasachi? Nega? Nima uchun? Kim uchun?
   - Iye, Halima!
   Halima o‘zini tashlamoqchi deb o‘yladi shekilli, Erkin Eshboevich jonholatda yugurib kelib, qizning yelkasidan tutdi. Halima bir silkinib o‘zini bo‘shatdi.
   - Esingizni yeb qo‘ydingizmi? – Erkin Eshboevich hansirardi. Keyin o‘z qurbonining o‘ta loqayd, lo‘q  ko‘zlariga qarab, shashtidan tushdi. Qo‘lini tortib olib, “sizga nima bo‘ldi?” degancha panjara tomonga o‘tdi – Halima, siz menga qizim qatorisiz, o‘z  qizimday... Bilmayman, meni... Xayolimda hech narsa yo‘q edi. Sizga hurmatim juda zo‘r. Bundan keyin ham shunday bo‘lib qoladi. Siz mening gaplarimni eshitishni istamayapsiz. Mayli, bo‘lar ish bo‘ldi. To‘g‘risi, oldimdan norozi bo‘lib chiqishingizni istamayman. Hozircha siz mana shuni olib keting. Qolganini keyin gaplashamiz.
   Erkin Eshboevich qizga bir dasta pul tutqazdi. Halima hamon loqayd ahvolda turgani uchun pulni qanday olganini o‘zi ham anglamadi. Qo‘lidagi pulga qaradiyu, birinchi marta xo‘rligi keldi. Demak... ammo... Erkin Eshboevich yana gapga tushdi. Bir balo qilib, tinchgina qutulmoqchi. Halima tirqirab kelayotgan ko‘z yoshlarini ko‘rsatmaslik uchun lom-mim demay chiqib ketdi. Xayoliga bir fikr kelgan edi. Shuning uchun to‘g‘ri Ismatning xonasiga bordi. O’ylaganiday, yo‘q ekan. O’zlarining xonasiga o‘tdi. Eshikni ancha taqillatishga to‘g‘ri keldi. Nihoyat sochlarini nari-beri taragan Klara  tugmalarining ko‘pi qadalmagan xalatining yoqasini g‘ijimlagancha, eshikni qiya ochdi. Halima o‘zini ichkariga urdi.
   Gumoni to‘g‘ri edi. Ismat shu yerda ekan. Shosha-pisha kiyinardi. Halimani ko‘rib, barmoqlarining uchi tugmani qaday olmay, qaltirab qoldi. Halimaning es-hushi joyida, fikrlarini jamlab bir qarorga kelgan edi. O’sha loqayd alfozda ko‘zlarini lo‘q qilib,  bir qadam oldga yurdi. Ismat tisarilib, divanga o‘tirib qoldi. Halima qo‘lidagi pulni Ismatning tizzasiga qo‘ydi. So‘ng jomadonini olib, kiyimlarini yig‘ishtirishga tushdi. Klara bilan Ismat nima deyishlarini, nima qilishlarini bilishmasdi. Halima esa, go‘yo xonada hech kim yo‘qday, sochiqni olib, vannaxonaga kirib yuvindi, kiyimlarini almashtirdi. Bu orada ichkarida g‘o‘ng‘ir-g‘o‘ng‘ir ovozlar eshitilib turdi. Klara bilan Ismat nimanidir tortishardi. Halima qaytib chiqqanda ikkovi yana jim bo‘lib qoldi. Nihoyat Halima jomadonini ko‘tarib, ketishga chog‘langanda Ismat chiday olmadi.
   - To‘xtang, Halima! Bu birgina mening ishim emas! – Ismat yig‘lamsiragancha pulni otib  tashlab, ko‘kragiga mushtladi. – Bo‘lib o‘tgan gaplarni bilib keting. Men bor-yo‘g‘i buyruqni bajardim, xolos. Mening hech qancha aybim yo‘q. Siz meni tushuning, Halima! – Ismatning ko‘zlaridan tirqirab yosh chiqdi.
