OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Ivan Bunin. Qasdlashuv (hikoya)

Avgustning oxirlarida Kanndagi pansionga bordim; dengizda cho‘milib, tabiatdan nusxa ko‘chirib, ijod qilmoqchi edim. Anavi g‘alati ayol har kuni ertalab kahva ichar, o‘zi alohida stolda o‘tirib tamaddi qilar, doim o‘ychan, tund qiyofada yurar, chor-atrofdagi odamlarga e’tibor bermas, qahvaxo‘rlikdan so‘ng qaysi go‘rlargadir g‘oyib bo‘lar, kechgacha qorasini ko‘rsatmas edi. Pansionda bir haftadan beri yashayotgan bo‘lsam-da, hamon o‘sha ayolni qiziqib kuzatib yurardim: qop-qora sochlari qalin, bilakdek bir o‘rim sochi orqasiga tashlab qo‘yilgan, sochlari boshini chulg‘agan, qaddi-qomati kelishgan, sog‘lom, egnida qora-qizil movut ko‘ylak, istarasi issiq, lekin qiyofasi tund... Bizga o‘n besh yoshlar chamasidagi elzaslik qiz osh-ovqat, choy-non keltirib berar, bajonidil xizmatimizni qilardi. Yosh bo‘lsa-da siynalari bo‘liq, to‘lishgan, to‘lishib yana-da ochilib ketgan, tantiqroq, lekin yoqimtoy ojiza edi. U birovning gapini xuddi hurkak ohudek ko‘zlarini pirpiratib, jilmayib tinglardi. Uni bir gal yo‘lakda uchratib qolib savolga tutdim:
- Dites, Odette, qui est cette dame?
- Quelle dame, monsieur?
- Mais la dame brune, la-bas?
- Quelle table, monsieur?
- Numero dix.
- C’est une russe, monsieur.
- Et puis?
- Je n’en sais rien, monsieur.
- Est-elle chez vous depuis longtemeps?
- Depuis trois semaines, monsieur.
- Toujours seule?
- Non, monsieur. Il y avait un monsieur...
- Jeune,sportif?
- Non, monsieur... tres pensif, nerveux...
- Et il a disparu un jour?
- Mais oui, monsieur...
«Gap buyoqda ekan-da! – deb o‘yladim. – Endi ba’zi narsalar oydinlashyapti. Lekin u erta bilan qaysi go‘rlarga daf bo‘lyapti ekan? Hamon sevgilisini izlayaptimi?»
Ertasi kuni qahvaxo‘rlikdan so‘ng, odatdagidek, xonamdagi ochiq derazadan shag‘al g‘ichirlashi eshitildiyu pansion bog‘chasiga mo‘raladim: u odati bo‘yicha yalangbosh, ko‘ylagi rangidagi shamsiyasini ko‘tarib tez-tez yurib ketib borardi. Oyog‘ida qizil poyabzal. Men darhol hassa 
bilan shamsiyani olib, uning orqasidan ergashdim. U ko‘cha boshiga borib Karno xiyoboni tomon burildi, men ham o‘sha muyulishdan burildim. O‘yladimki, o‘z xayollari bilan band bo‘lib orqasiga qaramaydi, poylab borayotganimni sezmaydi. Darhaqiqat, to vokzalga borguncha orqasiga bir marta ham nazar tashlamadi. Vokzalda uchinchi toifali vagonga chiqayotgan chog‘da ham orqasiga o‘girilib qaramadi. Poezd Tulonga borardi. Men ham har ehtimolga qarshi Sen-Rafaelgacha chipta olib, qo‘shni kupega chiqdim. Chamasi, u olisga ketayotgan yo‘lovchiga o‘xshamasdi. Xo‘sh, qayoqqa ketyapti?.. Napulada, Teulada derazadan boshimni chiqarib qaradim. Nihoyat, poezd Treyyasda birpas to‘xtagan payt yana boshimni chiqardim-u, bekatni tark etayotgan ayolni ko‘rib qoldim. Vagondan sakrab tushib yana uning orqasidan yo‘l oldim. Bu safar olis masofadan ta’qib etib boraverdim. Uzoq yurdik – dengiz yoqasidagi tik jarlik yonidan o‘tgan egri-bugri