OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Ivan Bunin. Qo‘nalg‘a (hikoya)

Bu voqea janubiy Ispaniyaning tog‘li deparalaridan birida ro‘y berdi.
Iyun oyining so‘lim oqshomi edi, oydin kecha, to‘lin oy osmon peshtoqida osilib turardi, odatan, kunduzi jala quyib o‘tgan bo‘lsa, dimiqqan kechalari oy nafarmon nur taratadi, binafsha gullayotgan kezlarda bu hol tabiiy hisoblanadi, pastak janub o‘rmonlari bilan qoplangan yassi tog‘larning dovonlari sutday oqarib ko‘zga yaqqol tashlanib turardi, dovon ufqqa bosh qo‘ygan.
Dovonlar orasiga joylashgan ensiz vodiy shimol tomonga cho‘zilib ketgan. Vodiyning bir tarafiga dovonning ko‘lankasi tushib turar, mozor sukunati hukm surayotgan bu oqshomda tog‘ jilg‘asi bir maromda jildirar, goh safsar ma’dan, goh yoqut, goh tillaqo‘ng‘iz sirli shu’la sochar, olamni nurga to‘ldirayotgan mo‘‘jiza ko‘zni qamashtirardi. Qarshi tarafdagi adirlar vodiydan chekinib, o‘rnini past tekisliklarga bo‘shatib bergan, tekislik bo‘ylab eski tosh yo‘l o‘tgan. Shu pastlikda joylashgan toshqo‘rg‘on ham nihoyatda ko‘hna ko‘rinardi. Bemahalda toshqo‘rg‘onga oldingi o‘ng oyog‘i oqsayotgan to‘riq ayg‘ir otini qichamasdan minib kelayotgan marokashlik bir kishi tashrif buyurdi. U baland bo‘yli, oq jundan to‘qilgan keng-mo‘l yaktak kiyib, boshiga popukli hojido‘ppi qo‘ndirib olgan edi.
Toshqo‘rg‘on odam zoti qirilib ketgandek huvillab yotardi, o‘z holiga tashlab qo‘yilganga o‘xshardi. Aslida ham shunday edi. Marokashlik kishi dastlab sersoya ko‘cha bo‘ylab,tosh-devor uylar oralab o‘tdi; uylarning derazalari o‘rnida bo‘shliq qorayib ko‘rinardi, tomorqadagi bog‘lar yovvoyilashib ketgan edi. Keyin u oydin maydonga chiqdi; bu yerda ustiga shiyponcha qilingan hovuz, peshtoqiga Madonnaning zangori haykalchasi o‘rnatilgan cherkov, hamon odamlar istiqomat qilayotgan bir nechta hovli bor edi. Oldinda esa, maydonga kiraverishda karvonsaroy joylashgan.Pastki qavatdagi derazalardan g‘ira-shira nur taralardi. Egar ustida mudrab kelayotgan marokashlik birdan hushyor tortib, jilovni siltadi, oqsab kelayotgan ot o‘nqir-cho‘nqir tosh to‘shalgan maydon bo‘ylab jadal yurib ketdi, tuyoq tovushlari tun qo‘ynidan aks sado berardi. Tuyoq tovushini eshitib karvonsaroy bo‘sag‘asiga kichrayib, qoq suyak bo‘lib qolgan kampir chiqdi, daf’atan uni tilanchiga o‘xshatish mumkin edi. So‘ng kulcha yuzli, o‘n besh yoshlar chamasidagi qizaloq ostonada paydo bo‘ldi; uning jamalagi peshonasiga tushib turar, yalang oyoqlariga shippakcha ilib olgan, egnida oqish pechakgul tusidagi yengil kuylak. Bo‘sag‘aga boshini qo‘yib yotgan eshakdek qop-o‘ora it ham o‘rnidan turdi, uning junlari sip-silliq bo‘lib, kesilgan quloqlari ding bo‘lib turardi. Marokashlik kishi ostonaga yetar-etmas otdan tushdi. It shu zahoti ko‘zlarini chaqnatib, tishlarini xunuk irjaytirib olg‘a tashlandi. Marokashlik qamchisi bilan itni haydashga urindi. Qizaloq darhol itga tanbeh berdi:
- Negra! – deb qichqirdi jarangdor tovushda. – Senga nima bo‘ldi?!
It boshini egib asta-sekin orqasiga qaytdi, tumshug‘ini devorga qadab yotdi.
Marokashlik kishi ispan tilini buzib gapirardi, salom-alikdan qildi, so‘ng shaharda temirchi bormi deb so‘radi, ertaga otni taqalatish kerak ekan. Otni kechasi qaerda qoldirish mumkin? Otga yem topiladimi? O‘ziga ham ovqat berilsa, chakki bo‘lmasdi. Qizaloq uning baland bo‘yiga, chechak izlari qolgan cho‘tir yuzlariga qiziqsinib qaradi. Qo‘noq itga xavotirlanib nazar tashlab qo‘ydi, it jimgina yotibdi, xuddi xafa bo‘lib qolganga o‘xshardi, qulog‘i xiyla og‘ir kampir esa tovushini ko‘tarib shosha-pisha javob qaytardi: temirchi bor, xizmatkor uy yonidagi molxonada uxlab yotibdi, kampir uni hozir uyg‘otadi, u otga yem beradi. Ovqat masalasida ham mehmonning ko‘ngli to‘q bo‘lsin: tuxum quymoq tayyorlab berish mumkin, lekin kechki ovqatdan fakat oz-moz loviya bo‘tqa bilan sabzavot qovurdoq qolgan, ular isitib beriladi... Doim shirakayf bo‘lib yuradigan xizmatkor chol mehmonning otiga yem berib, egar-jabdug‘ini yechib olishda yordamlashdi.
Yarim soatdan sung marokashlik kishi oshxonada zo‘r ishtaha bilan ovqatlanib, sarg‘imtir oq musalllasni yutoqib ichib o‘tirardi...
