OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

No‘ Kyong Shi. Shamol esar, qalbim tebranar (hikoya)

Shamol esar, tebranar qalbim,
Ko‘zimga yosh keladi, nechun.
Balki orzum ko‘pligi uchun...
Biroq dardim tushunmas hech kim.
Hatto kun ham dardim bilmaydi.
Agarda u tun bo‘lib qolsa,
Yulduz va oy charaqlab yonsa.
O‘sha orzum – shuni bilsaydi...

She’rimni o‘qib bo‘lgach, singillarimga qaradim.
— Opa, juda ham ta’sirchan she’r, – Myon Honing bu gapini eshitgan Uni ham opasining gapini qaytardi:
— Ha, rostdan ajoyib she’r, siz albatta kelajakda shoira bo‘lasiz, – dedi ular bir ovozdan.
Singillarimning bunday iliq maqtovlaridan ko‘nglim tog‘day ko‘tarilib, og‘zim qulog‘imga yetgudek xursand bo‘ldim. Biroq onamning keskin nigohidan seskanib ketdim. O‘zini kulgudan to‘xtatib turgan odamga o‘xsharmidi, yoinki endi zahrini sochmoqchi bo‘lganday qiyofada edi. Qo‘rqib onamga dedim:
— Onajon, she’rim yaxshi chiqibdimi? Ertaga men uni hammaga o‘qib bermoqchiman. O‘qituvchimiz ijodkor o‘quvchilarning she’rlarini to‘plab, to‘plam qilishini aytdi. Meniki ham chiqadi-ya? Sizga she’rim yoqdimi? Bilaman, o‘zingiz yoshligingizda shoira bo‘lishni orzu qilgansiz. O‘sha orzuingizni men amalga oshiraman. Faqatgina siz emas, balki butun mamlakat faxrlanadigan Nobel mukofoti olaman.
Co‘zlayotib, hayajondanmi, qo‘rquvdanmi ovozim titrab ketdi. Shu damda onamning ko‘zlari sovuq yaltirayotgandek tuyuldi menga.
— Nobel mukofotini olmoqchimisan? Lekin men shoirlarga bunday mukofot berilishi haqida eshitmagan ekanman. Buning ustiga hali sen mening ushalmagan orzularimni ro‘yobga chiqarmoqchimisan? – deya onam menga ajablanib tikilib turdi-da, gapida davom etdi. – Ajoyib fikr, ammo yozgan she’rlarim orasidan birortasi ham nashr qilishga loyiq deb topilmagan. Bu kabi xom xayollarni yig‘ishtirgin-da, borib, darsingni tayyorla.
Onamning kutilmagan gaplaridan juda o‘ksindim, biror so‘z aytolmadim, yuzlarim qizardi, yuragim urishi tezlashdi. Ikkala singlim borligi uchun g‘azabimni jilovladim. Xonamga yugurib borib baqirgim keldi. Iliq tilaklar tilagan singillarim oldida onam bilan urishgim kelmadi. Bosiqlik bilan o‘zimni oqlamoqchi bo‘ldim.
— Nega o‘z qizingizga ishonmaysiz? Shoira bo‘lolmaganingiz uchun meni ham eplay olmaydi, deb o‘ylayapsizmi? Onajon, men sizni tushunaman, menga oq yo‘l tilang, toki mashhur shoira bo‘lay. “Yaxshi asar yozmoqchi bo‘lsang, ko‘nglingdagi barcha gaplarni ro‘y-rost yoz, ijoding – qalbing ko‘zgusidir. Ko‘ngli qora kishining yozganlari ham qora bo‘ladi”, deydi o‘qituvchimiz.
Mening gapim tugar-tugamas singillarim qarsak chalib yuborishdi.
— Men hali boshlang‘ich maktab o‘quvchisi bo‘lsam-da, juda ko‘p narsani bilaman. Ishonch bilan aytamanki, albatta shoira bo‘laman, – dedim qat’iy.
Singillarimning olqishidan onam hech narsa deya olmadi, so‘ng boshini quyi solgancha dedi:
— Hi Jin, bu gal sen haqsan. Ammo bir shartim bor. Mabodo to‘rt kun ichida she’ring eng yaxshi, deb e’tirof etilmasa, hovlini o‘zing tozalaysan.
Men onamning bu gaplariga piq etib kulib yubordim. Bunchalik ham qattiqqo‘l bo‘lmang, mana ko‘rasiz, o‘qituvchimiz meni qo‘llab-quvvatlaydi, deya xayolimdan o‘tkazdim.
Men va onam multfilmdagi Chang U va uning onasiga o‘xshaymiz. Faqat mulfilmdagi Chang U onasiga qarshi chiqadi, bizning uyda esa onam menga qarshi chiqmoqda. Bilaman, qachondir onam meni tushunadi, vaqti-soati kelib agar qizim bo‘lsa, uni bor mehrim bilan ulg‘aytiraman. Mening bunday buyuk qarorimdan bexabar onam oshxonaga o‘tib, baland ovozda gapirdi:
— Men ichimga sig‘mas darjada baxtliman, negaki, sen kabi Nobel mukofotini olishga harakat qilayotgan qizim bor. Shoira bo‘la olmagan onangni niyatlarini ro‘yobga chiqar.
Oradan uch kun o‘tdi. Payshanba edi. Ustozimiz o‘zi tanlab olgan she’rlarning mualliflarini e’lon qildi.
— Kim In Ju, No Yon Kyong, Pak Sok Dong, Min Kyong Te, Kim Myong Uk...
Ularning orasida men yo‘q edim! Onamni hayratlantiradigan ishlar qilolmasligimni o‘ylab, ko‘z oldim qorong‘ulashib ketdi. Bor jasoratimni yig‘dim-da, jur’at bilan qo‘limni ko‘tardim.
— Ustoz, savolim bor edi.
— Xo‘sh, eshitaman, – yashil ko‘ylak kiyib olgan o‘qituvchimiz ko‘zoynagining ostidan menga qaradi.
— Ustoz, nega mening she’rimni tanlab olmadingiz?
Shu payt sinfdoshlarim “Voy, buncha qat’iyatni qaerdan oldi?”, “Hi Jin jasoratli qiz chiqib qoldimi?”, deya kulishdi. Shuncha gapdan so‘ng qizarib ketgan bo‘lsam-da, joyimdan qimirlamay, o‘qituvchining javobini kutdim.
— Sening she’ringmi? Shoshmay tur, u nima haqida edi? – deya ustoz daftarga diqqat bilan tikildi.
— Ustoz, maylimi, – deya qo‘limni silkitib, boyagidan ham balandroq ovozda gapirdim. – Ustoz, she’rimni o‘qib bera qolay...
Bu safar bolalar bir ovozdan “Guruhimizdan daho chiqibdi”, deya baralla baqirishdi. Va “Agar Hi Jinning she’rini chiqarib bermasangiz, u yig‘laydi”, deya qo‘shib qo‘yishdi. Men bu gaplariga javoban ularga jahl bilan qarab qo‘ydim.
— Hi Jin, she’ringni aytib berasanmi? – dedi o‘qituvchimiz.
— Ha! – deya qat’iyatli javob berdim.
So‘ngra yozganlarimni o‘qishga shaylanib, jo‘rttaga yo‘talib qo‘ydim. Bolalarning hammasi nafaslarini ichga yutib, menga tikilib turishardi.
She’rini ayta olarmikan, yo‘qmi, deya qarab turgan bolalar...
Nima haqda o‘qib berar ekan, deya o‘ylarga ko‘milib turgan bolalar...
Bor kuchimni yig‘ib, ko‘zimni yumdim. Ko‘zlarimni yumganim go‘yo menga kuch bag‘ishlagandek bo‘ldi.

