OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Rabindranat Tagor. Baxtsizlik (hikoya)

Kechki payt bo'ron yana ham zo'raydi. Yomg'ir chelaklab quyar, chaqmoq chaqib, momaqaldiroq guldu-rar, go'yo osmonda xudolar bilan iblislar orasida shiddatli jang borardi. Olamni barbod etuvchi qora bayroq singari bulutlar jadallab uchardi. Isyonkor to'lqinlar bo'g'iq shovillab, keng Gang bo'ylab raqsga tushar, bog'lardagi azim daraxtlar bo'lsa, shoxlarini tartibsiz silkib, dahshatli ingrar, uyoqdan-buyoqqa tebranar edi.
Xuddi mana shu payt Chandernagordagi hovlilarning birida, derazalari mahkam berkitilgan bir uyda, ka-ravot yonidagi bo'yrada o'tirib, eru xotin tortishmoqda edi.
— Bu yerda yana bir oz turamiz, sen butunlay sog'ayib ketgach, uyimizga qaytamiz, — dedi Shorotbabu.
— Men soppa-sog'man, — deb e'tiroz qilardi Kironmoyi. — Agar hozirning o'zidayoq uyga qaytsak ham hech narsa bo'lmaydi.
Bunday bahsning men bayon etgandek qisqa bo'lmasligini har bir xotinli kishi biladi, albatta. Garchi bu muammo unchalik mushkul bo'lmasa-da, munozara uni hal etishga zarracha yordam bermadi: Munozara — eshkakchisiz qayiqday, nuqul bir joyda gir aylanardi. Bora-bora ko'z yoshi to'lqinlari ostida qolish xavfi paydo bo'ldi.
— Doktor seni, yana bir oz shu yerda turishi kerak, deyapti, — davom etdi Shorot.
— Ha, albatta, sizning doktoringiz hamma narsani biladi.
— Hamma narsani bilmasa ham, hozir ko'p yerda kasal tarqalganini juda yaxshi biladi, shuning uchun yana bir ikki oy Chandernagorda yashash oqilona maslahatdir.
— Ha, aftidan, bu yerning odamlari kasalning nima ekanini bilmasalar kerak! —javob berdi Kiron.
Voqea mana bunday edi. Kironni hamma — uydagilar ham, qo'shnilar ham, hatto qaynonasi ham qattiq hurmat qilardi. Shuning uchun u og'ir kasal bo'lib, doktor iqlimni o'zgartirishni maslahat berganda, eri va qaynonasi sira ikkilanmay o'z uylarini ham, ishlarini ham qoldirib, begona joylarga ketishga oshiqdilar. Qishloqning hamma dono odamlari havoni o'zgartirish bilan bemorning sog'ayishiga ishonish, xotinni deb shunchalik daxmaza qilish — hozirgi zamon yoshlarining besharm tantiqligidan boshqa narsa emas, degan fikrda edilar.
— Nima, hozirgacha hech kimning xotini og'ir kasal bo'lmabdimi? Nahotki Shorot bormoqchi bo'lgan joyda odamlar o'lmasa? Axir, taqdirni o'zgartirib qutulish mumkin bo'lgan mamlakat bor emishmi? — deyishardi ular.
Ammo Shorot va uning onasi bu xil gaplarga quloq solmadi. U paytda sevimli Kironning hayoti ularga butun qishloq donishmandligidan qimmatroq edi. Ha, yaqin kishisining boshiga kulfat tushganda, odam ko'pincha yanglishadi!
Shorot Chandernagorda bog'-rog'li bir uyga tushdi. Kiron hali tuzuk darmonga kirmagan bo'lsa-da, ancha sog'aygan edi. Uning ozib cho'zilgan yuzi va ichiga tortgan ko'zlari kishining rahmini keltirar edi; unga qaraganda, yurak orqaga tortib, beixtiyor, dardni qanday yengdi bu sho'rlik, deb o'ylardi kishi!
Biroq juvon bu yerda juda zerika boshladi. Chunki hammaga el boiadigan xushchaqchaq ayol bu yerda na ro'zg'or ishlariga qatnasha olar, na qo'shnilar bilan suhbatlashar edi; uzzukun o'z kasali haqida o'ylab tek o'tirishni esa yoqtirmasdi. Har soatda dori tomizish, uni ichish, buni ilitish, parhez tutish — bular uning joniga tegib ketdi.
