OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Pak In Suk. Bolakay va kumush tanga (hikoya)

Bu voqea oilamiz bilan Amerikaga ko‘chib borganimizda sodir bo‘lgandi. O‘sha vaqtda katta o‘g‘lim Cholsu 3-sinfda o‘qir edi. O‘z tengdoshlari bilan quvnab o‘ynab yurganida, ko‘chib ketdik. Notanish joydagi maktabdoshlari unga begonasirab qarardi. Buning ustiga, tilni bilmagani uchun muloqotga kirisha olmagani tufayli sovuqlik bilan boshlangan maktab hayoti unga umuman yoqmasdi. Olti oylargacha o‘g‘lim tanaffusda ham yolg‘iz, yakka o‘zi qolgan paytlarda rasm chizardi. Shunday qilib, o‘quvchilar orasida u bilan hatto bir og‘iz gaplashadigan, samimiy do‘st yo‘q edi. Maktabdagi o‘quvchilar orasida faqatgina u yolg‘iz edi. Unga yordam berishni, bu xuvillagan muhitdan chiqarib olishni xohlardim.
Vaqt o‘tgan sayin Cholsu ingliz tilini o‘rgana boshladi. Kunlarning birida sinfdoshlari orasidan bir qora tanli bola uning oldiga keladi va unga g‘alati qarash qilib iljayadi. Bu hol har kuni takrorlanaveradi. Boshida Cholsu umuman e’tibor bermaydi. Ammo har kuni o‘sha bolakay Cholsuning oldiga kelib, tushunarsiz kulishi uning g‘ashini keltira boshladi. Bolakay nimadir demoqchi bo‘lib, barmoqlarini tinimsiz qisirlatib, bir nimadan qo‘rqqandek hadiksirab turadi. Uning bu holatini tushunmagan Cholsu sababini so‘raganida hech bir javob ololmaydi, faqatgina doimgidek iljayishning guvohi bo‘ladi, xolos.
— Hoy sen, nega menga qarab kulasan, sababi bordir?
Cholsu mening ustimdan kulyapti, deb o‘ylab rosa jahli chiqadi, g‘azabdan uni itarib yuboradi. Buning oqibatida bolakay yiqilib tushadi va yig‘lab yuboradi. Buni eshitgan o‘qituvchi ularning ikkalasini ham xonasiga olib kirib ketadi.
Uyda choy tayyorlayotgandim, o‘g‘limning o‘qituvchisi farzandingiz bir bolani uribdi, deya telefon qilgani uchun maktab tomon shoshildim. Xonaga kirishim bilan o‘g‘lim na yig‘lashni, na kulishni bilmay oldimga chopib keldi. Uni tinchlantirganimdan so‘ng aslida nima bo‘lganini so‘radim.
— Nima bo‘ldi, nega uni urding?
— Urganim yo‘q. Bu bola har kuni qo‘lini musht qilib menga qarab masxara qilgandek iljayadi. Shuning uchun jahlim chiqqanidan uni itarib yubordim.
Mening ham jahlim chiqib, asabiylashdim. Shu payt yonimda o‘tirgan qora tanli bolaning otasi gapirdi. U bolasining boshqa bolalarga qaraganda aqli raso emasligini aytdi. Bu bola avval maxsus maktabga qatnagan va biz Amerikaga ko‘chib kelishimizdan ikki oy oldin shu maktabga kelgan ekan. U ham o‘quvchilar bilan kirishib keta olmagani uchun yolg‘iz yurarkan. Shunday kunlarning birida Cholsu ham shu maktabga keldi va uning bolalar bilan do‘stlashib keta olmayotganini ko‘rib, o‘sha bolakay Cholsu bilan do‘stlashmoqchi bo‘libdi. U avaylab asrab yurgan bir dona kumush tangani Cholsuga berib, do‘stlashaylik, deya aytmoqchi bo‘lar, ammo qo‘rqqani uchun hech narsa deya olmas ekan. Men haqiqatni bilmay turib jahl qilganimdan uyaldim. Endi bo‘lsa o‘sha bolakayning samimiy do‘stlik tuyg‘usini o‘g‘limga bildirishni xohlardim. Qo‘lini musht qilib turgan o‘sha bolakayning qo‘lini o‘g‘limning kaftiga qo‘ydim. Bolakay qattiq ushlab olgan barmoqlarini ochdi va dunyodagi eng chiroyli tanga Cholsuning kaftida yaltirab turardi.

Koreys tilidan Malohat G‘afforova tarjimasi.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2013 yil 45-sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.