OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Qorabog‘iy (XIX asr)

Mirza Hasan Qorabog‘iy XIX asrning ikkinchi yarmida Ozarbayjonning Qorabog‘ viloyatiga qarashli Shusha shahrida yashab, ijod etgan. Bu dilbar shoir Fuzuliy va Navoiyni birdek o‘ziga ustoz deb bilgan. Uning ijodiy merosida Navoiy va Bobur she’riyatining ohanglarini ilg‘ash u qadar mushkul emas.
Qorabog‘iy ozarbayjon, fors va hatto o‘zbek tillarida ham g‘azallar yozgan. Uning fors va ozarbayjon tillarida bitilgan g‘azal, masnaviy, ruboiy, qit’a, tarkiband, taxmis va tamsillaridan tarkib topgan umumiy olti ming baytdan oshiqroq keladigan devoni mavjud.
Shoirning o‘g‘li Xalil Yuzboshev ham Xalil taxallusi bilan dilbar g‘azallar meros qoldirgan, shuningdek, Navoiy asarlarini ozarbayjon tiliga o‘girgan mohir tarjimonlardan sanaladi.

G‘AZALLAR

* * *

Shavqi – mehri orazing, jismim aro jondan laziz,
Shavqi – shahdi la’ling, ey, moh, obi hayvondan laziz.

Mohi ruxsoring ziyosi, mehri anvardan munir,
Inja og‘zing g‘unchasi gulbargi xandondan laziz.

Yodi gulzori ruhing firdavsi a’lodan go‘zal,
Gulshani ro‘ying safosi bog‘i rizvondan laziz.

Ey nigorim, bir daf’a gulzori ro‘yingni ko‘rish,
Haq bilarkim, men uchun sayri gulistondan laziz.

Jilvai ruxsori oling barcha guldan dilpazir,
Ifori zulfing guliston ichra rayhondan laziz.

Noladan bo‘lma xalos, hajrida yorning, ey, ko‘ngul,
Yo‘qdurur, darmon g‘ami hijronga afg‘ondan laziz.

Gar Hasan jonin berib vaslin tilar, bir vajhi bor,
Yodi vasling ey, nozanin ungadur jondan laziz.

* * *

Afsuski olamda bir imdodga yetgan yo‘q,
Faryod qilgan ko‘pdur, vale dodga yetgan yo‘q.

Tanho emassanki, kam de muyassar, ey, dil,
Maqsudu murodina bu dunyoda yetgan yo‘q.

Har rahguzori umrda ming xavfu xatar bor,
Sarmanzili matlubiga ozoda yetgan yo‘q.

Har bir kimsaga holi diling aylama izhor,
Ko‘p chekma abas, nolaki, faryoda yetgan yo‘q.

Xalq ichra, ko‘ngul, ko‘r na yamon jangu jadal bor,
Bir matlabga bu sho‘rishu g‘avg‘oda yetgan yo‘q.

O‘z naf’ini o‘ylar ekan har matlabi ijod,
Bul muammoning tubiga dunyoda yetgan yo‘q.

Ko‘p dodu fig‘on etma, Hasan, aylama faryod,
Faryodi fig‘oni dili noshodga yetgan yo‘q.

* * *

Falak qilmish meni har bir baloga mubtalo, ey, dil,
Vale, ag‘yor maqsudin etar doim ravo, ey dil.

Baloi hajra sabr et, gar muroding vasli jonondur,
Bul mashhuri jahondur: “al-baloyu-lil-valo” ey dil.

Falakdan ta’ma qilma, istama mehru vafo undan,
Xilofi rasmdurkim, charxdin kutmak vafo, ey dil.

Ketib ishqida bir ra’no nigorning sabru oromim,
Bildim, turmas muqobil shoh ila har bir gado, ey dil.

Jahon ahlidek ko‘p dunyoga qilma ruju zinhor sen,
Magar, oqil kishi har dam qadrin aylar bebaho, ey dil.

Xayol etmas bihishtni hech, agarki topsa ishq ahli,
Farog‘at kunji uzra bir anisi beriyo, ey dil.

