OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Maydondagi oqsoq daho

 Braziliyaning Pau-Grande qishlog’ida tug’ilgan bu inson futbol haqidagi barcha tasavvurlarni o’zgartirib yuborgan edi. barcha davrlarning eng yaxshi o’ng qanot hujumchisi, ikki marta jahon chempioni, charm to’p dahosi Garrincha ellik yil umr ko’rdi, lekin u bolaligicha qoldi va faqat bitta «o’yinchoq» - futbol o’ynadi, xolos.

 

Manuel Fransisko dos Santos «Garrincha»
Tug’ilgan sanasi: 1933 yil, 23 mart. 1983 yilning 20 yanvarida vafot etgan.
Tug’ilgan joyi: Braziliya, Guanabara shtati.
O’ynagan klublari: "Pau Grande (1947-1953), "Botafogo" Rio-de-Janeyro (1953-1965, 608 matchey, 245 golov), "Korintians" San-Paulu (Braziliya)(1966-1967), "Atletiko Barrankilya" (Kolumbiya)(1968), "Flamengo" Rio-de-Janeyro (Braziliya)(1968-1969), "Red Star" Parij (Frantsiya)(1971) 
Terma jamoa safida: 1955-1966.  51 o’yinda ishtirok etib, 12ta gol kiritgan. 
Erishgan yutuqlari: Jahon chempioni 1958, 1962, «Karioka» ligasi chempioni 1957, 1961, 1962, 1966 yilgi jahon chempionati ishtirokchisi
Xalqaro futbol tarixi va statistikasi federatsiyasi talqini bo’yicha XX asrning eng yaxshi futbolchilari orasida 8-o’rinda.
 

 

Uni ishqibozlar sevishardi, chap qanot himoyachilari uning ismini hurmat bilan tilga olishardi, zero Garrincha tomonidan aldanish uyat sanalmasdi. U doimo bir xil uslub qo’llardi: to’pni ushlab bir oz qotib turar, so’ngra joyida turganicha gavdasini chapga tashlar, keyin esa keskin harakat bilan raqibining yonginasidan o’tib ketardi. Buning ustiga u to’pni raqibining oyoqlari orasidan olib o’tib ketishni xush ko’rardi. Uning bu uslubi ming martalab o’rganilgan, unga qarshi usullar ishlab chiqilgandi, ammo Garrincha bilan to’qnash kelganda har qanday tayyorgarlik, futbolning har qanday qonuni yo’qqa chiqardi.

Manuel Fransisko dos Santos («Garrincha» uning laqabi bo’lib, u Braziliya tog’larida yashovchi kichkina qushcha, braziliyaliklarning aytishlaricha u odamlarga baxt keltiradi) o’ta kambag’al oilada dunyoga kelgandi. U bolaligidan boshlab to’quvchilik fabrikasida ishlay boshlaydi,  ammo barcha braziliyalik bolakaylar singari futbol o’ynamasdan turolmasdi. Manuel dastlab hovlida futbol o’ynadi, keyin esa Pau-Grande jamoasida to’p surdi. Vaqt o’tishi bilan u mahalliy qahramonga aylandi. Do’stlari uni Mane deb chaqirishardi, 1953 yilda u «Botafogo» klubiga o’tgach, unga Garrincha laqabini berishdi. Yigirma yashar yigitni klubga jamoaning sobiq mashhur futbolchisi Arati taklif etgandi.

Manening mashhur «kobralar» (ishqibozlar bu klub a’zolarini shunday deb atashardi) safida mashg’ulotlarda paydo bo’lishi hammaning kulgisiga sabab bo’ldi. U kimga o’xshasa o’xshardi, lekin futbolchiga aslo o’xshamasdi. Manuel o’zini u yoqdan-bu yoqqa tashlab yurardi: Garrincha bolaligidan tug’ma nogiron edi – uning o’ng oyog’i chap oyog’idan sakkiz santimetr kalta bo’lib, yurganda uzun oyog’ini bukishga majbur edi. Aynan mana shu kamchilik Manening raqiblarini dog’da qoldirishida xizmat qildi.

