OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Rabindranat Tagor. Xotinning xati (hikoya)

Bosgan izlaringdan o'rgilay!
Bu kun bizning to'yimizga o'n besh yil to'ldi, biroq hanuzgacha senga biror marta xat yozmadim — bunga ehtiyoj ham yo'q edi; chunki biz hamisha birga edik, bir-birlarimizga so'zlaganlarimiz kifoya qilar edi.
Ammo bugun men bu yerda, Puridaman, sen esa — idorada, ishdasan. Sen Kalkuttaga qattiq bog'lanib qolgansan. Bu aloqa sening aql-hushingni tamomila chulg'ab olgan. Shuning uchun sen otpuska ham olmading. Mayli, bu xudolarning xohishi, ular g'amxo'rlik qilib, meni ozod qildilar.
Men sizlarning oilangizda o'rtancha kelin edim. Ammo sen bilan o'n besh yil umr kechirgandan so'ng bugun — bu yerda, okean sohilida turib, angladimki, mening yo'lim boshqa ekan. Shuning uchun senga bu xatni yozishga jasorat qildim. Ammo bu endi o'rtancha kelinning xati emas.
Ikkimizning munosabatimizni tayin etgan samogagina mening hayot yoiim ma'lum boiishi lozim. Yoshligimda ukam bilan ikkalamiz qattiq bezgakka mubtalo bo'ldik. Ukam oidi, men tuzaldim. Shunda qishloqning hamma xotinlari:
— Mrinala qiz bola bo’lgani uchun tuzaldi, o'g'il bola bo'lganda, sog'aymas edi, — dedilar.
Darhaqiqat, o'lim tangrisi Yama o'z ishini juda yaxshi biladi: nimaiki qimmatli bo'lsa, o'shanigina tanlab oladi.
Men o'lmadim. Men tirikman! Sizlar buni bilinglar deb bu xatni yozayotirman.
Tog'ang va do'sting Nirod senga qalliq izlab bizning qishloqqa kelganlarida, men o'n ikki yoshda edim. Men hatto kunduzi ham chiyabo'rilaming tovushi kelib turadigan uzoq bir qishloqda yashardim. Stansiyadan bizning qishloqqa kelish uchun aravada 12 mil yo'l bosib, so'ngra yana 3 mil palankinda  yurish kerak edi. Shunda ular ko'p azob tortdilar. Bizning qishloq ovqati esa taomlarning eng bemazasi, uni tog'ang hanuz eslab yuradi.
Oilaning bu nuqsonini o'rtancha kelinining husni bilan yopmoqchi ekan. Agar shunday bo'lmasa, sening qarindoshlaring nima uchun bizning qishloqqa keladilar? Ma'lumki, Bengaliyada biror kasallik yoki falokatni qidirib yurishga ehtiyoj yo'q — bunday narsalar o'zi keladi.
O'sha kuni otam sho'rlikning qo'llari qaltirar, bechora onam esa, nima qilishini bilmay hadeb tangrining nomini takrorlar edi. Chindan ham bu sho'rlik qanday qilib u shaharlik janoblarning marhamatini qozonsinlar? Bor umidlari qizlarining go'zalligida edi. Xayriyatki, qizlari o'ziga bino qo'yganlardan emas, u o'ziga qanday baho qo'ysalar yo'q demay, rozi bo'Iadi. U o'ziga nega ham bino qo'ysin? Qiz bola ming go'zal bo'lganda ham or-nomus uni biror so'z aytishga qo'ymaydi.
Uydagilarning, qishloqdagi har bir toshning vahmi qalbimni ezardi. O'sha kuni go'yo yeru osfnonning hamma kuchlari 12 yoshli qizni tutib ikki hakamga ko'rsatmoqchi bo'lardilar. Bu ikki ko'zdan yashirinish uchun biror burchak topilmas edi. Mana shunda surnayning fig'oni eshitildi, g'amgin sadolar ko'kka ko'tarildi, natijada men sizlarning oilangizga ketdim.
Xotinlar mening nuqsonlarimni sinchiklab muhokama etgach, haqiqatan ham boshqalarga nisbatan go'zal deb e'tirof qildilar. Buni katta kelin eshitganda, yuzlari bo'zarib ketdi. Axir mening husnim kimga ham kerak edi? Agar u Gang daryosining loyqasidan biror pandit  qo'li bilan yasalganda, sizlar uchun qadru qimmat kasb etardi. Biroq mening go'zalligimni Brama  yaratgan, shuning uchun bu go'zallik sizlar uchun ahamiyatsiz. Siz ham-mangiz qisqa bir muddatda mening go'zalligimni unutdingiz, ammo har qadamda mening aqlim haqida o'ylashga majbur edingiz. Mening tabiiy aqlimni na o'choq boshi, na uy ishlari nobud qilolmadi — bu aql hozirgacha saqlanib qoldi. Bu mening onamni hamisha tashvishga solardi: chunki aql — xotin kishi uchun faqat yomonlik keltiradi! Shart-sharoit bilan kelishmog'i zarur bo'lgan odam faqat aqlni tan olaman desa, u har qadamda qoqila-di va bora-bora o'z hayotini barbod etadi. Ammo men nima qila olardim? Tangrilar mendan so'ramasdan menga shunchalik aql bag'ishlabdilarki, bu o'rtancha kelin uchun keragidan ancha ortiq tuyulibdi. Men buni kimga qaytarib bera olaman? Siz hammangiz meni «jyata»  deb, xo'rladingiz, ammo men sizlarni kechirdim, chunki qo'pollik — zaiflik belgisidir.