Bu bo'ron oqshomida, uylarining eshik va derazalarini mahkam bekitib, er-xotin shu xususda munozara qilmoqda edilar.
Kiron e'tiroz bildirib turganda, bahs baravar kuchlar orasida davom etganday tuyulardi; biroq xotini Shorotdan yuz o'girib, boshini quyi solib, xomush bo'ldi deguncha boyoqish erining tarvuzi qo'ltig'idan tushib, nima deyishini bilmay qoldi. U yengilganiga iqror bo'lay deb turganda, birdan xizmatkorlarning shovqini eshitildi.
Shorot turib eshikni ochdi. Surishtirib bilsa, daryoda bir qayiq botibdi, undan bir braxman bola suzib qirg'oqqa, bularning bog'lariga chiqibdi.
Bu xabarni eshitib Kironning qaysarligidan asar ham qolmadi. U, darhol braxman bolaga quruq kiyim tayyorladi, sut qaynatib qo'ydi va uni o'z xonasiga olib kirishni buyurdi.
Bu — uzun sochli, olako'z bolaning iyagiga hali birorta tuk ham chiqmagan edi. Kiron uning qornini to'yg'azib, so'ngra kim va qaerdan ekanini so'radi.
Bolaning aytishiga qaraganda, u daydi — sayyor bir truppaning aktyori bo'lib, nomi Nilkanto ekan. Ular shu yerga yaqin bir joyda yashaydigan Singx janoblarining uyida tomosha ko'rsatish uchun taklif qilingan ekanlar. Qayiq to'ntarilib ketgandan so'ng sheriklarining ahvoli ne kechganini bilmas ekan; u yaxshi suza olgani uchun halokatdan salomat qutulibdi.
Nilkanto shu uyda turib qoldi. Bolaning arang xalos bo'lganini eslaganda Kironning unga juda rahmi kelib ketardi.
«Juda yaxshi bo'ldi, — deb o'yladi Shorot ham, — Kironga ermak topildi; endi Chandernagorda yana birmuncha vaqt turishi mumkin».
Qaynona ham bu tasodifiy voqeadan mamnun edi, u bunga yaxshilik bilan nom chiqarishning bir vositasi deb qaradi. Nilkanto bo'lsa, truppa boshlig'i va ajal changalidan qutulib, bu badavlat xonadonga tushgani uchun ham baxtiyor edi.
Biroq bir oz vaqt o'tgandan keyin Shorot bilan onasining bu bolaga munosabati o'zgara boshladi. «Endi uning keragi yo'q, — deb o'ylashardi ular, — undan qancha tez qutulsak shuncha yaxshi».
Nilkanto, ichidagi suvining kuldirashidan zavqlanib, yashirincha Shorotning xukkasini (chilimini) chekib yuradigan bo'ldi. Yomg'irli kunlarda Shorotning yaxshi ko'rgan shohi soyabonini boshiga tutib ko'cha-ko'yda yangi tanishlar qidirish unga zavq berardi.
Nilkanto qandaydir egasiz bir kuchukni ergashtirib yurardi, uni erkalatib shu darajaga olib keldiki, kuchuk Shorotning shinam yotog'iga to'g'ri kirib kelib, oq choyshabda to'rttala oyog'ining iflos izlarini uzoq vaqtga yodgorlik qilib qoldirar edi. Bundan tashqari, Nilkanto o'z atrofiga bir gala bolani to'plab mango mevasini shunday qiyratdiki, ularning dastidan Chandernagor bog'larida bu mevaning biror donasi pishmay g'o'raligidayoq tamom bo'ldi.
Rostdan ham, Kiron bu bolani haddan tashqari erkala¬tib yubordi. Shorot bilan onasi unga buni bir necha marta gapirsalar ham, yosh juvon ularning gapiga hech qanday ahamiyat bermadi. Bola shu choqqacha Shorotning eski kiyimlarini kiyib yurardi, endi Kiron unga yangi dxoti, chador va kavush olib berib, boyvachchalardek kiyintirib ham qo'ydi. Kiron uni tez-tez o'z huzuriga chaqirib erkalatar, shu bilan o'zini ham bir qadar ovutar edi.
