OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Fin xalq maqollari (129)

Finlar (o‘zlarini suomalayset deb atashadi) — Finlandiyaning asosiy aholisi (4,65 mln. kishi), umumiy soni 6,5 mln. kishi, jumladan, AQShda 623,6 ming kishi (2002), Shvetsiyada 470 ming kishi, Kanadada 130 ming kishi (2006), Rossiyada 34,1 ming kishi (2002), Avstraliyada 21 ming kishi (2006), Buyuk Britaniyada 11 ming kishi (2001). Fin tilida so‘zlashadi. Dindorlari — protestantlar (lyuteranlar).


• Qonun kuchsiz yerda razolat hukmron.
• Shim kiyib yurganlarning hammasi ham erkak emas.
• Dard yugurib kelib, emaklab ketadi.
• Boshingga musibat tushsa, maslahatchi ko‘payadi.
• Ikki bulbul bir shoxda sayramaydi.
• Hasad va gumonlar saunada kuyib bitadi.
• Ho‘kizni shoxidan, odamni so‘zidan iladilar.
• O‘zgani bir kun aldaysan, o‘zingni — bir umr.
• Baland ovoz bo‘shliqdan dalolat.
• Agar onda-sonda ko‘rib tursang, qarg‘a ham go‘zal.
• Ahmoqning ustidan kul, surbetni ur, ammo kambag‘alning bolasiga tega ko‘rma.
• Mehmon va baliq uchun qonun bitta: uch kundan so‘ng ayniydi, barcha undan jirkanadi.
• Uy va suving bo‘lsa, ovqat topiladi.
• Dengizda musibat bo‘lganda quruqlikda aqllilar ko‘payadi.
• Tamaki va ichimlik umumiy, xotin va xammom o‘zingniki bo‘lishi lozim.
• Xammom fin uchun doridir.
• Xotinsiz er — tomsiz saroy.
• Musibat eski maslahatlarni yodga soladi.
• Kambag‘alni oy yuzi, boyni puli uylantiradi.
• Kambag‘al boyigach, aqlli bo‘ladi, boy kambag‘allashgach ahmoqqa aylanadi.
• Hojat bo‘lmasa erta turmaydilar.
• Boy kambag‘alning labi nima deb pichirlayotganini qaydanam bilsin?
• Boy puli bilan to‘laydi, kambag‘al — terisi bilan.
• Ko‘p eshitib, kam gapir.
• Bolalar bo‘lsa non topiladi.
• Ko‘zda ko‘rishga joy topiladi, oshqozonda esa yo‘q.
• Mehmonga navbat bilan boradilar.
• Qarz bilan boyib ketolmaysan.
• Har mamlakat o‘z holicha yashaydi.
• Qayiqda qari odam — maslahatchi.
• Tinch yashash — sokin daryoda suzish.
• Qorong‘ida hamma cho‘chqalar qora ko‘rinadi.
• Finlandiyada oqqayin hukmdor, archa — shahzoda.
• Vinoni ichmaydilar, totib ko‘radilar, xolos.
• Yolg‘onning yarmi haqiqat.
• Quduqqa olib kelingan suv uzoq turmaydi.
• Bo‘rini oyog‘i boqadi.
• Qarg‘a la’natdan o‘lmaydi.
• Xo‘roz bor joyda qishloq ham bor, it qayerda bo‘lsa, yaqinida uy bor.
• Ahmoqlik olomonda avjiga chiqadi.
• Kalla uxlash uchun kerak, ishda aql lozim.
• Ochlik bo‘rivachchani uvillashga o‘rgatadi.
• Ochlik istalgan ovqatni sho‘r qiladi.
• Ochga uyqu ham, kulgu ham totimaydi.
• Och odam bo‘rini ham yeb qo‘yadi.
• Kambag‘alga qo‘lingni tut, uning qo‘li issiq.
• G‘urur tushkunlik paytida ham qadni tik etadi.
• Qiz yosh, kofe qaynoq bo‘lishi lozim.
• Ba’zida pul jarohatga malham bo‘ladi.
• Daraxtni boltaning bir zarbi bilan yiqitolmaysan.
• Daraxtning qandayligi mevasidan bilinadi.
• Yaxshi xabar uzoqqa boradi, yomoni undan ham olisga.
• Yaxshilik doim sekin keladi.
• Bekasiz uy sovuq sauna kabidir.
• Urushqoq it yirtiq po‘stin bilan yuradi.
• Do‘st boshingga kulfat tushganda bilinadi.
• Ahmoq uzoq tushuntiradi, aqlli uzoq o‘ylaydi.
• Agar sauna yordam bermasa, dardning davosi yo‘q.
• Baxillik — kasallik.
• Bola suvga intiladi, qari — olovga.
• Sharqdan Quyoshdan boshqa xayr kelmaydi.
• Yaxshi odam bilan qo‘l berib so‘rash.
