OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Farosatli bola

Qadimgi arablarning «Abbosiya davlati» xalifalaridan Xorun ar-Rashid kunlardan bir kun Bag‘dod ko‘chalarining biridan o‘tib ketayotib maktabdan uylariga qaytayotgan bolalarga uchrab qoldi. Bir bolaning o‘z o‘rtoqlariga qilgan xush muomalasi, dono-dono so‘zlari xalifaning diqqatini o‘ziga jalb etdi, uning aqlli, farosatli va ziyrak bola ekanini anglab, darhol yoniga chaqirib oldi va ardoqlab boshini silab-siypab unga bir oltin berdi.
Bola xalifaning hadyasini qabul qilmay o‘rtoqlari yoniga keta boshladi. Xorun ar-Rashid uni to‘xtatib dedi:
— O’g‘lim, men bergan hadyani nega qabul qilmaysan? Xalifalarning hurmatlarini rad etish tarbiyasizlik alomati emasmi?
Bola xalifaga ta’zim bajo keltirib shunday javob berdi:
— So‘zingiz to‘g‘ri ekaniga hech bir shubha etmayman. Ota-onamning: «Xalifalar bir odamga hadya bermoqchi bo‘lsalar, faqat bir oltin emas, ko‘proq oltin beradilar»,— degan so‘zlarini eshitib edim. Agar bergan bitta oltiningizni olsamu, uyga qaytib ota-onamga:
— «Xalifa Xorun ar-Rashid menga bir oltin hadya qildilar»—deb ko‘rsatsam, bilasizmi, qanday yomon holda qolaman. Albatta ota-onam so‘zimga ishonmay:
— Yolg‘on aytasan, Xorun ar-Rashidning xalifa bo‘la turib bir oltin berishi mumkin emas, sen nodon, albatta, birovning oltinini o‘g‘irlab olib kelgansan, darrov egasini topib oltinini ber, uzr et. Oltin egasi yoshligingni nazarda tutib gunohingni kechiradi,— dsb meni urishadilar. Shuning uchun bittagina oltiningizni olib, boshimni g‘avg‘oga qo‘yishni, ota-onamni norozi etishni istamayman, meni ma’zur ko‘ring.
Xalifa Xorun ar-Rashid bu aqlli, farosatli, ziyrak bolaning bir-biridan go‘zal so‘zlarini eshitib zavqlandi, uning boshini silab, peshonasidan o‘pdi, kitob solgan xaltasini oltin bilan to‘ldirib unga hadya qildi, ertasi kun shu ziyrak bolani yo‘qlab, huzuriga keltirib, o‘z tarbiyasiga oldi.

Bayt:
Farosatdan ko‘ngilga ko‘z ochilgay,
Hama holatni ul ma’lum qilgay.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.