Kiron ba'zan jilmayib, yoniga qutida betel qo'yib, karavotda o'tirar, cho'ri xotin esa, uning cho'milgandan so'ng hali qurimagan sochlarini tarab quritish bilan mashg'ul bo'lar edi; Nilkanto bo'lsa, yonida turib «Nal va Damayanti»dan  ayrim boblarni kuyga solib, qoilarini harakatga keltirib ijro etardi. Choshgohdan keyin vaqt shu zaylda sezilmay o'tib ketardi. Kiron tomoshabinlar qatoriga erini ham qo'shish niyatida uni o'z yoniga o'tqizardi. Biroq Shorot shunday loqayd bo'lib, zerikib o'tirardiki, bu hol Nilkantoning o'z san'atiga bo'lgan e'tiqodini bir daraja pasaytirardi. Ba'zan, tangrilarining muqaddas nomlarini eshitish uchun qaynona ham kelardi, biroq tezda uyqu bosib uning xudojo'yligini yengib qo'yar, u darrov turib yotog'iga jo'nardi.
Shorot tez-tez Nilkantoning qulog'idan cho'zar, tarsaki bilan tortar, urar, tepardi, lekin bola go'daklikdan boshlab bundan ko'ra og'irroq sharoitda yashagani uchun bu xil muomalani xo'rlik deb bilmas, xafa bo'lmasdi. U qattiq ishonardiki, yer sathi quruqlik va dengizlardan iborat bo'lgani singari, odam hayoti ham goh ovqat, goh kaltak yemoqdan iborat bo'lib, bundan keyingisi bir qadar ko'proq ham bo'lishi mumkin.
Nilkantoga qarab uning yoshini aniqlash qiyin edi. O'n to'rt yoshda desang — yuzlari bundan ko'ra kattaroq odamni eslatar, o'n yetti yoshda desang — hali u yoshga yetmaganday tuyulardi. U goho bemahal ulg'aygan bolaga, goho hali yetilmagan yigitga o'xshardi.
Gap shundaki, u juda yosh chog'idan sayyor truppaga tushib, Radxa, Damayanti, Sita, Bidde  rollarini ijro qildi. Taqdirning marhamati bilan, u truppa boshlig'iga qancha lozim bo'lsa, shuncha o'sdi-yu, so'ngra o'sishdan to'xtadi. Atrofidagi odamlar unga boladek muomala qilardilar, o'zi ham bola bo'lsam kerak deb o'ylardi. Biror kimsa unga yoshiga munosib hurmat ko'rsatmadi. Mana shunday tabiiy va ayni zamonda g'ayritabiiy sharoit ta'sirida Nilkanto o'n yetti yoshida o'n to'rt yashar o'smirdek ko'rinsa ham, balog'atda o'n yetti yoshlilardan o'zib ketgan edi.
Shu choqqacha mo'ylovi chiqmaganligi ham yosh bola ekanligi haqidagi taassurotni mustahkamlar edi. U yoshligidan cheka boshlagandanmi yoxud kattalardek gapirganidanmi, har nechuk, lablari katta odamlarnikiga o'xshardi. Ammo katta ko'zlarining porlashi — sofdillik, yoshlikni ifoda etardi. Men, Nilkanto hali ham yuragida bola, deb o'ylayman, biroq sayyor truppaga kelishi uni katta odamga o'xshatib qo'ygan.
Nilkanto Chandernagorga kelib Shorotbabuning uyidan boshpana topgandan so'ng, tabiat qonunlari unga bemalol ta'sir qila boshladi. Uning g'ayritabiiy ravishda cho'zilgan bolalik davri qisqa bir muddatda yo'qolib, o'n yetti yoshlik yigitligi o'zini ko'rsatdi-qo'ydi.