muyulishlar, yosh qarag‘ayzor oralab o‘tgan nishab toshloq so‘qmoq ham orqada qoldi. Shu so‘qmoq orqali sohilga tik kesib chiqilsa, yo‘l xiyla qisqarardi. O‘rmon bilan qoplangan kimsasiz serqoya ko‘rfazcha tomon tog‘ qiyalab borar, sohilga yetgach tik kesilgan tabiiy devor hosil bo‘lar edi. Vaqt peshinga yaqinlashib qolgan, kun issiq, qilt etgan shabada yo‘q, igna bargli archazordan taralayotgan xushbo‘y hid dimoqni yoraman derdi, atrofda zog‘ uchmas, tiq etgan tovush eshitilmas, faqat chag‘alaylar suv sathida yuzib yurar, onda- sonda chig‘illab qo‘yishar edi. Dengizning ochiq bo‘lgan janub tomoni yalt-yult etib ko‘zni qamashtirar, yirik-yirik kumush yulduzchalar sapchib qirg‘oqqa urilardi... Nihoyat, u og‘irligini orqaga tashlab yugurgancha so‘qmoq bo‘ylab yam-yashil ko‘rfazchaga tushdi. Ko‘rfazcha to‘q qizil qoyalar orasida paydo bo‘lgan edi. Shamsiyasini qumloqqa tashlab shosha-pisha yechina boshladi. Oyoqyalang edi. Men sertosh qoyaga yotib oldim, u qoya ostiga qoramtir gulli ko‘ylagini yechib tashladi. Unga qarab, hoynahoy, cho‘milish kuylakchasi xam koramtir-tund bulsa kerak deb uyladim. Birok, kuylak ostida hech qanday cho‘milish kuylakchasi yo‘q, faqat kaltagina pushti sorochka bor edi, xolos. Sorochkasini ham yechib tashladi; u oftobda obdon toblangan, badanlari qahrabo tusiga kirgan, sog‘lom, baquvvat edi. Qip-yalang‘och holda oqarishib turgan tip-tiniq suvga kirib bordi; chiroyli to‘piqlarini egib-to‘g‘rilab, orqalarini namoyishkorona o‘ynatib, quyoshda qoraygan bellarini ko‘z-ko‘zlab suvga sho‘ng‘idi. Suvda jimib qoldi, aftidan, suvda aks etayotgan quyosh nurlari ko‘zlarini qamashtirgan edi. Keyin oyoqlarini o‘ynatib suvni shaloplatdi, suv tubiga cho‘nqayib o‘tirdi, suvdan boshini chiqarib bir aylandiyu oyoq-qo‘llarini keng yozib suv ustiga yotib oldi; asta-sekin yuzib qumloq sohilga chiqdi, tirsagini tirab qumga boshini qo‘ydi. Kumush tikondek yaltirab, bir maromda sokin chayqalayotgan bepoyon dengiz guyo ufqqa singib ketardi. Sohilga tutash ko‘rfazcha va shinamgina serqoya manzil tobora qizib borardi. Qoyadan iborat dim bo‘shliqda, mo‘‘jaz janub o‘rmonida shu qadar teran sokinlik hukm surardiki, pastimdagi qumloqda ko‘ksini qumga berib yotgan ayolning yaltirab turgan yelkalariga, ikki tilim orqalariga, keng yoyilgan oyoqlarining orasiga urilayotgan shaffof mavjlarning mayin chaloplashi ham bemalol eshitilardi. Men xarsang orqasiga yashirinib olib yalang‘och go‘zallikni zimdan kuzatib yotar ekanman, borgan sari betoqatlanib, bu qiliq g‘irt bema’nilik, surbetlik ekanini paqqos esimdan chiqarib yubordim. Qaddimni tiklab trubkamni tutatib tamaki cheka boshladim. Daf’atan ayol ham boshini ko‘tardiyu pastdan yuqoriga – men tomon ajablanib tikilib qoldi. Birok, avval qanday yotgan bo‘lsa, o‘sha holatda cho‘zilib yotaverdi. Nima qilishimni, nima deyishimni bilmasdan kalovlanib o‘rnimdan turdim. Ayol birinchi bo‘lib tilga kirdi:
- Men yul bo‘yi orqamdan birov ergashib kelayotganini sezgan edim. Nega ergashdingiz?
