OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Rabindranat Tagor. Sohil hikoyasi (hikoya)

Agar shu kungacha ko‘rgan-kechirganlarimning hammasini toshlarimga batafsil yozib borishning iloji bo‘lganda edi, birgina zinapoyamning o‘zini o‘qib chiqishga bir necha kun kerak bo‘lardi. Modomiki o‘tmishdan hikoyat tinglash niyatingiz bor ekan, keling, zinapoyamga o‘tiring-da, to‘lqinlar shovqiniga quloq tuting. Ular qa’ridan allaqachonlar unut bo‘lib ketgan voqea-hodisalar sadosini baralla eshitasiz.
Men sizga hikoya qilmoqchi bo‘lgan voqea xuddi mana shunday bir kunda ro‘y bergandi, ya’ni zamharir qish etak yig‘ishtirib, chor-atrof endigina fusunkor bahor libosiga burkana boshlagan, sayroqi qushlarning yoqimli chah-chahlari borliqni sururga to‘ldirgan bir palla edi.
Sirasini aytganda, bunga unchalik ko‘p vaqt bo‘lgani ham yo‘q, hammasi kuni kechagiday esimda turibdi; ammo siz, odamlar uchun bu juda uzoq va qadimgi zamonlardagi gap bo‘lib tuyulishi mumkin. Kunduzi quyoshning o‘tkir nurlari qanchalik badanimni kuydirmasin, kechasi tun o‘zining sim-siyoh pardasiga qanchalik o‘rab-chirmamasin, har tongda va har shomda mehribon ona Ganga o‘zining mavjlari bilan meni top-toza qilib chayib qo‘yadi. Shu bois, yoshim o‘tib, qarimsiq, nuroniy ko‘rinsam ham, lekin qalbim hamisha yosh va tetik. To‘g‘ri, suvda har xil oqiziqlar uchramay iloji yo‘q. Ba’zan badanimga bir nimalar kelib urilganini sezaman, lekin o‘sha zahoti oqim ularni allaqayoqlarga surib ketadi. To‘lqin qulochi yetmagan joylarimdagi unda-munda yoriqlardan o‘sib chiqqan buta yo o‘tlarga kelsak, ular mening keksaligimdan nishonalardir. Eski qadrdonlik hurmati ularni bag‘rimda iloji boricha asrab-avaylashga, zarracha ozor yetkazmay, o‘stirishga harakat qilaman. Shu kunlarda nimagadir ona Ganganing suvi zinama-zina pastlab ketyapti, men ham poyama-poya qarib boryapman.
Ibodatdan oldin g‘usl qilib, yelkasiga chodra tashlab olgan, qaltiragancha kalima qaytarib ketayotgan hov anavi cholni ko‘ryapsizmi? U chakravartiylar avlodining vakili. Men uning katta buvisini mushtdayligidan yaxshi bilaman. Qizaloqligida uning yaxshi ko‘rgan bir ermagi bo‘lardi — kunda shu yerga kelardi-da, muqaddas daraxt yaprog‘ini suvda oqizib o‘ynardi. Yaproq biqinimdagi kamarga tutilib, girdobda chirillab aylana boshlar, qizcha ko‘zasini yerga qo‘yib, tik turgancha uzoq tomosha qilar edi. Oyu yillar o‘tib, qizcha voyaga yetdi, turmushga ham chiqib ketdi. Ko‘p o‘tmay u suvga qizchasini yetaklab kelib qoldi. So‘ng uning qizalog‘i ham voyaga yetib, bir to‘p dugonalari bilan bu yerga o‘ynagani keladigan bo‘ldi. Lekin mana shu qiz juda bama’ni edi. Sho‘xlikni oshirib yuborgan ba’zi qizlarga aql o‘rgatib, yo‘lga solar, yomondan qochib, yaxshiga taassub etishni uqtirardi. Sizga muddaodagi gapimni aytay deyman-u, sira aytolmayman-a. Endi bitta gapni boshlab turganimda oqim uni yuvib ketadi-da, o‘rniga boshqasi oqib keladi. Qachon qaramay, ahvol shu, bittasi oqib o‘tadi, boshqasi oqib keladi, lekin birontasi tutqich bermaydi.
