Saytimizning yangi versiyasi n.ziyouz.com sahifasida. Barcha yangi maqolalar va kitoblarni n.ziyouz.com dan olishingiz mumkin.
Ziyo istagan qalblar uchun - Daholik

03.04.2020 y.
Asosiy
Bosh sahifa
Siyosat
Fan va ilm
Sara maqolalar
Ozbek matbuoti
Durdona toplamlar
Ma`naviyat
Islom
Hikmatlar
Tarix
Oila va jamiyat
Ozbek maqollari
Jahon maqollari
Ibratli hikoyatlar
Tafakkur gulshani
100 faylasuf hikmati
Suhbatlar
Adabiyot
Ozbek ziyolilari
Kutubxona
O'zbek she'riyati
Jahon she'riyati
Ozbek nasri antologiyasi
Jahon nasri antologiyasi
Barcha kitoblar
Madaniyat
San'at
Kino olami
Sport
Dam olish
Ajoyibotlar
Reytinglar
Kross-shou
Hajviyalar
Topishmoqlar
Ozbek xalq ertaklari
Tahririyat
Muallif haqida
Sayt haqida
Qidirish
Foydali sahifalar
Yangi versiya
Arxiv
Xizmatlar
Tabriknoma/E-cards
Fotogalereya
Fayllar/Downloads
Forum
Mehmonxona
 


Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko`rsatilishi shart.
 
“Muhammad (alayhissalom) targ‘ib qilgan g‘oyalarning jozibasi uning izdoshlarini Payg‘ambar shaxsiyati sari tortaveradi. Zero, u odamlarni aql-idrok va din bilan boshqargan edi”.
Edvard Gibbon, ingliz olimi
 
 

Daholik Chop etish uchun E-mailga yuborish
 Daholar oramizda yashaydi, chunki  aytishlaricha hatto besh yoshgacha bo‘lgan har bir go‘dakda ham daholik sifatlari mavjud bo‘lar ekan. Ammo yon-atrof talablariga, an'analariga moslashish go‘dakdagi betakror sifatlarni so‘ndiradi, uni bir qolipda fikrlaydigan va bir tarzda yashaydigan ommadan biriga aylantirib qo‘yadi. To‘g‘ri, yon-atrof hammani ham o‘ziga to‘la mute etolmaydi, ayrim o‘jar zotlar mavjud tartiblarga, dogmalarga va siyqa hayot tarziga qarshi chiqadi; ular o‘zlari topgan allaqanday g‘oyalarga telbanamo ergashadi, savdoyilik va devonalikni ixtiyoriy tarzda o‘z ustiga oladi.

 

Daholari bor davr – mo‘’jaz, daholari bor xalq – muazzam; aynan daho shaxslar tufayli hayot – boqiy, kelajak munavvardir. Insoniyat tarixi noyob iste’dod egalari amalga oshirgan buyuk o‘zgarishlar va kashfiyotlar tarixi bo‘lib qolmoqda...

 Aynan ushbu hol daholikda iste'doddan, iqtidordan va zakiy aqldan boshqa nimadir bor degan o‘yga olib keladi. Va beixtiyor italiyalik ruhshunos olim S.Lombrozo esga tushadi. U o‘zining mashhur «Daholik va telbalik» asarida «Telbalar orasida daholik uchqunlariga ega sub'ektlar bo‘lganidek, daho kishilar orasida ham telbalar bor», deb yozadi. Shu bilan birga u uqtiradi, «Bundan daho shaxslar telba bo‘lishi kerak, deb xulosa chiqarish katta gumrohlikdir». Demak, daholik bilan telbalik aynan voqeliklar emas, biroq ular o‘rtasida nimalardadir o‘xshashlik mavjud.