Shamol esar, tebranar qalbim,
Ko‘zimga yosh keladi, nechun.
Balki orzum ko‘pligi uchun...

Men she’rimni aytib bo‘lganimdan so‘ng kulgu ovozi anchagacha tinmadi.
— Bu she’rmi yoki qo‘shiqmi?
— Orzulari bisyor qiz nega yig‘laydi? Oying kiyim olib bermadimi?
— Bu she’rni kechasi bilan uxlamay yozibdi, shekilli.
Bolalarning gaplaridan o‘ksinib, ko‘zlarim namlandi. Ammo birozdan so‘ng, qalbimdagi quvonch qirg‘oqlaridan toshib, ko‘zlarimdan rostakamiga sevinch yoshlari chiqib ketdi. Ustozim men kabi qalbi qaynoq qizning she’rlari albatta o‘z muxlislarini topadi, dedi. Mening she’rimni ham tanlanganlar orasiga qo‘shib qo‘ydi.
 Baxtliligimning yana bir sababi bor. Uyga borgach, hovlini ham tozalayman, yana onamga o‘qituvchimizning gaplarini aytganimdan so‘ng xursand bo‘ladi. Men juda baxtiyorman. Onam mendek qizi borligidan faxlansa arziydi.

Koreys tilidan Malohat G‘afforova tarjimasi
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 2014 yil 36-son

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.