OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Rabindranat Tagor. Opa (hikoya)

I

Tara qishloqdagi dugonalariga qo'shnisi Joygopalning battolligi, xotiniga sira kun bermasligini batafsil gapirib berib:
— Tiliga chipqon chiqsin uni, — deb qarg'ab ham qo'ydi.
Bu gap Joygopalning xotini Shoshiga juda tegib ketdi: «Nima bo'lganda ham, xotin kishining o'z eriga yomonlikni ravo ko'rishi insofdan emas», deb o'ylab, Taraga e'tiroz bildirdi.
Biroq berahm Tara gapdan qolmadi, hovuri ikki chandon ko'tarilib:
— Shunday erga xotin bo'lgandan ko'ra yetti marta tul qolgan yaxshi-yu, — deb baqirgancha uyiga kirib ketdi.
Shoshi esa, uyga qaytib, yana xayolga toldi.
«O'ylab o'yimga yetolmayman, erimning qaysi guno-hi uchun undan bunchalar g'azablanish kerak ekan?» Shunday deb o'ylar ekan, yuragi hozir musofirlikda yurgan eriga mehr-muhabbat bilan to'lib-toshdi. Eri yotadigan joyiga o'zini tashlab, yostiqni o'pib, uning tanish hidi bilan nafas oldi...
Ayol yotoqning eshigini bekitib, yog'och qutichadan erining sarg'ayib ketgan eski fotosurati bilan hatlarini olib qaray boshladi.
Shoshi butun kunni shu bo'sh xonada o'tkazdi. Tanholik joniga tekkan ayol o'tmishni qumsab yig'ladi.
Joygopal bilan Shoshikolaning turmush qurganlariga ancha vaqt bo'ldi. Ular juda yoshlikdan uylanishgan, hozir bir necha bolalari bor. Eru xotin hamma vaqt birga, bir maromda tinch kun kechirishar, shuning uchun bir-birlariga ortiqcha tashnalik ham sezmas edilar. Mana endi o'n olti yil deganda Joygopal to'satdan xizmat bilan uzoq safarga ketib qoldi. Erga muhabbat hissi xotin qalbida yangi kuch bilan alanga oldi. Ayriliq erni unga yana ham yaqin qilib, Shoshining yuragida sevgi sirtmog'i taranglashdi.
Hayot bir maromda o'tgan choqda bilinmagan xotiralarni qumsab, yuragi siqildi. Bu bahor kunlari yolg'iz yotib, erga chiqqan chog'dagi baxtiyor yoshligining shirin xotiralarini ko'z oldiga keltira boshladi. Holbuki Shoshi endi uncha yosh emas, bolalari bor.
Hayot oqimida ohista shildirab turgan muhabbat chashmasi birdan toshib ketdi. Yiroqda dilbar muzika yangrab, sohilda oltin saroylar, afsonaviy o'rmonlar ko'rindi... Hayhot, endi u bu baxt gulzoriga qadam bosolmaydi.
— Endi erim kelsa — deb shivirlardi ayol, — hayotning, bahorning bunday bema'ni, quvonchsiz o'tishiga qo'ymayman. Tentak ekanman. Arzimagan narsalar uchun u bilan necha bor aytishib, ko'nglini ranjitardim!
Shunday qattiq pushaymondan so'ng, Shoshi qanoatli, itoatkor xotin bo'lib, erining izmidan chiqmaslikka ahd etdi. Eri xoh yaxshi, xoh yomon ish qilsin — hammasiga bardosh qiladi, er hamma narsa, er — xudo, u yer yuzasidagi odamlarning eng azizi.
Shoshikola ota-onasining yagona qizi edi, uni hamisha erkalatardilar. Shuning uchun Joygopalning maoshi oz bo'lsa ham, eru xotin qishloqda ehtiyoj nimaligini bilmay yashashdi.
Biroq yaqinda yoshlari bir joyga borib qolgan ota-onalar bemahalda o'g'il ko'rishdi. Ochig'ini aytish kerakki, qiz ularning bu nomunosib, nohaq ishidan qattiq norozi edi. Eri ham bunga uncha quvongani yo'q.
Bunday bemahalda dunyoga kelgan go'dak ota-onaning butun diqqatini o'ziga jalb etdi. Emish va uxlashdan boshqa hech narsani bilmagan chaqaloq jajji, nozik qoilari bilan pochchasi Joygopalning istiqbolga bo'lgan hamma umidlarini barbod etdi. U Assamga borib choy plantatsiyasiga ishga kirishga majbur bo'ldi.