Telbalik telbalarda barqaror, daholarda o‘tkinchi holatdir. Telbalar ham ijod qiladi, ammo ularning yaratganlarida mantiq, ijobiy maqsad kam, daholarning ijodi, yaratganlari dark, ijobiy maqsad amridadir. Telbalar mantiqni buzadilar va buni salbiy hodisa deb bilmaydilar, daholar mantiqdan o‘zadilar va ushbu harakatini ongli tarzda amalga oshiradilar. Telbalar uchun haqiqatan ham qonun yo‘q, ular ijtimoiy tartiblarni buzayotganlarini idrok etmaydilar, daholar ijtimoiy tartiblarni ijodiy zo‘riqish paytida buzadilar, ushbu on o‘tgach, ular mavjud tartiblarga bo‘ysunadilar. Telbalar ijodi kimlargadir, nimalargadir xizmat qilishi zarurligi haqida deyarli fikr yuritmaydilar, daholar esa har bir asari, fikri kimlargadir zavq va aqliy quvvat bag‘ishlashi kerakligini unutmaydilar. To‘g‘ri, daholar ijodiy zo‘riqish onlarida o‘quvchilarni, tomoshabinlarni eslamasligi, hatto ularning badiiy-estetik didiga, ijtimoiy tasavvurlari va qarashlariga qarshi chiqishi mumkin, lekin bu ularning kimlar uchun, nima uchun ijod qilayotganini unutgani emas. Telbalar yaratgan narsalarini izchillik bilan yanada takomillashtirish mumkinligini bilmaydilar, daho shaxslar esa asarlari ustida tinmay ishlaydilar, ularni yanada mukammallashtirish yo‘llarini izchil qidiradilar. Telbalarda «men»ni ijobiy, betakror voqelik sifatida qadrlash tajribasi yo‘q, daho shaxslar «men»ini noyob, muazzam narsa sifatida ulug‘laydilar, ularda nartsizm - o‘zini sevish kuchli. Telbalarning yon-atrofga da'volarida hissiyotga, havoyi o‘ylarga berilish, bulhavaslik ustun turadi, daholar ijodiy zo‘riqish onlarida fanolikka berilsa-da, o‘zining talab va da'volarini ratsional asoslay oladilar. Telbalar bilan daholar o‘rtasida yaqinlik, muntabiqlik ham mavjud: birinchidan, ular o‘zining izlanishlariga, sohasiga mashrabona oshiqdirlar; ikkinchidan, ularning ikkalasini ham zamondoshlari tushunmaydi, tan olmaydi, goho esa o‘z davrasidan quvadi; uchinchidan, ular ijodida g‘ayrihayotiylik va erotikaga berilish bo‘rtib turadi...

Olam rang-barang. Faqat oq va qora ranglar uyg‘unligidan ming-minglab oraliq rang (poluton)lar hosil bo‘lar, ong sezgir va mohir musavvirlar ulardan 600 tasini ilg‘ashi mumkin ekan. Ijtimoiy hayot va kishilararo munosabatlardagi rang-barangliklar ulardan ham ziyod, behisobdir. Shuning uchun inson hayoti, sa'y-harakatlari ikki - ezgulik va yovuzlik kabi munofiy qutblaridangina iborat emas. Oddiy kishi yoki o‘rtamiyona iqtidor egasi ushbu rang-barang, behisob munosabatlarni shunchaki qayd etishi yoki ularning uch-to‘rttasini tasvirlashi mumkin. Daho ijodkorlar oddiy aql anglab yetmagan, ilg‘amagan, hatto ilg‘agan bo‘lsa-da, mahorati, iste'dodi kamligi bois ochib berolmagan voqeliklar tubidagi voqeliklarni, kishi qalbi, ruhi tubidagi mavhum, sersir to‘lqinlar va jilg‘alarni tasvirlab, odam va olam haqidagi tasavvurlarni yangi pog‘onaga ko‘taradi. Aynan ushbu xislat daho ijodkorlarni sertuyg‘u, ta'sirchan va o‘ta nafis hissiyotli qiladi. Go‘yoki ular hayoti va ijodida dunyoning bor rang-barangligi, ziddiyatlari, kishilararo munosabatlaridagi goh shod, goh g‘amgin fikrlar uyg‘otuvchi munofiy taraflarning to‘qnashuvlari to‘la o‘z ifodasini topgandek.

Mutlaq betakrorlik va mutlaq yangilik izlash daho ijodkorlar umr bo‘yi amal qiladigan tamoyildir. Aynan ushbu fazilati ularni o‘rtamiyona iqtidorlar davrasidan yiroqlashtiradi. Bu o‘rinda Qadimgi Xitoy mutafakkiri, daosizm asoschisi Lao-tszi misol bo‘lishi mumkin.

Donishmandning fikrlari har doim hayrat uyg‘otib kelgan. «To‘g‘ri - noto‘g‘ri, - deb yozadi u, - shunday shunday emas. Agar to‘g‘ri haqiqatan ham to‘g‘ri bo‘lganida noto‘g‘ridan shunchalik farq qilardiki, bahsga hech qanday hojat qolmasdi. Agar shunday haqiqat ham shunday bo‘lganida shunday emasdan shunchalik farq qilardiki, tortishuvga hech o‘rin qolmasdi. Vaqtni unuting, farq­larni unuting! Cheksizlik bag‘riga sho‘ng‘ing, uni o‘z kulbangizga aylantiring!».