«Botafogo» murabbiyi Jentil Kordozo kulgisini arang bosganicha oqsoq yigitni jamoaning o’ng qanotiga qo’ydi va uni himoyachi Nilton Santos sinovdan o’tkazdi. Garrincha to’pni Santosning oyoqlari orasidan olib o’tib oldinga tashlandi. Gangib qolgan himoyachi ishqibozlar qiyqirig’i ostida maydonga quladi. Garrincha barcha futbolchilarni aldab o’tib, darvozaga gol urdi. Shundan so’ng yigitcha jamoaga qabul qilindi. «Xalq quvonchi», Braziliya qahramoniga aylangan Garrinchaning sportdagi faoliyati shu tarzda boshlandi.
U 24 yoshida «Flamengo» hujumchisi Joelning o’rniga tushish uchun zahiradagi futbolchi sifatida terma jamoaga taklif etildi. Braziliya terma  jamoasi Jyul Rime kubogini qo’lga kiritish maqsadida Shvetsiyaga yo’l oldi.

Dastlabki ikki uchrashuv – Avstriya va Angliyaga  qarshi o’tkazilgan o’yinlarda Manuel maydonga tushirilmadi. Sobiq SSSR terma jamoasiga qarshi o’yin arafasida Angliya bilan kechgan og’ir durangdan xavotirga tushgan jurnalistlar guruhi bosh murabbiy Feoladan Garrinchani maydonga tushirishni talab qilishdi. Feola unamadi, u Manening «Fiorentina»ga qarshi o’tkazilgan o’rtoqlik uchrashuvidagi «mas’uliyatsizligi»ni kechira olmasdi. O’shanda Garrincha ajoyib tarzda to’p surgandi. O’yin davomida u yakka o’zi barcha himoyachilarni, so’ngra darvozabonni ham aldab o’tgan va… to’p bilan darvoza chizig’i oldida to’xtab qolgandi. Butun stadion nima bo’layotganini tushunmay oyoqqa turgandi! Mane darvozabonga yordam berish uchun yetib kelgan hiomyachini kutib turdi va u yetib kelgach, raqibini yana bir marta aldab, so’ngra darvozaga gol urdi.

Feola ham boshqa murabbiylar singari Garrinchani yoqtirmasdi. Unga o’ng qanot topshirilgan bo’lib, to’pni qabul qilishi bilan barcha himoyachilarni aldab o’tib yoki gol urar yo bo’lmasa to’pni sherigiga  oshirardi…
Murabbiy baribir yon berishga majbur bo’ldi. 1958 yilning 15 iyunida Garrincha SSSR terma jamoasiga qarshi maydonga tushdi.

Ushbu uchrashuvning dastlabki uch daqiqasini frantsiyalik taniqli futbol mutaxassisi Gabriel Ano «jahon futboli tarixidagi fantastik uch daqiqa» deb atagandi. 15-soniyada Didi to’pni Garrinchaga oshiradi, u esa chap qanot himoyachisi Kuznetsovni qatorasiga ikki  marta aldaydi, so’ngra Voinov va Krijevskiylarni aldab o’tib darvozaga to’pni zarb bilan tepadi. To’p darvoza ustuniga tegadi. Bir necha soniyadan so’ng Garrincha o’ng qanot bo’ylab hujum uyushtirib to’pni Pelega oshiradi va Pele ham darvoza ustunini mo’ljalga oladi. Nihoyat, 3-daqiqada Garrincha oshirgan to’pni Vava Yashin darvozasiga yo’llaydi…
1962 yilda o’tkazilgan navbatdagi jahon chempionatida Garrincha qahramonga aylandi. Pele ikkinchi uchrashuvdayoq og’ir jarohat olib, tarkibdan chiqqandi. Angliyaga qarshi uchrashuvda Mane mo’’jiza yaratdi: u barcha himoyachilarni ular yakka bo’lsa ham, ikki-uch kishi bo’lsa ham aldab o’tdi va bitta golga hammualliflik, ikkita golga mualliflik qildi. Gollardan birini u boshi bilan kiritdi. Braziliya ikkinchi marta chempion bo’ldi, gazetalar esa «Dunyoning eng yaxshi o’yinchisi Pele emas, Garrincha» deb yozishdi. U haqda «Xalq quvonchi» deb nomlangan film suratga olindi.