Agar baxtli bo‘lay, dersan, o‘zingni qat’iy ulfat qil,
Jahon dardin Hasandek tark etib bo‘l podisho, ey dil.

* * *

Sari ko‘yida yorning, ey ko‘ngul, bir nola bunyod et,
Bu pinhon dardimi ul mahliqog‘a sharh qil, yod et.

Ko‘ngil koshonasi vayronadir bedodi hajridan,
Bu mulk axir, seningdur, sevgilim, rahm ayla, obod et.

Eshitdim, ul sanam nolam sevar ashkim ravon istar,
Bu yo‘lda jahd qil, ey ko‘z yoshim, ey nolam, imdod et.

Qaro zulfing havasidan ko‘ngil asiri mehnatdur,
Anga rahm ayla, ey moh, benavodur, g‘amdin ozod et.

Agar vasli nigor istarsan, ey dil, tarki lazzat qil,
Sari ko‘yinda doim ul nigorning dodu faryod et.

Jafovu dardi hijron ila ko‘pdandurki, noshodmen,
Mani vaslingga bir dam, mahvashim yod ayla, dilshod et.

Raqiblar tuhmatin, begona zulmin, do‘st ta’nasin,
Hasan, sol yodga, bir-bir, nola qil, faryod chek, dod et.

* * *

To sabo zulfin u yorning yuzda afshon ayladi,
Ozurda ko‘nglum holin o‘shal parishon ayladi.

Qaysi bir gul g‘unchasi bog‘ ichra bo‘ldi jilvarang,
Oqibat bodi xazon bag‘rin aning qon ayladi.

Qaysi nargis kim, chamanda ichdi ishrat jomini,
Sarsari davron uni oxirda giryon ayladi.

Ko‘p shahanshohi falak taxt uzra bo‘ldi sarbaland,
Xor qildi oqibat, xok ila yakson ayladi.

Kimniki qasrini qildi me’mori gardun feruz,
Ul qasrni charxi dun zulm ila vayron ayladi.

Dahr ko‘yiga aldanma, ul behad makkoradur,
Kim uning ilkin tutar, oxir pushaymon ayladi.


Ishqda ham yanglishma, ey dil, ishq yo‘li oson debon,
Demaki Farhodu Majnun ani oson ayladi.

Biri Majnun g‘amgindur, bo‘ldi rasvoi jahon,
Biri Farhodi xazindur, qon ichra pinhon ayladi.

Ishq sahrosinda bisyor, ey Hasan, sargashtalar,
Kim seningdek jonini jononga qurbon ayladi.

* * *

Bir malakrif’at, mohi tobonni ko‘zlar ko‘zlarim,
Bir durahshon gavhari yaktoni ko‘zlar ko‘zlarim.

Podishohi taxti ismat, majlisni bazm aylagan,
Shahbozi gulshani ehsoni ko‘zlar ko‘zlarim.

Aylaram payvasta xurshidi jamolini orizu,
Bir qamartal’at, malaksiymoni ko‘zlar ko‘zlarim.

Xiyla muddatkim, ul mohdan kelmadi hech bir xabar,
Bir malakmengzar, mohi davronni ko‘zlar ko‘zlarim.

Furqatidin jismu zorim notavon o‘lmish manim,
Sendan, ey koni sihat, darmonni ko‘zlar ko‘zlarim.

Maskanim bir baytulxazon o‘lmish manga Yaqub kabi,
Ko‘p zamondur, ul mohi Kan’onni ko‘zlar ko‘zlarim.

Har qaysi xunxorga mutloq iltijo etmas Hasan,
Bir shahanshohi, malak barnoni ko‘zlar ko‘zlarim.

* * *

Ko‘zim gar sendan o‘zga yorga boqsa, ashkbor o‘lsun,
Agar bir o‘zga ko‘z ham ko‘rsa, ruxsoring figor o‘lsun.

Agar ko‘nglim sening-la bo‘lmasa, jism anga tor o‘lsun,
Va gar bir o‘zga dil ishqing istarki, qayg‘udor o‘lsun.

Jamoling mehrini tark etsam, baxtim qaro bo‘lsin
Va gar bir g‘ayri kas mehring istarki, dil figor o‘lsun.