Hamma «to‘g‘ri» deb topgan narsani qanday qilib noto‘g‘riga chiqarish, hamma «shunday» deb tan olgan narsani qaysi asosga tayanib «shunday emas» deyishi mumkin? Vaqtni, narsalar o‘rtasidagi ko‘rinib turgan farqlarni unutib bo‘ladimi? Axir aqlu idrok ob'ektiv borliqdan, reallikdan bila turib voz kechishi mumkinmi? Agar «Cheksizlik bag‘riga sho‘ng‘ing!» da'vosi bo‘lmaganida  yuqoridagi so‘zlarni telba aytayapti deyishingiz turgan gap. «To‘g‘ri - noto‘g‘ri», «Shunday-shunday emas» degan tushunchalar dark kashfiyotlaridir. Cheksizlik uchun bunday tushunchalar ham, holatlar ham yo‘q, faqat Cheksizlik mavjud, barcha narsalar ushbu Cheksizlikka monand va uning ichidadir. Antinomiyalar bilan fikrlaydigan kishi ziddiyatlar ichida yashashga majbur, u hayotni qarama-qarshiliklarsiz tasavvur etolmaydi. Cheksizlik intiladigan Yaxlitlik, Umumiylik u uchun mavhum tushunchalardir. Bunday kishi hech qachon hayotdan, borliqdan qoniqmaydi, u nafaqat o‘zining, shuningdek, boshqalarning ham boshiga kulfatlar keltiradi. Ongi toza, antinomiyalardan xoli kishi Mavjudlik bilan inoq, uyg‘un va murosada yashaydi, uning uchun har bir on - mutlaq yangilik, har bir narsa - mutlaq betakror, Cheksizlik betakrorlik va yangilik manbaidir. Dao esa Cheksiz tomon boriladigan mudom cheksiz yo‘ldir.

Daosizm huzurni, yutuqni, unvonni tan olmaydi, burchni, axloqni, tartiblarni zo‘rlab singdirishga qarshi. Daho shaxslarda ham shunday yondashishlar ko‘zga tashlanadi, ammo ular ushbu tamoyilni mutlaqlashtirmaydilar, goho ular huzur, hazzga, unvon va shon topishga beriladilar.

Daosizm uzoqqa mo‘ljallangan rejalar tuzishni, dunyoni, yon-atrofni o‘zgartirishni borliqdagi garmoniyani buzish deb biladi, u borliqni shundayligicha ko‘rish, shundayligicha asrash tarafdoridir. Daho shaxslar ko‘pincha dunyoni o‘zgartirish, yangi tartiblarni shakllantirish tarafdorlari bo‘lib chiqadilar, aynan shunday tashabbus, sa'y-harakatlar ularning faoliyatiga ijtimoiy mohiyat baxsh etadi.

Iste'dodsiz, iqtidorsiz ijodkorlik va daholik yo‘q, ammo hamma iste'dod, iqtidor egalari ham daho ijodkor bo‘lavermaydi. Iste'dod daholik tomon tashlangan ilk qadamdir, xolos. Jamiyat aslida iqtidorli kishilarning ko‘p bo‘lishini istaydi, unga daholar emas, iqtidorli kishilar kerak. Shuning uchun daholar jamiyat xohishiga zid tarzda paydo bo‘ladilar, ulardagi qaysarlik ham shundandir. Daholar azaldan noyob hodisa hisoblanadi, bundan keyin ham ular ko‘p bo‘lmaydi. Tarbiya bilan o‘rtamiyona iqtidor egalarini shakllantirish mumkin, lekin daholarni emas. Daholar o‘zini o‘zi shakllantiradilar. «Tarbiya vositasida ayiqni raqsga tushishga o‘rgatish mumkin, ammo daho kishini yetishtirish amrimaholdir» (Gelvetsiy). Haqiqatan ham, daho shaxslarda tarbiyaga, an'analarga, odatiy hayot tarziga bo‘ysinmaydigan qandaydir o‘jar kuch mavjud.

Yuksak iqtidor va iste'dod egasi, daho shaxslar mavjudlikdan qoniqmaydi, uni rad etadi va tubdan o‘zgartirish tashabbuskorlari, nazariyotchilari bo‘lib chiqadilar. Kishilar an'anaviy fikrlash va hayot tarziga moyil bo‘lganlari uchun ushbu tashabbuslarga, nazariyalarga qarshi turadilar; bu daholar bilan jamiyat o‘rtasida ziddiyatlarni keltirib chiqaradi. Shuning uchun muhtojlikda, quvg‘inda va ahad yashash daholarning qismati bo‘lib kelgan.

Daho ijodkorlar afsonalarni sevadilar va o‘zlari ham afsonalar to‘qiydilar. Afsonalarda g‘ayrihayotiylik mavjud, daholar hayotdan, reallikdan o‘zish uchun (to‘g‘rirog‘i, ibtidoiy tasavvurlarni tiklash uchun) afsonalarni sevimli mavzulariga aylantiradilar. Yu.Meyer «Iqtidorli kishining fantaziyasi mavjud narsalarni o‘zidek tasvirlaydi, daho shaxsning fantaziyasi mutlaq yangi narsa, afsona yaratadi» deganida haq edi.