Avval aytganimday, sizga hikoya qilmoqchi bo‘lgan voqea o‘zi unchalik katta emas, bor-yo‘g‘i ikki kishiga oid hangoma, xolos. Buni men haligi qizaloq oqizib o‘ynagan yaproqlarning bir juftiga qiyos qilgim keladi o‘zimcha.
Dugonalariga aql o‘rgatuvchi o‘sha qizchani hamma Kusum deb chaqirardi. Kusumning nozikkina soyasi menga tushishi bilan shartta soyasidan tutib olgim kelardi. Ha, u shunaqa shirin qiz edi-da. Jajji oyoqchalarini menga qo‘yib, oyog‘idagi qo‘ng‘iroqlari yoqimli jiringlagan paytlari yoriqlarimdan o‘sib chiqqan gulbutoqlar yashnab ketganday bo‘lardi. Kusum dugonalari ichida tanho edi, chunki u ortiqcha sho‘xlik qilmasdi, bekordan-bekorga xandon tashlab kulavermasdi, og‘ir-vazmin, odobli, sharm-hayoli qiz edi. U bo‘lmasa dugonalari zerikib qolishardi. Hamma uni erkalab har xil ism bilan chaqirardi, birov «Kusiy» desa, boshqasi «Xushiy» der, yana biri «Rakshasiy», ya’ni, «Balo qiz» derdi. Onasi esa «Kasuliy» deb atardi. Kusumni qidirgan odam to‘g‘ri daryo labiga kelaversin, u suvga tikilib o‘tirishni jonidan yaxshi ko‘rardi.
Nima bo‘ldiyu Kusum daryo bo‘yiga kelmay qo‘ydi. Dugonalari Bhuvna bilan Suvarna qirg‘oqda o‘tirib, uni sog‘inib rosa yig‘lashdi. Gaplaridan shu narsani angladimki, Kusumni boshqa bir yerga uzatib yuborishibdi. Boyoqish qiz sinamagan odamlar ichida, begona hovli-joyda o‘zini qanday sezayotgan ekan? U yerdagi yo‘llar ham, sohillar ham yetti yot begona...
Oradan bir yil o‘tdi. Asta-sekin Kusum xotiradan ko‘tarila boshladi. Qirg‘oqqa kelib turadigan dugonalari ham endi u haqda deyarli gapirmay qo‘yishgandi. Bir kuni kechqurun, qosh qorayganda, badanimga tanish oyoq kelib tekkanini sezib, cho‘chib tushdim. Qarasam, ne ko‘z bilan ko‘rayki, tepamda Kusum turibdi. Ha-ha, Kusum, lekin oyoqlarida hech qanaqa pozeb — qo‘ng‘iroq yo‘q, qup-quruq edi. Har gal uni ko‘rganimda oyog‘idagi qo‘ng‘iroqlarining yoqimli jiringlashiga o‘rganib qolgan ekanman, hozir esa, nazarimda, dunyodagi hamma tovushlar tinib, ranglar o‘chib, qimirlagan zot borki, harakatsiz qotib qolgandek his etdim. Ular o‘rniga birdan borliqni nolayu afg‘on, dod-faryod tutib ketgandek tuyuldi.
Kusum beva bo‘lib qolgan edi. Eshitishimcha, eri uzoq bir viloyatda ishlar ekan. Yangi kelin-kuyov ikki-uch kungina birga turishibdi, xolos. O‘sha yoqdan xat yozib, eri talog‘ini beribdi-yu, Kusum sakkiz yoshidayoq farqidagi qizilni o‘chirib, kelinlik taqinchoqlarini yechib, oppoq libosga burkanib, yana qadrdon sohilga qaytib kelibdi. Endi uning dugonalaridan hech kim yo‘q edi. Bhuvna, Suvarna, Amla — hammalari ota uyini tark etib, qaynota uyini ixtiyor etishgandi. Bitta Sharda qolgan, lekin uning ham to‘yi bo‘ladi, deyishyapti. Shundan keyin Kusum so‘ppayib bir o‘zi qoladi.