• Yomon qo‘shni bilan barcha qonunlarni o‘rganasan.
• Sauna — kambag‘al uchun apteka.
• Aytilgan so‘z — otilgan o‘q.
• Odamning o‘zidan kul, qalpog‘idan emas.
• Mehmon qilish bilan kambag‘al bo‘lib qolmaysan.
• Ilmoqni uzgan baliq doim katta bo‘ladi.
• Ko‘krak mushukda ham bo‘ladi.
• Avval oshxona qur, keyin uylan.
• Uxlayotganni ilon ham chaqmaydi.
• Qariyaning tishi o‘rnini pichoq egallaydi.
• Ruslardan qo‘rqish — donolikning boshlanishi.
• Qiynalib-qiynalib yorqinroq toj kiyasan.
• Ishlaring sendan oldin yuguradi.
• Ko‘p shug‘ullanmasdan usta bo‘lolmaysan.
• Mehnat bilan topilgan taom mazali bo‘ladi.
• Qo‘rqoq — so‘zda kuchli.
• Finlandiya — mingko‘llar o‘lkasi.
• Boyning uyida yong‘in bo‘lsa, uning puliga o‘t tushadi.
• Mohir ustaning barcha asbobi o‘tkir, noshudning pichog‘i ham o‘tmas.
• Dangasa — o‘g‘rining ukasi.
• Kazzob ruhoniy bo‘lgandan rostgo‘y gunohkor bo‘lgan afzal.
• Boyning etigida kun ko‘rgandan, qashshoqning ostonasida yashagan afzal.
• Musibatdagi oltin quymadan xursandlikdagi burda non afzal.
• Uzoq turgandan ozroq o‘tirgan afzal.
• Ikki kun o‘lgandan bir soat yashagan afzal.
• Qo‘lingdagi bitta olma daraxtdagi o‘ntadan afzal.
• Odamlar odatda o‘zlarida yetishmayotgan narsadan bahs qiladilar.
• Ona bolaga sut bilan qo‘shib o‘z aqlini bera olmaydi.
• Ayiqni hamma biladi, u esa hech kimni tanimaydi.
• Oiladagi eng kenja farzand — doimo bola.
• Yosh ovqatdan, qari uyqudan ozuqa oladi.
• Bir marta yosh bo‘lasan, ikki marta — bola.
• Erkakning sochi tushadi, ayolniki oqaradi.
• Biz odatda ko‘p shoshilamiz, ishga ham shoshilsak edi...
• Moy bo‘lsa mehmon, pivo bo‘lsa do‘st topiladi.
• O‘z yeringda omoch ham og‘ir emas.
• Ish odamni buzmaydi, odam ishni buzadi.
• Bolg‘ani juda baland ko‘taraverma, oyog‘ingga urib olasan.
• Achchiqni totmaguncha shirinni tushunmaysan.
• Odamni emas, uning odatlarini aybla.
• Bir hafta o‘yla, lekin aniq gapir.
• Bir o‘zing yasholmaysan.
• Sabr — umidning singlisi.
• Achchiq til qilichdan qo‘rqinchli.
• Karamni qo‘riqlashga echkini qo‘ymaydilar.
• Kofening hidi bilan uyni, pishiriq bilan bekani baholaydilar.
• Ob-havoni kech kirganda, erkakni soqoli chiqqanda maqta.
• Qiynalib-qiynalib oxiri erishasan.
• Ruschani qaynoq kartoshkani og‘zingga tekizgandan keyingina o‘rganasan.
• Ahmoq bozorga bordimi, olg‘irning cho‘ntagiga pul tushadi.
• Onaning odatlari qiziga o‘tadi.
• Uyim xarob bo‘lsa ham o‘zimniki.
• Shvetsiya boy bo‘lishi mumkin, lekin Finlandiya — go‘zal.
• Yo‘ldoshingga uxlashi uchun, mehmonga dam olishi uchun imkon ber.
• Qo‘li go‘ngda bo‘lgan insonning og‘zi doim moyda.
• Qo‘shnining uyi yonsa, sening uying ham xavfda.
• Dono ahmoqning uzun nutqidan kichik she’r bitadi.
• Quloq ko‘z ko‘rgandan ko‘p narsani eshitadi.
• Non tinchlikda yetishtirilib, urushda sotiladi.
• Qarzdorning ro‘zg‘ori — teshik qayiq.
• Yaxshi qo‘shni — yarim davlat.
• Suvning qadri quduq quriganda bilinadi.
• Kulfat kelganda aqling ortadi, boyliging emas.
• Shayton ko‘rinishi bilan emas, nomi bilan qo‘rqinchli.
• Shved ovqatni moydan boshlaydi, fin — tuzlangan baliqdan.
• Yosh kambag‘al bo‘lsa ham — quvnoq, qari boy bo‘lsa ham — tushkun.
• Til suyaksiz, ammo suyakni kesadi.

D.Tojialiyev tarjimalari

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.