Karvonsaroy ko‘hna edi. Pastki qavat uzun-uzun dahlizlardan iborat bo‘lib, yo‘lak oxirida yuqori qavatga chiqiladigan aylanma zinapoya bor. Yuqori qavat ikkiga bo‘lingan: chap tomonda keng-mo‘l, lekin shifti pastak xonalar, xonalarga kambag‘al qo‘noqlar tunashi uchun so‘richalar qo‘yilgan; o‘ng tomonda ham pastak shiftli oshxona, shiftlariyu devorlari quyuq tutundan qasmoq bo‘lib ketgan yemakxona, devorlari xiyla qalin bo‘lgani bois tokchadan ichkariga o‘rnatilgan kichik derazalar, burchakda o‘choq, ustiga hech narsa yopilmagan stol, yonida o‘tirgichlar, yerga g‘adir-budur toshdan to‘shama qilingan, u silliq-sirpanchiq bo‘lib ketgan. Bu xonada kerosin lampa miltillab turardi, u qop-qorayib ketgan temir zanjirga osib qo‘yilgan, xonaga achimsiq tutun va piyozdog‘ hidi o‘tirib qolgan. Kampir o‘choqqa o‘t yoqib sovub qolgan qovurdoqni isitdi, mehmon sirka va zaytun moyi aralashtirilgan sovuq loviya bo‘tqani yeb bo‘lguncha tuxum quymoq qam tayyor bo‘ldi. U yechinmadi, yaktagini ham yechmadi, chotini kerib taltayib o‘tirardi, oyoqlarida qalin teridan tikilgan boshmoq bor edi, oq jundan to‘qilgan keng-mo‘l ishtonining poychasi burmali bo‘lib, to‘pig‘ini qisib turardi. Qizaloq kampirga ko‘maklashar, mehmon ish buyursa so‘zsiz bajo keltirar, lekin kutilmaganda yeb qo‘ygudek o‘qrayib qarashlaridan, quruqshagan cho‘tir basharasiyu yupqa lablaridan, ko‘kimtir mo‘ylovidan qo‘rqar edi. Qo‘noq shundoq ham qo‘rqinchli ko‘rinardi. Bo‘yi juda baland, keng yaktakda yana-da vahimali ko‘rinadi, popukli hojido‘ppi kiyib olgan boshi xumdek. Ustki labining chetlarida dag‘al shop mo‘ylovining uchlari jingalak bo‘lib buralib qolgan. Soqolinining orasida qam yakkam-dukkam jingala tola uchrardi. Boshini xiyol orqaga tashlab kekkayib o‘tirgani bois qo‘ng‘ir teri ostida o‘ynab turgan kekirdak olmasi – buqoqchasi odatdagidan yirikrok ko‘rinardi. Qorayib ketgan ingichka barmoqlarida kumush uzuklar tovlanib turardi. U miq etmasdan yeb-ichib o‘tiribdi.
Kampir qovurdoqni isitib, quymoq pishirib bo‘lgach, gulxani so‘na boshlagan o‘choq yoniga holsizgina cho‘kdi va undan qayoqdan qayoqqa ketyapsan deb so‘radi baqirib. Mehmon bo‘g‘iq tovushda:
- Uzoqqa, - deb gapni qisqa qildi.
Qovurdoq bilan quymoqni pok-pokiza tushirgach, bo‘shab qolgan ko‘zani chayqab ko‘rsatdi: qovurdoqqa achchiq qalampir ko‘p qo‘shilgan ekan, og‘zini kuydirib yuboribdi. Kampir boshi bilan qizaloqqa ishora qildi, qizaloq ko‘zani olib yemakxonaning qiya ochiq eshigidan chiqib, tim qorong‘i dahliz tomon yo‘l oldi – dahlizda tillaqo‘ng‘izlar xuddi ertaklardagidek uchqun sachratib bir maromda parvoz etar, ajabtovur nur taratar edi.
Qo‘noq qo‘ynidan papiros chiqarib tutatdi, qizaloq ketgan tomonga im qoqib:
- Nevarami? – deb so‘radi.
- Jiyanim, yetimcha, - deb javob berdi kampir qichqirib. So‘ng ezmalanib hikoya qilishga tushdi: u marhum akasini, ya’ni qizaloqning otasini juda yaxshi ko‘rar, akasini deb qariqiz bo‘lib o‘tirib qolgan, mana shu karvonsaroy akasining xususiy mulki hisoblanar, akasining xotini bundan o‘n ikki yil muqaddam bandalikni bajo keltirgan, o‘zi o‘n sakkiz yil burun o‘lgan, mol-mulkini bir umr foydalanish uchun kampirga vasiyat qilib koldirgan, huvillab yotgan qo‘rg‘onchada yashash nihoyatda og‘irlashib ketgan ekan...
Marokashlik kishi kampirning diydiyosini parishonxotirlik bilan tingladi, unchalik e’tibor bermadi, u o‘zining o‘y-xayollari bilan band edi. Qizaloq ko‘zani musallasga to‘ldirib qaytib keldi. Qo‘noq unga ko‘zlarini lo‘q qilib tikilgancha papiros qoldig‘ini shu qadar jahd bilan yutoqib tortdiki, oqibatda kirlab ketgan barmoqlarining uchini kuydirib oldi. So‘ng yangi papirosini shosha-pisha o‘t oldirib, tovushini ko‘tarib kampirga – u kampirning qulog‘i og‘ir ekanini allaqachon sezgan edi – murojaat qildi:
- Agar jiyaning musallasni o‘z qo‘li bilan quyib bersa, bag‘oyat mamnun bo‘lardim.
- Bu uning ishi emas, - dedi kampir cho‘rt kesib. So‘ng zardali ohangda qichqirdi: - Kech bo‘ldi, musallasni ichib, borib uxlagin. Hozir jiyanim senga yuqori xonaga o‘rin to‘shab beradi.
Qizaloq ko‘zlarini chaqnatib dik etib o‘rnidan turdi, kampirni ortiqcha javratib o‘tirmasdan tap-tap qadam tashlab zinapoya bo‘ylab yuqoriga ko‘tarildi.
- O‘zlaring qaerda uxlaysizlar? – deb marokashlik hojido‘ppisini terlab ketgan peshonasidan bir oz surib kuydi. – Yuqorida yotasizlarmi?
