OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Rabindranat Tagor. Aka va uka (hikoya)

Katta ovsin bu gal ham shunday gaplarni “kiyib” ketdiki, bechora Rosmani yer yorilmadi, yerga kirmadi. Uning har bir so‘zi yuragiga nashtarday botib, zaharday kuydirdi.
Ovsinining hamma iddaolari, aslida, qaynisi Radhamukundga — Rosmanining eriga atalgan edi. Biroq kechki ovqatini yeb bo‘lgach, non chaynab, sigareta buruqsitib o‘tirgan Radhamukund pinagini ham buzmasdi. Kelinoyisining gaplarini o‘ng quloQi bilan eshitib, chap quloQidan chiqarib yuborardi. U sigaretasini erinmay, oxirigacha chekdi-da, odatdagi vaqt kelishi bilan yotoqqa kirib ketdi. 
“Tavba, odamzod ham shunaqa tepsa-tebranmas bo‘ladimi!”
Endi Rosmaniniki tutib ketdi: har kuni erining oyoq-bellarini mehr bilan uqalab qo‘yadigan xotin bugun zarda bilan munchoq-bilaguzuklarini yechdi-da, karavotning bir chetida omonat cho‘zilgancha, ters qarab, piq-piq yiQlay boshladi. 
Radhamukund e’tibor bermadi, parquvni boshiga burkab, uxlashga harakat qildi. Lekin xotinining yig‘isi kuchaysa kuchayardiki, to‘xtay demasdi. Axiri Radhamukund muloyimlik bilan:
— Ertangi ishlar juda zarur, barvaqt turish kerak, uxlamasak bo‘lmaydi, — dedi. 
To‘lib turgan Rosmani erining gapidan so‘ng o‘kirib yubordi. 
— Tinchlikmi? Nima bo‘ldi o‘zi? — so‘radi Radhamukund, go‘yo hech narsadan bexabardek.
Rosmani yiQi aralash dedi:
— Eshitdingiz-ku!
— Ha, eshitdim, — bosiqlik bilan javob berdi er. — Nafsilambirini aytganda, kelinoyimning gaplarida jon bor. Yo akamning qaramog‘ida yashayotganimiz noto‘g‘rimi? Ustingdagi kiyim-boshlarni, zar-zevarlarni otamdan qolgan merosga olib berganim yo‘q-ku! Yedirib-ichirib, kiyintirib turgan odam bir-ikki oQiz qattiq-quruq gap qilsa, uni ham shu yeb-ichgan, kiygan qatorida ko‘rish kerak.
— Bunaqa yeb-ichish, kiyinishdan nima chiqdi?
— Kunimiz o‘tib turibdi-ku...
— O’lganim yaxshi!..
— O’lish qochmaydi, ungacha uyquni o‘ylasang-chi, har qalay, dam olasan, — dedi-da, Radhamukund o‘z nasihatiga o‘zi amal qilishga kirishdi. 
Radhamukund bilan Shashibhushan ikkovi bir qorindan talashib tushgan emas. Ular na ota, na ona tomonidan chatishgan — yetti yot begona edilar. Aslida “tutingan aka-uka” deyish to‘Qriroq. Ammo mehr-oqibatga kelganda haqiqiy aka-ukadan nimasi kam? Katta ovsin Brajsundariyga xuddi shu narsa yoqmasdi. Axir er jonivor o‘z xotinidan ko‘ra keliniga ko‘proq yon bosib turgandan keyin nima qilish kerak?! Qarang, Shashibhushan uyga biron buyum olib kelsa, xotiniga emas, albatta keliniga ilinadi. Bu ham yetmaganday, ko‘pincha o‘z xotinining gaplari bir tiyin bo‘lib qolaveradi-da, Radhamukundning maslahatlari masalani hal qiladi. Shashibhushan keng fe’lli, o‘ta ochiqqo‘l ekanligi uchun ro‘zg‘orga oid hamma vazifalar Radhamukundning zimmasiga tushgandi. Buni katta ovsin boshqacha tushunardi: Radhamukund akasiga zimdan choh qaziyapti, degan gumonga borardi. Ammo buni tasdiqlaydigan biron dalil topilmagani sari qaynisiga g‘arazi battar oshardi. Shubhalar zarbiga dosh berolmay, og‘zidan zaharli so‘zlar o‘qtin-o‘qtin otilib chiqishining boisi ham shunda edi...
Shu kuni Radhamukund amallab tong ottirdi-da, g‘amgin qiyofada Shashibhushanning qoshiga bordi. Akasi hayron bo‘lib so‘radi:
— Radhe, nega kayfiyating past, tobing qochmadimi, mabodo?