Kusum boshini tizzasiga qo‘yganicha zinapoyamda xomush o‘tirarkan, daryo mavjlari unga tinmay qo‘llarini uzatib, «Kusiy», «Xushiy», «Rakshasiy», deya o‘zlari tomon chorlayotganday tuyulardi menga.
Yomg‘ir fasli keldi deguncha ona Ganga limmo-lim bo‘lib ketadi. Yanglishmasam, Kusum ham kundan-kun o‘ziga kelib, to‘lishmoqda, qayta chiroy ochmoqda edi. Biroq chehrasidagi g‘amginlik, odatdagi vazminligiyu egnidagi dag‘al libosi undagi durkunligu chiroyni berkitib turardi. To‘g‘risi, uning bu qadar tez balog‘atga yetgani meni hayratga solardi, chunki men uchun Kusum boshda qanday bo‘lsa, hozir ham o‘shanday — qo‘ng‘iroqsiz oyoqlari bilan qadam tashlab yurganda ham qo‘ng‘iroqning yoqimli ovozi qulog‘im ostida jaranglaganday bo‘ladi.
Shu orada yana o‘n yil o‘tganini hech kim sezmay qoldi.
O‘shanda ham xuddi hozirgiga o‘xshab bhadra oyining so‘nggi kunlaridan biri edi. Quyosh ham xuddi shunday ufqdan bosh ko‘tarib, zarrin nurlarini borliqqa ayamay sochar, ayollar lippa urib, ko‘zalarini ko‘tarib, ilonizi so‘qmoqdan gangur-gungur gaplashib men tomon tushib kelishar edi.
O‘sha kuni ertalabdanoq shimol tomondan sarin shabada esar, qiyg‘os gullagan akatsiyaning xushbo‘y hidini uzoq-uzoqlarga olib ketar edi. Yengilgina shudring tushgan. Bir vaqt yuzidan nur yoqqan, novcha, badani oppoq yosh qalandar paydo bo‘ldi. U qarshimdagi Shiva ibodatxonasiga kirishi bilanoq qalandar kelgani haqidagi xabar butun qishloqqa yoyildi. Xotinlar ko‘zalarini yerga qo‘ya-qo‘ya qalandarni ziyorat qilgani ibodatxonaga yig‘ila boshlashdi.
Ibodatxona kundan-kun gavjumlasha bordi. Qalandar degan bunday bo‘libdi-da: tozaruh, qaddi-basti kelishgan, katta-kichikka baravar. U bolalarni bag‘riga olib suyar, onalardan hol-ahvol so‘rar, tirikchiliklarini ham surishtirar edi. Tez kunlar ichida u hammaning, ayniqsa, ayollarning hurmatini qozondi. Qalandarni ziyorat qilgani erkaklar ham ko‘p kelar edi. Kelganlarga u goh muqaddas kitoblardan o‘qib berar, goh ibodatxonada o‘tirib, tariqatdan so‘zlar edi. Xullas, uning oldiga yo‘l-yo‘riq so‘rab, dardiga davo istab kelgan har kim ko‘ngli to‘lib chiqqanidan bir xursand bo‘lsa, qalandarning nur yog‘ib turgan chehrasini tomosha qilib, ikki xursand bo‘lardi.
Qalandar har kuni kallai sahardan qirg‘oqqa kelib tomog‘igacha suvga tushib olardi-da, pichirlab uzoq kalima o‘girardi. Ufq ortidan quyosh ko‘rina boshlaganda suvdan chiqar, sochini quritar, keyin ibodatxonaga yo‘l olardi.