Kampir qichqirib gap boshladi: yozda yuqori qavat juda issiq bo‘ladi, ijarachilar bo‘lmagan chog‘larda – endi deyarli kelmay qo‘ydi - ular pastki qavatning narigi bo‘lmasida, qarama-qarshi tomonda, huv anavi xonada yotadilar. U qo‘li bilan o‘zlari yotadigan xonani ko‘rsatib, so‘ng yana ishlar chappasiga ketganidan shikoyat qilishga tushdi, hamma narsa qimmat bo‘lib ketdi, shu bois, ista-istama yo‘lovchilardan ham qimmatroq haq olishga tug‘ri keladi...
- Men ertaga vaqtli ketaman, - dedi marokashlik kampirning gaplariga e’tibor bermay. – Ertalab faqat qahva bersang bas. Demak, hoziroq hisob-kitob qilib qo‘yishimiz mumkin. Xo‘sh, qancha bo‘ldi? Hozir to‘layman. Yo‘-o‘q, avval mayda pullarimni topay-chi, deb u yaktagining ichki cho‘ntagidan yumshok qizil teridan tikilgan hamyonini chiqardi, bog‘ichini bo‘shatib og‘zini ochdi, stol ustiga bir hovuch tillo tangalarni jaranglatib to‘kdi. Go‘yo pullarini sinchiklab sanayotgandek peshonasini tirishtirdi, kampir esa o‘choq yonida o‘tirgan o‘rindig‘idan turib, ko‘zlarini ola-kula qilib tillo tangalarga tikildi.
Yuqori qavat qorong‘i, juda issiq edi. Qizaloq cho‘milish xonasining eshigini ochib qo‘ydi. Qorong‘ilikdan issiq havo gup etib yuziga urildi, darcha tirqishlaridan yarq etgan nur ko‘rindi, bu xonaga ham xuddi pastdagi kabi kichikroq ikkita deraza o‘rnatilgan edi. U xona o‘rtasidagi yumaloq stolni chaqqon aylanib o‘tib derazani ochdi, darcha eshikchalarini itarib tashqariga ochdi. Oydin kecha, bepoyon osmon oqarishib, yakkam-dukkam yulduzlar ko‘zga tashlanardi. Nafas olish xiyla yengillashdi, vodiydan jilg‘a jildirashi eshitilardi. Qizaloq to‘lin oyni tomosha qilish uchun derazadan boshini chiqardi, oy hamon tepada bo‘lgani bois xonadan ko‘rinmasdi. So‘ng qizaloq pastga qaradi: yerda turgan it tumshug‘ini ko‘tarib unga qaradi. Bundan besh yilcha oldin bitta daydi kuchuk qaylardandir adashib karvonsaroyga kelib qoladi, u qizaloqning ko‘z o‘ngida katta bo‘ladi, qizaloqqa o‘rganadi, u egasiga shu qadar sadoqatli ediki, bunday sadoqatni faqat itlardan kutish mumkin. Zotan, it vafodor bo‘ladi.
- Negra, nima uchun uxlamayapsan? – dedi qizaloq tovushini pasaytirib.
It beozorgina g‘ingshib, boshini bir silkitdi-da dahlizning ochiq eshigi tomon tashlandi.
- Qayt, qayt! – deb buyurdi qizaloq shoshib. – Joyingga bor!
It taqqa to‘xtadi, tumshug‘ini ko‘tarib qizga qaradi, ko‘zlaridan uchqun sachrardi.
- Senga nima kerak o‘zi? – deb so‘radi qizaloq erkalovchi tovushda. U doim it bilan xuddi odamdek gaplashardi. – Nega uxlamayapsan, esipast? Yo osmondagi oy xayolingni olib qochdimi?
It bir nima deb javob bermoqchi bo‘lgandek yana tumshug‘ini yuqori ko‘tardi, beozorgina g‘ingshib qo‘ydi. Qizaloq yelkalarini qisdi. Bu it uning sirdoshi, yorug‘ olamdagi birdan-bir jonli sirdoshi edi. Itning his-tuyg‘ulari, o‘y-xayollari doimo qizaloqqa tushunarli bo‘lardi. Lekin hozir it nima demoqchi, u nimadan xavotirlanyapti – buni qizaloq yaxshi anglamadi, shu bois qo‘lini arra-arra qilib, yolg‘ondakam jahli chiqqandek:
- Negra, joyingga bor! Uxla! – deb shivirladi.
It joyiga borib yotdi. Qizaloq deraza yonida yana birpas o‘ylanib turdi. Balki, itni anavi marokashlik tasqara xavotirga solgandir? It karvonsaroy qo‘noqlariga deyarli e’tibor bermasdi, hatto ko‘rinishidan qaroqchi yoki dordan qochgan kazzobga o‘xshagan kimsalarga qayrilib ham qaramasdi. Lekin ba’zan ayrim kimsalarga nima uchundir xuddi quturgandek tashlanib qolardi, momoguldurakdek vovullab oyoqdan olardi. Bunday paytlarda qizaloqqina itni hovuridan tushirib, qaytarib kolardi. Hozir itni bezovta qilayotgan narsa boshka bo‘lishi mumkin: dimiqqan kecha, havoda kilt etgan shabada yo‘q, osmonda to‘lin oy charaqlab nur taratyapti – bunday holat har qanday tirik jonni quyushqondan chiqarib yuboradi. Bu oqshom hukm surayotgan g‘ayritabiiy sukunat og‘ushida vodiy tarafdan jilg‘aning jildirashi, molxonada dup-dup yer tepib, shataloq otib yurgan echkining tuyoq tovushlari baralla eshitilib turardi. Qo‘qqis qari xachirmi yoki marokashlik qo‘noqning ayg‘ir otimi gurs etkazib echkini tepib yubordi, echki jonholatda shu qadar xunuk ma’rab yubordiki, quloqni teshib yuboradigan o‘tkir tovush uzoq-uzoqlarga taralib ketdi. Qizaloq sapchib o‘zini derazadan ichkariga oldi, narigi derazani ham ochib, darcha eshikchasini itarib yubordi. Xona g‘ira-shira yorishib qoldi. Xonada stoldan tashqari, eshikdan kiraverishdan ung tomonda uchta keng karavot bor – bosh tarafi devorga tirab, ustiga dag‘al choyshab tashlab qo‘yilgan. Qizaloq choyshablarni yig‘ishtirib kiraverishdagi birinchi karavotga tashladi, yostiq to‘shab, ko‘rpacha yozdi. Shu payt xona ertaklardagi mo‘‘jiza maskani kabi yorishib, mayin ko‘kimtir shu’laga chulg‘andi – tillaqo‘ng‘iz qizaloqning gajagiga qo‘ngan edi. Qizaloq uni astagina siladi, tillaqo‘ng‘iz goh yaltirab, goh xira tortib xona bo‘ylab parvoz eta boshladi. Qizaloq dimog‘ida xirgoyi qilgancha sakrab-sakrab pastga tushib ketdi.