- Kechirasiz, shunchaki qiziquvchanlik... – dedim gapni aylantirmasdan.
- Ha, ko‘rinib turibdi, qiziquvchan ekansiz. Men xakimda surab-surishtirganingizni Odette aytgan edi. Sizning rus ekaningizni tasodifan eshitib qolganman, shu bois hozir unchalik ajablanayotganim yo‘q – hamma ruslar haddan ziyod qiziquvchan bo‘ladi. Biroq, ayting-chi, nima uchun orqamdan ergashib keldingiz?
- Avvalo, qiziquvchanligim, qolaversa, kasbim shunaqa.
- Bilaman, siz rassomsiz.
- Siz esa rasmbop ayolsiz. Bundan tashqari, xar kuni ertalab qayoqqadir g‘oyib bo‘lardingiz. Bu hol ko‘nglimga g‘ulg‘ula soldi: qayoqqa? nima uchun? Hatto nonushta qilmasdan ketardingiz. Vaholanki, pansion ahli bunday qilmaydi. Boz ustiga, turq-atvoringiz ham boshqalarnikidan farq qiladi, doim bir narsani o‘ylab yurasiz. Yolg‘iz bo‘lasiz, miq etmaysiz, qandaydir yashirin siringiz borga o‘xshaydi... Endi, yechinayotganimni ko‘rib nima uchun qaytib ketmadingiz, deb so‘ramoqchimisiz...
- Tekin tomoshani tashlab go‘rga ketarmidingiz, - dedi. Birpas sukut saqlab, qo‘shib qo‘ydi: - Hozir suvdan chiqaman. Bir daqiqa teskari qarab turing, keyin buyoqqa kelasiz. Siz ham meni qiziqtirib qoldingiz.
- O‘lsam ham teskari burilmayman, - dedi. – Men rassomman, qolaversa, biz yosh bola emasmiz.
- Bo‘pti, menga bari bir,- dedi u yelkasini qisib.
So‘ng baralla o‘rnidan turdi, old tarafdan ayollik tarovati ro‘y rost namoyon bo‘ldi. Shag‘alni g‘ichirlatib shoshilmasdan olg‘a yurdi, pushti sorochkasini boshiga tashladi, keyin ko‘ylakcha bo‘ynidan jiddiy qiyofasi ko‘rindi, kiyim ho‘l badaniga yopishib qoldi.
Men uning yoniga yugurib tushdim, yonma-yon o‘tirdik.
- Balki, trubkadan tashqari, papirosingiz ham bordir? – deb so‘radi.
- Bor.
- Menga ham bering.
Papiros berib, gugurt chaqdim.
- Rahmat.
Tutunni ichiga tortib olis-olislarga nigoh tashladi, oyoq barmoqlarini o‘ynatdi.
- Hozir ham sizga yoqyapmanmi? – deb so‘radi kesatiq aralash.
- Bo‘lmasam-chi! – deb xitob qildim. – Ofatijonsiz, badaningiz, sochlaringiz, ko‘zlaringiz... faqat tund qiyofangiz g‘alati ko‘rinyapti.
- Rostini aytsam, ko‘nglimga yomon bir niyatni tugib qo‘yganman.
- O‘zim ham shunday bo‘lsa kerak deb o‘ylagandim. Siz yaqinda kim bilandir ajrashgansiz, kimdir sizni tashlab ketgan...
- Tashlab ketmadi, itqitib yubordi. Meni tashlab qochib ketdi. Bilardim, u adoyi tamom bo‘lgan kimsa edi, lekin unga ko‘ngil berdim. Keyin ma’lum bo‘ldiki, qip-qizil bitta ablahni yaxshi ko‘rgan ekanman. U bilan bundan bir yarim oycha muqaddam Monte-Karloda uchrashdik. O‘sha oqshom kazinoda qimor o‘ynab o‘tirgan edim. U ham yonimda turib qimor o‘ynardi, ko‘zlarini olaytirib sharchalarni kuzatardi. Omadi chopib ko‘p yutdi, bir marta yutdi, ikki, uch, to‘rt... Men ham ancha-muncha yutuqni qo‘lga kiritdim, u hammasini ko‘rib turardi. To‘satdan: «Tamom, pishti! Assez! – deb men tomonga o‘girildi-da: - N’est-ce pas madame?» - deb qo‘shib qo‘ydi. «Ha, pishti!» dedim kulib. «Ie, rusmisiz?» «Ko‘rib turibsiz-ku». «Unday bo‘lsa, ketdik – kayf-safo qilamiz!». Unga razm soldim – aftidan azob ko‘rgan odamga o‘xshardi, lekin xiyla kelishgan... Keyin nima bo‘lganini tasavvur etish qiyin emas.