Unda paydo bo'lgan o'zgarishni hech kim sezmay qoldi, ammo Kiron unga bola deb muomala qilganda, uyaladigan va hatto xafa boiadigan bo'ldiki, bu Nilkantodagi o'zgarishning birinchi alomatlari edi. Bir kuni Kiron hazillashib o'z dugonasiga taqlid qilish uchun, undan ayol kiyimi kiyishni so'radi. Bu taklif hech kutil-maganda bolaga haqoratday tuyuldi, biroq nima uchun ekanini o'zi ham bilmasdi. Shundan beri uni, eski rollardan birortasini o'ynab ber, deb chaqirgudek bo'lsalar, yashirinib yuradigan bo'ldi. Ammo, shunday bo'lsa ham, endi u men kimman, sayyoh artistlar truppasidagi baxtsiz bir o'smirmanda, deb o'ylamasdi.
U Shorotning bir xizmatkori yordami bilan bir oz o'qib, yozishni ham o'rganmoqchi bo'ldi. Biroq u uy bekasining erkatoyi bo'lganidan xizmatkorning uni ko'rishga ko'zi yo'q edi. Umrida o'qimagan Nilkantoga ham fikrni bir joyga yig'ib, bir narsa ustida o'ylash qiyin, shuning uchun u o'qishga kirishganda, harflar ko'z o'ngida sakrardi. Yigitcha Gang sohilidagi banan daraxtga suyanib, tizzasiga kitobni ochib qo'yib, uzoq-uzoq o'tirardi. Daryo to'lqinlari shaloplar, yonidan qayiqlar suzib o'tar, tinmagur bir qushcha daraxt yaproqlari orasida nima haqidadir g'ujurlardi. Nilkanto esa kitob sahifasiga qarab nimani o'ylaganini faqat o'zi bilar, balki o'zi ham bilmas¬di. Bola bir so'zni amallab o'qisa ham, ikkinchisiga sira o'tolmas, ammo o'qib turibman, degan tushuncha uning butun vujudini g'urur hissi bilan toidirardi. Ayniqsa oldidan qayiq suzib o'tganda u qomatini yanada rostlab, kitobni ko'zlariga yaqinroq keltirib, go'yo o'qish bilan mashg'ulday allanimalar deb valdirardi... Ammo tomoshachilar ko'zdan g'oyib bo'lishi bilan uning o'qishga havasi ham tugardi.
Nilkanto o'z ashulalarini hamisha kuylab yursa ham, burun ularning mazmuniga zehn solmasdi. Endi esa, bu kuylar uni hayajonga keltiradi. Bu qo'shiqlarning mazmuni juda sayoz bo'lib, keraksiz tashbehlar bilan to'ldirilgani uchun uning saviyasidagi odamga og'irlik qilardi, shunga qaramay Nilkanto:
Ikki bor tug'ilgan oqqush bo'lsang ham , 
Nega berahmsan, ayt-chi, oppoq qush? 
Nechuk halok etding ul malikani, 
Bu odam yurolmas qora o'rmonda?
deb kuylaganida, o'zini boshqa bir olamga kirib kelganday his etar edi; qo'shiq — uni o'rab olgan tabiatni ham, uning ayanch hayotini ham tamom o'zgartirib yuborganday bo'lardi. Malika Damayanti va oqqush haqidagi rivoyat yigit qalbini ajib bir nur bilan yoritgan edi. Bu qo'shiq aytganda u o'zini kim deb hisoblashni aniq aytish qiyin, har holda, sayyoh artistlar truppasidagi yetim bolaman, deb o'ylamas edi.