Yemakxonada marokashlik kishi eshikka orqa o‘girib g‘o‘dayib turar, past, lekin qat’iy ohangda, asabiylashib kampirga bir nimalar deyayotgan edi. Kampir boshini chayqab rad ma’nosini bildirardi. Marokashlik yelkalarini uchirib qo‘ydi, xonaga kirib kelgan qizaloqqa shunday o‘qrayib qaradiki, sho‘rlik jonholatda o‘zini orqaga tashladi.
- Joy tayyor bo‘ldimi? – dedi u bo‘g‘iq tovushda.
- Hammasi tayyor, - dedi qizaloq shoshib.
- Tepaga qanday chiqishni bilmayman, meni kuzatib qo‘yasan.
- Seni o‘zim kuzatib qo‘yaman, - dedi kampir darg‘azab bo‘lib. – Orqamdan yur!
Kampir aylanma zinapoyadan inqillab-sinqillab yuqoriga ko‘tarila boshladi, marokashlik esa boshmoqlarini tap-tap etkazib unga ergashdi. Qizaloq birpas turib tashqariga chikdi. Ostonada yotgan it sakrab turdi, atrofida chir-chir aylandi, dumini likillatib quvonchini izhor etdi, so‘ng egasining yuzlarini yaladi.
- Nari tur, nari ket! – deb shivirladi qizaloq va erkalab itni itarib yubordi, ostonaga o‘tirdi.
It ham orqa oyoqlariga cho‘nqayib o‘tirdi, qizaloq uning bo‘ynidan quchoqlab oldi, peshonasidan o‘pdi, o‘tirgan ko‘yi it bilan birga tebrana boshladi. Yuqori qavatdan marokashlik qo‘noqning og‘ir qadam tovushlari, bo‘g‘iq ovozi eshitilib turardi. U xotirjamlik bilan kampirga bir nimalar derdi, lekin nima deyayotganini aniq-tiniq anglab bo‘lmasdi. Nihoyat, u tovushini ko‘tarib:
- Bo‘pti, bo‘pti! Faqat aytgin, kechqurun ichib yotishim uchun suv keltirib bersin, - dedi.
Zinapoyadan ehtiyot bo‘lib tushayotgan kampirning qadam tovushlari eshitila boshladi.
Qizaloq daxlizga kirib kampirning yo‘lini to‘sdi va:
- Men uning nima deganini eshitdim. Yo‘q, o‘lsam ham oldiga yolg‘iz chiqmayman. Undan qo‘rqaman, - dedi qat’iyan.
- Bema’ni gaplarni qo‘y, - deb qichqirdi kampir. – Sen o‘ylaysanki, men yana-tag‘in mana shu maymoq oyoqlarimni sudrab tepaga chiqib tushamanmi? Yorug‘roq bo‘lsa ham koshkiydi. Zinapoyaning sirpanchiqligini aytmaysanmi?! Uning nimasidan qo‘rqasan?! Tug‘ri, u kallavaram, achchig‘i burnining uchida turar ekan, lekin yomon odam emas. U sen haqingda kuyib-pishib gapirdi, senga rahmi kelyapti, eh, sho‘rlik, sepi bo‘lmasa, kim ham uni kelin qilardi deyapti. To‘g‘ri aytyapti, senda sep nima qilsin! Biz allaqachon xonavayron bo‘lganmiz. Anavi bezot diktatorga ming rahmat, hech bo‘lmasa, tinchlikni saqlab turibdi. Aslini olganda, bunday tinchlik bo‘lganidan ko‘ra qir-pichoq urush bo‘lgani afzal edi, o‘shanda yebto‘ymas, xushomadgo‘y, olchoq amaldorlardan biryo‘la qutulardik... Bechora dexkonlarni kuryapsanmi, kuruk ustixon bulib kolgan. Karvonsaroyga ham gadoynusxa qalang‘i-qasang‘ilardan boshqa hech kim kelmay qo‘ydi...
- Boya men kirgan paytda nima uchun achchig‘lanib turgan edi? – deb so‘radi qizaloq.
Kampir kalovlanib koldi.
- Nima uchun emish! – deb g‘uldiradi kampir. – Men unga birovning ishiga burningni tiqmagin dedim... Shundan keyin jahli chiqib ketdi... Qani, ivirsima, darhol unga suv eltib ber! – dedi kampir zardasi qaynab. – Suv eltib bersang u senga bir nima sovg‘a kiladi. Va’dasi shunday. Bor deyapman!
Qizaloq ko‘zani to‘ldirib yuqori qavatgadagi xonaga suv olib chiqdi. Marokashlik qo‘noq ust-boshlarini yechib karavotda alchayib yotardi: oy yorug‘ida uning mitti ko‘zlari yaltirar, sochlari tap-taqir etib olingan boshi qorayib, uzun ichki oq ko‘ylagi oqarishib ko‘rinar edi. So‘laqmonday yalang‘och oyoqlarini o‘ynatib qo‘yardi. Quvuri uzun, barabanli to‘pponcha xona o‘rtasidagi stolda yaltirab turardi. Ustki kiyim-boshlarini yonidagi karavotga uyub qo‘yibdi... Bularning hammasi nihoyatda vahimali ko‘rinardi. Qizaloq yugurib borib ko‘zani taq etkazib stolga qo‘ydiyu zing‘illab orqasiga qaytdi, lekin marokashlik qo‘noq sakrab turdi-da qizaloqning qo‘lidan ushlab oldi.