- Ha, qiyin emas. Kechki ovqat paytida apoq-chapoq bo‘lib, tinmay gap sotgansizlar, xayrlashadigan payt kelganda ajablangansizlar...
- To‘ppa-tug‘ri. Biz xayrlashmadik, bir-birimizga yopishdik-qoldik, yutib olgan pullarimizni sovura boshladik. Monte-Karloda, Tyurbida, Nitstsada yashadik. Kann bilan Nitstsa oralig‘ida, yo‘l bo‘ylarida joylashgan qovoqxonalarda nonushta, tushlik qilardik. Siz u joylardagi narx-navolar osmonda ekanini bilsangiz kerak?! Hatto ma’lum muddat Cap d’Antibes mehmonxonasida ham yashadik, o‘zimizni boy-badavlat etib ko‘rsatishga harakat qildik... Hamyonimizning tagi ko‘rinib qoldi, oxirgi mayda-chuydamizni to‘plab Monte-Karloga yo‘l oldik, lekin bu safarimiz halokat bilan yakunlandi. U biryoqlarga gum bo‘lib ketib pul topib kelar, ammo bu pullar avvalgilarga nisbatan arzimas miqdorda – ellik, yuz frankdan oshmas edi... So‘ng mening sirg‘alarimni, hatto nikoh uzugimni, ichdan buynimga tao‘ib yuradigan tillo xochimni, bir paytlar men eri bor xotin edim, qaysi go‘rlargadir eltib sotib yubordi...
- Albatta, erta-indin birov juda katta qarzini to‘laydi, nufuzli, sarmoyador do‘stlarim, tanish-bilishlarim bor deb ishontirgan.
- Ha, xuddi shunday bo‘lgan. Uning o‘zi kim edi? Anig‘ini hozir ham bilmayman. O‘zining o‘tmishi to‘g‘risida batafsil, aniq gapirishni istamasdi, mavzuni darhol boshqa tomonga burib yuborardi. O‘zim ham bunga unchalik e’tibor bermasdim. Bilasiz, ko‘pchilik muhojirlarning kechmishi bir xil bo‘ladi: Peterburg, ajoyib harbiy qismda xizmat, keyin inqilob boshlanadi, Istanbul... Eski og‘aynilari yordami bilan Parijda go‘yo yaxshigina mavqega ega bo‘ladi, istagan joyga qo‘li yetadi, hozircha Monte-Karloda vaqtixushlik qiladi yoki Nitstsada birorta obro‘-e’tiborli do‘stining pinjiga kirib olib... Xullas, shunaqa gaplar bilan qo‘ynimni puch yong‘oqqa to‘ldirdi. Men bo‘lsam kundan kunga ruhan tushib, yorug‘ dunyo ko‘zimga tor ko‘rinib borardi, u esa miyg‘ida kulib: «Xotirjam bo‘l, menga ishonaver, Parijda hozir biz uchun yelib-yugurishyapti, bopladim – nima qilganimni senga aytib o‘tirmayman, baribir aqling yetmaydi, buyog‘ini o‘zimga qo‘yib ber», deb taskin berardi.
- Xo‘sh-xo‘sh?
- Nima «xo‘sh»?
U birdan ko‘zlarini chaqnatib menga qaradiyu o‘chib qolgan papirosini uzoqqa otib yubordi.
- Sizga bularning hammasi kulguli tuyulyaptimi?
Men qo‘lidan tutib mahkam siqdim.
- Shunday deyishga uyalmaysizmi?! Men sizni Meduza yoki Nemezida kiyofasida tasvirlamokchiman.
- Ular qasoskor sanamlarmi?
- Ha, juda yovuz.
U ma’yus jilmaydi.
