OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Fransuz xalq maqollari (119)

Fransuzlar — Fransiyaning asosiy aholisi (50 mln.ga yaqin kishi 2004). Shuningdek, Shveysariyada (1,341 mln. kishi), Fransuz Polineziyasi, Kot d'Ivuar, Gabon, Niger, Chadda yashaydilar. Kanadada franko-kanadaliklar etnik guruhi mavjud bo‘lib, uning tarkibiga, kvebeklar (7,5 mln. kishi) va akadlar (500 ming kishi) kiradi. AQShda 6,2 mln. kishi fransuz avlodlari hisoblanadi. Fransuz tilida so‘zlashadi. Dindorlari katoliklar, protestant (kalvinistlar)i ham bor.


• Toza vijdondan ko‘ra yumshoq yostiq yo‘q.
• Ayol ― xudoning go‘zal ne’mati, agar uni shayton totib qo‘ymagan bo‘lsa.
• Sirkadan ko‘ra asalning atrofida pashsha ko‘p bo‘ladi.
• Cherkovga emas, xudoga yaqin bo‘l.
• Yigirma yoshli qizni yigitlardan asragandan ko‘ra sichqonni mushukdan asragan osonroq.
• O‘lim sevgini qo‘rqitmaydi.
• Faqatgina ahmoq o‘z fikrini o‘zgartirmaydi.
• Shoirlar qishloqda tug‘ilib, Parijda vafot etadilar.
• Xudo uch toifaga yordam beradi: bolalarga, jinnilarga va mastlarga.
• Bandasidan emas, Xudodan tila.
• Bir gunohga ikki marta tavba qilinmaydi.
• Sevgi bor joyda hujum ham bor.
• G‘azab ― do‘st ham emas, maslahatchi ham emas.
• Urushqoq xo‘roz semiz bo‘lmaydi.
• Shayton uxlamaydi.
• Haqiqat o‘z yog‘dusi bilan nur sochadi.
• Kim hamma narsaga yarayman desa, hech narsaga yaramaydi.
• Qarz berganning yuzi doim yoqimsiz.
• Qazg‘oqqa qarshi eng yaxshi dori ― jallod kundasi.
• Taqirbosh shaytonning boshini tarolmaysan.
• Sevgi va o‘lim to‘siq bilmaydi.
• Fursati kelmaguncha iste’dodlar oz ishga yaraydi.
• Har aqlsizga hayron bo‘lish bilan boshqa bir aqlsiz maydonga chiqadi.
• Ideallar yulduzlar kabidir, ularni tutib bo‘lmaydi, ammo qorong‘i kechalarda yo‘limizga ular rahbarlik qiladilar.
• Otalar tabiat yaratgan bankirlardir.
• Maydalab yoqqan yomg‘ir istalgan shamoldan kuchli.
• Asalarining asali shirin bo‘lsa-da nayzasi achchiq.
• O‘lik ilonning nishi ham o‘lik.
• Rimda yashashni xohlasang papa bilan olishma.
• Sevgida aldagan odam nafratga ham arzimaydi.
• Nimaiki benuqson bo‘lsa, u yomon.
• Sevgida jangdagi kabi vaqt qadrli.
• Yaxshi havoda dengizchi bo‘lish oson.
• Bo‘ri terisini o‘zgartirsa ham fe’lini o‘zgartirmaydi.
• Bo‘ri qo‘ylarga qorovul emas.
• Vaqt ― buyuk usta.
• Hamma tulki dumini o‘zicha likillatadi.
• Xudo qayerga xohlasa, yomg‘ir o‘sha yerga yog‘adi.
• Tog‘ bor yerda vodiy ham bor.
• Xalq ovozi ― Haq ovozi.
• Ochlik eshikda, sevgi oynada.
• Qurt kabi yalang‘och.
• Momaqaldiroq gurillaydi, lekin buzmaydi.
• Hazilda ham me’yor bo‘lishi lozim.
• Fransiyadagi eng go‘zal xonim ham faqatgina o‘zida borini bera oladi.
• Uyda devorlar ham yordam beradi.
• Insonning qandayligi uning qilig‘idan bilinadi.
• Bu kiyim unga sigirga fartuk taqqanday o‘tirdi.
• Hayvonlar ham odamdek, faqat ular cho‘qintirilmagan.
• Bo‘ri qayerdan o‘tishini bilganimda chox qazib qo‘yardim.
• Har kuni to‘ldirib borilmaydigan bilim har kuni o‘lib boradi.
• Har kuni kovlab borilsa, baland tog‘ ham yiqiladi.
