Saytimizning yangi versiyasi n.ziyouz.com sahifasida. Barcha yangi maqolalar va kitoblarni n.ziyouz.com dan olishingiz mumkin.
Ziyo istagan qalblar uchun - Shukrullo (1921-yili tug'ilgan)

26.04.2019 y.
Asosiy
Bosh sahifa
Siyosat
Fan va ilm
Sara maqolalar
Ozbek matbuoti
Durdona toplamlar
Ma`naviyat
Islom
Hikmatlar
Tarix
Oila va jamiyat
Ozbek maqollari
Jahon maqollari
Ibratli hikoyatlar
Tafakkur gulshani
100 faylasuf hikmati
Suhbatlar
Adabiyot
Ozbek ziyolilari
Kutubxona
O'zbek she'riyati
Jahon she'riyati
Ozbek nasri antologiyasi
Jahon nasri antologiyasi
Barcha kitoblar
Madaniyat
San'at
Kino olami
Sport
Dam olish
Ajoyibotlar
Reytinglar
Kross-shou
Hajviyalar
Topishmoqlar
Ozbek xalq ertaklari
Tahririyat
Muallif haqida
Sayt haqida
Qidirish
Foydali sahifalar
Yangi versiya
Arxiv
Xizmatlar
Tabriknoma/E-cards
Fotogalereya
Fayllar/Downloads
Forum
Mehmonxona
 


Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko`rsatilishi shart.
 
Hayot muqaddimasida insonga ozginagina baxt nasib qiladigan bo‘lsa, qanchalar uzoq yashamagin, ana shu bir necha soatlik shodlikdan bo‘lak quvonchni hech qachon topmagaysan. Bu soatlarda oxirigacha huzur qil. Birinchi buloq oxirgisi hamdir. Tashnaligingni bir umrga qondirib ol: undan yana suv ichish nasib etmaydi.
Jon Milton
 
 

Shukrullo (1921-yili tug'ilgan) Chop etish uchun E-mailga yuborish

 Shukrullo (Yusupov) 1921 yil 2 sentyabda Toshkent shahrining Shayxontohur dahasida tug‘ilgan. O’zbekiston xalq shoiri (1981). O’zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi (1977). Pedagogika bilim yurti (1935— 38) va Nizomiy nomidagi Toshkent pedagogika institutini tugatgan (1944). Ilk she’rlar to‘plami — «Birinchi daftar» (1949). «Qalb qo‘shiqlari» (1949), «Hayot ilhomlari» (1959), «Umrim boricha» (1960), «Inson va yaxshilik» (1961), «Zarralar» (1973), «Suyanchiq» (1977), «Yashagim keladi» (1978), «Sening baxting» (1988), «To‘qilgan dardlarim» (2001), «Shafaq» (2007) va boshqa she’riy asarlar muallifi. Ko‘plab dostonlar («Asr bahsi», 1985), bolalarga atalgan she’r va ertaklar («Yulduzlar, 1964) hamda she’riy dramalar («Hasrat bog‘i», 2004) yozgan. «Javohirlar sandig‘i» (1983) essesi, katag‘on davri dahshatlari haqidagi «Kafansiz ko‘milganlar» (1989) avtobiografik qissasi, «Tirik ruxlar» (1999) roman-xronikasi ham bor. Alisher Navoiy nomidagi O’zbekiston Respublikasi Davlat mukofoti laureati (1994). «Do‘stlik» (1994) va «El-yurt hurmati» (1999) ordenlari bilan mukofotlangan.


BAHOR KECHASI

Quyosh botib ketdi.
Bir tutam nuri
Varrak dumlariga ilashib qoldi.
Onasi yetaklab ketgan boladek,
Chumchuklar churq-churqlab tark etdi tolni.
Hovlim o‘rtasida do‘ndiq qiz kabi
Pushti ko‘ylak kiyib turar shaftoli.
Gilos oq shoxi to‘n kiygan kuyovmi,
Egilib kelinga pichirlardi u.
To‘yni ko‘rish uchun tom tepasiga
Shoshib chiqib olgan qizlar kabi oy –
O’rikka tirmashib, yongoqqa o‘tib,
Terak tepasida ko‘rsatdi chiroy.
Faqat uyidamas, har xonadonda,
Bugun Vatanimda navro‘zi olam.
Hovuzcha - kosaga bahor sharobin
Shildiratib quyar ariqchalar ham.
Ana, yulduz sanab bo‘got labida
Qo‘shnim mushugi ham kutadi yorin.
Jonivoru parranda... borida sevgi!
Qanday odam sevmas umr bahorin!
Qalblarni bir umr tark etmas, sevgi!

OQSHOM

Kecha oqshom kutdim, kelmading,
Zulmat ichra qoldim bir o‘zim.
Umrim bo‘yi bu zulmatga teng
Bir zulmatni ko‘rmagan ko‘zim.

Erkam, bugun kelding oqshomda,
Hali ko‘kka ko‘tarilmay oy.
Bilmagandim yorug‘ olamda
Borligini shuncha nur, chiroy.