   - Ismat Sa’dullaevich!
   - Nima? Nima? Nima?!
   Ismat o‘girilgancha Klara tomon yurgandi, Klara uni shapaloqlab soldi. Ismat yuzini ushlagancha g‘azabi ham, alami ham so‘nganday divanga cho‘kdi. Halima hali aytilmagan gaplar borligini anglab, to‘xtadi. Lekin hech kimdan sado chiqmasdi. Nogahon Halimaning nigohi  divanda, polda betartib sochilib yotgan pullarga tushdi. Jomadonini qo‘yib, erinmasdan pullarni bittalab terib oldi-da, yana Ismatning tizzasiga qo‘ydi.
    - Buni anovinga bering! – dedi Ismat jonholatda pullarni Klaraning yuziga otib. – Hamma ishni qilgan o‘sha! Menga bunday qaramang, Halima! Qahvaga qo‘shib berasiz, deb Erkin Eshboevichga uxlatadigan  dori topib bergan ham anovi jalab!..
   - Ablax! – Klaraning ko‘zlari telbalarcha chaqnab, Ismatning yuziga chang soldi. – Sin jalab! Irkin Ishbaevich jalab!..
   Ikkovi jiqqamusht bo‘lib ketishdi. Halima tishlarini tishlariga bosgancha tashqariga otildi.

***

   G’alati yigitning yonida yursang o‘zing ham g‘alati bo‘lib qolarkansan. Halima bu gaplarni aytaman, deb sira o‘ylamagandi.
   Oradan yana uch-to‘rt kun o‘tdi. Murod yana avvalgiday parishonxotir holda faqat oshxonada ko‘rinar, qizlarga ko‘zi tushsa, bosh rg‘ab salomlashar, tushmasa, o‘zi bilan o‘zi band, xayol surardi.
   Halima esa... Halima endi... u ham o‘zini o‘zi tushunmayotgandi. Murod uni yaxshi ko‘rmasligi aniq. Shunda ham ko‘ngil... Dardlarini dugonalaridan yashirishga urinar, agar davrada Murod haqda gap ochilsa, kulgu bilan qutulardi. Murod esa...
   Bir kuni oqshom shifoxona bog‘ida sayr qilib yurishganda tasodifan (tasodifmikan?) qarshilaridan Murod bir do‘sti bilan chiqib qoldi.
   - Mening jondan aziz sevgilim! – dedi Murod qulochlarini yozib. – Nahotki bu siz?! Men sizning dardingizda kuyib kul bo‘ldim. Sizni izlab chiqqan edim. Yuring. Hozir hayotimizda ilk visol damlari boshlanadi. Dilorom, siz mening do‘stimni ovvutib turing. Bizning Halima bilan ancha-muncha maxfiy gaplarimiz bor.
   Murod Halimani yetaklagancha kichik yo‘lakcha bo‘ylab ketaverdi. Halima qarshilik qilishga o‘zida na kuch, na jur’at topa oldi.
   - Siz nega doim mendan qochasiz? – so‘radi Murod yo‘l-yo‘lakay.
   - Qochgan menmi, sizmi?
   - Demak, meni kuzatarkansiz-da!
   - Endi siz,.. kasalxonada o‘zi bitta yigitsiz, albatta kuzatamiz, - dedi Halima og‘rinib.
   - Mayli,  shunday ekan, bugundan, hozirdan boshlab bir umrga birga bo‘lamiz, xo‘pmi?
   - G’alati gaplar... xuddi bozordan mol sotib olayotganday savdolashasiz, a? – dedi Halimaning ko‘ngli buzilib.
   Ikkovlon necha marta suhbatlashgan bo‘lsa, Murod birinchi marta gap topolmay qoldi. Ular jimgina bog‘ning qorong‘i, xilvat tomonlariga borardilar. Murodning yuzidagi shod quvonch o‘rnini ayanchli ishshayish egallagan, buni Halima payqamas, payqashga urinmasdi ham.