Radhamukund yotig‘i bilan tushuntirishga harakat qildi:
— Aka, endi bizning bu yerda turishimiz qiyin bo‘lib qoldi...
U gap orasida yangasining kecha kechqurungi qiliqlarini qistirib o‘tdi.
Shashibhushan kulib yubordi:
— Bor-yo‘q gap shumi? E, suf-e, senga! Xotinlarning kimligini bilmaysanmi hali? Sen bilan biz qayoqda-yu ular qayoqda? Og‘ziga kelganini gapiraveradi-da. Shungayam ko‘ch-ko‘roningni ko‘tarib qochmoqchimisan? Bunaqa gaplardan meni bexabar deb o‘ylaysanmi? Nima, shunga hovli-joyimni tashlab chiqib ketaymi? 
Radhamukund xomush qiyofada javob qaytardi:
— Xotinlarning gapini ko‘tarolmasam, erkak bo‘lib dunyoga kelganimning ma’nosi nima, aka? Faqat sizning shirin turmushingizga achchiq oralamasin, deyman-da...
— Sen ketsang, turmushimiz chuchuk bo‘lib qoladi deb o‘ylaysanmi? — ukasiga tikildi Shashibhushan.
Shu bilan suhbat uzildi. Biroq Radhamukundning yurak dardi zarracha yengillashmadi. 
Katta ovsinning xarxashasi tobora avj olaverdi. Arzimagan narsalarni bahona qilib qaynisiga ko‘z ochirmasdi. Uning o‘rinsiz ta’nalari Rosmanining qalbiga o‘qday sanchilar, shunda ham bechora yigit hech narsa eshitmayotganday, sigareta chekib yotaverardi. Xotinining yig‘lamsiragan basharasiga ko‘zi tushgan zahoti esa ko‘zlarini yumib olardi-da, yolg‘ondakam xurrak otishga tushardi. Biroq uning yuziga diqqat bilan razm solgan odam Radhamukundning tobora bardoshi tugab borayotganini payqashi qiyin emasdi...
Shashibhushan bilan Radhamukund yoshlikdan birga o‘sib-ulQayishdi. Ikkalasi ertalab apil-tapil nonushta qilib maktabga jo‘nashardi. Ba’zan pandit jiyning ko‘zini shamg‘alat qilib, darsdan qochib qolishar va dehqon bolalari bilan turli-tuman o‘yinlar o‘ynab yurishardi. Hatto kechalari bitta to‘shakda uxlardilar...
“O’sha paytlarda Brajsundariy qaerdayu Rosmani qaerda yurganikin? Chambarchas umrlarni nahot ayirib tashlash mumkin bo‘lsa?! Aka-ukachilik, birining hisobiga biri kun ko‘rishi uchun o‘ylab chiqarilgan qandaydir nayrang, degan gumonga borishning o‘ziyoq o‘taketgan pastkashlik-ku! Bu ahvolga yana qancha chidash mumkin?” Radhamukundning boshi qotgandi...
Shu orada aka-uka boshlariga oQir musibat tushdi.
O’sha davrlarda ingliz hukumati tomonidan solingan yer solig‘i muddatida to‘lanmasa, aybdorning mulki kimoshdi savdosiga qo‘yib yuborilar edi. 
To‘satdan Shashibhushanning yakkayu yagona otameros mulki xuddi shunday vaj bilan musodara etilgani haqida xunuk xabar keldi. 
— O’ammasiga men aybdorman, — dedi kutilmaganda Radhamukund.
— Nega endi, sen pulni o‘z qo‘ling bilan yuborgansan, yo‘lda o‘g‘rilar hujum qilgan bo‘lishi mumkin, — uni yupatdi akasi. Aslida ham aybdorni qidirib o‘tirishdan foyda yo‘q, bundan buyoQiga tirikchilik Qamini o‘ylash lozim edi. Shashibhushanda na ma’lumot, na tayinli hunar borki, qaysidir ishning boshini tutsa. U tubsiz jarlikka qulab ketayotgandek his etardi o‘zini. 
Miyasiga kelgan birdan-bir tadbir — xotinining zar-zevarlarini garovga qo‘yish bo‘ldi. Shu asnoda Radhamukund uning oldiga bir xalta pul qo‘yib, akasini bu yo‘ldan qaytarib qoldi...