- Shoshma, shoshma, - dedi u qizaloqni karavot tomon tortib. Uni qo‘yib yubormasdan karavotga o‘tirdi, so‘ng: - Bir daqiqa yonimda o‘tir, o‘tir deyapman, o‘tirsang-chi... Gap bunday, yaxshilab quloq sol... – deb shivirlay boshladi.
Kapalagi uchib ketgan qizaloq itoatguylik bilan uning yoniga o‘tirdi. U entikib-entikib izhori dil qila boshladi: xudo haqqi, seni ko‘rdimu es-hushim boshimdan uchdi, bir ko‘rishdayoq sevib qoldim, yolg‘on gapirayotgan bo‘lsam, ana, tepamda xudo turibdi, bir o‘pich uchun o‘n tillo, yigirma, bor-e o‘ttiz tillo beraman, bir xalta tillo tangam bor... keyin...
Yostiqning ostidan qizil hamyonini olib, qo‘llari qaltirab uning bog‘ichini bo‘shatdi, tillo tangalarni to‘shakka to‘kib tashladi.
- Mana, ko‘rdingmi, tillolarim ko‘pmikan?.. Ko‘rdingmi?.. – deb g‘uldiradi.
Qizaloq shahd bilan bosh chayqadi, karavotdan sapchib turdi. Lekin qo‘noq uni darhol tutib oldi, quruqshagan, chapdast qo‘li bilan og‘zini yopib karavotga yotqizdi. Qizaloq jonholatda tipirchilab uning qo‘lini og‘zidan yulqib tashladiyu:
- Negra! – deb chinqirib yubordi.
Endi u qizaloqning og‘zini burniga qo‘shib mahkam siqib, bo‘sh qo‘li bilan tipirchilayotgan oyog‘ini ushlashga harakat qildi; qizaloq esa shataloq otib uning qorniga ayovsiz tepa boshladi. Shu payt zinapoyadan uchib chiqayotgan itning irillashi quloqqa chalindi. Marokashlik qo‘noq sakrab o‘rnidan turdiyu stolda yotgan to‘pponchasini qo‘liga oldi, biroq tepkini topishga ham ulgurmasdan polga quladi – it unga tashlanib, ustidan bosib tushdi. Ustiga minib olgan it hamlasidan yuzini to‘sib yotgan joyida irg‘ishlar, itning issiq nafasi yuziga urilgan chog‘da battar to‘lg‘onar, tipirchilar, oh-voh qilar edi, lekin beixtiyor boshini orqaga tashlab, iyagini ko‘targan zahoti it uning tomog‘idan g‘arch etkazib tishladiyu kekirtagini yulib oldi, halqumidan tizillab qon otilib ketdi.

1949, 23 mart

Olima Nabizoda tarjimasi 
 
* * *
 
Bu voqea Ispaniyaning janubidagi xilvat tog‘ chekkasida bo‘lib o‘tdi.
Iyun tuni, to‘lin oy chiqqan, u osmonda uvoqqina bo‘lib eng baland nuqtada turar, biroz pushtirang nurlari odatda binafshalar qulf urib ochiladigan damlarda, kunduzgi qisqa yomg‘irlardan keyin keladigan issiq oqshomlardagi kabi pastak janub o‘simliklari bilan qoplangan yassi tog‘ dovonlarini nurga belagan, to ufqqacha hamma narsani aniq ilg‘ash mumkin edi.
Ana shu dovonlar o‘rtasidagi torgina vodiy shimolga qarab cho‘zilib ketgan. Qirning soya tushib turgan bir tomonida − o‘lik sukunatga cho‘mgan kimsasiz tun qo‘ynida tog‘ jilg‘asi bir me’yorda shovullab oqar, chirildoq va chirkak chivinlar qimmatbaho shaffof toshlarga o‘xshab sirli yog‘du sochib, havoda tinimsiz uchib − suzib yurishardi. Vodiy qarshisidagi tobora pasayib boruvchi soya bosgan tepaliklar etagidan qadimdan qolgan shag‘al yo‘l o‘tgandi. Pastda − tekislikda bino bo‘lgan tosh shaharcha ham o‘ta ko‘hna edi. Qorong‘i tushib, el yotadigan paytda mana shu tosh shaharcha bo‘ylab keng oq enli mursak kiygan va boshiga popukli do‘ppi qo‘ndirgan baland bo‘yli bir marokashlik oldingi o‘ng oyog‘ini oqsab bosayotgan to‘riq otda borardi.
Shaharcha o‘lik va tashlandiq qiyofada ko‘rinardi.
Marokashlik oldiniga deraza oynalari o‘rni vahimali qorayib turgan, tosh binolar orasidagi qarovsiz bog‘lari g‘ovlab ketgan xilvat ko‘cha bo‘ylab yurdi. Undan keyin uzun hovuzli, ustunli peshtoqiga ko‘kimtir ma’buda haykali o‘rnatilgan cherkov va qator turarjoy binolari hamda karvoysaroy joylashgan yorug‘ maydonga chiqdi. U yerda − pastki qavatdagi kichkina derazalarda hali chiroq o‘chmagan edi. Mudrab kelayotgan marokashlik sergaklanib ko‘zini ochdi, jilovni tortib, oqsoq otni maydondagi o‘nqir-cho‘nqirlar ustidan jadal yurishga undadi. Ot dupurini eshitib, bo‘sag‘ada ushoqqina, ozg‘in, turish-turmushi tilanchiga o‘xshaydigan kampir paydo bo‘ldi, orqasidan sochini peshana gajak qilib, yalang oyoqlariga shippak ilgan, kapalak gullari xira tortgan oqish kalta ko‘ylakli o‘n besh yoshlardagi qizaloq chopib chiqdi, ostonada cho‘zilib yotgan junlari silliq, kalta quloqlari tikkaygan ulkan qora ko‘ppak o‘rnidan turdi. Marokashlik ostonada imir-silab qildi, it esa shu zahotiyoq ko‘zlari yonib, dahshatli oq tishlarini irjaytirib unga tashlandi. Marokashlik qamchisini o‘qtaldi, ammo qizcha undan oldin qo‘rquv to‘la jarangdor ovozda:
− Negra! − deb qichkirdi. − Senga nima bo‘ldi?