Sizlarning oilangizda hisobga olinmagan bir mashg'ulotim bor edi — men yashirincha she'r yozardim, sizlardan hech biringiz buni bilmasdingiz. Faraz qilaylikki, mening she'rlarim hech narsaga arzimaydi, ammo ularni uyingizning devorlari o'ziga parchinlab qololmadi, men o'z she'rlarimda ozod edim, men she'rlarimdagina ko'nglimdagini ayta olardim. Agar biror ish o'rtancha kelindan talab etilgan me'yordan chiqib ketguday bo'lsa, sizlarga yoqmas edi, ammo sizlar buni o'zingiz tasavvur ham qilolmas edingiz. O'n besh yil davomida sizlar bilan bir hovlida shoira yashaganini hech biringiz payqamadingiz!
Sizlarning uyingiz haqidagi eng yorqin taassurotim, esimda qolgan eng qadrdon narsa ichkari hovlida yoniga narvon qo'yilgan molxona bo'ldi. Unga sigirlar tashqari hovlidan kirardi. O'sha yerda burchakda oxur bor edi. Xizmatkorlarga erta bilan ish oshib-toshardi. Sigirlar har kun erta bilan oxur oldida uymalashib kavsh qaytarardilar. Ularga qarab yuragim ezilib ketardi. Bu tabiiy, chunki men qishloqi xotinman! Sizlarnikiga, shaharga borganimda bu ikki sigir va uch buzoq eng yaqin sirdoshim bo'ldi. Dastlab o'zim yemay, shularni to'yg'izishga tirishdim. Mening yangi va hazilkash qarindoshlarim sigirlarga g'amxo'rligimdan ogoh bo'lib, meni past toifadan bo'lsa kerak deb darhol gumonsiray boshladilar.
Keyin men qiz tug'dim, biroq u tezda oidi. U meni ham o'z orqasidan chaqirardi. Agar u tirik qolganda, hayot menga onaga munosib ulug'vorlik baxsh etar va uning butun haqiqatiga ko'zimni ochar edi. U holda men o'rtancha kelin emas, o, men ona bo'lardim! Ona esa yolg'iz o'z bolasining emas, butun bashariyatning onasidir. Men azob-uqubatlarga bardosh berib, ona bo'lmoqchi edim, ammo ozodlikka erisha olmadim.
Men uyimizga ingliz vrachi kelganini eslayman. U hovlingizni ko'rinishidan hayratda qolgan edi, men tug'ib yotgan xona bo'lsa, uning g'azabini keltirdi. Bunga g'azablanmay bo'ladimi? Uylaringizning oldi tomoni go'zal bog'. Oldingi xonalarning jihozlarida hech qanday nuqson yo'q. Biroq ichkari xonalar xuddi terining orqa tomoniday, sharm-hayosiz yalang'och, zeb-ziynatsiz, go'zallikdan mahrum edi. Yorug'lik bu yerga arang tushar, havo ham o'g'riday yashirincha kirar, axlat supurilmas, stol va devorlar hamisha dog', iflos edi... Ammo bir narsada doktor yanglishdi: u, bu ahvoldan bizlarni azob tortadi deb o'yladi. Aksincha! E'tiborsizlik kulga o'xshaydi! Ustki qatlami sovuq bo'lsa ham, o'rtasida harorat saqlanadi. O'z qadring yo'qolgach, e'tiborsizlik qonuniy tuyulib, u kishiga ozor bermay qo'yadi. Bundan azob tortish mumkinligi xotin kishining xayoliga ham kelmaydi. Sizning uyingizdagi xotin kishiga e'tiborsizlik uning uchun baxt saodatdir! Agar xotin kishiga alam yetkazmoqchi bo'lsangiz unga e'tibor qiling, bundan uning azob-uqubati ortadi xolos.
E'tibordan mahrum bo'lgan kishining azob chekishi mumkin, deb hech vaqt o'ylagan emasdim. Tuqqan chog'imda jonim qil ustida edi, biroq men sira qo'rqqanim yo'q. Menga hatning nima qadri bor? Nechun o'limdan qo'rqay? Muhabbat va g'amxo'rliklarga sazovor kishilargina o'limdan qo'rqadi, ular hayotga mahkam tirmashib oladilar. Agar o'lim tangrisi Yama meni chaqirsa, ko'kat tomirlari yumshoq yer qa'riga kirgandek bir yengillik bilan «labbay» deb chopib borardim. Bengal xotinlari qaerlardagina o'lmaydi deysiz!
Axir mening o'limimdan nima foyda bor? O'liming birovning parvoyiga kelmasa, o'lishga ham nomus qilasan!
Mening qizim ko'p yashamadi — oqshom yulduziday yondi-yu, so'ndi. Men yana odatdagi ish bilan — sigir-buzoq boqish bilan band bo'ldim. Mening hayotim shunday o'tib, qazom yetar va bu xatni ham yozishga ehtiyoj bo'lmasdi. Ammo shamol ko'kam urug'ini uchirib kelib hovlidagi tosh ustiga sepadi, so'ngra bundan maysa unib tosh bag'rini yorib chiqadi. Xuddi shunday, sizning qotib qolgan oila tartibingizga ham hayotning kichik bir zarrasi uchib keldi-yu, oilada ixtilof boshlandi.