Dunyoning ishlariga tan bermay iloj yo‘q. Dorilamon kunlarda ro‘zQorni ayirib yuborishga bekalar qanchalik harakat qilgan bo‘lsalar, boshga musibat tushganda ajralib ketmaslik uchun shu qadar urinar edilar. Ayni paytda ikkala aka-ukadan qaysi biriga ko‘proq suyanish mumkinligini ular darrov payqadilar. Radhamukundga qoyil qolmay iloj yo‘q edi.
Radhamukund ro‘zg‘orni tebratish uchun oldindan ehtiyot choralar ko‘rib qo‘yardi. U o‘sha paytlarda ancha serdaromad hisoblangan muxtorlik ishining boshidan tutdi. Ukaning chapdastligi qo‘l kelib, nazarga tushdi. Bora-bora u muzofotdagi manman degan zamindor boylarning jilovini qo‘lga oldi...
Bu voqealardan keyin Rosmani o‘zgara boshladi. Chunki Brajsundariy bilan Shashibhushan endi Radhamukundning boqimandasiga aylanib qolgandi. Rosmani avvallari ularning bu holini yuziga solmay yurdi. Keyinroq esa... juvon og‘zi botirlik qilib qo‘ydi-yu, qilmishi uchun ming pushaymon yedi. Gap shundaki, Rosmanining ovsiniga qilgan minnati Radhamukundning qulog‘iga yetgan edi. Radhamukund xotinini tun bo‘yi shunday “tuzladiki”, ertasigayoq kichik ovsin oQziga tamba urib, katta ovsinga tayyor cho‘ri bo‘ldi-qoldi. Chamasi, Radhamukund xotinini darhol otasinikiga jo‘natib yubormoqchi bo‘lgan. Buni anglab qolgan Brajsundariy qaynisini aldab-suldab, katta qiyinchiliklar bilan er-xotinni yarashtirib qo‘ydi. Shundan keyin ham ko‘ngli tinchimay:
— Kelin bu dargohga yaqinda kelgan, siz bilan bizlarning et-tirnoqdayligimizni u bechora qayoqdan bilsin? Endi, bir yoshligiga bordi-bordi-da, qizgina. Shu gal kechira qoling! — dedi qaynisiga yalinib.
Radhamukund ro‘zg‘or xarajatlari uchun pulni hamisha kelinoyisiga berardi. Rosmani o‘zi uchun kerakli xarajatlarga pulni hamon ovsinidan olardi. Xullas, xonadonda katta ovsinning mavqei oldingiday, balki undan ham yaxshi edi. Bunga yana bir sabab — u ham keyingi paytlarda kichik ovsiniga ko‘proq yon bosayotgani bo‘lsa kerak... O’amma ishlar avvalgidan ham yaxshi yo‘lga tushib olgandi. 
Shu baxtiyor damlarda ularning osmoniga yana bulut o‘rladi. Shashibhushanning chehrasida doim iliq tabassum jilva qilib tursa-da, qandaydir sirli dard uni ich-ichidan kemirib bormoqda edi. Kundan-kun sillasi quriyotgan akasidagi o‘zgarishni sezgan Radhamukundning oromi qochdi. Ba’zan tunlari uyQonib qolgan Rosmani erining chuqur-chuqur xo‘rsinib, bezovtalanib, tinmay u yonidan-bu yoniga aQdarilayotganini ko‘rardi. Goho Radhamukund akasining oldiga borib, ko‘nglini ko‘tarmoqchi bo‘lar:
— Aka, sira tashvish tortmang! Otameros mulkingizni men sizga qaytarib olib beraman. Nima qilib bo‘lsa ham albatta olib beraman, bunga yaqin qoldi, — deb qo‘yardi. 
Darhaqiqat, ko‘p o‘tmay, Shashibhushanning mulkini kimoshdi savdosida sotib olgan kishining zamindorlikda uquvsiz ekanligi ma’lum bo‘ldi. U mulkdan foyda ko‘rish uyoqda tursin, topgan-tutganini ham yo‘qota boshlabdi. Oxiri sho‘rlik savdogar, hammasidan qo‘lini yuvib, qo‘ltiQiga urdi-da, o‘sha mulkni Radhamukundga suvtekinga sotib yubordi.
Aytishga-ku, ikki og‘iz gap, biroq mulk egasiga qaytguncha oz emas, naq o‘n yil vaqt o‘tib ketdi. Shundoq ham o‘n yil burun Shashibhushan yigitlik bilan keksalikning qoq o‘rtasida turardi. Bu yillar o‘tib ketgach esa ajabtovur mo‘ysafidga aylanib bo‘lgandi. Otameros mulknng yana qayta qo‘lga kirganidan u negadir suyunmasdi. Fuqaro sevinchining esa chegarasi yo‘q. Ko‘pchilik: “Shashibhushan bu xursandchilikka bir erimasa bo‘lmaydi”, deb turib oldi. Aka ukasiga maslahat soldi:
— Xo‘sh, sen nima deysan?