Shu tariqa yana bir necha oy o‘tdi. Chayt oyidagi hayitni nishonlash uchun odamlar ona Ganga suvida cho‘milgani kelishdi. Akatsiyalar tagida olomon to‘plandi. Ulug‘ ayyom kunlari qalandarni ziyorat qilgani hatto Kusum kelin bo‘lib tushgan qishloqdan ham talay xotin-xalaj keldi.
Ertalab zinapoyamda o‘tirgan ko‘yi qalandar duolar o‘qirdi. Unga ko‘zi tushishi bilan bir xotin sherigining yelkasidan turtib dedi:
— Voy, bu o‘zimizning Kusumning eriga o‘xshamaydimi?
Ikkinchi bir xotin yopinchig‘ini ko‘taribroq qararkan, uning gapini quvvatladi:
— Ha-ya, bu o‘sha Chatterpintning kenja o‘g‘li-ku.
— Qoshi-ko‘zi, burni — hammasi unga o‘xshaydi, — deya uchinchi xotin dalil keltirdi.
Boshqa bir xotin esa qalandar tomonga qaramasdan chuqur uh tortib qo‘ydi va ko‘zasini suvga botirib olarkan, hasratli ovozda dedi:
— Koshki u qaytib kelsa. Kim bilsin, yorug‘ dunyoda bormi o‘zi yo‘qmi. Kusumning peshonasiga sig‘madi.
— Uning bunaqa soqoli yo‘q edi-ku, — dedi kimdir.
— Bunaqa ozg‘in ham emasdi.
— Bo‘yi ham o‘rtagina edi.
Shu bilan bahs to‘xtab, hamma jim bo‘lib qoldi.
Qishloqda qalandarni Kusumdan boshqa hamma borib ko‘rdi. Doim odam gavjum bo‘lganidan Kusum bu yoqlarga yo‘lamay qo‘ygandi. Ammo bir kuni, kechki ibodatdan keyin, hamma uy-uyiga tarqagach, qarshimda Kusum paydo bo‘ldi. Ming qilsa ham eski qadrdonini sog‘ingan-da.
Kecha oydin edi. Qirg‘oqda hech zog‘ yo‘q edi. Chirildoq jon-jahdi bilan chirillardi. Ibodatxonadan taralgan qo‘ng‘iroqning so‘nggi sadosi ham dov-daraxtlar osha qorong‘ilik qo‘yniga singib ketdi. Zinapoyalarimga kelib urilgan to‘lqinlar chilop-chulup qilar, osmondan kumush nur yog‘ib, bamisoli to‘lin oy borliqni yasantirmoqda edi. Shitir etgan shabada yo‘q, yaproqlar ham qilt etmaydi. Kusum soyasini menga tushirgancha asta cho‘kdi. Allaqaerda, ovloqda shoqol qisqagina ulib qo‘ydi.
Shu asnoda bir-bir odimlab ibodatxona tomondan qalandar yurib kela boshladi. U qirg‘oqqa yetib, pastga oyoq qo‘yishi bilan ko‘zi Kusumga tushdi. Ayol kishining shunday bemahalda yolg‘iz o‘tirganini ko‘rib, u iziga qaytmoqchi bo‘ldi. Biroq shu payt Kusum boshini ko‘tarib, unga qayrilib qaradi.
Kusumning yopinchig‘i orqaga surilib ketdi. Oydinda u juda go‘zal ko‘rinar, jamoli xuddi ertakdagiday ko‘zni qamashtirar edi. Shu alpozda ikkovi eski tanishlarday bir-biriga uzoq tikilib qolishdi.
Tepadagi xurmo shoxlarini shitirlatib haqqush uchib chiqdiyu Kusum cho‘chib o‘ziga keldi. Darhol yopinchig‘ini yuziga tortdi, asta o‘rnidan turdi-da, qalandarning qarshisiga borib ta’zim qildi.
Qalandar uni duo aylab, savolga tutdi:
— Isming nima?
— Kusum.
