OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Formula-1: Mixael Shumaxer hamon birinchi!

Ayrton Sennaning fojeali vafotidan so‘ng olam ahli birinchi raqamli avtopoygachi deb tan olayotgan Shumaxerga nufuzli “Formula-1” poygalarida mahorat bo‘yicha teng keladigani hozircha topilgani yo‘q. 90-yillarda bu pilot barcha cho‘qqilarni zabt etdi, qirollik avtopoygalari tarixidagi eng ko‘p haq to‘lanadigan odamga aylandi. Millionlab muxlislarning idealiga, o‘z mamlakatining qahramoniga aylanib ulgurdi. Yana shuni ham ta’kidlash kerakki, u “Formula-1” poygalaridagi yagona yengilmas pilot degan nomga sazovor bo‘ldi.

Mixaelning pilot sifatidagi xislatlari shu qadar noyobki, buni poygalari tarixi “Formula-1” paydo bo‘lmasidan avval afsonaga aylangan Maranello jamoasi uni o‘z safida ko‘rishni istab, qancha-qancha urinishlari zoe ketganidan ham bilsa bo‘ladi. “Formula-1” o‘z chempionlarining jamoalarini xuddi ot almashtirishdek ko‘nikib ketgan. Ayrton Senna ham, Alen Prost ham shunday yo‘l tutgan. Ammo, Shumaxer boshqacha yo‘l tutdi. U o‘zi ikki karra chempion bo‘lgan jamoasini hali 79 yildan beri g‘alaba nimaligini bilmagan jamoaga almashtirdi. Keyingi o‘n yillikda esa, bu jamoa Gran-Pri musobaqalarida 15 marta g‘alabasini nishonladi.
Shumaxerning menejeri Villi Veber bir intervyusida shunday degandi: “Agar Shumaxer “Ferrari” uchun jahon chempioni titulini yutib bersa, Italiyada u Rim Papasidan ham mashhurroq bo‘lib ketadi”. Ushbu titul hali yutilganicha yo‘q. Shumaxer undan bir qadam berida turibdi.

Mixael jamoada doimo birinchi bo‘lishga ko‘nikib qolgan. Bunga uning ish beruvchilari ham oddiy holdek qarashadi. Faqat shu bilan eng yaxshi natijalarni qo‘lga kiritish mumkinligiga ishonishadi. Avtomobil pilotning maxsus ko‘rsatmalari bilan yasalgan. Shumaxer uni o‘zining haydash uslubiga moslashtirgan. Shumaxer uchun Philip Morris firmasi (Marlboro savdo belgisi) o‘zining “Formula-1” uchun mo‘ljallagan reklama loyihalarini to‘xtatib, bor kuchini Ferrari sari yo‘naltirdi. Hozir Shumaxer yiliga o‘n millionlab pul topadi. Unga bu pullarni to‘layotganlar ham Mixael bunga arziydigan pilot ekanini tushunishadi.
Mixael Shumaxer 1969 yilning 3 yanvarida Germaniyaning Xyurt-Xermyulxayme shahrida tug‘ilgan. Bu shahar Kerpen yaqinida, yanada aniqroq qilib aytganda, Kyoln shahrining yonginasida joylashgan.
Mixaelning onasi Elizabet kichikkina oshxonada ishlardi. Bu oshxona shaxsiy bo‘lgani uchun bor og‘irlik ham uning bo‘ynida edi. Aynan u Mixaelga mustaqil qaror qabul qilishni o‘rgatgan. Mixaelning otasi esa, karting avtotrekining xo‘jayini edi. Bu avtotrekda Mixael ilk bora avtomobil ruliga o‘tirgan. O‘shanda u to‘rt yoshda edi. Besh yoshida esa, ilk bora karting musobaqasida qatnashib, g‘alaba qozongan va g‘alabasi uchun hayotida birinchi marta kubokni qo‘lga kiritgan. To‘g‘ri, bu kubok oddiygina jezdan yasalgandi, lekin, u Mixael uchun bir umrlik qimmatbaho buyumga aylangandi.