It boshini engashtirib, sekin orqasiga qaytdi va tumshug‘ini uyga qaratib, yerga cho‘zildi.
Marokashlik buzuq ispan tilida salom berib, shaharda temirchi bormi, ertaga ot tuyog‘ini ko‘rsatmasam bo‘lmaydi, otni qaerga bog‘lash mumkin, unga yem-xashak topiladimi, o‘zimga kechki ovqat pishirib berasizlarmi? − deb so‘radi. Qizcha mehmonning ulkan qaddi- qomati va chechak izi qolgan yuziga qiziqsinib tikilib, xotirjam yotganiga qaramay, o‘zini xafa ko‘rsatayotgan qora itini silab-siypalardi, qulog‘i og‘ir kampir har bir savolga shosha-pisha qichqirib javob qaytarardi: temirchi bor, xizmatkor uy yonidagi og‘ilda uxlab yotibdi, otga xashak solishadi, mehmon ovqatdan tashvish tortmasa ham bo‘ladi: yog‘da tuxum qovurish mumkin, ammo kechki ovqatga faqat ozgina sovib qolgan loviya bilan qovurilgan karam qovurdoq bor…
Yarim soatdan keyin hamisha mast yuradigan xizmatkor qariya bilan otni saranjom qilgan marokashlik oshxonada stolda o‘tirib ochko‘zlik bilan ovqat yeb, oq musallasni yutoqib ichishga tushdi.
Karvonsaroy binosi ilvirab qolgan edi. Pastki qavati pichanxona bo‘lib, oxirida yuqori qavatning ikki tomoniga olib chiqadigan zinapoya bor edi; chapdagi so‘ri qo‘yilgan keng, pastak xona oddiy odamlarga mo‘ljallangan, o‘ngdagisi ham aynan shunday bo‘lib, bir paytning o‘zida oshxona va yemakxona vazifasini bajarardi, butun shifti va yon tomonlarini dud va qurum bosgan, devorlari qalin, ammo oy¬nalari kichkina edi, bir burchagiga o‘choq qurilib, qo‘pol yog‘och stullar va so‘rilar qo‘yilgan, g‘adir-budir tosh to‘shamasi yillar o‘tib silliqlanib ketgan edi. Shiftga osig‘liq zanjiri qoraygan kerosin lampa tutab yonar, moy va qizdirilayotgan yog‘ hidi anqib turardi − kampir o‘choqqa olov yoqib sovib qolgan qovurdoqni isitar va quymoq pishirardi; mehmon esa sirka bilan yashil zaytun yog‘iga aralashtirilgan yaxna loviyani tushi rardi. U kiyimlarini yechmagan, mursagi dam yelkasida turar, yo‘g‘on charm boshmoq ichidagi oyoqlarini bor bo‘yicha uzatib yuborgan, to‘pig‘iga o‘ralgan oq jun cholvorini qo‘njiga tiqib qo‘ygandi. Qizaloq kampirga qarashib imirsilanib yurar va erkakning o‘ziga tez-tez qadalayotgan o‘tkir nigohi, quruqshagan cho‘tir yuzidagi ko‘kimtir tomirlari va ingichka labiga ko‘zi tushganda, qo‘rqqanidan g‘alati bo‘lib ketardi. Chindan ham erkakning vajohati qo‘rqinchli edi. Nihoyatda baland bo‘yi keng mursakda yanada haybatli ko‘rinar, popukli do‘ppi ostidagi kallasi esa kichrayib qolganga o‘xshardi. Yuqori labining chekkalarida qattiq qora tuklar dikkaygan, ana shunday bir-ikki tuk iyagidan ham chiqqan edi. Boshini xiyol orqaga tashlaganida, kekirdagi oldinga do‘ppayib chiqib, uni yanada xunuk ko‘rsatardi. Uzun, qoramtir barmoqlaridagi kumush uzuklari oqish tus olgan edi. U yer, ichar, ammo negadir indamay o‘tirardi.
Kampir qovurdoqni isitib, quymokni pishirib bo‘lgach, cho‘g‘i o‘chgan o‘choq yonidagi so‘riga horg‘in cho‘kdi va undan qaerlik bo‘lasan, qaerga ketyapsan, deb qichqirib so‘radi, erkak xirildoq ovozda qisqa javob berdi:
− Uzoqqa.
U qovurdoq va quymoqni yeb bo‘lgach, bo‘shagan may ko‘zachasini silkitib ko‘rdi, − qovurdoqqa qalampir ko‘p solingandi, − kampir qizchaga boshi bilan imo qildi. Qiz ko‘zachani oldi va pichanxona eshigini ochib, tilla qo‘ng‘izlar ohista suzib, g‘alati yog‘du sochayotgan tun qarida g‘oyib bo‘lgach, u ko‘krak cho‘ntagidagi qutidan papiros olib tutatdi va yana boyagidek qisqa gap qotdi:
− Nevarangmi?
− Jiyanim, yetimcha, − kampir qichqirib marhum akasi − qizchaning otasini qanchalik yaxshi ko‘rganini va uni deb qizligicha o‘tib ketayotganini, bu karvonsaroy uniki bo‘lganini, o‘n ikki yil oldin kelini, sakkiz yil oldin akasi vafot etganini va butun molu mulki o‘ziga qolganini, odamlar kamayib borayotgan bu shaharchada ishlari yurishmayotganini gapirib berdi…
Marokashlik papiros chekib, xayolga cho‘mgan holda parishon tingladi. Qizcha ko‘zachani to‘ldirib yugurib keldi, u qizni ko‘rgach, papi¬ros qoldig‘ini qattiq so‘rib, uzun qora barmog‘i uchini kuydirib oldi, shosha-pisha yangi papiros tutatdi va kampirga baland ovozda, − qulog‘i og‘irligini sezgan edi, — ma’nodor qilib:
− Agar jiyaning mayni o‘z qo‘li bilan quyib bersa, juda mamnun bo‘lardim, − dedi.
− U bunday qilmaydi, − shartta kesdi kampir, so‘ng ezmalikni bas qilib, lo‘ndasiga o‘tdi va jahl aralash qichkirdi:
− Kech bo‘lib qoldi, musallasingni ichgin-u, borib yot, u hozir boloxonada senga o‘rin solib beradi.