O‘sha kechasi ular o‘rtasida boshqa hech qanday gap-so‘z bo‘lmadi. Kusum asta uyi tomon yurib ketdi. Qalandar allamahalgacha zinapoyalarim ustida o‘tirib qoldi. Oy sharqdan g‘arbga ko‘chib, orqadagi soya oldinga o‘tgandan keyin qalandar o‘rnidan turib ibodatxonaga qaytdi.
Shu kunning ertasidan boshlab Kusum kunda sohilga chiqadigan va qalandarning xoki poyini oladigan bo‘ldi. Qalandar va’z o‘qigan paytlarda u bir chetda tik turgancha diqqat bilan quloq solardi. Ertalabki toat-ibodatlarni nihoyasiga yetkazgach, qalandar Kusumni oldiga chaqirib olardi-da; imon va e’tiqod mavzuida yana va’z o‘qiy boshlardi. Garchi hamma-hamma gaplarining mag‘zini chaqishga kuchi yetmasa-da, Kusum qunt bilan oxirigacha jim o‘tirib tinglardi. U qalandar nasihatlari, so‘zlarining bittasini ham yerda qoldirmaslikka, ularga to‘liq rioya qilishga tirishardi. Har kuni kelib ibodatxonani supurib-sidirib qo‘yar, toat-ibodatni kanda qilmas, sanamlarga sochgani gul terib kelar, ona Gangadan suv tashib, sepib ibodatxonani salqinlatar edi.
Kusum zinapoyamda o‘tirib olardi-da, qalandardan eshitganlari xususida mulohaza yuritardi. Bora-bora, uning nigohlari olis-olislarda suza boshladi. Ilgari u ko‘rmagan narsalar endi ko‘rinar va ilgari u eshitmagan narsalar endi eshitila boshlagan edi. Mudom yuziga soya solib turuvchi haligi g‘amgin ifodadan nom-nishon qolmagandi.
Bahor keldi. Shox va butoqlarda ochilgan gullarni ko‘rib tosh yuragimda surur to‘lqinlanadi, Ammo shunday ajoyib fasl boshlanganda Kusum qayoqqa g‘oyib bo‘ldi ekan? Bir necha kundirki, u na ibodatxonaga keladi, na qalandarning oldiga boradi.
Yo orada biron gap o‘tdimikin? O‘ylab, o‘yimning tagiga yetolmayman. Ittifoqo bir kuni, qosh qorayganda, zinapoyalarim ustida qalandar bilan Kusum uchrashib, suhbatlashishdi.
— Hadray, siz meni yo‘qlagan edingizmi? — boshini egib suradi Kusum.
— Ha, yo‘qlagan edim. Ayt-chi, nega ko‘rinmay qolding? Ibodatlarga ham kelmaysan? Tinchlikmi?
Kusum xomush turaverdi.
— Sen dilingdagi gaplarni mendan yashirma.
Kusum teskari qaragancha javob berdi:
— Hadray, men gunohkorman, ibodatga kelmayotganimning boisi shunda.
Qalandar g‘oyat muloyim ohangda dedi:
— Kusum, men senga aytsam, yuragingga g‘ulg‘ula tushibdi. Mendan yashirmay qo‘ya qol.
Kusum seskanib tushdi, ko‘zlari pirpiradi. Avvaliga, «mening ichimdagini u qayoqdan bilib o‘tiribdi» deb o‘yladi-yu, keyin bo‘shashgancha o‘tirib qoldi va yopinchig‘ining uchi bilan yuzini yashirib, piq-piq yig‘lab yubordi.
Qalandar ikki-uch qadam chekinib, asta dedi:
— Yuragingga nima g‘ulg‘ula solyapti, ochig‘ini gapir, men senga yo‘l-yo‘riq ko‘rsataman.