Kambag'allarning ko'hna qorong'i kulbasida baxtsiz bolalar oqshom yotib shahzodayu malikalar, yetti podsholikning xazinalari haqida ertak tinglaganlarida ularning qalbi qashshoqlik va muhtojlik zanjirini uzib, o'sha sehrli olamga ko'chadi. U yerda mumkin bo'lmagan narsa yo'q, u yerda hamma narsa muhayyo: ajoyib go'zal qiyofa, shohona liboslar, yengilmas kuch, xuddi mana shuningdek, hamma narsadan mahrum etilgan darbadar artistlar truppasidagi bu go'dak ham o'z qo'shiqlari bilan o'ziga boshqa olam yaratar, unda o'zi ham o'zgarib ketar; qo'shiqlarining ohangi, qandaydir, sehrli bir yo'l bilan oyog'i ostidagi suvning shovillashini, barglarning shitir-lashini, qushlarning sayrashini, yuzlari erkalatuvchi tabassumdan yorishgan, nilufardek nozik qo'llariga bilaguzuk taqqan, latif oyoqlariga xina qo'ygan, bu baxtsiz bolaga boshpana bergan anavi ma'budaning siymosini aks ettirar edi. Biroq ashulaning sehri bir lahzada yo'qolib, yana dar¬badar artistlar truppasida juldur kiyim kiyib yurgan eski Nilkanto qoldi. Shorot kelib uning yuziga bir necha tarsaki tushirdi, bu — mango bog'lari qiyragan qo'shnilarning shikoyati natijasi edi. Nilkanto yana bolalarga bosh bo'lib, suvda, quruqda va daraxt shoxlarida noma'qul ishlar qilib yura boshladi.
Xuddi shu vaqtda Kalkuttadan kanikulga Shorotning ukasi Shotish kelib qoldi. U kollej studenti edi. Kiron uning kelishidan juda quvondi — unga yangi ermak topildi: u qaynisi bilan hazillashib, uning jig'iga tega boshladi. Kezi kelganda shuni ham aytish kerakki, ularning yoshi baravar edi. Kiron goh qoilarini sariq rangga bo'yab, orqasidan kelib yigitning ko'zlarini berkitar, goh yelkasiga «maymun» deb yozib qo'yar, goh eshikni taraqlatib yopib, uni ichkariga qamab, xandon urib qochardi. Shotish ham qarab turmay, o'ch olar: kalitlarini yashirar, beteliga qalampir separ, yo sezdirmay soriysining uchini karavotga bog'lab qo'yardi. Kunlar shu zaylda hazil-mutoiba, kulgi va sho'xliklar bilan o'tdi. Ba'zan janjallar, ko'zyoshlari, kechirim so'rashlar ham bo'lib, oqibat yana yarashdilar.
Ammo bu orada Nilkantoga qanday jin tekkanini bilib bo'lmasdi. Uni kim, qanday qilib xafa qildi, buni o'zi ham bilmaydi, ammo achchiq bir alam yuragini o'rtaganini biladi. U o'z tevaragidagi bolalarni bekordan-bekorga urib qaqshatar, o'zi boqib olgan kuchukchaning shikoyatomuz g'ingshiganiga qaramay, uni ham huda-behudaga kaltaklar edi. U, hatto o'simliklarni ham ayamas, qo'liga tayoq olib daraxt va nihollarning shox-shabbalarini urib sindirardi.
Kiron ishtahali odamlarni o'z oldiga o'tqizib, ularning ovqat yeyishiga qarab turishni yaxshi ko'radi. Nilkanto bu jihatdan bekamu ko'st nusxa bo'lib shirinroq bir taomni yeyish uchun necha marta taklif qilishmasin, biror marta «yo'q» degan emas. Shuning uchun Kiron uni tez-tez chaqirib mehmon qilib turardi. Bu braxman bolaning lunjlarini to'ldirib, yamlab yutishi yosh juvonning juda ham zavqini keltirar edi. Biroq Shotish kelgandan buyon Nilkantoning ovqat yeyishini tomosha qilishga ham Kironning vaqti bo'lmay qoldi. Ilgari bunday hodisalar Nilkantoning ham ishtahasiga hech qanday ta'sir qilmasdi: u sutni shimirib, idishini ham chayqab ichgandan keyingina turib ketardi. Endi bo'lsa ovqat bemaza tuyular, taom tugamay o'rnidan turar, yegani tomog'idan o'tmas, hafagazak bir ovoz bilan cho'ri ayolga:
— Mening ovqat yegim yo'q, — deb jo'nab qolardi.