GO’DAK

Oybekka


Seni go‘dak sanashsa agar,
Yo‘q, ulardan, do‘stim, ranjima!
Sen uchun bu juda mo‘‘tabar,
Ma’nosini qilsang tarjima.

Go‘dak quvmas shuhrat ketidan,
Ta’ma bilan bermaydi salom.
Makr izi bo‘lmas betida
Va yasama qilmas ehtirom.

Gina bilmas, sodda, beg‘ubor
Fe’ling uchun sanashsa go‘dak.
Bu juda soz, nopok qalb bilan
Ulg‘aymoqlik ne uchun kerak!

Umr bo‘yi go‘dak pokligi
Nasib bo‘lsa har kimga agar,
Gultoj bormi shundan ortiqroq,
Ehson bormi, bundan mo‘‘tabar!

ILHOM

Yolvoraman, ilhom parisi,
O’z erkimga holi qo‘y bir dam.
Bola-chaqa, to‘ylar orzusin
Boshqalardek o‘ylayin men ham.

Shafqat etgil, tunda uyg‘otma,
Bir kecha ber uyqumga orom.
Sevgi bo‘lib bag‘rimga botma,
Sehring bilan meni qilma rom.

Boshqalardek gullarning atrin
Totib bo‘lay bog‘im ichra mast.
Sen o‘shanda dehqon mehnatin
Solmay turgin yodimga birpas.

Menga ham baxt boqqanda kulib,
Totmasimdan gashtin bir yo‘la,
Kimlarningdir dardin eslatib,
Yuragimga solma g‘ulg‘ula.

O’z baxtimdan o‘zim quvonib,
O’z g‘amimni chekayin o‘zim.
Dunyo dardin yodimdan quvib,
Bir dam bergil qalbimga to‘zim.

Ilhom shafqat etdimi menga
Yo qahrimi, bilmadim biroq.
Endi dunyo tashvishlariga
Necha kunki, befarqman mutloq.

Nohaqliqdan endi yo‘q kuymoq,
Ilhom zavqi bezovta qilmas.
Gulga boqsam, bosadi mudroq,
Qalbim darddan tug‘yonga kelmas.

Endi ilhom, kim bo‘ldim, aytgil?!
Yolvoraman, aytib, qil izhor!
Yolvoraman, yonimga qaytgil,
Xalq dardidan ayirma zinhor!

KUZ

Kunduz. Osmon yuzin burkadi bulut,
Go‘yo chiroq yongach, tushirildi parda.
Ko‘cha tuprogidan ko‘tarar quyun,
Shamol tabiatga qilgandek zarda.

Terak uchlariga qo‘nmoqchi bo‘lib,
Osmonu falakda qushlar chiyillar.
Yo‘lidan chalg‘itib, shoxlarni silkib,
Oltin yaproqlarin to‘zg‘itar yellar.

Yomg‘ir shivaladi, bir to‘p bolalar,
«Uy-uyiga», deya tarqalib ketdi.
Tolzorlarni kezgan ko‘m-ko‘k anhorning
Yomg‘ir qamchisidan qabardi beti.

Ko‘priklarga boqib kutgan do‘stlarim
Shunda yetib keldi ko‘p qilmay mushtoq.
Samovar navosi, tarnov sharrosi,
Ulfatlar bazmiga aytilgan mashshoq.

TO’KMA KO’Z YOSHINGNI

To‘kma ko‘z yoshingni, yig‘lama, go‘zal!
Majnuntol singari yoyma sochingni.
Mening gunohimni kechirgil bir gal,
Bir dam qoyaga boq, ko‘tar boshingni.

Tomchi tomib turar qoyadan chak-chak,
Bir tomchi toshlarga solibdi ajin.
Axir tosh emas-ku mendagi yurak...
Ko‘z yoshingni to‘kma, menga ham achin.

TUN ILA TONG

Quyosh botib borar, qizarib botar,
Oltin koptok kabi ketdi dumalab.
Quyosh botadimi yoki tong otar,
Beparvo bolalar o‘ynar quvalab.

Beparvo yoshligim, qaytib kelsang-chi,
Tunning azobidan meni qutqarib!
Bahor shamolidek tongda yelsang-chi,
Tongga intiqlikni boshdan ko‘tarib.

Qani bolaligim, bedardliklarim,
Erta tong otardik begardliklarim!

KEKSALIK

Daraxt tepa shoxdan, odam oyoqdan
Qariydi, deydilar, bu ham bir hikmat.
Bunday o‘ylab ko‘rsam, butun narsani
Hisobli yaratgan doim tabiat.

Yaxshiki, odamning kuch-quvvatini
Belu oyog‘idan avval oladi.
Bo‘lmasa, bu oyoq keksayganingda
Seni qay ko‘chaga sudrab qolardi.

MUHABBAT

Kechib ketging kelar goho dunyodan...
Nohaq boshlaringga yog‘sa malomat.
Nogoh lol qilganda bulbulning kuyi,
Yaxshi, dunyoda bor deysan, muhabbat.
 