   - Halima! – dedi jiddiylashgan Murod to‘xtagancha uni ikki yelkasidan tutib o‘ziga qaratarkan. Uning vajohati buzilgan, qiz o‘zini qattiq sevib qolganini endigina  payqayotgan, nimalarnidir aniqlashga urinar, qizning muhabbati uni hangu-mang qilib qo‘ygandi. – Men axmoq nimalarni o‘ylab... Eh! Nahotki siz meni sevib qoldingiz?
   Halima boshini egdi.
   - Nimaga javob bermaysiz, Halima? – Murodning ovozi qaltiradi. – Men buni bilishim kerak.
   Olisdagi simyog‘ochga ilingan elektr chirog‘i ikkovi tarafga sal-pal nur taratar, Halimaning yuzi zo‘rg‘a ko‘rinar, kayfiyati qattiq buzilgani aniq edi. Halimaning yelkalari sekin-sekin titray boshladi. Keyin yo‘lka o‘rtasiga o‘tirgancha, tizzalariga boshini qo‘ydi. Murod hayron bo‘lib, cho‘kkaladiyu, qizning boshini ko‘tarib, o‘ziga qaratishga urindi. Halima uni silkib tashladi. Halima yig‘lardi. Unsiz, butun vujudi qaqshab, qaltirab, yig‘lardi.
   - Iy-e! Sizga nima bo‘ldi?!
   - Siz? Siz bariga aybdorsiz! Men hali sizni yaxshi ko‘rib axmoq bo‘lganim yo‘q. Sizning nimangizni yaxshi ko‘raman? Kandidat bo‘lsangiz o‘zingizga! Nima qilasiz mendan ko‘ngil so‘rab? Bari bir ikki dunyodayam menga uylanmaysiz-ku! Qizlar menga “yigiting” deb sizni ko‘rsatishayapti. Siz axir mening yigitim emasssiz-ku!  Hozir meni poylab keldingiz. Sizni yaxshi ko‘rishimni allaqachon bilgansiz. Toqatim toq bo‘lganiga ishonch hosil qilib meni qorong‘ulikka boshlab keldingiz... Xo‘sh, nega indamaysiz? Shumidi maqsadingiz? Shumidi?! Yo yolg‘onmi? Siz nuqul qizlarni axmoq qilib o‘rgangansiz. Yo meni ham axmoq deb o‘yladingizmi?.. Men axmoq bo‘lmasam, sizdek ablaxni sevib qolamanmi? Dunyoda  yigit zoti qurib ketganmi? Men... eh, sho‘rpeshana! Nimaga jimsiz? Nimaga?! Nimaga?! – Halima sakrab turgancha, yigitning yoqasidan tutdi. – Gapirsangizchi axir, Murod aka! Siz indamaganingiz sari men qo‘rqayapman. Men axmoqman! Men jinniman! Men sizni yaxshi ko‘raman, Murod aka!..
   - Halima, Halima!.. – Murod yana nimadir deb g‘o‘ldirayotgandi, Halima kafti bilan uning og‘zini to‘sdi.
   - Yo‘q, gapirmang! Gapirsangiz battar qo‘rqaman. Iltimos, Murod aka, gapirmang. Men jinni bo‘lib qolayotganga o‘xshayman...
   - Halima!!!
   - Gapirmang! Keting! Ko‘rgani ko‘zim yo‘q sizni! – Halima panjalari bilan  yuzini to‘sgancha, yana cho‘kkaladi.
   - Halima, o‘zingizni bosing.
   - Keting dedim. Shafqatingizga zor emasman. Istamayman,.. bildingizm, istamanman! – Halima o‘rnidan turgancha yer depsindi. – Nimaga bo‘zrayasiz? Yana ko‘z yoshlarimni ko‘rmoqchimisiz? Siz uchun yig‘lagan men tentak! – Halimaning ko‘zlaridan shashqator yosh quyilardi. – Keting axir!.. tinch qo‘ying meni, iltimos...