U, Kiron buni bilib rahmi keladi, orqamdan odam yuborib ovqat yegin, deb aytadi, ammo men bu gaplarga ko'nmay: «Ovqat yegim yo'q», deb turih olaman, deb o'ylardi; biroq Kiron hech narsani bilmaydi, birovni uning oldiga yubormaydi ham, qolgan ovqatni esa cho'ri xotin o'zi yeb qo'ya qoladi. Kechki ovqatdan so'ng bola o'z xonasida chiroqni o'chirib, o'zini karavotga tashlab, boshini yostiqqa ko'mib, qorong'ida achchiq-achchiq ho'ngraydi. Qiziq, nega yig'laydi, kimdan shikoyat qiladi? Kim kelib unga tasalli berishi kerak? Hech kirn... Nihoyat, hamma alamdiydalarning tasallichisi — uyqu parisi kelib, nozik qo'llari bilan bu sho'rlik yetimni ham asta-sekin tinchitadi.
Nilkanto, Shotish meni Kiron oldida beburd qilib qo'yadi, degan fikrga keldi. Ba'zan Kiron biron sabab bilan xafaroq ko'rinsa, u, Shotishni chaqimchiligi bilan mendan ranjigan, deb gumon qilardi. Shundan e'tiboran, bola ikkinchi tug'ilishimizda meni Shotish, Shotishni Nilkanto qilib yarat deya, sidqidildan xudoga yolvoradigan bo'lib qoldi.
Braxman tovush chiqarmay, ichida duo qilsa ham xudoning dargohiga yetib boradi. Mana shunga ishongan yigit sas-sado chiqarmay Shotishni braxman g'azabining alangasida kuydirmoqchi edi-yu, biroq bu o't uning o'zini kuydirardi, yuqori qavatdan uning qulog'iga hamon Shotish bilan Kironmoyining hazil va quvnoq kulgi sadolari eshitilib turardi.
Nilkantoning Shotishni ko'rgani ko'zi yo'q, lekin u buni ochiq aytishga botinmasdi, paytini topsa, uning g'ashiga tegib, shu bilan tasalli topardi, xolos. Agar Shotish Gangda cho'milib sovunni sohildagi zinapoyaga qo'ysa Nilkanto poylab turib, student sho'ng'igan hamon olib qochardi. Shotish esa keyin sovunni qidirib topmasdi. Bir kuni u cho'milayotib qarasa, yaxshi ko'rgan guldor yoqali ko'ylagi oqib ketyapti. Shamol uchirgan bo'lsa kerak, deb o'yladi u, ammo shamolning qayoqdan esgani sir bo'lib qola berdi.
Bir kuni Kiron Shotishni xursand qilish uchun bolani chaqirib, o'ynab yurgan rollarini ijro qilishni so'radi, ammo Nilkanto qovog'ini solib indamay turaverdi.
— Senga nima bo'ldi? — hayron bo'lib so'radi Kiron. Bola javob bermadi. — Huv ana u qo'shig'ingni ayt axir,— takror so'radi juvon. Nilkanto esa:
— Men uni esimdan chiqarib qo'yibman, — dedi-yu, ketib qoldi.
Nihoyat, Kironning uyga qaytadigan vaqti bo'ldi. Hamma safarga hozirlana boshladi. Shotish ham ular bilan birga ketadigan bo'ldi. Nilkantoni esa hech kim esiga ham olmadi. U biz bilan ketadimi, qoladimi deb o'ylab ham ko'rishmadi.
To'g'ri, Kiron bolani birga olib ketishni taklif etdi. Ammo eri, qaynonasi, qaynisi bunga bir og'izdan norozilik bildirishdi. Oxiri u yon berishga majbur bo'ldi.
Nihoyat, jo'nashga ikki kun qolganda Kiron bolani chaqirib, uni o'z qishlog'iga qaytishga maslahat berdi.
Shuncha e'tiborsizlikdan so'ng Kironning mehribonlik bilan aytgan so'zlarini eshitgach, bolaning ko'ngli toiib yig'lab yubordi. Ayolning ham ko'zlari jiq yoshga to'ldi. U, shundoq tashlab ketar ekanman, begona bolani erkala-tib o'zimga o'rgatib nima qilardim, deb o'zidan qattiq nolidi.
Bu hangomaning tepasida turib, soioqmonday bola¬ning ko'zyoshi to'kkanini ko'rgan Shotish nafratlandi.
— Bu qanaqa kallavaram o'zi! — dedi u, — gap yo'q, so'z yo'q, ho'ngraydi.
