OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Xalilla Davlatnazar

Bulbul — gulning,
Mardlar — elning dardinda

Mustahkam tog‘-tosh ham chaqilar, cho‘kar,
Sal narsaga bulut ko‘z yoshin to‘kar,
Iqbol goho sarak, goh puchak ekar,
Barcha yashar nomus-orning dardinda.

Oshiqlar suyansa yarashar tolga,
Beqaror arilar behushdir bolga,
Qayig‘ing g‘arq bo‘lsa daryo-anhorga,
So‘ng oqarsan eshkak-solning dardinda.

Mardning nohaqlikda joni qovrilar,
Bisotinda borin el deb sovurar,
Shuhrat xirmoninda nokas dov urar,
Oqlar urib foniy davron dardinda.

Yosh qizlar havasmand – ko‘zga chalinsa,
Ismi muhabbatning tilga olinsa,
Izinda yuz yigit yurib yalinsa,
Bo‘z yigitlar sevar yorning dardinda.

Umr guzarida armon – aravachi,
Umid sohilida xayol – darg‘achi,
Bo‘ynida to‘rvasi, yurar talashib,
Ajal har qadamda jonning dardinda.

Suv mo‘l bo‘lsa, daryo toshqinlab oqqay,
Hilm-hayo ko‘rk berar olma yonoqqa,
Kim duldul, kim yobi izlar minmoqqa,
Bulbul faryod qilar gulning dardinda.

Bul dunyoda ne ko‘p – tashvish ko‘p, dard ko‘p,
Bajarilmas lafz ko‘p, buzilgan shart ko‘p,
Dard bilan dardda ham yer-ko‘kday farq ko‘p,
Asl mardlar yonar — elning dardinda!

 
Botir Guloyim

Qo‘sh burumli qora sochim
Tuyayin deb tukkanim yo‘q.
Yetti qavat oq sovutni
Kiyayin deb kiyganim yo‘q.

Erlar turib, ayol boshim,
Taqinganim qilich-qalqon.
Mardlar chopgan yov o‘rdasan,
Qaytmoqchiman qilib talqon!

Yurak-bag‘rim kuya-kuya,
Ko‘zlarimni nam qildi dard.
Chiqmasmi el-xalqim deya
Qirq yigitni boshlagan mard.

Arzi holim kim uqadi,
Yakkalikdan zor yig‘layman.
Men chiqmasam kim chiqadi,
Botirlarsiz qolsa maydon?!

El boshiga kun tuqqanda
Oh urib, qo‘l yoymang yotga.
Xalq uchun bel bog‘lang endi,
Botir qizlar, mining otga!!!


To‘maris monologi

Bu yurt — ozod massagetlar yurtidir,
Avlodlar shod bo‘lsa – elning baxtidir.
Tomiringda mening qonim bor, axir,
Qullik nedir – odam bilmasin deyman.

Aks holda men chidab yurgim kelmaydi,
Ruh isyonda, men jim turgim kelmaydi.
Mardlar bekor boshin fido qilmaydi,
Yurt dushman qo‘lida qolmasin deyman.

O‘zi tuysa, tuymay qolsa fuqaro,
Undaylarning vasfi – tillarga yaro!
Bir mungli yig‘lasa, boshchi beparvo,
Tinch uxlasa – o‘ynab-kulmasin deyman!

Qayda lashkarlarim, qurol-yarog‘im,
Urpog‘im – umrimning yorug‘ chirog‘i,
Sarg‘ish tortsa hur elning baxt varog‘i,
Qayta yashillanib, gullasin deyman!

Qoraqalpoqchadan Muzaffar Ahmad tarjimalari

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.