Mixaelning aytishicha, o‘sha kuni otasi uni maqtagan. Bundan u o‘zini yettinchi osmonda his qilgan. Shundan beri u otasining maqtovini eshitish va uning hurmatini qozonish uchun bor kuchini ayamaydi. Otasi hozir ham Mixael uchun eng buyuk shaxs hisoblanadi va doimo o‘g‘lini ruhlantirib turadi. 
Mixael bolaligida kartingdan tashqari dzyudo bilan ham shug‘ullanardi. Bir safar, u o‘n ikki-o‘n uch yoshligida uning oldida tanlov vujudga keldi. Karting poygalari yonida dzyudo turnirlari. Mixael dzyudoni tanladi. Biroq, tezda adashganini angladi. U bahslarda ketma-ket yutqazib qo‘ydi. Shundan beri u bir umrga kartingni tanladi.

Yillar o‘tgach, Shummi o‘z iqtidorini Mercedes-Benz sport avtomobillari jamoasining “S” guruhi tarkibida poygalarda namoyon eta boshladi. Keyin Mixael o‘zining poygalardagi nufuzli cho‘qqilari sari jadal ko‘tarilib bordi. 1987 yili u karting bo‘yicha Germaniya va Yevropa chempioni bo‘ldi. Kelasi yili F 1600 poygalarida qatnashib, Germaniya chempionatida 4-o‘rinni, Euro F 1600 da 2-o‘rinni egalladi. 1989 yili nemis F3 poygalarida 3-o‘rinni egalladi. Keyingi yili esa, Germaniya chempioni bo‘ldi.

Gran-Pri arenalarida Shumaxer 1991 yil yozida Jordan jamoasi tarkibi paydo bo‘ldi. Bu omadli tasodif tufayli yuz berdi. Jamoaning eng yaxshi pilotlaridan biri belgiyalik Bertran Goshe taksichi bilan janjallashgani uchun qamoqqa tushdi. Jamoa xo‘jayini Eddi Jordan esa, katta pul evaziga Mixaelni uning o‘rniga olishga rozi bo‘ldi. Vengriya Gran-Prisida Shumaxer o‘ziga berilgan imkoniyatdan ikki yuz foiz foydalandi. U poyga trassalari xo‘jayinlariga kimligini ko‘rsatib qo‘ydi. Ommaviy axborot vositalarida sensatsiya debyut haqida bong urishardi.

Bu poygadan so‘ng Mixael bilan boshqa jamoalar ham qiziqa boshladi. Ana shundaylardan biri Benetton jamoasi edi. O‘tgan poygada ularning piloti Roberto Moreno g‘olib chiqqandi. Ammo, Moreno jamoa rahbari Flavio Briatore bilan kelisha olmay jamoani tark etdi. Uning o‘rnida esa, Briatore Shumaxerni ko‘rishni istab qoldi. Biroq, yaqindagina Mixaelning bolidga o‘tirishini xohlamagan Jordan endi uni bergisi kelmay qoldi. Biroq, Briatore aytganini qildi. Sud orqali Shumaxerni tortib oldi. Jordan bilan Shumaxer o‘rtasida hech qanday shartnoma tuzilmagan ekan. Benettondan so‘ng Mixael Ferrari jamoasiga yo‘l oldi. Bu yerda u haqiqiy yulduzga aylandi.

Shumaxerning mashhur bo‘lishining alohida sabablari bor. O‘sha davrning eng taniqli poygachilari birin-ketin Formuladan ketib qolishdi. Ayrton Senna esa, halok bo‘ldi. Uning o‘limidan so‘ng tirik chempionning o‘zi qolmadi. Mana shunda Shumaxer katta sahnaga chiqdi. Oradan ancha vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, Shumaxer o‘ziga xos xislatlari bilan hamon birinchi ekanini isbotlab yuribdi.

Madamin BOYMATOV tayyorladi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.