• Egri daraxt ham to‘g‘ri yonadi.
• Ko‘r kaptar ham donni topa oladi.
• Hamma o‘z-o‘ziga, Xudo hamma uchun.
• Haqiqiy olim rassom ham, shoir ham bo‘lishi kerak.
• Har nuqsonning bir fazilati bo‘ladi, har fazilatning bir nuqsoni bo‘ladi.
• Avliyo qanday bo‘lsa, karomati ham shunday.
• Kimni sevsam, uni uraman.
• Qimorda omadi borning sevgida omadi bo‘lmaydi.
• Yurakcha kabi go‘zal.
• Kim uzr so‘rasa, o‘zini ayblaydi.
• Kim ishni hal qilsa, unga maslahat shart emas.
• Ko‘p uxlagan kambag‘allashadi.
• Kim qarilikda yosh bo‘laman desa, yoshligida qari bo‘lmog‘i lozim.
• Uzoqdagi qarindoshdan yaqindagi do‘st afzal.
• Va’da qilib bermagandan, va’da qilmay bergan afzal.
• Yuzta pashshadan bitta asalari afzal.
• Cho‘pon qizni sevgan qirolichani sevgandan afzal.
• Aqlsiz do‘stdan aqlli dushman afzal.
• Sevgi ― undan qutulish xohlanmaydigan yagona kasallikdir.
• Sevgi eshakni ham raqsga o‘rgatadi.
• Sevgi popni ham raqs tushishga majbur qiladi.
• Sevgining ko‘zi ko‘r.
• Sevgi vaqtni o‘ldiradi, vaqt sevgini.
• Odamlar qovunga o‘xshaydi: o‘ntasidan bittasi yaxshi.
• Yugurmasdan vaqtida yo‘lga chiq.
• Hammaga ma’lum bo‘lgan narsani maslahat berma.
• Xudoga ham, odamga ham birdek xizmat qila olmaysan.
• Sabrlilar bepul erishadigan narsani sabrsizlar doim qimmatga olishadi.
• Pishloq yeyilgan bo‘lsa mushukni so‘kishdan ne naf?
• Odamga ko‘rinadigan narsani Xudodan yashirishdan ne naf?
• Do‘stingga qarz berib, do‘stingdan ham, pulingdan ham ayrilasan.
• Bitta do‘st yuzta avliyodan afzal.
• Burgut pashshani ovlamaydi.
• Eshak urg‘ochi eshakka xushsurat bo‘lib ko‘rinadi.
• Ehtiyotkorlik ― ishonchning onasi.
• Sevgi tufayli xuddi kasallik kabi ishtaha va tush yo‘qotiladi.
• Eshakdan mol go‘shti kutma.
• Bo‘rining ishqi tushgan cho‘ponga qiyin.
• Baraban bilan quyonni tutolmaysan.
• Ovqat yeb bo‘lingandan so‘ng murchning keragi yo‘q.
• Mag‘lubiyatga sabr qilib, hammasini boshidan boshla.
• Ko‘pincha o‘zingnikilar xiyonat qiladi.
• O‘z dardingni gapirib, ko‘pincha yengil tortasan.
• Rashk sehrgarlikdan yomon.
• Qo‘llar sovuq, yurak qaynoq.
• Ko‘zdan uzoq ― yurakdan uzoq.
• Sevgi bilan hazillashib bo‘lmaydi.
• Sevgi bilan vaqt o‘tadi, vaqt bilan sevgi ham o‘tadi.
• Eng aqlli odam sukut qiladi.
• O‘zingning eshaging qo‘shnining otidan afzal.
• Yurakka buyruq berib bo‘lmaydi.
• Haqiqatni aytish uchun joy kam, uni yashirishga o‘n olti sahifa ham yetmaydi.
• Dengizga bir stakan suv quyganing bilan uning suvi ko‘payib qolmaydi.
• Eski sevgi uzoq eslanadi.
• Qarilik ― quvnoqlik emas.
• Nodon qariya yoshlardan ham nodon.
• O‘rmonning qulog‘i bor, dalaning ko‘zi bor.
• Pulning qadrini bilmoqchi bo‘lsang qarz ol.
• Oqsoq erga ― qiyshiq xotin.
• Mixdek ozg‘in.
• Shayton qanchaga ega bo‘lsa, yana shunchani xohlaydi.
• Kechikib kelgan sevgi ehtirosli bo‘ladi.
• Ko‘mirdek qora.
• Yangi tangadek toza.
• Ko‘z ko‘rmaganini yurak ham eslab qolmaydi.
• Yurakdan chiqqan yurakka yetib boradi.
• Shaytondan kelgan har ish shaytonga yetaklaydi.

D.Tojialiyev tarjimalari

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.