   Murod nihoyat  boshini eggancha yo‘lga tushdi.
   - Murod aka, siz nima qilyapsiz?
   Murod shoshilgancha o‘girildi.
   - Nega meni tashlab ketyapsiz? Ket desa ketaverasizmi? Siz axir yigitsiz-ku! – Halima sal yorug‘roqqa chiqqan, yig‘idan nam ko‘zlari baxtiyor chaqnar ediyu Murod chopqillab qaytib keldi.
   - Siz haqiqatan ham g‘alatisiz, a, tovba! Qiz bolaning ham aytganini qilarkanmi? Ushlang qo‘ltig‘imdan, ha ana, endi yuring. Gap degan bunday bo‘pti-da. Voy tovba-ey! Juda g‘alati qizga duch kelib qoldim, deb o‘ylayotgan bo‘lsangiz kerak, a?
   - Halima, men sizga bir gapni...
   - Yo‘, yo‘, gapingiz kerak emas, gapirmang.
   - Men bilishingizni istayman! Men uylanganman, axir!
   Bir dam Halimaning nafasi ichiga tushib ketdi. Keyin   shod kayfiyatini yo‘qotmaslikka urinib, yasama   quvnoq holda, ammo siniq ovoz bilan dedi:
   - Mayli, hech qachon menga uylanmang! Mana shu yurishimizning o‘zi men uchun katta baxt!
   Ularning yurishi tezlashib, yoruqqa chiqdilar. Dilorom bilan Murodning do‘sti  bog‘ning chetidagi kursida o‘tirishgan ekan. Halima yigitni qo‘ltig‘idan bo‘shatdi-da, “yaxshi sayr qiling” degancha sirli, ayni damda ayanchli shivirlab, chopqllagancha Diloromni sudrab ketdi. Palataga kirar-kirmas Halima Diloromni mahqam quchoqlagancha o‘paverdi. Tishlab-tishlab o‘pardi. Dilorom voy-voylab yulqinar, ammo Halima qo‘ymasdi.
    - Yeb  tashlagim kelyapti sizni! E tavba! Jinniman men, g‘irt jinniman! Kandidatni kaput qildim. Bechora mung‘ayib qolipti. Men – malades! Zo‘rman! Tarjimai holini butkul aytib berishga majbur qildim. Oh! Ta-ra-ram-ram, ta-ra-ram-ram!... – Halima o‘yinga tushib ketdi.
   Dilorom Halimaning telba-teskari harakatlariga ko‘nikib qolgan edi, lekin...
   - Siz uni haqiqatan sevib qolipsiz!
   - Men sizga nima deyapman, ni-ma de-yap-man?! – Shu topda Halimani mutlaqo tushunib bo‘lmasdi. – Men uni emas, u, u meni sevib qoldi! U11
   Xonaga boshqa qizlar kirib kelishdi.
   - Dso‘tlarim! – dedi mag‘rur Halima tantanavor, qo‘llarini keskin silkitarkan, - men es-hushimni yo‘qotdim. Bilasizlarmi, men... jinniman! – Halima o‘zini krovatga tashladi. – Bilasizlarmi, sevish qanday yaxshi! Uh nomarlar-ey. Nega indamaysizlar?.. Menga hech narsa kerak emas. Bittang ham kerak emassan! Ketinglar! Hammang ket. – Halima birdan o‘kirib yig‘lab yubordi. Yuzini yostiqqa yashirdi.
   Qizlar hozirgina bulbulday    biyron sayrayotgan Halimaga tushunmasdilar.
   - Ketinglar, ketinglar! – yulqinardi yig‘layotgan Halima. – Tinch qo‘yinglar meni. Hammang,.. hammasi... bir go‘r! Sevmaydi u meni...