Bu xil qattiq gaplari uchun Kiron undan o'pkalaganda, u bunday deb javob berdi:
— Singlim, siz odamlarni bilmay, ularga haddan ziyoda ishonasiz. Uning kim va qaerdan ekani noma'lum, ammo sizning uyingizda osmondan tushganday aziz. Tabiiy sherning qayta sichqon bo'lgisi kelmaydi, u sizning rahmdil ekaningizni yaxshi bilib, ko'zyoshi to'kmoqda — sizdan ajralgisi yo'q.
Nilkanto bu gapga chidolmay, nari ketdi. U xayolida pichoqqa aylanib, Shotishni tilka-pora qilar, igna bo'lib sanchilar, olovga aylanib uni kuydirardi, ammo bularning baridan Shotish zarracha zarar ko'rmadi, Nilkantoning yuragi qon bo'ldi, xolos.
Shotish Kalkuttadan juda ko'rkam siyohdon olib kelgan edi: ikki sadaf qayiqda bittadan davot, o'rtada kumush qanotli oqqush tumshug'ida pat tutib turibdi. Shotish bu siyohdonni juda yaxshi ko'rar, uni shohi latta bilan avaylab artib yurardi. Kiron o'qtin-o'qtin tegajaklik qilib:
Ikki bor tug 'ilgan oqqush bo'lsang ham, 
Nega berahmsan, ayt-chi, oppoq qush? 
Nechuk halok etding ul malikani 
Bu odam yurolmas qora o 'rmonda?
deb oqqushning tumshug'iga chertar, shundan so'ng, Shotish bilan uning orasida hazil, kulgidan iborat dahanaki jang boshlanardi.
Jo'nashga bir kun qolganda ertalab siyohdon yo'qolib qoldi.
— Ukajon, sening oqqushing Damayantini qidirib uchib ketibdi, — dedi Kiron kula-kula.
Biroq Shotishning juda jahli chiqqan edi. U siyohdon¬ni, albatta Nilkanto o'g'irlagan deb o'yladi — chunki kechqurun bolani o'z xonasi oldida aylanishib yurganini ko'rgan, buni boshqalar ham ko'rishgan edi.
Aybdorni Shotishning huzuriga olib keldilar. Kiron ham shu yerda hozir edi. Shotish darhol Nilkantoga hujum boshladi.
— Mening siyohdonimni nega o'g'irlading? Uni qayoqqa qo'yding? hozir topib kel!
Shorot Nilkantoni goh gunoh qilgani uchun, goh bekordan-bekor bir necha marta urgan edi, bola hammasiga bardosh berib keldi. Biroq Kironning huzurida siyohdon o'g'irlashda ayblaganlarida, uning ko'zlari o't chaqnab, g'azabning zo'ridan ko'ksi tez-tez qalqa boshladi, agar Shotish yana bir og'iz gapirganda u yovvoyi mushukday tashlanib, panjasining hamma tirnoqlarini uning badaniga botirar edi.
Kiron bolani qo'shni xonaga chaqirib muloyimgina gapirdi:
— Nilu, agar siyohdonni sen olgan bo'lsang, sekin olib kelib menga bera qol. Senga va'da beraman, agar shunday qilsang, hech kim senga bir narsa demaydi!
Nilkantoning katta ochilgan ko'zlaridan yosh dumalab tushdi, so'ngra u yuzlarini bekitib, achchiq-achchiq yig'ladi.
Kiron uydan chiqdi.
— Men aminmanki, siyohdonni Nilkanto olgan emas,— dedi u.
— Nilkantodan boshqa kim bu ishni qila oladi? Hech kim! — bir ovozdan qat'iy e'tiroz bildirishdi Shorot bilan Shotish.
— Kimligini bilmayman, lekin u emas! — dedi Kiron ham qat'iy qilib.
Shorot bolani chaqirib yana so'roq qilmoqchi edi, xotin bunga rozi bo'lmadi.
— Bo'lmasa u yotgan xonani, sandiqni tintish ke-rak,— deb taklif qildi Shotish.
— Agar siz shunday qilsangiz, biz abadiy dushman bo'lib qolamiz, — dedi Kiron. — Men begunoh bolaning orqasidan josuslik qilishga yo'l qo'ymayman.