Katta kelinning singlisi Bindu, onasining vafotidan so'ng amakivachchalarining ta'na, tazyiqidan qochib bizning uyga, opasining oldiga panoh tortib kelganda, sizlar hammangiz: «Shunday ham ko'ngilsiz hodisa ro'y beradimi-a», deb o'yladingiz. Biroq mening fe’l-atvorim yomon — nima ham qilar eding! Sizlarning jahlingiz chiqqanini ko'rgach, men butun vujudim bilan shu uysiz qolgan qizga intildim. Begona odamning uyiga kelib boqindi bo'lishdan ham og'irroq xo'rlik bormi! Shun¬day ahvolga tushgan odamga rahmsizlik qilish mumkinmi!
Men katta kelinning ahvolini tushunardim. U singlisini juda sevardi, shuning uchun uni o'z uyiga qabul etdi. Ammo erining noroziligini bilgandan keyin, o'zini shun¬day tutdiki, singlisining kelishi go'yo juda katta badbaxtlik bo'lib, undan bir amallab qutulishga tayyorday ko'rinishga tirishardi. U erini jon-dili bilan sevgani uchun, bu baxtsiz qizga oshkora mehribonlik qilishga jasorat etmasdi. Yetim qizga nisbatan bu xil g'ayriinsoniy muomalalar menga qattiq dard bo'lardi. Katta kelinlaringiz odamlar ko'rsin deb, jo'rttaga Binduga to'yguday ovqat bermas, yomon kiyintirar, unga bir cho'riday muomala qilardi. Men bu holatdan azob tortar va hatto nomus qilardim. Katta kelinlaring, Bindu sizning oilangiz uchun nayrang bilan qoiga kiritilgan tekin cho'ri, buni hammangiz ko'rib qo'ying, degan fikrni ta'kidlashga urinardi. Singlim ko'p ishlaydi, lekin hech qanday chiqimi yo'q, demoqchi bo'lardi.
Katta kelinning aslzodaligini hisobga olmaganda, uning hech narsasi yo'q edi — na pul, na gp'zallik. Uning urug'lari otangga: «Sepsiz bo'lsa ham shu to'yga rozi bo'ling», — deb yolvorganliklarini o'zing juda yaxshi bilasan. Kelinoyim sho'rlik buni fahmlab, sizlarning oldingizda o'zini aybdor sanar va mumkin qadar kamtarlik qilishga urinardi! Uyingizda uning hech qanday qadr-qimmati yo'q edi.
Ammo uning yaxshi ibrati biz uchun yomon natijalar berdi. Men har narsada o'zimning haddan tashqari chegaralab qo'yishga yo'l qo'yolmas edim. Men kishini qanchalik hurmat qilmay, u tufayli yaxshini yomon deyolmayman — o'zing ham buni bir necha marta ko'rib ishongansan.
Men Binduni o'z uyimga oldim.
Binduning opasi: o'rtancha kelin kambag'al oilaning qizini buzib qo'yadi, deb go'yo men nojo'ya bir ish qilganday, hammaga shikoyat qila boshladi. Ammo men uning butun vujudi bilan quvonayotganini juda yaxshi bilar edim: endi xatoning butun og'irligi mening yelkamda edi. U singlisiga mehribonlik qilishga jasorat etolmay, buni men orqali qilinayotganini ko'rib quvonardi.
Opasi Binduning yoshini bir necha yilga ozaytirib ko'rsatishga tirishardi. Ammo bironta odamga, yashirincha, Binduning yoshi o'n to'rtdan kam emas desak — hech kim tortishib o'tirmas edi. Sen uning xunukkina qiz ekanini eslaysan — bordiyu u yuzini stolga urib yarador
qilsa, odamlar uni emas, stolni o'ylab besaranjom bo’lardilar. Uning na otasi, na onasi bor, binobarin, erga beradigan kimsasi ham yo'q edi. Kim ham unga uylanishga rozi bo’ladi?
Bindu menikiga ming xil xavf-xatar bilan keldi. U naq meni harom qilib qo'yayotganday, qo'rqardi. O'zini shunday his qilardiki, go'yo dunyoga kelishga haqqi yo'qday: hamisha bir chekkada siqilib, odamlarning ko'ziga ko'rinmaslikka intilardi. Axir amakivachchalari, hatto o'z otasining uyida ham Binduni sig'dirmadilar-ku! U hech kimga kerak emas edi. Keraksiz, ortiqcha narsalar uyda osonlik bilan joy topadi, chunki egalari ularni unutib yuboradilar. Biroq keraksiz xotin — bu boshqa masala. Birinchidan, u keraksiz, ikkinchidan, uni unutish mumkin emas. Shuning uchun unga hatto axlat tashlaydigan chuqurda ham o'rin yo'q. Binduning amakivachchalari ham bu dunyoda juda zarur odamlar emasligi ikkinchi masala. Men, to'g'risi, buning aksini ta'kidlab o'tirmasdim. Chunki ular buni o'zlari ham mendan yaxshiroq biladilar.
Mana shuning uchun, Binduni uyga olib kelganimda u qo'rqib qaltirar edi. Bu ahvol dilimni siyoh qildi. Unga faqat mening uyimda yashashi mumkinligini juda ehtiyot bilan tushuntirdim.