Saning xobgohingdan o‘zga manzil etsam, maskanim yonsin,
Mendin o‘zga boshin qo‘ysa, bunda doim nizor o‘lsun.

Tilim lol o‘lsun, gar vasfingdan o‘zga zikr etsa hargiz,
Agar bir o‘zga til ham vasfing aylar, sharmisor o‘lsun.

Agar sensiz kezay gulzor, gulzorim xazon bo‘lsun,
Agar bir g‘ayri hamdam ham senga yor o‘lsa, xor o‘lsun.

Zalil o‘lsun Hasan sendan o‘zga yora moyil o‘lsa
Ham andin o‘zga kas gar senga yor o‘lsa, zor o‘lsun.

* * *

Xanjari – mujgoni chashming to‘kmagan qon qoldimu?
G‘amzai – sho‘xing paykoni olmagan jon qoldimu?

O‘z safosindan damodam dam urardi oyina,
Mehri ruxsoring ko‘rib, husningga hayron qoldimu?

Mendan, ey zohid, abasdur, dinu iymon istamoq,
Orazin ko‘rgach ul yorning, menda iymon qoldimu?

Charx yasay deb sa’y etarki, qoshlaringdek bir hilol,
Bul xayoli tunda sinmush, oxir pushaymon qoldimu?

Ohki dersan: “Mehnati hijronga sabr et, ey ko‘ngul!”
Sabr etarga ko‘rkim, menda zarra imkon qoldimu?

Bermisham jonu dilim-la dinu iymon zulfiga,
Qullug‘imda, sevgilim, ayt-chi, nuqson qoldimu?

Ishq sahrosinda Majnun, garchi sargardon, vale,
Ey Hasan, sen kabi hech zoru parishon qoldimu?

* * *

Har zamon noz ilakim, yorim chiqar koshonadan,
Xasta jonim chiqmoq istar bu tani vayronadan.

Rishtai jonimdurur bilmamki, bo‘lmish pechu xam,
Yo, sori zulfi – nigorimdur, kechibdur shonadan.

Tarki jon et, ey ko‘ngul, gar ishqni aylarsan havas,
Rohi rasmi – ishqni o‘rgan shevai parvonadan.

Zohidlar afsonasindan behud o‘lsam, ne ajab,
Uyqu kasb aylar ko‘zum, shaksiz yolg‘on afsonadan.

Senda zohid, ko‘rmadim hargiz olmoqni dardi dil,
Chorai dardim topildi murshidi mayxonadan.

Men kabi Majnun vafo rasminda mashhur o‘lmadi,
Ishq asrorin, azizim, so‘rma har devonadan.

Holi o‘lmas zor ko‘nglum dardu g‘amdan bir zamon,
Yo‘qdur bir g‘amkim, kanor o‘lsun bu mehnatxonadan.

Yor agar zahri halolin bersa, no‘sh aylar ko‘ngul,
Oshiq uldir kechmasa, albatta shul paymonadan.

Oshinolar tuhmati olamda xor etmush sani,
Ey Hasan, qayg‘urmagil hech ta’nai begonadan.

* * *

Ko‘ngul, ko‘p qilma nola, etma faryod,
Falakning gardishidan aylama dod.

G‘ussadur – shodligi, ayshi – marorat,
Bo‘lubdur zulm ila bu dahr bunyod.

Sevar g‘am ko‘ngilni, ko‘nglim baloni,
Baloyu g‘amdan bo‘lmadim bir dam ozod.

Bo‘yla, bir lahza Shirin etmadi kom,
Qulatsa-da, tog‘larni zori Farhod.

Azal mashshotasi chizmish jamoling,
Ayondir suratingdan maqomi ustod.

Na mushkuldir ko‘zingdan jon asramoq,
Turkona qaroqlar g‘amzasi jallod.

Etmasun dod necha mujgon o‘qindan,
Ko‘ngul bir parcha qon, paykoning po‘lod.

Fanodir oxiri, yo‘qdur baqosi,
Bu dunyodan, Hasan, kim bo‘ldi dilshod?!

Muhiddin Omon tarjimalari

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.