Shu so'zlarni aytganda, uning ko'zlariga kelgan yosh masalani hal etdi: boshqa hech kim Nilkantoga og'iz ochib biror so'z demadi.
Quruq tuhmatga qolgan yetimning ahvoli Kironning yuragida shafqat hissini uyg'otgan edi. U, dxoti, ko'ylak, chador va oyoq kiyimidan iborat ikki qator yaxshi sarpo tayyorladi-da, yana o'n rupiya pul olib, kechqurun Nilkanto yotib yurgan hujraga kirdi. U, bolaga hech narsa demay, bu hadyalarni uning sandig'iga solib qo'ymoqchi edi. Bu temirsandiq ham uning hadyasi edi.
Kiron soriysining uchidan kalitni yechib, sekingina sandiqni ochdi, ammo keltirgan narsalarini unga sololmadi, chunki unda: qog'oz varraklarni uchirish uchun g'altak, bambuk novdalari, mango g'o'ralarini kesib olish uchun o'tkir qilib qo'yilgan chig'anoq, siniq stakan va shunga o'xshash narsalar to'lib yotardi. Kiron, sandiqdagi narsalarni tartibga solib, sovg'alami unga sig'dirish mumkin bo'lar, deb o'yladi. Juvon sandiqdan bu ashqol-dashqollarni, bir necha kir va toza ko'ylaklarni buyoqqa olgandan so'ng, sandiqning ostidan Shotishning anavi la'nati siyohdoni chiqib qolsa bo'ladimi!
Taajjubda qolgan kiron o'zidan-o'zi qizarib, qo'lida siyohdon bilan qotib qoldi. U Nilkantoning kirib kelganini ham sezmadi. Bola hammasini ko'rdi.
Kiron meni o'g'irlikda ayblash uchun dalil izlab uyimga kelibdi, deb o'yladi Nilkanto. Mana dalil qo'lida! Holbuki, u, siyohdonni Shotishdan o'ch olish niyatida olib kelgan edi. Uning murodi siyohdonni Gang suviga tashlab yuborish edi, biroq, bir lahzalik ikkilanish tufayli bu ni-yatidan qaytib, uni sandiqqa yashirib qo'ygandi. U endi bu gaplarni qanday qilib Kironga tushuntiradi? Bordiyu tushuntirishga urinsa, u ishonarmikin? Axir, Nilkanto o'g'ri emas-ku, yo'q, u o'g'ri emas, axir! Bo'lmasa, u kim? Endi u nima deb javob berishi kerak? U o'g'irlik qildi, lekin u o'g'ri emas, shuning uchun Kironning uni o'g'ri deb gumonsirashi adolatdan emas. Nilkanto buni hech qachon unga tushuntirolmaydi, lekin bunday gumon-sirashlarga toqat ham qilolmaydi.
Kiron chuqur xo'rsinib siyohdonni qayta sandiqqa soldi. Xuddi o'g'ridek, uni kir ko'ylaklar bilan yopib, tepasidan varrak uchiradigan g'altak, bambuk tayoq-chalar, g'ildiraklar, chig'anoqlar, siniq shishalar va boshqa o'yinchoqlarni solib, ularning ustiga o'z hadyalarini va o'n rupiya pulni qo'ydi.
Biroq ertasiga braxman bola g'oyib bo'ldi. Mahalliy aholidan so'rashsa, ko'rmadik, deb aytishdi. Politsiya ham uni topolmadi. Shunda Shorot:
— Kelinglar, endi uning sandig'ini ochib ko'ramiz, — deb qoldi.
Ammo Kiron qat'iy ravishda:
— Bu bo'lmagan gap! — deb ularning shashtini qaytardi.
U Nilkantoning sandig'ini o'z xonasiga olib kelishni buyurdi va undan siyohdonni olib, hech kimga sezdirmay, Gang sohiliga eltib suvga tashladi.
Shotish va Shorotbabuning boshqa oila a'zolari jo'nab ketishdi. Faqat Nilkanto o'rgatgan kuchukcha ochlikni unutib, sohilda shikoyatomuz g'ingshib, behuda umid bilan egasini qidirardi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.