Biroq bu uy faqat meniki emasdi. Mana bu masalani hal qilish, qizga joy topish g'oyat mushkul ish boidi.
Bir necha kundan keyin Binduning badaniga qizil toshdi — bu issiqlikmi yoki shunga o'xshash bir narsa edi. Ammo, uydagilarning bari — bu chechak, deb qichqirdilar, chunki bemor — yetim qiz Bindu edi! Shu mahallada yashaydigan tajribasiz doktor kelib, aniq bir narsa deyol-may, bir-ikki kun kutishga buyurdi. Biroq, kutishlikka hech kim ko'nmadi. Bindu uyatdan oiishga rozi edi. Shunda men bu chechakmi, boshqami, nima bo'lsa boisin, Bindu bilan birga axlat chuqurida yotishga ham roziman, lekin unga yomon gapirmanglar, deb turib oldim. Shunda hammangiz meni urishga tayyor edingiz, faqat Binduning opasi o'zini jahli chiqqanday ko'rsatib, baxtsiz qizni kasalxonaga yuborishni taklif qildi. Shu vaqtda Binduning badanidagi qizil dog'lar yo'qolgan edi, ammo bu sizlarai battar tashvishga soldi. Bu faqat chechak bo'lishi mumkin, deb baralla qichqirdingiz. Chunki bemor — kimsasiz Bindu edi!
Ortiqcha g'amxo'rlik bilan erkatoy bo'lmay o'sgan kishida bir yaxshi fazilat bo'ladi — uning a'zoyi badani mustahkam, uncha-muncha kasallik ta'sir qilmaydi, osonlikcha o'lmaydi ham. Shuning uchun bemorlik Binduga kor qilmadi, hech qanday jiddiy hodisa ro'y bermadi. Ammo menga bir narsa aniq bo'ldiki, dunyoda hech kimga keraksiz bir kimsani o'z uyingda joylashdan og'ir narsa yo'q ekan. Kishi qancha tashlandiq bo'lsa, uning yo'lida shuncha ko'p to'siqlar bo'lar ekan.
Bindu mendan hadiksiramaydigan bo'lib qolganidan keyin yana bir musibat yuz berdi. U meni shunchalik yaxshi ko'rib qoldiki, men bundan vahimaga tushdim. Umrimda bunaqa muhabbat ayollar bilan erlar o'rtasida tug'ilishini kitoblarda o'qiganman. Mening go'zalligim haqida ko'p vaqtgacha hech kim hech narsa demagan — bir narsa deydigan odamning o'zi ham yo'q edi. Endi bo'lsa mening go'zalligimni mana shu badburush qiz payqab qolibdi. U menga qarab to'ymaydi.
— Opa, sening bu qadar go'zalligingni mendan boshqa hech kim bilmaydi, — der edi. Men sochimni o'zim o'rgan vaqtlarimda u juda qattiq xafa bo’lardi.
U sochlarimni silab-siypashni, tekislab qo'yishni yaxshi ko'rar edi. Bizni hech yerga taklif etmaganlari uchun men o'zimga ortiqcha oro berishga ehtiyoj sezmas edim. Biroq, charchashni bilmagan Bindu har kun menga bir oz bo'lsa-da, oro berishga urinardi. Qiz sho'rlik butunlay aqldan ozdi.
Ichkari uyning hovlisida bir qarich bo'sh joy yo'q edi.Faqat hovlining shimoliy qismida, devor oldidagi ariqcha bo'yida, qandaydir bir mo'jiza bilan yakkayu yagona gab daraxti o'sgandi. Men daraxt kurtaklarining qizarganini ko'rib tomirlariga bahor ta'sir etganini angladim. Sho'rlik qiz qalbi yorishganini ko'rganda esa, uning ham yuragida bahor shamoli esganini angladim. Biroq, qaysi baxtiyor o'lkadan esdi ekan? Axir qo'shni ko'chadan emas-ku!
Meni uning muhabbati bezovta qilardi. Binduga men bir necha marta jahl bilan gapirdim. Lekin u quloq solmadi. Uning sevgisida men bukunga qadar sezmagan narsani: o'zimni, o'zimning erksevar qalbimni ko'rdim. Mening Binduga bo'lgan mehribonligim, g'amxo'rligim sizlarni ranjitardi, ta'na va haqoratlaringizning chegarasi yo'q edi. Mening uyimda bilaguzuk yo'qolganda, hammangiz uyatsizlarcha, bu ish Bindusiz bo'lmagan, deb kinoya qildingiz. Savadeshlar  harakati qatnashchilarini politsiya uyma-uy izlab yurgan paytda ham, hech qanday dalilsiz Binduni politsiya yuborgan josus deb aybladingiz. Chunki Bin¬du — kimsasiz qiz edi, uyingizdagi xizmatkorlar unga xizmat qilishni istamas edilar, bordiyu birortasiga Binduga xizmat qilish buyurilganda, u hayajondan qotib qolardi. Shuning uchun mening unga sarf qilgan xarajatlarim ortib borardi: men o'zimga alohida xizmatchi oldim; bu hammaning jahlini chiqardi. Sen o'zing mening unga kiyim sotib olganimni ko'rib, shunday jahling chiqdiki, menga mayda xarajatlar uchun pul berishni ham to'xtatding. Shundan keyin men unga 5 shikiga  oharlanmagan qo'pol matodan kiyimlik oldim.