Ishqning kushandasi rashkning otashi
Yurakni o‘rtaydi goho beshafqat,
O‘lging ham, uzging ham kelmaydi ko‘ngil,
Yaxshi, dunyoda bor deysan, muhabbat.

Maftun qilsa ba’zan kapalak raqsi,
Qilging kelib qolar quvonchdan parvoz.
Beixtiyor ko‘zgu yoniga borib,
Berib ham qolasan o‘zingga pardoz.
O‘zingni o‘zingga tanitar faqat,
Muhabbat! Muhabbat, muhabbat!
 
*  *  *

Faqirona sevgi. Kimgadir kulgi,
Ammo kimlarga bu ilohiy orzu!
Ayriliq hukmidan xalos qil meni,
Boqiy sevgi bergin, pokiza sevgi.
Bulutlar ichiga burkansa yulduz,
Oltin qafas ichra qolsa muhabbat...
Kichkina hovliga ekilgan rayhon,
Belbog‘lik yor bo‘lsa, shu ham menga baxt.
Tongda sevinch bilan boqay quyoshga!
Oydin kechalarim kechmasin yolg‘iz.
Qanday baxt, qanday baxt bizni har oqshom
Namozshomgul tutib qutlasa yulduz.
Menga mashrabona sevgi ato qil,
Ajralmas mehr ber, umrlik vafo!
Kunduz quyosh, oqshom namozshomguldek
Quvonch chehramizdan ketmasin aslo!
Peshonamga boylik yozmadi taqdir,
Aslo mahrum etma mehrdan, Xudo!
Do‘stga xor, dushmanga zor qilma zinhor,
O‘zing halol rizq ber, qanoat ato!..
 
*  *  *

Oltmish yil sevgiga ta’rif izladim,
Izladim, bir mezon topmadim aslo.
Balki, ikki dilning qovushmog‘idir,
Ikki dilda o‘chmas tug‘ilgan vafo?!
Ayriliq, rashk, riyo sevgining yo‘li,
Men faqat vafoni bildim muqaddas.
Mening qo‘shiqlarim bitta oshiqni
Vafo saroyiga boshlay olsa, bas!
 
VARRAKLAR

Xursand uyg‘onardim bahor chog‘lari,
Tongdan bo‘lar edi ko‘zim osmonda.
Shamol silkitganda terak shoxlarin,
Quvonchimning cheki bo‘lmasdi manda.
Yangi kelin kabi tomda chuchmoma,
Yal-yal yonar edi lolaqizg‘aldoq.
Lojuvard dengizdek bepoyon samo,
U ne bahor edi! U ne go‘zal chog‘!
Varraklar kuylardi shamolda jo‘shib,
Men tomda tinglardim chalqancha tushib.
 
XAYOL
(hazil)

Qo‘lga qalam olib, she’r yozganim on
Xayolimda olam bo‘lar charog‘on.
Hayot ko‘zlarimga ko‘rinar jannat,
Na biror armon bor, na-da mashaqqat.
Hamma baxtiyor-u hayot farovon,
Nomimga qo‘yilgan emish xiyobon.
Haykalim poyiga qo‘yilgan gullar —
Mening ijodimga tahsinmish ular.
Hamisha kuyladim yorqin kunlarni,
Ko‘ngil ovlash uchun zo‘r yakunlarni.
Ertadan doimo bo‘lib umidvor,
Kelajakni ko‘rar har bir ijodkor.
Shon-shuhrat lazzati sarxush etgan gal
Inson uchun yo‘qdir xayoldan afzal.
 
QO‘SHA QARIMOQQA YO‘l-YO‘RIQ
(hazil)

Qo‘sha qarib ko‘rdik sakson yil umr,
Nelarni ko‘rmadi bu bosh qurmagur.
Gohida urishdik, yana yarashdik,
Arzimagan gapga bir kun talashdik.
Sevib uylandim-u darrov tug‘madi,
Boshqaga uylan, deb ko‘plar qo‘ymadi.
Bordi-yu uylansam boshqaga, axir,
U ham tug‘maydigan chiqsa-chi, taqdir.
Sevgi nimaligin bildim o‘shanda,
Sabrsizlik ekan unga kushanda.
Yillar o‘tdi, o‘nta farzand ham ko‘rdik,
Goho och, gohida badavlat bo‘ldik.
Yoshlar so‘rashadi, nima deb vafo?
Javobga o‘ylanib qolaman goho.
Axir uylanganda aqling bor edi,
Yetti o‘lcha, degan naql bor edi.
Yoring kimligini ko‘rganda ko‘zing!
Sevgim abadiy, deb aytganding o‘zing!
Endi chiqqan bo‘lsa o‘rtada janjal,
Er-xotindan boshqa qilolmaydi hal.
Bunga ko‘rsatolmas hech kim yo‘l-yo‘riq,
Qo‘sha qarimoqdan boshqa chora yo‘q.

 
« Oldingi   Keyingi »

Kitob qidirish
Qidirish: 
Sarlavhasidan qidirish: 
Nomidan qidirish: 
Statistika
A'zolar : 1
Yangiliklar : 8817
Veb linklar : 44
Tashrif buyurganlar : 78427599

Yandex