Faqatgina tomoshabinlar uchun o’ynaydigan bu sodda yigitning orqasidan pul topadiganlar ko’p edi. Braziliya jamoalari yiliga yuzlab uchrashuvlar o’tkazishar, tarkibida Garrincha to’p surgan «Botafogo»ga qarshi maydonga tushgan klublar yirik miqdorda pul to’lashardi. Manuel esa o’zidan ancha yomon o’ynaydigan o’yinchilardan ham kam haq olardi. Hattoki, qo’liga ko’p pul tushganida ham uni nima qilishni bilmasdi. U pulga unchalik e’tibor bermasdi. Garrincha shunchaki futbol o’ynashni bilardi, xolos. Futbol pul topish manbai emas, uning quvonchi edi.

Futboldagi «jentlmenlik» qoidasini ham aynan Garrincha yaratgan. Bu 1960 yilning 27 martida «Marakana» stadionida «Fluminese» va «Botafogo» jamoalari o’rtasidagi uchrashuvda yuz bergan. «Flu» himoyachisi to’pni tepib yuboradi va sirg’anib, oyog’i qayrilib yotib qoladi. To’p Manega kelib tushadi va u jarima maydonchasida darvozabon bilan yakkama-yakka qoladi. U to’pni darvozaga tepmoqchi bo’ladi-yu birdan himoyachining og’riqdan bukchayib yotganini ko’rib qoladi. Garrincha shu zahoti to’pni maydondan chiqarib yuboradi. Tibbiy yordamdan so’ng «Flu» himoyachisi to’pni yon chiziqdan tashlashga tayyorlanib, ikkilanib qoladi. U Garrinchaning iltifotiga iltifot bilan javob berishi lozim edi. To’p raqibga qaytarib beriladi. O’shandan buyon bu an’ana Braziliya, so’ngra butun jahon futbolida qoidaga aylandi.

Ammo 1965 yildan boshlab Garrincha uchun og’ir damlar boshlandi. Kubok uchrashuvlaridan birida u jiddiy jarohat oldi. Shifokorlar unga uch oy davomida umuman futbol o’ynamaslik lozimligini buyurishdi. Lekin klub prezidentining boshqa rejalari bor edi: Yevropa bo’ylab safar uchrashuvlarida har biri 15 ming dollardan daromad keltiruvchi oltita o’yin o’tkazish mo’ljallangandi (o’sha davr uchun katta pul). Agarda Garrincha ishtirok etmaydigan bo’lsa, pul ikki barobar oz to’lanardi. Mane dam olish o’rniga maydonga tushadigan bo’ldi. U har bir o’yinda og’riq qoldiruvchi ukol olib ishtirok etar, o’yindan so’ng uni avtobusdan mehmonxonagacha ko’tarib ketishardi. U keyingi o’yinni sabrsizlik bilan kutardi, chunki shifokor ukol qilish bilan oyog’idagi og’riq yo’qolardi.

«Botafogo»dagilar Garrinchaning ilgarigidek emasligini, endi undan foyda yo’qligini anglay boshlashdi. 1966 yili uni 100 ming dollarga «Korintians» klubiga sotib yuborishdi. Undan endi namoyish eta olmaydigan ilgarigi o’yinini talab qilishardi. Ishqibozlar uni hushtak bilan kalaka qilishar, rahbariyat e’tiroz bildirar, qisqasi, uning bu klubdan ketishdan boshqa chorasi qolmagandi. U shart ketdi-qoldi va oqibatda ikki yil davomida hech qanday rasmiy o’yinda qatnashmaslikka mahkum etildi.