Origan ovqatni buzoqlarga berib, idish-tovoqlarni hov-lida o'zim yuvadigan bo'ldim. Bir marta meni shu mashg'ulot ustida ko'rganingda, qattiq xafa bo'lding deb aytolmayman. Agar men baxtsiz bo'lsam, bu sening ham baxtsiz ekaningni bildirmaydi — to shu kungacha bunday oddiy haqiqat xayolimga ham kelmagan edi.
Bindu o'sdi, shu bilan birga sizlarning unga bo'lgan g'azablaringiz ham o'sa bordi. Uning tabiiy o'sa boii¬shi — hammangizning haddan ziyod g'azabingizga sabab bo'lardi. Shu vaqtgacha meni bir narsa hayratda qoldiradi, nega sizlar uni haydab yubormadinglar? To'g'risini aytganda, men buning sababini juda yaxshi tushunaman: mendan hayiqar edingiz. Brama menga aql bergan — sizlar qalbingizda uni hurmat qilishga majbur edingiz. O'z kuchingiz bilan Bindudan qutula olmagach, yordam uchun chet kishilarga murojaat qilishga qaror qildingiz, Binduga er topdingiz.
— Endi yaxshi boidi, naslimizning shon-sharifi saqlanib qoldi, — der edi kelinoyim.
Men kuyovni ko'rmadim, lekin u, umuman, yaxshi odam deb eshitdim.
Bindu mening oyoqlarimni quchoqlab yig'lardi:
— Opa, nega meni erga berish zarur bo'lib qoldi?
— Qo'rqma, Bindu, eshitishimcha, ering yaxshi odam emish, — deb uni yupatardim.
— Agar u yaxshi bo'lganda ham, mening nimamni sevadi?
Kuyovning qarindoshlari kelinni ko'rish to'g'risida so'z ochmadilar. Bu hol katta kelinni tinchitdi.
Boyoqish Bindu kechayu kunduz ko'zyoshi to'kishdan to'xtamas edi. Uning ahvoli nechog'li og'ir ekanini o'z tajribamdan bilardim. Bu qiz tufayli men sizlarning oilangizda ko'p urishdim, biroq uning to'yiga qarshilik qilish¬ga menda jasorat yetmadi. Men buni qilolmadim. Agar men o'lsam u nima qiladi? Axir u qiz bola, buning ustiga qora qiz. U holda u qaerda yashaydi? Qay ahvolga tusha-di? Yo'q, bu haqda o'ylamagan yaxshi — o'ylasang — yuraging yoriladi.
— Opa, — dedi bir kuni menga Bindu, — to'yga besh kun qolibdi, shu orada o'lib qo'ya qolsam qanday bo'lar ekan.
Men uni urishdim, ammo, xudo haqqi, agar Bindu
hayot bilan azobsiz vidolashsa, mening yuragimni bosib turgan tosh tushganday bo'lardi.
To'ydan bir kun burun Bindu opasining oldiga kelib yolvordi:
— Opa, men sizning og'ilingizda yashayman, nimaiki buyursalar hammasini qilaman! Oyoqlaring ostiga yiqilay, meni haydab yuborma!
Binduning opasi so'nggi vaqtda yashirincha, tez-tez yig'lardi, o'sha kuni ham yig'ladi. Nima ham qilsin sho'rlik, axir, yurakdan boshqa qonun ham bor!
— Bilasanmi, Bindu, — dedi, — er, xotin uchun ham hayot, ham ozodlik. So'ngra shunisi ham borki, taqdir senga baxtsizlikni ravo ko'rgan bo’lsa, undan qochib qutulolmaysan.
Ha, boshqa iloj yo'q. Bindu erga tegishi kerak, undan so'ng nima bo'lsa bo'lar.
Men to'yning biznikida bo'lishini istardim, biroq hammalari bir og'izdan — bu mumkin emas, to'y kuyovnikida bo’lishi kerak, odatimiz shunday, dedilar. Men bilar edim: Bindu to'yiga pul xarjlash sizlar uchun gunoh. Shuning uchun men indamadim. Ammo bir narsani siz¬lar payqamadinglar — men yashirincha, Binduga o'zimning ba'zi qimmatbaho narsalarimni taqdim etgan edim, bu haqda men kelinoyimga aytmoqchi edim-u, biroq aytmadim, negaki uning qo'rqib joni chiqishi mumkin edi — nazarimda kelinoyim bularni ko'rgan bo'lsa ham, o'zini ko'rmaslikka soldi. Uning bu gunohini kechiringiz!
Ketish oldida Bindu meni quchoqlab:
— Opa, siz meni butunlay unutib yuborasizmi? — dedi.
— Yo'q, Bindu, nima hodisa yuz bersa ham, men seni unutmayman.
Uch kun o'tdi. Bundan sal ilgari ijarachingiz so'yish uchun bir qo'y yuborgan edi. Men meshqorin qarindoshlaringdan uni qutqazib, ko'mir qo'yadigan dahlizga bog'lab, o'zim boqib turdim. Men dastlab xizmatkorlarga ishondim. Ammo ular qo'yni boqishdan ko'ra ko'proq o'zlari yeyishni o'ylardilar.
To'rtinchi kun erta bilan dahlizga chiqqanimda, burchakda o'tirgan Binduni ko'rdim. Meni ko'rib ho'ngrab yubordi.