Qarindosh va oshnalari Joygopalga yaqinroqdagi ish topishga maslahat berdilar. Ammo u, hammadan xafa bo'lganidanmi, yoxud yangi vazifada tezroq ko'tarilish niyatidami, harnechuk, hech kimning so'ziga quloq solmadi.
Xotinini, bola-chaqasini qaynotasinikida qoldirib, Assamga jo'nadi. Eru xotin birinchi marta bir-biridan judo bo'lishdi.
Ishning bu xil chappa ketishini ko'rgan Shoshi kichkina ukasiga yashirin kek saqlab qo'ydi. Kishining dardi bo'lib, dardlashadigan odami bo'lmasa, badtar xunobi chiqadi. Chaqaloq onasini emib qorni to'ygach, ko'zlarini yumib mast uyquga tolardi. Opasi esa, har narsadan kiyik topib, hamma bilan urishar, goh sut juda issiq, goh ovqat sovib qolibdi, goh bolalar maktabga kech qoldi deb, jig'ibiyroni chiqib yurgani-yurgan edi.
Tez orada chaqaloqning onasi vafot etdi. O'lim oldida u o'g'lini qizining tarbiyasiga topshirdi. Yetim qolgan go'dak darrov badjahl opasining mehr-muhabbatini qozona qoldi. U opasining tizzasiga chiqib olib, inqillab, tishsiz og'zi bilan uning lablarini, burni yoki ko'zlarini o'pmoqchi bo'lar, jajji qo'llari bilan sochini ushlab sira qo'yvorgisi kelmas; tong otmay uyg'onib, opasining oldiga emaklab borar, uni ohista tortqilab, allanimalar der edi. U opasini didimo yoki didi deyolmay, zizi, zizimo, deb chaqiradigan bo'lib qoldi. U opasiga mudom xalaqit berar, u ish bilan band bo'lganda yoxud dam olib yotgan-da, qilma degan ishni qilar — qo'liga kirgan har narsani og'ziga solar, o'rmalab ketaverar edi. Shoshi esa uni tutib turolmas edi. Xullas opasi bu kichkina zolimga batamom bo'ysundi. Onadan ayrildi-yu, evaziga opasini tamomila o'ziga qaratib oldi bola.

II

Bolaning ismi Nilmoni edi. U ikki yoshga to Uganda otasi Kaliproshonno qattiq og'rib qoldi. Joygopalga, tez keling, deb iltimos xati yubordilar. U ko'p taradduddan so’ng otpuska olib qaytganda, Kaliproshonno o'lim to'shagida yotgandi. U o'lim oldida Joygopalni o'g'liga vasiy tayinlab, qiziga mol-mulkining to'rtdan bir qismini meros qoldirdi.
Joygopal ishlab yurgan joyidan kechib, marhum qaynotasining mol-mulkini idora qilishga kirishdi. Shunday qilib, uzoq ayriliqdan so'ng er-xotin yana qovushdilar.
Agar bir narsa sinsa, uning parchalarini o'rniga qo'yib yopishtirish mumkin. Biroq odamlarning uzoq ayriliqdan so'ng yana boyagidek bir-birlariga yopishmog'i amrimahol: davr o'tishi bilan odamning fe’l-atvori o'zgaradi, yangi tus oladi.
Erining qaytishi Shoshida yangi tuyg'ular uyg'otdi. Go'yo u yangidan erga tekkanday edi. Uzoq birga yashash tufayli vujudga kelgan beparvolik, e'tiborsizlik butunlay yo'qolgan edi. Shoshiga eri endi ming chandon aziz. «Nima bo'lsa ham erimni bari bir sevaman», deb o'z-o'zicha takrorlagani-takrorlagan edi. Joygopalga esa, xotin bilan uchrashuv o'zgacha ta'sir qildi. Ilgari, birga yashashganda, intilish va odatlari bir xil bo'lganda, Shoshi uning ayrilmas qismidek edi, agar u bo'lmasa Joygopal o'zining kundalik hayotida qandaydir bo'shliq his etardi. Musofirchilikda, dastlab, Joygopalni qandaydir bir girdob o'z qa'riga tortganday tuyuldi. Biroq yangi ish, yangi odat asta-sekin bo'shliqni to'ldirib, uning eski turmush haqidagi xotiralarini siqib chiqardi.