Daho shaxslarda o‘zining bilimiga, kuchiga, boshqalardan dovyurakligiga, muvaffaqiyat qozonishiga ishonish, jangovarlik tuyg‘usi yuqori bo‘ladi. Ushbu xislatlar Yuliy Sezar, Kir, Aleksandr Makedonskiy, Chingizxonda tojparastlik, shuhratparastlik va dunyoga yakka hukmronlik qilish, Napoleon va Stalinda nekrofillik bilan chatishib keladi, shu bois ular kurashishni, yovlar bilan olishib yashashni hayot tarziga aylantirganlar. Ular kimlarningdir ustidan g‘olib kelayotganidan zavq olganlar, hatto hamrohlarini, yaqin kishilarini qurbon berish ham ularni iztirobga, g‘amga solmagan. Agar bunday shaxslar insonparvar, xalqparvar bo‘lsa, ular bor bilimini va kuchini kishilarni zulmdan, adolatsizlikdan xalos qilishga sarflaydilar. Masalan, Mxatma Gandi shunday shaxsdir.

Qadimgi Hindiston mutafakkirlarining kuch ishlatmaslik g‘oyalariga tayangan M.Gandi hind xalqini Buyuk Britaniya mustamlakachiligiga qarshi ko‘taradi. Zo‘ravonlik, intiqom yashash tarziga aylangan XX asrda kuch ishlatmasdan mustamlakachilardan xalos bo‘lish g‘oyasi bilan chiqish g‘ayrihayotiy hodisa edi. Bundan tashqari M.Gandi G‘arbning industrial taraqqiyot modelini rad etdi va Hindistonning kelajagini «qishloq sotsializmi»da ko‘rdi. Uning fikricha, aholisi ko‘p bo‘lmagan qishloqlarda o‘zini o‘zi boshqarish institutlarini shakllantirish orqali farovon yashashni ta'minlash, qoloqlikni, savodsizlikni tugatish oson. Bu Platon va Aristotelning aholisi ko‘p bo‘l­magan joylardagina demokratiya o‘rnatish mumkin degan qarashlariga hamohang yondashuv. Yirik industrial shaharlar nafaqat boshqarish ishlarini murakkablashtiradi, shu bilan birga ekologik, demografik, etnik muammolarni keltirib chiqaradi, ularda turli illatlarning, jinoyatchilik va buzg‘unchi qarashlarning paydo bo‘lishiga zamin mavjud.

Daholikni ko‘pincha badiiy yoki ilmiy ijod bilan bog‘lashadi. Aynan ushbu sohalarda dark-aqlu idrokni, inson imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan buyuk kashfiyotlar qilingan. S.Lombrozoning ko‘rsatishicha, badiiy yoki ilmiy ijod bilan shug‘ullanishga intilish telbalar orasida keng tar­qalgan. Shuni nazarda tutib, u «telbaxona - iste'dodlar vatani» deb yozadi. Telbalar orasida yuz, hatto ikki yuzlab asar yozganlar topiladi. O‘z paytida Aristotel sirakuzlik Markning vasvasaga berilganida yaxshigina she'r­lar yozishini, odatdagi holida, ushbu qobiliyatini mutlaq yo‘qotib qo‘yishini qayd etgan. U, mashhur shoirlar, siyosatchilar va musavvirlar dilgir, savdoyi yoki odamovi bo‘ladi, bunday sifatlar Suqrot, Empedokl, Platonda mavjud, deb yozadi. Platonning fikriga ko‘ra, «Alahsirash aslo xastalik emas, balki, aksincha, xudolar kishilarga in'om etgan eng yuksak ne'matdir». Donishvarning yevgenika (nasldor hayvonlarni yetishtirish usuli)ni hukm­dorlar yetishtirishga tatbiq etish haqidagi tavsiyasi telbalikdan boshqa narsa emas. Demokrit sog‘lom aql egasi haqiqiy shoir bo‘lolmaydi, Paskal va Shelling daholik bilan telbalik yonma-yon yuradi deb hisoblaganlar. XX asr tasviriy san'atiga jiddiy ta'sir ko‘rsatgan, yirik syurrealist Salvador Dali o‘zini oshkora «telba» va «daho» deb atagan. Demak, badiiy va ilmiy ijodda daholik bilan telbalikning uyg‘un keladigan qirralari ko‘p.