- Nemezida! Yana qanaqa Nemezida?! Yo‘q, siz yomon odamga o‘xshamaysiz... Yana bitta papiros bering. U chekishniyam o‘rgatdi... Hamma narsaga o‘rgatdi!
Papirosni tutatib, yana olis-olislarga nazar tashladi.
- Darvoqe’, cho‘milish uchun shuncha joyga kelganingizni ko‘rib nihoyatda ajablangan edim. Har kuni bo‘zchining mokisidek lo‘killab yurishdan zerikmasmikan deb o‘ylagandim. Endi bilsam, sizga yolg‘izlik kerak ekan.
- To‘g‘ri.
Quyosh tobora zabtiga olib qizdirardi, hovur va xushbo‘y hid ko‘tarilayotgan qarag‘ay shoxlariga qo‘nib olgan chirildoqlar achchiqlangandek zo‘r berib chiriqlardi. Ayolning qop-qora sochlari, ochiq yelkalari, oyoqlari qizib ketganini sezib turardim.
- Yuring, salqinga o‘taylik, kun yondiraman deyapti. G‘amgin tarixingizning davomini o‘sha yerda gapirib berasiz, - dedim.
U uyqudan uyg‘ongandek seskanib:
- Ketdik, - dedi.
Biz yarim doira shaklidagi ko‘rfazchani aylanib o‘tib, qizil koya ostidagi salqin joyga o‘tirdik. Bu yer yop-yorug‘, lekin dim edi.
Men yana uning qo‘lini olib, qo‘yib yubormadim. U buni sezmadi.
- Endi davomi nima bo‘lardi? – dedi. – Men haqiqatan ham juda xunuk, sharmandali o‘sha voqeani eslashni-da istamay qoldim. Hoynahoy, siz meni goh anavi-goh manavi firibgarning kunda-shundagi jazmani bo‘lsa kerak deb o‘ylayapsiz. Hecham unday emas. Mening o‘tmishim ham boshqalarnikidan unchalik farq qilmaydi. Erim dastlab Denikinning, so‘ng Vrangelning Ko‘ngilli armiyasida xizmat qilgan, taqdir taqozosi bilan Parijga kelib qolganimizdan keyin, albatta, shofyorlik qildi. Lekin asta-sekin ichkilikka o‘rgandi, oxir-oqibat ichkilikka shu qadar ruju qo‘ydiki, ishdan haydalib, yalangoyoq daydiga aylandi-qoldi. Endi u bilan birga yashay olmasdim. Uni oxirgi marta Monparnasda, «Dominika» ostonasida uchratdim. Albatta, ruslarning shunaqa qovoqxonasi borligini bilsangiz kerak? Tun, yomg‘ir, u bo‘lsa yirtiq etikda ko‘lmak kechib yuribdi, qaddini dol qilib o‘tgan-ketganning yoniga chopib boradi, qo‘llarini cho‘zib sadaqa so‘raydi, odamlarga yordamlashmoqchi bo‘ladi, aslida, taksidan tushayotgan yo‘lovchilarga halaqit berardi, xolos... Men serrayib koldim, undan ko‘zimni uzmasdim. Asta unga yaqinlashdim. Tanidi, qo‘rqib ketdi, xijolat bo‘ldi. Siz uning qanday ajoyib, mehribon, xushmuomala inson ekanini tasavvur ham qilolmaysiz. Qotib qoldi, o‘zini qo‘yarga joy topolmasdan menga tikildi: «Masha, senmisan?» Bujmaygan, ust-boshi bir ahvolda, soqoliga ustara tegmagan, hammayog‘ini sariq jun qoplagan, shalloba bo‘lgan, sovuqda dir-dir qaltiraydi... Hamyonimda bor pulimni unga berdim, ho‘l, muzdek qo‘li bilan qo‘limdan ushlab bilaklarimni o‘pa boshladi, yelkalari silkindi, tovushini chiqarmasdan yig‘ladi. Xo‘sh, qo‘limdan nima ham kelardi? Faqat ikki-uch marta har oyda yuz, ikki yuz frankdan pul jo‘natib turdim. Parijda mening shlyapa tikadigan ustaxonam bor, mo‘maygina daromad qilaman. Bu yerga men hordiq chiqargani, cho‘milgani kelganman. Mana, ko‘rmaysizmi... Erta-indin Parijga qaytaman. Anavi firibgarni topib qulog‘ining ostiga «shalva qaynatib» qo‘ysam, janjal ko‘tarsam – juda bema’ni ish bo‘lar ekan. Bilasizmi, men buning bema’niligini qachon rasmona tushunib yetdim? Hozir bildim, siz tufayli bildim. Boshimdan o‘tgan sarguzashtni gapirib berdim-u, birdan anglab qoldim...