Ish bu bilan cheklanib qolmadi. Ilgari Joygopal ancha yalqov va beg'am edi. So'nggi ikki yil mobaynida esa unda hayotini o'nglab yuborishga shunday zo'r ishtiyoq paydo bo'ldiki, u boshqa hech narsani o'ylamay qo'ydi.
Mana shu ehtiros asoratida qolgan Joygopalga ilgarigi hayoti xuddi bir soyaday tuyula boshladi. Xotin kishini ko'pincha muhabbat o'zgartirsa, erkakni shuhratparastlik o'zgartib yuboradi. Ikki yillik ayriliq davomida Shoshikola ham o'zgarib qolgandi. Kichkina ukasi uning hayotiga xo'p yangilik kiritdi, mana shu yangilikni Joygopal tushunmasdi. Bolaga munosabat masalasida ular bir fikrga kelolmadilar. Shoshi erini bolaga mehr qo'ydirishga urinardi, biroq erining bolaga qanday qarashi noaniqligi-cha qolaverdi.
Shoshi qo'lida go'dak bilan quvnoq jilmayib, erining oldiga kelar, ammo Nilmoni qarindoshiga iltifot etmay, jajji qo'llari bilan opasining bo'ynidan quchoqlab, boshini uning yelkasida yashirardi. Shoshi esa, ukachasi ajoyib qiliqlari bilan erini rom qilib olishini istardi. Eri esa bola mehrini qozonishni o'ylamas, bola ham unga beparvo edi. Joygopal bu kallasi katta, oriq, jiddiy qiyofali qora bolaning nimasiga buncha e'tibor qilinayotganini tushuna olmasdi. Xotinlar erlarining kayfiyatini darrov payqab oladilar. Oz fursatda Shoshi bildiki, Joygopal uning ukasiga juda beparvo.
Shundan so'ng u bolani erining sovuq, ba'zan adovat bilan qarashidan yashirib yurdi. Shu tariqa, bola xuddi yashirin xazinaday, doim uning e'tiborida turdi. Darhaqiqat sir tutilgan hislarning tug'yoni shiddatli bo'ladi! Bolaning yig'isi Joygopalning g'azabini keltirganda Shoshi uni bag'riga bosib yupatishga urinardi. Bola erining uxlashiga xalaqit berib, u bolaga qahru nafrat bilan baqirganida, Shoshi hayajonga tushar, go'yo eri oldida gunohkorday xijolat tortib, darrov bolani olib chiqib ketar, mehr bilan uni erkalatib:
— Oltinim, xazinam, g'ururim, — deya uxlatishga urinar, shivirlar edi.
Bolalar bir-birlari bilan bo'lar-bo'lmasga urishaverar edilar. Ilgari Shoshi oraga tushar, odatda, ukasining tarafini olib, o'z bolalarini koyiy boshlardi — chunki ukasi yetim. Endi qozi boshqa bo'lib, qonunlar ham o'zgardi. Nilmoni bekordan bekor qattiq jazoga tortilardi. Erining bolaga adolatsizligi Shoshining yuragiga o'tkir pichoqday sanchilardi: u ranjigan bolani o'z xonasiga olib kirib, unga qant-qurs, o'yinchoqlar berar, erkalatar, o'par, qo'lidan kelgancha ovuntirar edi.
Shoshi ukasiga mehribonlik qilgan sari, Joygopalning g'azabi ortar, Joygopal bolaga g'azablangan sari opasi uni sevib ardoqlar edi. Joygopal xotiniga yaxshi muomala qilar, Shoshi ham erining izmidan chiqmas, unga mehri-bon edi. Ammo bola eru xotin orasida yashirin adovatga sabab bo'ldi, ma'lumki, ochiq janjaldan ko'ra yashirin adovat og'irroq bo'ladi.

III

Nilmoniga qaraganda avval uning katta kallasi ko'zga tashlanardi. Ingichka novdaning uchiga katta pufakni ilintirib qo'yganday ko'rinardi. Doktorlar, bola shu zaylda dardchil bo'lib qoladi yo o'ladi, deb xavfsirar edilar. U anchagacha gapirishga va yurishga o'rgana olmadi. Bolaning kichkinagina yuziga qaragan odam ota-ona o'z keksa yoshining butun og'irligini shuning yelkasiga ag'darib ketgan ekan, deb o'ylardi.
Ammo opasining mehribonlik bilan parvarish qilishi natijasida, xavflik davr o'tdi. Bola besh yoshga kirdi.