Qizning ko‘zlari charaqlab ketdi, buyrukni kutib o‘tirmasdan sakrab turib, zinapoyadan chopqillab yuqoriga chiqib ketdi.
− Ikkalangiz qaerda uxlaysizlar? − so‘radi marokashlik va ter bosgan peshonasidan do‘ppini sal nari surib qo‘ydi.
Kampir yozda, u yer juda issiq bo‘ladi, mijozlar yo‘q paytlarda − hozir ular butunlay yo‘q! − pastki qavatda, mana shu yerda yotamiz, deb qichqirib, qo‘li bilan pichanxona ro‘parasidagi hujrani ko‘rsatdi va tag‘in ishlari yurishmayotganidan shikoyat qilishga tushdi: hamma narsa qimmatlashib ketyapti, shuning uchun qo‘noqlardan ko‘proq haq olishdan boshqa ilojimiz yo‘q…
− Erta tongda yo‘lga tushaman, − dedi marokashlik kampirning gaplariga deyarli qulok, solmasdan. − Ertalab faqat qahva bersang bo‘ldi. Hisob-kitob qilamiz. − Qaraylik-chi, mayda pullarim qaerda ekan, − qo‘shib qo‘ydi u va mursagi ichidan yumshoq qizil charm xamyonini chiqarib, bo‘g‘zidagi bog‘ichini yechdi, oltin tangalarni stol ustiga sochib, o‘zini go‘yo ularni diqqat bilan sanayotgandek ko‘rsatdi, kampir esa tangalarni ko‘rganda ko‘zi o‘ynab, o‘choq yonidagi so‘ridan turib ketdi.
Boloxona qorong‘i va juda issiq edi. Qizcha tirqishlaridan yorug‘ nur tushib turgan dim, qaynoq xonaga kirib, dumaloq stol yonidan tez yurib o‘tdi va pastdagi kichik oynalarni eslatadigan deraza tabaqalarini to‘lin oy nur sochib, yulduzlar siyrak ko‘rinayotgan tarafga qarab ochib yubordi. Mayin havo kirib, nafas olishi yengillashdi, vodiydan jilg‘a ovozi eshitildi. Qizcha osmondagi eng baland nuqtaga ko‘tarilgan to‘lin oyni ko‘rish uchun gavdasini derazadan chiqardi; so‘ng pastga nazar tashladi, Xovlida iti tumshug‘ini ko‘tarib unga qarab turardi, besh yil oldin kimdir adashtirib karvonsaroyga tashlab ketgan bu kuchuk uning ko‘z o‘ngida o‘sib-ulg‘aygan va faqat itlardagina bo‘ladigan ulkan sadoqat tuyg‘usi bilan unga qattiq bog‘lanib qolgan edi.
− Negra, − shivirlab xitob qildi qizcha, − nega uxlamayapsan?
It asta ingillab, tumshug‘ini ko‘tardi va pichanxonaning ochiq eshigiga qarab intildi.
− Qayt! Qayt! − jon holatda shivirlab buyruq berdi qizcha. − Joyingga bor!
It to‘xtab, tag‘in tumshug‘ini ko‘tardi, ko‘zlarida qizg‘ish uchqun yarqiradi.
− Senga nima kerak? − erkalab xitob qildi qizcha, u har doim it bilan xuddi odamdek gaplashardi. − Nega uxlamayapsan, tentak? Oy bezovta qilyaptimi?
It xuddi javob qaytarmoqchi bo‘lgandek, tumshug‘ini tag‘in yuqori ko‘tardi va yana sekin ingilladi. Qizcha yelkasini qisdi. It qizning ham joni diliga aylangan, dunyoda eng yaqin, yagona do‘sti bo‘lib qolgan edi. Hatto u nimani xohlayotganini sira adashmay anglab olaverardi. Ammo hozir it nimani istayotganini, nimadan bezovta bo‘layotganini bila olmadi, shu tufayli barmog‘ini o‘qtalib qattiq ogohlantirdi va shivirlab jahl aralash keskin buyruq berdi:
− Joyingga bor, Negra! Uxla!
It yotdi, qizcha yana bir necha daqiqa deraza oldida turib qoldi… Bal¬ki anavi qo‘rqinchli marokashlik g‘ashiga tegayotganmikan? Odatda it karvonsaroyga keluvchilarni indamay qarshilar, hatto qaroqchi-yu, ta’qibdan qochib yurganlarga ham e’tibor bermas edi. Shunga qaramay, negadir ba’zi-ba’zida ayrim odamlarni ko‘rganda momaqaldiroqdek na’ra tortib tashlanib qolar, shunday paytlarda uni faqat qizchagina to‘xtata olardi. Kim bilsin, issiq havo, qilt etgan shabada yo‘qligi va ko‘zni qamashtiradigan oydin tun uni junbishga solib, darg‘azab qilayotgandir?
Favqulodda sokin kechayotgan tunda vodiydagi jilg‘aning shovkini baralla eshitilar, og‘ildagi taka besaranjom bo‘lib, tuyog‘ini dukurlatar, karvonsaroyning qari xachiri yo marokashlikning oti uni bexosdan bosib oldimi, kim bilsin, u bor ovozi bilan ayanchli ma’rab faryod solar va bu shaytoniy nola sukunat olamini buzib, atrofga taralar edi. Qizcha shod-xurram kayfiyatda oynadan uzoqlaщdi va boshqa deraza tabaqalarini ham ochib qo‘ydi. Qorong‘i xona yorishgandek bo‘ldi. Bu yerda stoldan tashqari devor bo‘ylab qo‘yilgan keng uchta karavot ham bo‘lib, ularning ustiga dag‘al choyshablar yopilgan edi. Qizcha kiraverishdagi birinchi karavot choyshabini surib, bosh tarafini to‘g‘rilayotganda, xona xuddi ertaklardagidek tiniq ko‘kimtir mayin shu’la bilan yorishib ketdi: tillaqo‘ng‘iz peshana gajagiga kelib kungan eda. Unga sekin qo‘lini tegizdi. Tillaqo‘ng‘iz bir miltillab ko‘rinib, bir ko‘rinmay yana xona bo‘ylab uchib ketdi. Qizcha ohista xirgoyi qilib pastta tushdi.