Daholar ta'sirchan bo‘ladilar, tabiatdagi o‘zgarishlar, shamol, sovuq, issiq, Quyosh va Oy harakatlari, dengiz havosi, qoyalarning mahobati, maysalarning bo‘y ko‘rsatishi, tundagi osudalik, xullas, butun borliq daho ijodkorlarni junbushga keltiradi, ularni qo‘liga qalam olishga undaydi. «Men sog‘ va ochiq kunlari o‘zimni durust sezaman, - deb yozadi M.Monten. - «Tajribalar»imdagi e'tiborli fikrlarni ana shu kunlari yozganman». D.Didro kuchli shamoldan, Bayron va Geyne sovuqdan qo‘rqishgan, F.Nisshe yumshoq iqlim, ochiq havo izlab, tinmay bir shahardan ikkinchi shaharga ko‘chib yashagan. Buyuk shoirlarning eng nafis va ulug‘vor she'rlari ham tabiat haqidadir.

Sevaman-u, ammo - bilmayman nechun?
Jimjit hamda mudroq dalalarini,
Mavj urib turuvchi keng o‘rmonlarin,
Va sho‘x daryolarin, bari-barini...
Qishloqlar yo‘lida yurmoqlik maza!
Chopsam aravada deyman, tun chog‘i:
Hasrat-la qo‘nimgoh izlagan lahza
Duch kelsa kulbalar, xira chirog‘i.
Sevaman yoqilgan ang‘izlar dudin,
Cho‘lda yo‘lga chiqqan karvonni - tunni,
Sevaman adirda yetilgan ekin
Ichida oqargan qo‘sha qayinni.
(M.Lermontov)

Ayniqsa, bahor faslini, ko‘m-ko‘k dalalarni, tabiat bor kuchini sarflab gullab-yashnatgan yon-atrofni kuylash deyarli barcha ijodkorlarga xosdir. Shuning uchun ham «O‘simliklarga foydali ta'sir etuvchi issiq kunlar, - deb yozadi Lombrozo, - ba'zi istisnolarsiz, telbalarda kuchli hayajon uyg‘otgani kabi, daholarning sermahsul ishlashiga ham ta'sir etadi». Uning hisob-kitoblariga ko‘ra, buyuk asarlar va kashfiyotlarning yaratilishi jazirama issiq kunlariga, oylariga to‘g‘ri keladi. Mazkur fikr bilan bahslashish, hatto uni rad etish mumkin. Masalan, issiq o‘lkalarda yashash uchun zarur ne'matlar tabiatda yetarlicha topiladi, ozgina mehnat bilan oziq-ovqat muammosi hal etiladi. Bunday sharoitda buyuk kashfiyotlarga ehtiyoj sezilmaydi, unda ruhiy-spiritualistik va xayoliy-falsafiy mushohadalarga moyillik ko‘proq uchraydi. Sovuq o‘lkalarda esa kishi tirik qolishi uchun tabiat bilan kurashishga, uni o‘ziga itoat ettiruvchi vositalarni, qurollarni yaratishga, ixtiro etishga majbur.

Daholikni irqiy, irsiy omillar bilan bog‘lash odati qadimdan mavjud.  Tad­qiqotchilar ushbu mavzuni o‘rganishga jur'at etolmayaptilar shekilli. To‘g‘ri, frantsuz sotsiologi va elshunosi G.Lebon xalqlarni ibtidoiy irq, quyi, o‘rta va oliy irqlarga bo‘lib, faqat oliy irqqa mansub hindoevropaliklar buyuk kashfiyotlarga qodir, «Sivilizatsiyaning shu darajaga yetib kelgani ular tufaylidir», degan fikrni ilgari suradi. "Agar, - deb o‘z fikrini davom ettiradi u, - oliy irqqa mansub hindlar san'at, adabiyot va falsafada yuqori darajaga ko‘tarilgan bo‘lsa, mongollar, xitoyliklar va somiylar ushbu darajaga hech qachon ko‘tarilmagan». Ming vahki, G.Lebon Xitoy tarixi va madaniyatidan yaxshi xabardor bo‘lmaganga o‘xshaydi, aks holda u konfutsiylik buddaviylikdan, daosizm braxmanizmdan, Qadimgi Xitoy adabiyoti, san'ati, arxitekturasi Qadimgi Hindiston adabiyoti, san'ati va arxitekturasidan aslo qolishmasligini ko‘rgan bo‘lardi. Ammo Sharqda yetishib chiqqan daho shaxslarning hayoti va ijodi yetarli o‘rganilmaganini, bu borada psixologik tadqiqotlar umuman yo‘qligini, chop etilgan asarlar esa sanoxonlikdan iboratligi uchun biror yangilik berolmasligini tan olish darkor. Vaholanki, La-tszi, Konfutsiy, Xan Fey, Budda, Nagarjuna, Mxatma Gandi, Shri Aurobindo, Ibn Sino, Beruniy, Rumiy, Navoiy, Abay kabi donishmandlarning hayoti va ijodini o‘rganish muammoga ko‘p oydinlik kiritgan bo‘lardi. Shuning uchun Lombrozoning yahudiylardan ko‘p daho shaxslar chiqqani, «irsiyat ularga behad katta ta'sir ko‘rsatgani» haqidagi xulosalari e'tirozlar uyg‘otadi. Shuningdek, uning 100 hodisadan 85, hatto 88 tasida irsiyat hal qiluvchi omil hisoblanadi, degan fikrlari ham shub­halidir. Ha, ayrim bir avlodlar (Motsart, Bax, Veronezi, Karachchi, Titsian, Darvin, Eyler, Guk, Dyuma va b.)da iste'dod nasldan nasl­ga o‘tgani kuzatiladi, lekin ular istisnodir.