Kunlardan bir kun, kartik oyining o'rtalarida, «ukaga oq fotiha berish  marosimi boidi. Shoshi Nilmoniga yangi kiyimlar kiygizib, uning peshonasiga an'anaviy xol qo'yaman deb turganda, to'satdan qo'shni xotin Tara kirib janjal boshladi:
— Bolaning peshonasiga mehr-muhabbat tamg'asi bosib, zimdan uni halok qilishning nima ma'nosi bor? — deb qoldi u birdan.
Hang-mang bo’lgan Shoshi yashin tekkanday qotib qoldi. Uni alam, g'azab qamrab olgan edi.
Tara atrofdagilarga tushuntira ketdi: Shoshi bilan eri yetimchaning ota merosini tortib olishga ahd qilishgan. Ular ijara haqini ham toiamay yurib, bolaning mol-mulkini kim oshdi qilib sotish, so'ngra bu mulkni Joygopalning amakivachchasi orqali o'zlariga sotib olmoqchi bo'lganlar.
— Shunday qabih tuhmatni kim tarqatgan bo'lsa ming la'nat, tiliga kuydirgi chiqsin, — dedi Shoshi g'azabga to'lib. So'ngra yig'lagancha erining oldiga bordi-da, unga bu g'iybatni so'zlab berdi.
— Ha, aftidan, endi hech kimga ishonib bo'lmaydi, shekilli, — dedi Joygopal. — Men amakivachcham Upenga xo'jalikni boshqarishni topshirganimda tamom xotirjam edim. Uning Xashilpurdagi mulklar uchun soliq qarzlarini yashirib, oxiri o'zi sotib olar degan fikr xayo-limga ham kelmagan edi.
— Nima, siz uning ustidan shikoyat qilmaysizmi? — so'radi boshi qotgan Shoshi.
— O'z ukamning ustidan qanday qilib shikoyat qilay? Bari bir bundan bir ish chiqmaydi, behudaga pul sarf bo'ladi, xolos.
Shoshi eriga ishonishi kerak edi, biroq bu gal unga inonolmadi. O'z oilasini sevgan baxtiyor uy bekasining bu vaziyati endi unga juda xunuk, qabih bo'lib ko'rindi. Dunyoda eng mustahkam boshpana bo'lgan oila endi yo'q edi. Endi u bilan ukasi tushib qolgan dahshatli qopqon bor edi, xolos.
Shoshi, yolg'iz boshim bilan bu bechora bolani qanday himoya qilaman, deb har qancha o'yga tolsa ham, boshiga biron fikr kelmasdi. U shu to'g'rida o'ylagan sari dahshatga tushar, eriga nafrati zo'rayib, istiqboli xavf ostida qol¬gan ukasiga mehri ortardi. Agar u yo'lini bilganda, guber-natorga murojaat qilar, hatto Angliya malikasiga ham maktub yozib, ukasining mol-mulkini saqlab qolardi. Malika bilsa, Nilmoniga yilda yetti yuz ellik sakkiz rupiya daromad keltirib turgan Xashilpurdagi mol-mulklarni sotishga ruxsat bermasdi.
Shoshikola Angliya malikasi huzuriga qanday qilib kirish, qanday qilib Upenning adabini berish haqida o'ylab o'yiga yetguncha Nilmoni to'satdan isitma chiqarib, og'rib qoldi. Uni qattiq titroq bosib, tez-tez hushdan ketardi.
Joygopal o'sha yerlik vrachni chaqirdi. Shoshining yaxshi vrach chaqirish haqidagi gapiga:
— Nima, Motilal yomon davolaydimi? — dedi Joygopal.
Shoshi erining oyoqlariga yiqilib, iltimosimni rad et-mang, deya yolvordi.
— Xo'p, men shahardan doktor yuboraman, — dedi nihoyat, eri.
Shoshi bolani qo'liga olib bag'riga bosdi. Bola undan bir minutga ham ayrilgisi kelmas, ketib qolmasin deb unga yopishib olar, hatto uxlab yotganida ham etagidan tutib yotardi.
Shu tariqa yana bir kun o'tdi. Kechqurun Joygopal kelib, vrachni shaharda topmadim, u kasal ko'rish uchun uzoq joyga ketibdi, dedi.
— Men sud ishi bilan yana bir joyga borishim ke¬rak, — deb qo'shib qo'ydi u, — Motilalga tez-tez borib, kasalni ko'rib tur deb tayinlab qo'ydim.