   - E, qurib ketsin Murodingiz! – Dilorom  achchiqlandi. – Qo‘ysangizchi, o‘shanga ham yig‘laysizmi? Murod sizning tirnog‘ingizga ham arzimaydi, kerak bo‘lsa... Qizlar, boringlar endi, Halima ozroq  dam olsin.
   Palatada ikkovlon qolishdi. Halima qimirlamay jim yotar, Diloromning esa yuragi ziq bo‘lib ketgan, ammo bir og‘iz gap so‘rashga jur’ati yetishmasdi. Nihoyat Halima o‘girilib, dugonasiga xomush tikildi. Kulimsirashga urindi, ammo ko‘zlarida yosh. Cheksiz dard yotardi Halimaning qorachiqlarida. Bu dardlarni So‘z bilan ifodalash shart emas.
   Muhabbat ana shunday kuchli...
   Haqiqiy muhabbat ming yilda bir keladi, deganlari rostmikan?
   - Qo‘ying o‘shani, - dedi Dilorom dugonasini yupatishga urinib. – Dunyoda undan ming karra yaxshi yigitlar to‘lib-toshib yotipti.
   Halima sukut saqladi. Armon bilan ko‘zlarini yumdi. U hozirgi holatida umrini yig‘i bilan o‘tkazgan, kulish nimaligini bilmaydigan odamga o‘xshardi. Murodga ko‘ngil qo‘ya boshlagandan beri dilining to‘rida cho‘kib, to‘planib yotgan armonlari hozir birvarakay junbushga kelib, Halimani ming bir ko‘yga  solayotgandi.
   - Gapirsangizchi, yuragim to‘lib boryapti. Hozir men ham yig‘lab yuboraman. Nimaga... g‘alati bo‘lib qoldingiz? – Dilorom “jinni” deb yuborishiga sal qoldi.
   Halima miyig‘ida kulimsiradi.
   - Uylansang uylan, yo‘qsa kallamni garang qilma, menga sendan boshqa sovchi yuborayotganlar ham to‘lib yotipti, demadingizmi?
   - Bizning bahorimiz o‘tgan, - dedi Halima afsus bilan, - o‘n sakkiz yoshli qizlar kammi?
   - Voy nomard-ey! Hali o‘shanaqasidan olaman, dedimi? Unda “nega tiz cho‘kding? Nega u gaplarni aytding?”, deb yoqasidan olmadingizmi?
   Halima mayus bosh chayqadi.
   - Shoshmay tursin, ko‘rsatib qo‘yaman unga... Mening qo‘limga tushadi hali. Uff! Yonib boryapman! – Dilorom shasht bilan ayvoncha eshigini ochdi.
   Palataga xushbo‘y bahor havosi kirib keldi. May oyining eng latif kechalaridan biri. Shifoxona bo‘ylab ekilgan qator teraklar oxirgi to‘rtinchi qavatdan ham baland. Daraxtlarning naryog‘i bedazor. Yaqinda o‘rim boshlanadi. Halimalarning xonasi uchinchi qavatda...
   Yuqorigi qavatdan hazin xirgoyi eshitilardi. Ayvonchada tinmay gapirayotgan  Dilorom o‘girilib dugonasiga qaradiyu,.. Halima jilmayardi.
   - Nima balo, rostdan jinni bo‘lib qoldingizmi?
   - Eshiting, - deya shivirladi Halima, ko‘rsatkich barmog‘ini labiga bosib shivirlagan ko‘yi ayvonchaga chiqarkan.
   To‘rtinchi qavatda, o‘zlaridan ikki deraza narida Murod ayvoncha panjarasiga suyangancha, qorong‘ilik qa’riga  mayus tikilib, qo‘shiq aytardi:
                   Seni yupatmoqqa jur’at yo‘q menda,
                   Sen mening kechmishim, umrim bo‘lagi.