Uning eri jinni ekan.
— Nahotki shu to'g'ri bo'lsa?
— Opa, nainki men noto'g'ri gapirsam? U jinni. Qaynotam rozi bo'lmagan, lekin u qaynonamdan Yamadan qo'rqqanday qo'rqadi. U to'ydan ilgari Banorasga ketgan ekan, qaynonam shu paytda o'g'lini uylantirib qo'yibdi...
Men beixtiyor ko'mir ustiga o'tirib qoldim. Xotin kishining xotin kishiga rahmi kelmasa-ya!
— Xotin kishi, xotin kishi bo'ladi, — debdi qaynona, — ammo yigit —jinni bo'lsa ham erkak-da.
Binduning eri hamisha jinni emas edi. Biroq, ba'zan shunday jinniligi qo'zg'ardiki, uni qamab qo'yishga to'g'ri kelardi.
To'ydan keyingi birinchi kecha u soppa-sog' edi. Ikkinchi kuni birdan jinniligi qo'zg'adi. Tushda Bindu sariq mis idishda ovqat yebdi. Shunda eri birdan idishni tortib olib, hovliga otib yuboribdi. Jini qo'zg'ab, Binduni Rammoni nomli podsho xotini deb xayol qilgan ekan, go'yo xizmatkorlar uning oltin idishini o'g'irlab, unga o'z tovoqlarida ovqat bergan emishlar.
Bindu qo'rqib, joni chiqishga sal qolibdi. Kechasi qaynonasi unga, ering yoniga chiq deganda, yuragi yorilay debdi. Agar qaynonaning jahli chiqsa, uni hech qanday dalil bilan ishontirib bo'lmas ekan. Aslida bu yana ham havfliroq jinni, chunki buni hamma sog'lom aql egasi deb hisoblaydi. Bindu vahimadan toshday qotib, eri yoniga chiqishga majbur boiibdi. Yarim kechada eri uxlab qolgandan keyin, Bindu yashirincha uydan chiqib, mening oldimga qochib kelibdi. Buni tafsiloti bilan tasvir qilishga hojat yo'q.
G'azab va hayajondan tomirlarimda qon qaynab ketdi.
— Agar ular bunday nayrang qilgan bo’lsalar, to'yni qonuniy deb hisoblash mumkin emas, — dedim men. — Bindu, sen ilgarigidek menikida yashaysan. Qani ko'ray-chi, seni mendan tortib olishga kim jur'at qilar ekan?
Biroq, shunda siz hammangiz g'avg'o ko'tardingiz.
— Bindu yolg'on aytadi!
— U hech qachon yolg'on gapirmaydi!
— Sen qaerdan bilasan?
— Men aniq bilaman!
Sizlar meni qo'rqitishga urindingiz.
— Agar Binduning qaynonasi politsiyaga murojaat qilsa, biz baloga qolamiz.
— Sud ularning so'zini inobatga olmaydi, — dedim men. — Binduni aldab, jinniga erga bergansizlar.
— Sen nima, shuning uchun sudga bormoqchimisan? Buning bizga nima keragi bor?
— Men bugun qimmatbaho narsalarimni sotib bo'lsa ham, qo'limdan kelgan ishni qilaman.
— Advokatning oldiga o'zing borasanmi?
Men jim qoldim. Men boshimni devorga urishim mumkin edi. Bundan boshqa hech narsa qo'limdan kelmaydi.
Shu mahalda Binduning qaynog'asi kelib hovlida shovqin ko'tardi: politsiya uchastkasiga borib arz qilaman deb do'q qildi.
Bilmadim bu jasorat qaerdan paydo bo'ldi: ammo men politsiyadan qo'rqib, mendan najot istab kelgan odamni jallod qo'liga topshirishni istamas edim.
— Mayli, borsin politsiyaga, — dedim men.
Men Binduni o'z uyimga yashirib qo'ymoqchi edim, lekin uni qidirib topolmadim. Men gapirguncha eshikdan chiqib qochibdi: agar bu yerda qolsa, men uchun ko'ngilsiz hodisalar ro'y berajagini bilgan-da.
Bindu ahyon-ahyonda qaynonasinikidan qochib kelar¬di. Biroq, bu bilan uning g'ussalari ortardi, xolos. Qaynonasi unga: «Axir yigit seni yemaydi-ku! Dunyoda yomon erlar ko'p, ularga qaraganda mening o'g'lim — tilla», der ekan.
— Qizning taqdiri shum, — der edi opasi, — biroq men nima ham qila olaman. U erkakmi, hayvonmi, nima bo'lsa ham er!
Ayollarning sadoqati haqida gapirib, xotini fohishaxonaga ko'tarib kelgan moxov tarixini tez-tez takrorlar edingiz. Siz erkaklar bu razolat haqida so'zlaganda, ozgina o'ng'aysizlik ham his etmaysiz. Shuning uchun sizlar Binduning xatti-harakatlaridan g'azablandingiz. Sizlarda uyat degan narsa yo'q!
Men qishloqi ayolman, sizning oilangizga tasodifan tushib qoldim. Lekin bu yerda ayollar oldiga qo'yiladigan talablarga men chiday olmayman, sizlarga odat bo'lib qolgan narsani yaxshi deya olmayman. Nega ham Brama menga bunchalik aql berdi!