Kechasi Nilmoni yomon alahsirab chiqdi. Erta bilan Shoshi ortiq o'ylab turmay, bir qayiqni kira qildi-da, ukasini shaharga olib ketdi. Doktor uyida edi, hech qayoqqa ketmagan ekan. Mo'tabar oilaga mansub ayol kelganini payqab, Shoshini ukasi bilan yonidagi tul kampirning uyiga joyladi-da, bolani davolay boshladi.
Ertasiga Joygopal paydo bo'ldi. U darg'azab edi, xotiniga darhol uyga qayt deb buyruq berdi.
— O'ldirsangiz ham hozir uyga qaytmayman. Hammangiz Nilmonini halok qilmoqchisiz; uning na otasi, na onasi bor, mendan boshqa hech kimi yo'q. Men — uni o'lim changalidan qutqazishim kerak.
— Unday bo’lsa, shu yerda qol, ammo qaytib mening uyimga borma, — qizishib baqirib berdi Joygopal.
— Mening uyim emish! — U ukamning uyi, — dedi Shoshi ham jahl bilan.
— Yaxshi, ko'ramiz, — deb tahdid qildi-da, chiqib ketdi eri.
Bu hodisa qishloqda ko'p shov-shuvlarga sabab bo'ldi.
— Ering bilan uyda janjallash-da, — der edi Tara, — axir uydan ketib bo'ladimi? Nima bo'lganda ham er-ku.
Shoshi yonidagi bor pulini sarflab, zeb-ziynatini sotib, ukasini o'lim changalidan qutqazib qoldi. Lekin sal o'tmay, Darigramdagi yiliga bir ming besh yuz rupiya daromad keltiradigan yerlarini zamindorning yordami bilan Joygopal o'z nomiga o'tkazib olganini bilib qoldi. Endi hamma mol-mulk Shoshining ukasiga emas, unga qaraydi.
Nilmoni kasaldan tuzalib, uyga ketamiz, deb opasini qistay boshladi. U o'z o'rtoqlari — Shoshining bolalarini sog'inib qolgandi.
— Uyga ketamiz, ketamiz uyga, — deb opasiga yolvorardi Nilmoni. Opasi esa yig'lagani yig'lagan. «Koshki uyimiz bo'lsa», deb iztirob chekardi juvon.
Nihoyat, u: «Ko'zyoshi bilan ish bitmaydi. Nilmonining mendan boshqa hech kimi yo'q», deb sud muovinining uyiga bordi.
Sud muovini Joygopalni yaxshi bilardi. Mo'tabar bir zotning xotini uyidan ketib, yana u bilan mol-mulk da'volashish niyatida ekani unga mutlaqo ma'qul bo'lmadi. Biroq Shoshiga hech narsa demay, Joygopalga xat yozib yubordi. Joygopal amakivachchasi bilan kelib, xotinini majburan qayiqqa o'tqazib olib ketdi.
Ayriliqdan so'ng eru xotin yana uchrashdi. Prajapatining  xohishi shunday edi!
Nilmoni quvonchga to'lib, yana o'rtoqlari bilan o'ynay boshladi. Bolaning quvnoq kulgisi opasini o'ylatib qo'yar, uni g'am bosib, yuragi siqilardi.
Qishda sud raisi o'z okrugini aylanib, shu qishloqqa kelib to'xtadi. Bu yerda ov bilan shug'uUanish niyatida edi. U yo'lda bir to'da bolalar bilan Nilmonini uchratdi. Qishloq bolalari sohibni Chanakya  ehtiyot bo'lishga maslahat beradigan uzun tishli, tirnoqli va shoxdor maxluqlarning bir ozgina o'zgargan xili deb o'ylab, uzoqroqdan turib tomosha qilar edilar.
Biroq Nilmoni sira hovliqmay, jiddiy ko'zlari bilan unga qiziqib qarab turardi. Bola sohibning diqqatini jalb etdi, u Nilmoniga yaqin kelib so'radi:
— Maktabda o'qiyapsanmi? Nilmoni bosh qimirlatib:
— Ha, — dedi.
— Qaysi kitobni o'qiyapsan?
Bola sudyaning savolini tushunmadi shekilli, indamay qarab qoldi.
Nilmoni uyga qaytgach, ingliz kishi bilan tanishganini zo'r iftixor bilan opasiga so'zlab berdi.
Tushki ovqatdan so'ng Joygopal salla o'rab, yangi sarpolar kiyib, sudyaning oldiga salomga bordi. Hammayoq shikoyatchilar, da'vogar, javobgar va politsiyachilar bilan liq to'la edi. Kun juda issiq bo'lganidan sudya stolni soyaga qo'yishga amr etdi.