- Ajab, xushtoringiz qanday qilib juftakni rostlab qoldi?
- Hamma gap shundaki, u nihoyatda iflos yo‘lni tanladi. Biz mana shu pansionchaga joylashdik, hozir siz bilan men qo‘shniman. Sar d’Antibes mexmonxonasidan keyin bu yerda yashashni tasavvur etib ko‘ring-a! Bundan o‘n kuncha oldin oqshom chog‘i qimorxonaga choy ichgani bordik. Albatta, musiqa chalinayotgan, yigit-qizlar juft-juft bo‘lib raqsga tushayotgan ekan. Bunday manzarani ko‘rsam beixtiyor ko‘nglim ayniydigan bo‘lib qolgan, shu qadar me’damga uribdi. Ishqilib, o‘tiribman, pirojnoe yeyapman, u ikkovimiz uchun buyurtma beryapti, goh-goh iljayib piching qiladi: «Qara, anavilarni qaragin, haqiqiy maymunlarga o‘xshaydi-ya, oyoqlarini tapillatib, basharasini burishtirganini ko‘rmaysanmi!» deydi sozandalarni ko‘rsatib. So‘ng bo‘m-bo‘sh portsigarini ochib yugurdakni yoniga chaqirdi, inglizlarning papirosidan olib kel, deb buyurdi. Yugurdak papiros keltirdi. U xijolatomuz: «Mersi, choy ichib bo‘lganimizdan keyin haqini to‘layman», dedi. Tirnoqlarini ko‘zdan kechirib o‘tirib: «Qo‘lim dabdala bo‘lib ketibdi-ku! Hozir yuvib kelaman...», dedi menga qarab va o‘rnidan turdiyu ketdi.
- Keyin qaytib kelmadi.
- Yo‘q. Men bo‘lsam kutib o‘tiribman. O‘n daqiqa kutdim, yigirma, yarim soat, bir soat... Qanday ahvolga tushib qolganimni tasavvur etyapsizmi?
- Tasavvur etyapman...
Men o‘sha manzarani yaqqol ko‘z oldimga keltirdim: stol atrofida choy ichib o‘tiribdi, atrofiga alanglaydi, miq etmaydi, ahmoqona ahvolga tushib qolganini o‘ylaydi, xunob bo‘ladi... Yirik derazalardan tun qo‘ynidagi osmon ko‘rinadi, sokin dengiz mavjlanib jilolanadi, palmalarning yaproqlari qorayib ko‘zga tashlanadi, sozandalar polni tapir-tupur etkazib tepadi, asboblarini puflaydi, temir likopchalarni zarb bilan uradi, erkaklar tovonlarini bir-biriga urishtirib musiqaga mos ravishda chayqalib, raqs bahonasida xonimlarga mahkamroq yopishib, shahvoniy nafsini qondirish niyatida bir tomonlarga sudraydi... Qo‘nji uzun etik kiyib olgan xizmatkor ko‘kimtir mundirni unga uzatib, bosh kiyimini yechib ta’zim qiladi, bir quti «Nigh Life»...
- Keyin nima bo‘ldi? Siz o‘tiribsiz...
- O‘tirgan o‘rnimda adoyi tamom bo‘lganimni his etyapman. Sozandalar ham uylariga ketdi, zal bo‘shab qoldi, elektr chiroqlari yoqildi...
- Derazalar oqarishib turibdi...
- Ha. O‘rnimdan turay desam, oyoqlarimda mador yo‘q. Nima qilsam ekan, najot bormi? Hamyonimda bor-yo‘g‘i olti frank bor, xolos. Qo‘limga mayda tangalar ham ilashib chiqdi.