Oshxonada marokashlik tik turib, kampirga past ovozda, ammo qat’iyat va jahl bilan nimanidir uqdirar, kampir rad etib, boshini chayqar edi. Marokashlik yelkasini qisdi va tund qiyofada ichkariga kirib kelgan qizchaga o‘girildi, qiz beixtiyor o‘zini chekkaga oldi.
− Joy tayyormi? − xirillab qichqirdi marokashlik.
− Hammasi tayyor, − shosha-pisha javob berdi qizcha.
− Men qaerga borishni bilmayman. Kuzatib qo‘y.
− O‘zim ko‘rsatib qo‘yaman, − dedi kampir jahl bilan. − Men bilan yur..
Qizcha kampir tik zinalardan turtinib ohista ko‘tarilayotganini ko‘rib, izidan borayotgan marokashlikning boshmog‘i qanday to‘qillayottanini eshitib turdi, so‘ng tashqariga chiqdi. Ostonada cho‘zilib yotgan it shu zahotiyoq sakrab turdi va quvonchdan silkinib, uning yuziga suykandi.
− Tek tur, tek tur, − qizcha shivirlab uni erkalagan kuyi nari itardi va ostonaga o‘tirdi. It ham qarshisiga kelib cho‘qqaydi, qizcha uni bo‘ynidan quchoklab, peshonasidan o‘pdi va u bilan birga tebranib, marokashlikning boloxonadan eshitilayotgan xirildoq ovoziga quloq tutdi. U endi kampirga nimalarnidir xotirjam uqdirmoqda edi, ammo gapini anglab bo‘lmasdi. Nihoyat, uning qattiq ovozi yetib keldi:
− Mayli, yaxshi, yaxshi! Faqat kechasi ichishimga suv keltirib bersin.
Zinadan ohista tushib kelayotgan kampirning qadam tovushlari eshitildi.
− U nima deganini eshitdim. Yo‘q, men uning oldiga bormayman. Undan qo‘rqaman.
− Bekorlarni aytibsan! − baqirdi kampir. − Bundan chiqdi, sen mana shu to‘mtoq oyoklarim bilan qorong‘ida sirg‘anchiq zinadan yana chiqishimni xohlaysanmi? Uning qo‘rqadigan hech narsasi yo‘q. Faqat u juda ahmoq va tajang, ammo ko‘ngilchan yigit. Senga achinishini aytdi, kambag‘al qiz ekan, sepsiz qizni hech kim xotinlikka olmaydi dedi. To‘g‘ri aytadi, sepni qaerdan olarding? Axir butunlay xarob bo‘ldik. Qashshoq odamlardan boshqa kim ham keladi bu yerga?
− Meni ko‘rib, nega birdan achchig‘lanib ketdi? − so‘radi qizcha. Kampir chimirildi.
− Nimalar deyapsan? − to‘ng‘illadi u. − Men unga birovning ishiga burningni tiqma dedim… Shunga xafa bo‘ldi. − So‘ng jahl bilan baqirdi:
− Qani, bor endi, unga suv berib kel. Buning uchun senga bir nima beraman deb va’da qildi. Bor deyapman!
Qizcha suv to‘la ko‘zachani ko‘tarib, ochiq eshikdan kirib borganda, marokashlik yechinib, karavotda cho‘zilib yotar, oyning g‘ira-shira yorug‘ida qirg‘iy ko‘zlari, silliq qirilgan kichkina boshi yaqqol ko‘zga tashlanardi. Xona o‘rtasidagi stolda tig‘i uzun, o‘qdoni katta revolver yaltirar, narigi karavotda ustki kiyimlari oppoq tepa bo‘lib uyulib yotar edi. Bularning hammasi vahimali ko‘rinardi…
Qizcha yugurib kirib, ko‘zachani stolga qo‘ydi va zingillab iziga qaytdi, ammo marokashlik sakrab turib, uni qo‘lidan ushlab oldi.
− To‘xta, to‘xta, − u tez gapirib, qizni karavotga tortdi, o‘zi turib o‘tirdi va qizning qo‘lini qo‘yib yubormasdan shivirladi: − Yonimda bir daqiqa o‘tir, o‘tir, qulok, sol… faqat qulok, sol…
Dovdirab qolgan qiz noiloj o‘tirdi. Erkak bir ko‘rishdayoq uni sevib qolganini aytib, shosha-pisha qasam ichishga tushdi, bir bo‘sa uchun o‘nta tilla tanga… yigirmata tanga berishga tayyorman, ulardan menda bir xalta bor deb, yostiq ostidan qizil charm xaltachani oldi va titragan qo‘llari bilan bog‘ichni yechdi; choyshab ustiga oltinlarni sochib, go‘ldiradi:
− Mana, ko‘rdingmi, ular menda qancha?.. Ko‘rdingmi?
Qizcha keskin bosh silkitib, karavotdan turdi. Marokashlik qizni yana tutib oldi va qattiq changali bilan og‘zidan ushlab, karavotga uloqtirdi. Qizcha jon achchig‘ida qo‘lini tortib oldi va kuchi boricha:
− Negra! − deb qichqirdi.
Erkak yana qizning og‘zi-burnidan siqib ushlab, qo‘li bilan ochilib qolgan oyog‘ini ko‘tarmoqchi bo‘ldi, qiz yulqinib bir tepdi, u beixtiyor qornini changalladi va shu daqiqada zinapoyadan bo‘ron shiddati bilan uchib chiqayotgan itning sharpasini eshitdi.
U sakrab turib, stoldan revolverni oldi. Lekin tepkini ushlashga ham ulgurmadi, kuchli zarbadan polga ag‘darilib tushdi. Og‘zini katta ochib, ustiga tashlangan itning olov nafasi dimog‘iga urildi, qo‘li bilan yuzini berkitib ag‘anar ekan, engagi xiyol ko‘tarilib ketdi va it bir hamladayoq uning kekirdagini yulib oldi.
1949 yil, 23 mart

Ortiqboy Abdullayev tarjimasi

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.