Daholik ilohiy ne'mat degan fikr yuradi. Alhaqki, ijod, izlanish kimlar uchun cheksiz zavqu shavq, huzur manbaidir, ular zarur ohangni, rangni, misrani osongina topishadi. Ular uchun ijod, izlanish aql, xayol o‘yinlaridir; ular hayotni ham o‘yin deb atashdan qaytmaydilar. Bunday kishilar muvaffaqiyatsizlikdan fojia yaratmaydilar, har qanday muammoni hazil yoki optimizm bilan hal etadilar. Ular rad etilgan sevgisi, barbod bo‘lgan oilasi haqida izo chekmaydilar, osongina boshqa ayolni sevib yoki boshqa oila qurib yashayveradilar. Ammo hayotda bunday daho ijodkorlar nihoyatda kam uchraydi.

Ikkinchi toifadagi daholar uchun izlanish, ijod mashaqqat, azob-uqubatdir. Ular iste'dodning osongina dohiyona asar yaratishiga ishonmaydilar.

Daholar odatda izzattalab va shuhratga o‘ch shaxslardir. Asarlarida kamtarlikni, xokisorlikni kuylaganlari ular fazilatlarining ifodasi bo‘lavermaydi. Goho u yoki bu ijodkor shaxsi haqida uning asarlaridagi g‘oyalariga qarab xulosa chiqarishadi, daho ijodkorlarning o‘ta niqorli, ziddiyatli shaxslar ekani unutiladi. Izzattalablik, shuhrat izlash qoralanadigan fazilatlar emas, ular barcha odamga xos istakdir. Taqdirlanish, shuhrat topish istagi, ayniqsa, ijodkorlarda kuchli rivojlangan. «Odam hayvonlar ichida eng shuhratparastidir, - deb yozgan edi G.Geyne, - shoirlar esa odamlar ichida eng shuhratparastidir». Aynan ushbu istak daholarni zamondoshlarining befarqligiga, haqoratlariga, quvg‘inlariga chidashga, oromidan, hazz-huzurdan, martabalardan kechib boshqalarga bema'nilik bo‘lib ko‘ringan narsalarni izlashga, yaratishga undaydi. Oddiy kishilarga bema'ni ko‘ringan narsalar ijodkor shaxslar uchun shon-shuhrat manbai hisoblanadi; birinchisi oilasi, do‘stlari davrasida xushnud yashashni o‘ylaydi, ikkinchisi oromidan kechib, yarim och, yarim yalang‘och allanimalardandir yuksak ma'no-mag‘z qidiradi; birinchisiga daholar savdoyi, havoyi, ikkinchisiga oddiy kishilar g‘afil, qusurli ko‘rinadi.

Yuksak qobiliyat, noyob iqtidor ijodkorni ko‘pincha viqorli, ziddiyatli shaxsga aylantiradi. Uning yon-atrofdan, mavjud tartiblardan qoniqmasligi,  noan'anaviy fikrlarni ilgari surishi turli ziddiyatlar keltirib chiqaradi. Natijada, agar ijodkor o‘zini zabun, ojiz sezsa, o‘zini yon-atrofdan olib qochadi, kishilarga, hatto aqrabolariga ham shubha bilan qaraydi, hatto u odamzotni, insoniyat yaratgan boyliklarni rad etish darajasiga boradi. Masalan, Shopengauer qo‘lyozmalarini kitob holida chop ettirishga tayyorlagan bo‘lsa-da, ularni oila a'zolaridan berkitib yurgan. O‘zi falsafa bilan shug‘ullangan va o‘zini faylasuf deb atashlarini yoqtirgan, ammo falsafa professorlarini jinidan battar yomon ko‘rgan. Fr.Nisshe o‘zi shakllangan va mahsuli bo‘lgan ikki ming yillik G‘arb, ayniqsa, xristianlik madaniyati, dini, axloqiga qarshi jang e'lon qiladi, yangi axloq, madaniyat va Alpodam («Sverxchelovek») yaratishni orzu qiladi. R.Dekart, F.Bekon, D.Yum o‘zidan oldingi faylasuflarga qarshi chiqdilar va ular merosiga shubha bilan qaradilar.