— Albatta eriysiz? Shunday quvonchli damda xushchaqchaqlik qilmay bo‘ladimi? — dedi.
Qishloq ahli qachonlardan beri tuzukroq ziyofatga ham, to‘yga ham yolchimay kelardi. Ziyofatda kattayu kichik jamuljam bo‘ldi. Kambag‘alning bir to‘ygani — chala boyigani qabilida yo‘l tutganlar uy-uylariga tarqalishdi. Buning ustiga, shu voqeadan keyin to‘rt kun bosim qo‘sh haydalib, yemak-ichmakning ham tayini bo‘lmadi. Oqibatda oQir mehnat Shashibhushanni zo‘riqtirib qo‘ydi. U ko‘rpa-to‘shak qilib yotib qoldi. Bemor alahsirar, dam-badam isitmasi ko‘tarilib, bezgak tutardi. Tabib chaqirdilar.
— Qattiq dardga yo‘liqibdi, — dedi u bosh chayqab.
Yarim tundan oqqanda xonada aka va uka yolg‘iz qoldilar.
Radhamukund negadir sukut saqlab, jim o‘tirardi. U muk tushgan ko‘yi karavotning burchagidagi choyshab chekkasini ikkala qo‘li bilan tekislay boshladi. Shashibhushanning esa nafas olishi tobora oQirlashmoqda edi. 
Radhamukund karavotning quyi tomoniga o‘tib o‘tirdi-da, bemorning oyoqlarini mehr bilan uqalay turib, dedi:
— Akajon, mendan juda katta gunoh o‘tgan, bugun shuni sizga aytaman. Aytmasam, yuragimda bir umr armon bo‘lib qoladi...
Shashibhushan indamadi. Radhamukund ora-chora chuqur xo‘rsinib davom etdi:
— Aka, bu gaplarni aytishga tilim ham bormayapti. Men o‘zimdan o‘tganini o‘zim bilaman. Agar dunyoda meni tushunadigan biron zot topilgudek bo‘lsa, u — siz. Bolaligimizdan ikkovimizning o‘y-fikrimiz ham, orzu-umidlarimiz ham bir xil edi, faqat aftimiz farq qilardi, xolos. Yana bir farq shuki, siz boy, men bo‘lsam kambaQal edim. Qarasam, shu vajdan siz bilan mening oram buziladigan. Oxiri baxayr bo‘lsin deb, shu farqni yo‘qotishga jazm qildim. Aka, yer solig‘iga bergan pullaringizni mening o‘zim o‘g‘irlab, mulkingizni ataydan musodara qildirgandim...
Shashibhushanning yuzida o‘zgarish bo‘lmadi: hayrat yo taajjubdan nom-nishon ham yo‘q edi. U siniq jilmayib qo‘ydi va muloyim ohangda xirillagancha dedi:
— Uka, nima qilgan bo‘lsang, to‘Qri qilgansan. O’sha o‘ylagan niyating ro‘yobga chiqdi-ku! Keyin bari bir meni qanoting ostiga olding-ku!..
U sal tin olgach, yana siniq jilmaydi, ikki tomchi yosh yuzlari osha dumalab ketdi. 
— Kechiring meni, aka, kechiring! — dedi Radhamukund akasining oyoqlariga bosh urib.
Shashibhushan “beri kel” deganday ishora qildi-da, ukasining qo‘lidan tutib dedi:
— Men senga aytsam, hamma gapdan xabarim bor edi. Sen bilan til biriktirgan odam kelib, menga bu sirni oshkor qilgandi. O’shandayoq seni kechirganman.
Radhamukund xijolatdan cho‘g‘day yotgan yuzini ikala qo‘li bilan to‘sib yiQlay boshladi. Sal o‘tgach o‘zini qo‘lga olib dedi:
— Akajon, agar kechirgan bo‘lsangiz, mulkingizga ham o‘zingiz egalik qiling. Bir og‘iz gapingiz, yo‘q demang, aka...
Ammo Shashibhushan tildan qolgan edi. U Radhamukundning yuziga tikilib qaragancha, o‘ng qo‘lini horg‘in ko‘tarib tushirdi. Bu bilan nima demoqchi — bilish qiyin edi. Shunisi ham borki, aka ishorasini uka tushungan bo‘lsa ehtimol.

Hind tilidan Amir FAYZULLOH tarjimasi

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.