Men Binduning bundan keyin, hatto men o'lganda ham biznikiga kelmasligiga qattiq ishongan edim. Biroq to'y arafasida men unga: seni hech unutmayman, deb va'da berganman.
Kichik inim Shorot Kalkuttada o'qiydi. Siz hammangiz bilasizki, u har bir ishga astoydil kirishadi. Qaerda ko'ngilUlar kerak bo'lsa: vabo paydo bo'lgan rayonlarda kalamushlarni qirishmi yoki Damodor toshqiniga qarshi kurashmi — hammasiga qatnashib, ikki marta imtihondan yiqildi. Lekin bu uning ruhini tushirmadi. Shundan keyin men ukamni chaqirib aytdim:
— Shorot, sen bir ish qilib Bindudan xabar top, u o'zi menga xat yozishga jur'at qilolmaydi, yozgan taqdirda ham, uning xati menga tegmaydi.
Agar men unga borib Binduni o'g'irlab olib kel, yoki jinni erining boshini yorib kel deganimda, u bundan ham ortiqroq xursand bo'lar edi!
Men Shorot bilan gaplashib turgan paytda sen uyga kirib, so'rading:
— Yana qanday baxtsizlik? Yana qanday hodisa yuz berdi?
— Men sizning uyingizga kelib qolgan ekanman, bunga sen o'zing aybdor.
— Sen yana Binduni qaergadir yashirdingmi?
— Agar Bindu kelsa, men uni, albatta, yashirgan bo'lar edim. Xotirjam boi, u kelmaydi.
Shprotning hozir bo'lishi sening gumoningni yana oshirdi. Shorotning biznikiga kelib ketishi senga yoqmasligini bilardim. Siz hammangiz, uning orqasidan politsiya kuzatib yuradi, biror siyosiy ishda ayblanib, bizni ham bir kulfatga duchor qiladi, deb qo'rqar edingiz! Shuning uchun men unga hatto Bxaypoto  qilmadim, uyimga ham taklif etmadim.
Sen, Bindu yana qochibdi, qaynog'asi qidirib kelibdi, deding. Bu g'ussadan mening yuragim ezilib ketdi. Boyoqish qizning ne-ne musibatlarga giriftor bo'lishini bila turib, unga hech yordam qilolmadim.
Shorot ketdi, ammo kechqurun qaytib kelib menga quyidagilarni aytdi:
— Bindu akalarining oldiga qochib boribdi. Ularning jahli chiqib, darhol qaytarib qaynonasinikiga yuboribdilar. Hozirgacha so'kayotirlar. Buni qara-ya! Shu qiz uchun pul xarjlab ot yollashga to'g'ri keldi!
Shunda birdan otangning xolasi kelib, Puriga ziyoratga borish niyatida ekanini aytdi. Men ham u bilan birga boraman dedim.
Qo'qqisdan menda paydo bo'lgan dinga moyillikni ko'rib, sizlar shunday quvondinglarki, borishimga darhol rozi bo'la qoldinglar. Bundan tashqari, hammangiz, mabodo men Kalkuttada qolsam yana Bindu to'g'risida harakat qiladi deb qo'rqardingiz. Shunday qilib, men bor joy da ko'ngilsizlik ro'y berishidan sira qutulolmas edingiz!
Seshanba kuni jo'nashim lozim edi, lekin ketishga yakshanba kuniyoq hamma narsa tayyor bo'ldi. Shunda men Shorotni chaqirib:
— Nima bo'lganda ham seshanba kuni Puriga ketadigan poezdga Binduni olib kelishing kerak, — dedim.
Shorotning chehrasi ochildi.
— Xotirjam bo'l, opa, — dedi u, — men uni poezdda Purigacha kuzatib boraman — Djagannatxni  ham bir ko'rsin!
O'sha kuni kechqurun Shorot yana keldi. Yuzlariga nazar solganimda, ko'kragimda allanima uzilganday bo'ldi.
— Shorot, nima gap? Nima bo'ldi?
— Yo'q, — dedi Shorot, — hech nima...
— Bindu rozi bo'lmadimi? — deb surishtira boshladim.
— Endi unga rozi bo'lishning hojati yo'q. Kecha kechasi o'zini o'zi o'ldiribdi. U o'z kiyimiga o't qo'yib, yonib halok bo'libdi. Men jiyani bilan so'zlashdim: uning gapiga qaraganda, Bindu senga xat yozib qoldirgan emish, lekin qarindoshlari yirtib tashlabdilar.
Ana endi tamom. Binduning uqubatli umri sob bo'ldi. Urf-odatga mukkasidan ketganlar darg'azab bo'lib:
— Kiyimiga o't qo'yib o'z-o'zini o'ldirishi nimasi tag'in, bu nima degan noma'qulchilik, — deb jar soldilar.
Uyda qarindosh-urug'lar bir og'izdan: «Bu o'taketgan masxarabozlik-ku», — deb javradilar. Mayli, shunday ham boisin. Biroq, nega bu masxarabozlik bengal ayollarining libosini kuydiradi-yu, erlar kiyimiga ta'sir etmaydi. Bu haqda o'ylasang arziydi.
Binduning taqdiri cheksiz musibat edi! U tirik ekan, na go'zallik, na boshqa fazilat bilan shuhrat qozondi; mana ajal keldi, biroq u, o'lishning ham erlarni qoyil qiladigan yo'lini tanlolmadi. Hatto o'limi ham kishilarning g'ashiga tegdi.