Ibn Sino va Beruniyning ham ziddiyatli shaxslar bo‘lgani ma'lum. Ibn Sino tibbiyotga oid buyuk kashfiyotlar qilgan bo‘lsa-da, umrining ikkinchi yarmini o‘z kashfiyotlariga qarama-qarshi hayot tarzini kechirdi: mayxo‘rlikka ruju qo‘ydi. Beruniy o‘z qarashlari uchun quvg‘inda yashadi. L.N.Tolstoy oilaviy hayotga, farzandlar tarbiyasiga oid didaktik asarlar, darsliklar yozdi, biroq umrining oxirida aqrabolaridan bezib, ulardan qochadi. Hayratli hol shundaki, dohiyona fikrlariga muvofiq har qanday nizoni, to‘qnashuvni tinch, «sen-men»­siz hal etishlari mumkin bo‘lgan ijodkorlar arzimagan sababni chuqurlashtiradilar. Ularning qalbi, ruhi mutlaq hurlik istaydi, ming afsuski, jamiyatda mutlaq hur yashash mumkinmi?

Daho ijodkorlar dabdabalarni, o‘zini ko‘z-ko‘z qilib yig‘inlar to‘rida o‘tirishni, unvon va nishon tilab saroyga egilishni yoqtirmaydilar. Ular uchun yuksak mukofot - ijod; ijod daqiqalaridan ham serzavq, sermag‘z narsa yo‘q. Erkin ruhning turmush tashvishlaridan, fisqu fujurlardan, aldoqchi sharaflashlardan xoli parvozi u topgan yuksak unvon, mukofotdir. Ular hech bir davrani, hech bir olqishni ushbu daqiqalarga almashtirmaydilar, u daqiqalardan mahrum qolganlarida o‘zini baxtsiz sezadilar; ular qalbidagi tug‘yon va isyon ham ushbu vajdandir.

Daholik noyoblikda, betakrorlikdadir. O‘rtamiyona iqtidor egalari bir-birlariga o‘xshaydilar, bir-birlariga monand hayot kechiradilar. Ular an'analarga qarshi chiqmaydilar, jamiyat bilan murosada yashaydilar; ularning ideallari ham aynandir. Daho ijodkorlar fikrlashda ham, yashashda ham, ideallar izlashda ham betakrordirlar. Agar noyob iqtidor egasi siyosiy muhitni, borliqni o‘zgartirmoqchi bo‘lsa uni fidoyilik, ulug‘ bir maqsadga o‘zini bag‘ishlash, kishilarni birlashtirish o‘yi chulg‘ab oladi, u xaloskorlik rejalarini ishlab chiqadi, hatto yangi e'tiqod, din yaratishdan ham qaytmaydi. U ichki bir tuyg‘u bilan sezadiki, aynan o‘zi kishilarni g‘ofillik botqog‘idan olib chiqishi, ularning ongini, hayotini o‘zgartirishi mumkin; agar berilgan imkoniyatdan foydalanmasa, bor kuchi va aqlini ishga solmasa, kelajak uni kechirmaydi. O‘z maqsadiga erishishda u dag‘allik, qattiqqo‘llik, hatto ayrim kishilarga nisbatan johillik qilishdan qaytmaydi, chunki u odamning bir yelkasida ezgulik, ikkinchi yelkasida yovuzlik farishtasi o‘tirishini biladi. Xalqlar tarixidagi birorta ham yirik o‘zgarishlar aziyatlarsiz, kurash va qurbonlarsiz bo‘lmagan.

Noyob, xususiyatlari bilan daho shaxs­lar yonidagilardan ajralib turadilar. Kir va Aleksandr Makedonskiy o‘z askarlarini nomma-nom bilishgan, keyingisi esa 30 mingdan ziyod askarlarining otini, ot tuyoqlarining izlarini ham ajratolgan. Seneka ikki ming so‘zdan iborat matnni bir o‘qiganida yodlab qolish qobiliyatiga ega edi. Buyuk matematik Leopard Eyler yuzgacha bo‘lgan sonlarning oltidan bir darajalarini, akademik A.F.Ioffe logariflar jadvalini yoddan aytib berolgan. Tarixda yuz, ikki yuz, hatto uch yuzga yaqin tillarni bilgan shaxslar uchraydi. Demak, mutlaq qobiliyatsiz kishi yo‘q, ammo hamma ham dark-aqlu idrok beqiyos imkoniyatlarga ega ekanini bilavermaydi. Bu o‘rinda muhit emas, shaxsning o‘zi ayb­dor. Misollar ko‘rsatadiki, muhitning befarqligi, hatto qarshiligi qobiliyat egasini o‘z ustida yanada ko‘proq ishlashga undaydi, uni chiniqtiradi va iste'dodini sayqallashtiradi.