   Murod qizlarni ko‘rmasdi. O’zicha xirgoyi qilardi. Balki ataylab Halima uchun kuylayotgandir.
   - Obbo jinnilar-ey! – Dilorom o‘zini to‘xtata olmasdi. – Bir sizmi desam, u sizdan battar.
   Halima Diloromning gapini eshitmadi. Eshitsa ham e’tibor bermadi. Murod uni...
   - Sizlarni tushunmayapman, - ajablandi Dilorom. – Bir daqaqa o‘tmaydi – kulasiz. Bir daqiqa o‘tmaydi – yig‘laysiz.
   Murod esa kuylardi:
                    Yig‘lamoq tilarman, qaynab yig‘lagin!
                    Tishlaringni sekin qayrab yig‘lagin!

   - Ha, do‘-o‘st! – deya yuqoriga qichqirdi Dilorom. – Juft bo‘lsin. Yangilik-ku! Bitta-yarimtasi yurakdan urdimi?
    - Ha-da! Oshiq ko‘ngil kuylamoq istaydi, - dedi Murod kuylashdan to‘xtab. – Bu telba ko‘ngil ko‘p narsalar istaydi.
   - Nimagadir shu ishlaring menga yoqmayapti, - dedi bir joyda turolmay ichkariga kirib chiqayotgan Dilorom. – Siz sog‘ligingizni o‘ylashingiz kerak. Vrachning gapini unutdingizmi?
   “- Siz o‘zingizni nihoyatda ehtiyot qilishingiz kerak, - degan edi vrach Halimaga. – Butifos nafaqat o‘pkangizga, balki jigaringizga, yuragingizga ham ta’sir qilgan. Sizga qattiq hayajonlanish mutlaqo mumkin emas. Agar aytganlarimni qilsangiz, hali uzoq yillar yashaysiz. Siz hali hayotda nimani ko‘ripsiz”
.   Halima mayus, parishon  kulimsirab krovatiga o‘tib yotdi. Dilorom chiroqni o‘chirdi.
    Halima uxlay olmas, to‘lg‘anardi. Kechasi bilan Dilorom Halimaning goh hiqillab, goh shivirlab nimalarnidir gapirinayotganini sezib yotdi. Faqat tong oldidan Halima tinchib qoldi.
   Tong otdi. Navbatchi hamshira avval palatalarga bir-bir kirib, kimga issiqlik o‘lchagich kerakligini so‘rab chiqdi, keyin dori tashlab ketdi.
   Halima devorga o‘girilgancha qimir etmay yotaverdi.
   Dilorom yuvinib keldi, oshxonaga nonushtaga borish payti yaqinlashdi hamki, Halima qimirlamasdi. Nihoyat nonushtaga borishga tayyorlanayotgan Dilorom o‘z krovatida o‘tirib, soch tararkan:
   - Turing, ey, oshiqi-beqaror! Murodingiz ko‘zlari to‘rt bo‘lib, yo‘lakda sizni kutyapti, - dedi.
   Halima qimirlamay yotaverdi. Avvallari Muroddan gap ochilsa, Halima   hazilmi, chinmi, tipirchilab qolardi.
   - Tursangizchi! – Dilorom cho‘zilib, Halimaning yelkasidan tortdi.
   Halima shilqillab ag‘darildiyu, yarim yumuq ko‘zlari shiftga tikilgancha, qotdi. Uning badani daqiqa sayin sovub borar, qop-qora qorachiqlarida hayronlik, hayrat, izirb, alam, “men dunyoga kelib nima  ko‘rdim?”  degan achchiq savol va bilinar-bilinmas tabassum qotib qolgan edi.

1987 yil.
 
« Oldingi   Keyingi »

Kitob qidirish
Qidirish: 
Sarlavhasidan qidirish: 
Nomidan qidirish: 
Statistika
A'zolar : 1
Yangiliklar : 8817
Veb linklar : 44
Tashrif buyurganlar : 91482098

Yandex