Sudya Joygopalni o'tqazib, undan qishloqdagi ishlami surishtira boshladi. Joygopal ko'pchilik oldida bunday faxriy joyda o'tirgani uchun o'zini shuhrat osmonida parvoz etganday sezdi.
«Afsuski, Chokrobarti yoxud Noidi oilasidan biror kishi kelib meni bu yerda ko'rmadi», deb o'ylardi u.
To'satdan chodra yopingan bir ayol Nilmonini yetak-lab sudya huzuriga keldi.
— Sohib, bu yetimni sizga topshiraman, uni himoya qiling, — dedi u.
Ingliz boshi katta ko'zlari jiddiy tanish bolani ko'rib, oldida mo'tabar ayol turganini fahmlagach, o'rnidan turib, palatkaga kirib gaplashishni taklif qildi.
— Yo'q, men hammasini shu yerda aytib beraman, — dedi ayol.
Joygopal bo'zarib, tipirchilab qoldi.
Sinchkov qishloqilar, bu yerda antiqa bir gap bor ekan, deb yaqinroq keldilar, lekin sohib hassasini ko'tarishi bilan orqaga chekindilar.
Shoshi bolaning qo'lidan ushlab turib, uning tarixini so'zlab berdi. Joygopal bir necha bor uning gapini bo'lishga urinib ko'rdi. Ammo sudya, g'azabdan yuzlari qizarib, unga o'shqirib berdi.
— Nafasingni o'chir! — deb buyurdi u va hassasi bilan, o'rningdan tur, deya ishora qildi.
Joygopal dilida xotiniga ming la'nat o'qisa ham, jim turishga majbur edi.
Nilmoni opasiga mahkam yopishib, taajjub bilan uning so'zlariga quloq solardi.
Shoshikola o'z hikoyasini tugatgach, sudya Joygopalga bir necha savol berib, uzoq vaqt jim qoldi. So'ngra Shoshiga qarab:
— Qizim, garchi bu ishni ko'rish mening huquq doiramga kirmasa ham, siz xotirjam bo'lishingiz mumkin: men o'z burchimni bajaraman, Ukangiz bilan uyingizga boring, hech narsadan qo'rqmang, — dedi.
— Sohib, uy qaytarilmaguncha men ukamni u yerga olib borolmayman. Agar siz uni o'zingiz bilan olib ketmasangiz, uni hech kim himoya qilolmaydi.
— Unda siz qayoqqa borasiz?
— Mening tashvish qiladigan yerim yo'q, erimning oldiga boraman.
Sohib miyig'ida kulib qo'ydi. Unga tumor taqqan, oriq, ko'rinishdan odobli, bug'doyrang bengal bolasini olib ketishdan o'zga chora qolmadi.
Shoshi sudya bilan xayrlashganda, bola opasining etagiga yopishib oldi.
— Qo'rqma, — dedi unga sohib, — biz birga ketamiz. 
Shoshining ko'zlaridan yosh oqib yuzlarini yuvardi. U Nilmonini bag'riga bosdi va boshlarini silab turib:
— Bor, ukajon, biz yana ko'rishamiz, — dedi, so'ng etagining uchini zo'rg'a ajratib, tez yurib ketdi.
«Opa, opa», — deb chinqirab qolgan bolani sohib quchoqlab oldi. Shoshi yana bir marta ukasiga qayrilib qaradi-da, uni yupatish niyatida so'zsiz qo'l cho'zib xayrlashdi, g'am-alamga to'lib yoiga tushdi.
O'zlarining eski tanish uylarida eru xotin yana uchrashdilar. Prajapatining xohishi shunaqa edi.
Biroq bu uchrashuv uzoqqa cho'zilmadi. Oradan bir oz vaqt o'tar-o'tmas, bir kuni ertalab, qishloq aholisi orasida, Shoshi kechqurun vabo kasalidan o'libdi, kechasi o'likni kuydirishibdi, deb gap tarqaldi.
Bu haqda boshqa hech kim hech narsa demadi. To'g'ri, Tara bir nima deyishga urindi-yu, ammo boshqalar bunga yo'l qo'yishmadi.
Ukasi bilan xayrlasha turib, biz yana ko'rishamiz, deb va'da qilgan edi Shoshi. Biroq, u bu va'daning uddasidan chiqdimi-yo'qmi, bilmayman.

1895-yil

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.