Garrincha birdaniga do’stlarsiz, pulsiz qoldi. Soliq talab qiluvchi nazoratchilar ham uning eshigini qoqib kela boshlashdi. U oilasini tark etib, qo’shiqchi Elza Soares bilan turmush qurdi. Bu esa katoliklar Braziliyasida katta gunoh edi. Barcha gazetalar Garrinchaning ustiga mag’zava ag’darishdi. Uni hatto Jyul Rime kubogini qo’lga kiritganligining o’n yilligi munosabati bilan Braziliya va jahon yulduzlari terma jamoalari uchrashuviga ham taklif etishmadi.

Garrincha ayolining qo’liga qarab turolmasdi. U turli jamoalarning o’rtoqlik uchrashuvlarida qatnashib yurdi. Ammo ilgarigidek o’yin ko’rsata olmadi. Faqatgina 1968 yilga kelib, diskvalifikatsiya muddati tugagach, Garrincha jiddiy mashg’ulotlarga kirishdi. Shunchaki qiziqish bilan unga qarayotgan «Flamengo» shifokorining ko’rsatmasiga asosan, Garrincha haftasiga uch kun mashq qildi. «Flamengo» uni natijasi musobaqa jadvaliga ta’sir qilmaydigan  «Vasko da Gama» klubi bilan bo’ladigan o’yinga taklif etdi.
1968 yilning 30 noyabrida Rio-de –Janeyroga odam sig’may ketdi. Hamma Garrinchaning o’yinini ko’rishga shoshilardi. «Marakana»dagi uchrashuvga 30 ming dona chipta chiqarilgan edi, barcha chiptalar sotib bo’lingach, olomon stadionga yopirilib keldi va stadion direktori darvozalarni ochib yuborib, ishqibozlarni bepul kiritishga buyruq berdi. Stadionga yig’ilgan yetmish mingdan ortiq ishqiboz bir narsani – Garrinchaning qaytishini bayram qilayotgandi.

Uchrashuv boshlandi. Tez orada hamma uzoq kutgan lahzalar yetib keldi. To’p Garrinchaga oshirildi. Mane to’pni to’htatib, bir on turib qoldi, so’ngra hammaga tanish usuli bilan himoyachini aldab o’tdi. Butun stadion larzaga keldi. Uchrashuv natijasi hech kimni qiziqtirmas, barcha Garrinchaning o’yinini tomosha qilar va bir ovozdan «Garrincha! Garrincha!» deb qichqirardi.

O’yindan so’ng Garrincha yechinish xonasida ho’ngrab yig’lab yubordi, u quvonchdan yig’lardi. U yana bir marta o’zining bejizga «xalq quvonchi» emasligini isbotlagandi.

Garrincha yana bir oz vaqt «Flamengo»da to’p surdi, lekin yangi murabbiy va yosh hujumchi Dovalaning kelishi bilan u zahirada ko’proq o’tiradigan bo’ldi. So’ngra turli klublarda, Yevropada o’ynadi, ammo sportdagi faoliyatini to’xtatgach, ishsiz qoldi.

Umrining oxirgi yillarida u ichkilikka berildi. U o’zidan o’n bitta qiz qoldirib, ellikka ham to’lmay vafot etdi. Uning jasadi solingan tobut «Marakana» stadioniga keltirildi, markaziy televidenie esa kun davomida «xalq quvonchi» bilan vidolashuv marosimini olib ko’rsatdi.

Jahonning ikki marta chempioni, Garrincha laqabli Manuel Fransisko dos Santos millionlab ishqibozlarga takrorlanmas onlarni baxshida etgan yagona va betakror futbolchi edi. U barchaga quvonch ulashdi, lekin o’zi soddaligicha qoldi.

Dilshodbek Asqarov tayyorladi

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.