Opasi o'z uyiga kirib olib, yashirincha yig'ladi. Ammo uning yig'lashidan bir navi xotirjamlik ko'rinardi. Nima bo'lganda ham, endi bari tugadi. Bindu o'ldi, tamom. Tirik qolganida boshida yana qanday ko'rguliklar borligini kim biladi deysiz!
So'ngra men Puriga jo'nadim. Endi Binduga biryoqqa borishning keragi yo'q. Lekin menga kerak.
Men sizning uyingizda, odamlar og'ir hayot deb atagan musibatni ko'rganim yo'q. Men kiyim-kechak va ta'minot jihatidan tanqislikni bilmadim. Garchi katta akang yomon bo'lsa ham — sening fe’l-atvoringda xudoga noligulik yomon xislat yo'q. Bordiyu akangga o'xshaganingda ham, eriga sadoqatli bir xotin sifatida, katta keliningiz singari, ehtimol buni sendan emas, xudodan ko'rardim. Shuning uchun, shikoyat qilishni istamayman, men bu maqsad bilan yozayotganim yo'q.
Ammo sizning Makxon Borol ko'chasidagi 27 uyingizga qaytib bormayman. Men Binduni ko'rdim, sizning oilangizda xotinlarning qanday yashashini bilaman. Shu yetadi, menga boshqa narsa kerak emas.
To'g'ri, keyinchalik angladim, Bindu xotin kishi bo'lsa ham, falak uni tashlab qo'ymadi. Siz unga qancha tajanglik qilgan bo'lsangiz ham, endi qahr-g'azabingiz unga kor qilmaydi. U o'zining baxtsiz hayotidan yuqori. Sizning oyoqlaringiz uncha uzun emaski, endi ham Binduni ilgarigidek poymol qilsangiz! Oiim sizdan yuqori! U Binduni ma'nan ulg'aytirdi. U yerda u yolg'iz bengal ayoli, faqat o'z akalarining singlisi yoki jinni erning noma'lum xotini emas. U yerda — u o'lmasdir.
O'lim nag'malari chalinib, bu qizning ezilgan yuragini harakatdan to'xtatganida, ko'kragimga go'yo o'q tekkanday bo'ldi. Men tangridan iltijo qildim:
— Nega eng kichik odamlar bu dunyoda hammadan og'irroq kun kechiradilar? Atroflari o'rab olingan tor ko'chadagi bu kichik uy nega qo'rqinchli? Nega men hayot jomidan bir tomchi obihayot istab, shu qadar qo'l cho'zdim-u, shu choqqacha ichkarining ostonasidan hatlab o'tolmadim? Nega men sening dunyongda bu jirkanch g'isht devor orasida sekin-asta o'lishim kerak? Nega hayotim bu qadar ma'nosiz! Bu dunyoning qonunlari, qabul etilgan odatlari, gap-so'zlari; ig'vo-fasodlari, urish-janjallari, shular hammasi qanday ma'nosizlik bilan tayin etil¬gan! Nahotki, shu azob-uqubat tuzog'i ustin kelib, sening quvonch olaming mutlaqo mag'lub bo'lsa?
Mana o'lim naylaridan sado yangradi — qani u g'isht devorlar? Qani mudhish qonunlaringiz, atrofi tikonli simlar bilan o'ralgan ko'ralar qani? Qaysi kirdikori, qaysi haqorati uchun kishini zindonda tutishga jasorat qildingiz? Mana qarang, o'limning qo'llarida hayotning hammani yenguvchi qudratli tug'i hilpiramoqda! Qo'rqma, o'rtancha kelin! Hadeguncha sening oyoqlaringdagi zanjirlar ham parcha-parcha bo'lg'usidir.
Men endi sizning tahdidingizdan qo'rqmayman. Bugun mening ko'z oldimda moviy okean, tepamda ashar  bulutlari.
Men sizning qonunlaringiz zulmatiga o'ralib yashadim. Bir lahzaga Bindu paydo bo'ldi-yu, shu kichik shu'lada men o'zimni yaqqol ko'ra oldim. Bu ayol o'z oiimi bilan zanjirlarni uzib tashladi. Endi yorug'likka chiqib, ko'rib turibmanki, men faqat shu yerdagina o'z qadr-qimmatimni saqlay olaman. Hamma tomonidan tahqirlangan u go'zal, endi meni ravshan ko'rib turibdi. O'rtancha kelin endi yo'q! Ehtimol sen meni o'z-o'zini o'ldirishga tayyorlanayotir deb o'ylarsan. Qo'rqma, men sen bilan bu eski va beburd hazilni o'ynamoqchi emasman! Mirabay  ham xotin kishi edi va uning kishanlari menikiday zaif emasdi, biroq unga o'lim izlashga to'g'ri kelmadi. Mirabay o'z qo'shiqlarida bunday kuylagan edi:
Mayli, ota Miridan yuz o'girsin, 
Mayli, ona yuz o'girsin Miridan. 
Mayli, barcha yuz o 'girsin, u — mahkam! 
Mayli, nima bo'lsa bo'lar, qaytmaydi!
Bu so'zlar hayotga qaytaradi.
Ha, men yashayman! Men xalos etildim.
Sizning uyingizni tashlab ketgan
Mrinal.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.