Kusum to‘tila-tutila, yuragini bazo‘r bosib gapira boshladi:
— Hadray, sizning har bir so‘zingiz men uchun amri vojibdir, inkor etishga qanday haddim sig‘adi. Ayt dedingiz, mayli, aytganim bo‘lsin. Ammo gapga o‘lgudai no‘noqman, buni o‘zingiz sezib turgan bo‘lsangiz ham kerak. Hadray, men bir odamga taqdirga sig‘inganday sig‘inar edim, shundan o‘zimni cheksiz baxtiyor deb his qilardim. Bir kuni o‘sha odam tushimga kiribdi. Ikkalamiz bir o‘rmon ichida o‘tirgan ekanmiz. U chap qo‘li bilan mening o‘ng qo‘limdan ushlagancha sevgi izhor qilar emish. Men esa beparvo qarab turganmishman. Tush bari bir tush-da, o‘ngdagiday bo‘lmaydi, lekin o‘sha tushning ta’siridan qutulmadim-qutulmadim. Ertasiga o‘zini ko‘rganimda u odam tushimdagining g‘irt teskarisi edi. Ko‘z oldimdan tushimdagi siymo bir dam nari ketsa-chi. Qo‘rqqanimdan uzoqqa qochib ketdim, bari bir foydasi bo‘lmadi, haligi siymo meni ta’qib qilaverdi. O‘shandan beri yuragimda g‘ulg‘ula, bezovtaman, g‘ashman, dunyo ko‘zimga qorong‘i.
Kusum ko‘zyoshi to‘kib so‘zlar ekan, qalandar o‘ng oyog‘i bilan toshni mahkamroq bosayotganini sezib turardim.
Kusum gapini tugatishi bilan qalandar savol berdi:
— Sen tushingda ko‘rgan odam kim edi, ayt.
Kusum qo‘llarini qovushtirib dedi:
— Yo‘q, aytolmayman, aytolmayman...
— Sening foydangni ko‘zlab so‘rayapman, ayt, kim edi o‘sha odam? — qistalang qildi qalandar.
Kusum nozik lablarini qattiq qisib, qo‘llarini qovushtirib, iztirob ichida:
— Aytmasam bo‘lmaydimi? — dedi.
— Ha, aytmasang bo‘lmaydi.
Kusum shartta:
— Siz edingiz, hazrat! — dediyu hushdan ketib, ko‘ksimga yiqildi. Qalandar haykalday qimir etmay turardi.
Hushiga kelgach, Kusum turib o‘tirdi. Qalandar unga yotig‘i bilan gapira boshladi:
— Nimaiki aytsam, barisiga to‘liq amal qilding. Endi eshitishing lozim bo‘lgan yana bir narsa qoldi. Men bugunoq bu yerdan ketaman. Endi bizlar umrbod ko‘rishmaymiz. Meni esdan chiqar. Javob ber: shu narsa qo‘lingdan keladimi?
Kusum o‘rnidan turdi-da, qalandarning yuziga tik qaradi.
— Hazrat, hukmim bajarildi deyavering, — dedi.
— Unda men ketdim.
Kusum bir og‘iz ham gapirmay, unga ta’zim qildi, xoki poyini olib farqiga surdi.
Qalandar ketdi.
— Uning har so‘zi men uchun amri vojib, — dedi-da, Kusum bitta-bitta yurib ona Ganga ichiga tusha boshladi.
Bolalikdan umri ona Ganga sohilida kechgan odamni toliqqan paytda ham yana shu ona Ganga qo‘lini cho‘zib bag‘riga olmasa, kim uni ona derdi?
Oy botib, tun zimistonga aylandi. Shu top suvda kimdir qichqirganday bo‘ldi. Nima deb qichqirganini anglolmadim. Yorug‘da birov ko‘rib qolmasin, dedimi, har qalay, shamol turib, osmondagi yulduzlar shamini o‘chirishga urinardi.
Doim bag‘rimda o‘ynab yuradigan qiz bugun o‘yinini tugatib, indamay juftakni urib qolibdi-ya! Ko‘zim qayoqda edi?!

Hind tilidan Amir Fayzullayev tarjimasi.
“Sharq yulduzi” jurnali, 1986 yil, 5-son.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.