Muhitning ta'sirini mutlaq rad etish noto‘g‘ri, albatta. Goho muhit oddiy qobiliyatni buyuk iste'dod, daholik deb ko‘kka ko‘taradi. Shaxsga sig‘inishlarning barchasi shunday yaratilgan. Goho muhit daho shaxslarni kamsitadi, ularning xizmatlarini xolisona baholamaydi. XVII asr Shekspirni daho ijodkor sifatida ulug‘lagan, XIX asr uni mensimadi, XX asr qaytadan daholar qatoriga kiritdi. Sovet mafkurachilari N.Berdyaev, Fr.Nisshe, Z.Freyd, J.P.Sartr, A.Kamyu va K.Popper falsafasini inkor qildi, Yevropa esa ularni yuksak iste'dod egalari sifatida sharafladi. Xullas, daholik ma'lum bir davrda, muhitda rad qilinishi mumkin, ammo u o‘tkinchi holdir. «Zarning qadrini zargar bilar» deb xalq behuda aytmaydi; eng muhimi, «zar» yaratilsa, uni munosib baholovchi «zargarlar» topiladi.

Daholar hayotdan o‘zib yashaydilar. Bugunning talabi ular uchun o‘tkinchi, bema'ni. Ular o‘z burchini kelajakni yaratib yashashda deb biladilar. Ularning fikrlari, g‘oyalari bugun talablari doirasidan keng. Shuning uchun ular ko‘pincha o‘zining suratiga, oila tashvishlariga,       fisqu fujur gaplarga befarqdirlar. Parishonxotirlik ularning hamrohidir. Masalan, Nyuton shunchalik parishonxotir bo‘lganki, tashqariga nima uchun chiqqanini bilmay yana orqasiga qaytadi. Eynshteyn oddiy ko‘paytirishlarni ham bilmas, Tyusherel esa o‘z ismini ham unutib qo‘yar ekan. Arximedning yalang‘och holda «Evrika» deb ko‘chaga otilgani, Gey-Lyussak va Devi kashfiyotlaridan shod bo‘lib go‘daklardek raqsga tushganlari, tildan qolgan Linneyning sevikli gerbariysi oldiga olib borishganida so‘zlab yuborgani kabi hayratli misollarni yana keltirish mumkin. Ular daho shaxslarda o‘z sohasiga, mavzusiga, ijodga instinktiv berilish kuchli rivoj topganini ko‘rsatadi. «Barcha buyuk asarlar, - deb yozadi Volter, - instinktiv yaratilgan. Butun dunyo faylasuflari yig‘ilganida ham Lofontenning og‘zaki to‘qigan «Hayvonlar ummoni» masalini yozolmasdi».

Daho ijodkorlar oila va ijod bir-biriga nomunosib, hatto yov narsalar ekanini ham instinktiv sezadilar. Ularning ayol, sevgi, visol, vafo haqidagi fikrlari va da'volarida havoyilik ko‘p. Real hayotda ular bevafo, berahm, ser­qahr kishilar bo‘lishi mumkin. «Ijodkor faqat stol ustida farishta» (B.Shou). Aslida daho ijodkorlar «stol ustida», ya'ni ijodiy zo‘riqish onlarida borliqni unutadilar, shu onda xalaqit berganlarni esa kechirmaydilar!

Shu sababli ular ahbobu aqrabolariga qo‘rslik, berahmlik qiladilar, xayolidagi ayolni ulug‘lagani, kuylagani holda qo‘ynidagi xotinidan sangdillik bilan voz kechishi mumkin; ular xotini qo‘ynida o‘lishdan ko‘ra qo‘lida qalam bilan o‘lishni afzal ko‘radilar. Muza daho ijodkorlarning yagona sirdoshidir, shuning uchun ular baxtni hayotdan emas, xayoldan qidiradilar. Xayoldagi baxt esa faqat xayol egasinigina xushnud etadi.

Daholik qanchalik noyob va ulug‘ narsa bo‘lmasin hech kim uni izlamaydi va unga yetish uchun yashamaydi. Kelgusi avlodlarni hayratga soladigan durdonalar yaratganni daholikning o‘zi izlab topadi.

Viktor Alimasov,
falsafa fanlari doktori
"Hurriyat" gazetasidan olindi.

 
« Oldingi   Keyingi »

Kitob qidirish
Qidirish: 
Sarlavhasidan qidirish: 
Nomidan qidirish: 
Statistika
A'zolar : 1
Yangiliklar : 8817
Veb linklar : 44
Tashrif buyurganlar : 87072710

Yandex