- U rostdan ham hojatxonaga yo‘l oladi, zarur ishni ado etadi, o‘zining firibgarlik hayotini o‘ylaydi, so‘ng tugmalarini qadaydi va yo‘lak bo‘ylab oyok uchida yurib orqa eshikdan ko‘chaga chiqib ketadi... Xudo haqqi, kimga ko‘ngil qo‘ygan edingiz?! Endi uni izlab topib o‘ch olmoqchimisiz? Nima uchun? Siz bokira qizaloq emassiz, uning kimligini, o‘zingiz qanday ahvolga tushib qolganingizni yaxshi bilishingiz kerak edi. Yaqqol ko‘rinib turgan bema’ni hayotni nega davom ettirdingiz?
Ayol sukut saqladi, yelkalarini uchirib qo‘ydi.
- Kimga ko‘ngil berganimni o‘zim ham bilmayman. Aytadilar-ku, chin muhabbatga ehtiyoj bor edi... Afsuski, hech qachon haqiqiy muhabbatga duch kelmaganman... U erkak sifatida menga hech narsa bergan emas, berishi ham mumkin emasdi, chunki allaqachon erkaklik qobiliyatini yuqotgan edi... Ha, uning kimligini, o‘zim qanday ahvolga tushib qolganimni bilishim kerak edi. Biroq, men bilishni ham, o‘ylashni ham istamasdim. Umrimda birinchi marta yengil-elpi hayotga qadam qo‘ydim, orqa –oldimga qaramasdim yallama-yorim qilib yuraverdim, huzur-halovatdan bahramand bo‘ldim, qandaydir vasvasa ichida yashadim. Xo‘sh, nima uchun uni topib o‘ch olmoqchi bo‘ldim? Yana vasvasaga uchdim, xiraqasqon xayollarga qul buldim. Axir, men qabih, ayanchli janjaldan boshqa hech narsaga erisha olmasligimni bilmasmidim? Siz nima uchun deb so‘rayapsiz. Chamamda, menga ham uning kasofati urdi, shekilli. Past ketdim, firibgarning hayotiga sherik bo‘ldim; asosiysi – u meni qimorxonada sharmandali ahvolda qoldirib, o‘zi hojatxona orqali ko‘chaga qochib chiqib ketgani uchun qasd olmoqchi edim. Bosh-ketimni yo‘qotib qo‘ydim, qimorxona kassasiga borib yolg‘on gapirdim, yalinib-yolvordim, ertagacha sumkachamni garovga olib qolinglar deb iltimos qildim, lekin sumkachamni olishmadi, ijirg‘anib choy, shirinlik, ingliz papirosi uchun to‘lanadigan haqdan voz kechishdi. Parijga telegramma jo‘natdim, uchinchi kuni ming frank pul oldim, qimorxonaga bordim – u yerda yuzimga qarashmasdan pulimni olishdi, hatto hisob-kitob qog‘ozchasini qo‘limga tutqazishdi. Eh, azizim, men hech qanday Meduza emasman, men shunchaki mushtipar ayolman, ojizaman. Ustiga ustak, nihoyatda ta’sirchanman, yolg‘izman, baxtiqaroman. Lekin meni tug‘ri tushuning – axir makiyonning ham yuragi bo‘ladi-ku! Men o‘sha la’nati oqshomdan bo‘yon go‘yo bedavo bir dardga chalingan edim. Sizni menga xudoning o‘zi yetkazdi, endi kutilmaganda o‘zimga kelyapman... Qo‘limni qo‘yib yuboring, kiyinib olay, yaqinda Sen-Rafaeldan poezd ham qaytib qoladi...
- Sadqai sar, - dedim. –Yaxshisi, chor-atrofga bir qarang, anavi qizil qoyalarni, yam-yashil ko‘rfazchani, g‘adir-budur qarag‘aylarni ko‘ryapsizmi? G‘achir-g‘uchur etgan jannatiy tovushlarni eshitmayapsizmi?.. Endi biz buyoqqa birga-birga kelamiz. Bo‘ptimi?
- Bo‘pti.
- Parijga ham birga-birga ketamiz.
- Xo‘p.
- Keyin nima bo‘lishini xudo biladi.
- Ha, albatta.
- Qo‘lingizni o‘psam maylimi?
- Mayli, mayli...

1944, 3 iyun

Olima Nabizoda tarjimasi 

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.