OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Jumag‘ali Sain (1912-1961)

Jumag‘ali Sain Ko‘kchatov viloyati (hozirgi Oqmo‘la)ning Ariqbaliq tumanida tug‘ilgan. Pedagogika institutini bitirib, o‘qituvchilik qilgan. Jurnalistlik faoliyati bilan shug‘ullangan. Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi. Urushdan keyin "Qozoq adabiyoti” gazetasiga muharrirlik qilgan.
Birinchi she’rlar to‘plami — “Baxt qo‘shig‘i” 1936 yilda chop etilgan. Qozoq qizining hayot yo‘liga bagishlangan “Kulanda” dostoni (1939 — 1940) yirik adabiy hodisa sifatida baholangan. She’rlari o‘zining mayin lirizmi, samimiyligi bilan dilga yaqin.
“Ayg‘oq”, “Oltoy”, “Tonggi shabnam" dostonlarining muallifi. “Yo‘l ustida” qissasi 1961 yilda chop etilgan. Jahon adabiyoti namunalarini qozoqtiligatarjima qilgan.

* * *

Qarama-chi, qadama-chi ko‘zingni!
(Axir, yurak temir emas to‘zimli!)
Men olovman, qar uchquni kuydirar,
Aya, meni, aya, gulim, o‘zingni!

O‘yla, axir, o‘yla, axir, aqllim!
Unsizgina meni qayga chaqirding?
Teran sirli ko‘zlaringning tubiga
Asta-asta cho‘kib bormoqdadirman...

G‘ussalarga yo‘g‘irmagin so‘zingni!
Aya, meni, aya, gulim, o‘zingni!
Uyg‘otmagin qalbimdagi tug‘yonni,
Javdiratib chaqnoq qora ko‘zingni!

O‘yla, axir, o‘yla, axir, aqllim!
Unsizgina meni qayga chaqirding?
Sokin edim, nega solding tug‘yonlar,
Nega g‘amlar ummoniga botirding?!

* * *

Men uyquga ayni cho‘mgan dam edi.
Bir payt o‘lan turtdi meni,
tur, dedi!
Uchib turdim,
charx urardi satrlar,
Oldi meni o‘y-xayollar sexrlab...
Gohi xira,
gohi nurli tovlanib,
Ko‘z oldimda turdi hislar mavjlanib.
Shunda birdan,
“evoh!” deya o‘kindim,
Ilhomimga “sabr qil!” deb o‘tindim.
O‘z joyida ko‘rinmasdi to‘rt qalam,
Kunduz uni olgan, albat, to‘rt bolam.
O‘lan ketdi...
O‘ltirdim men jim, xomush.
Yarim kecha,
eshitilmas sas-tovush.
Qayda ekan tarashlangan to‘rt qalam?
Yotar shirin uyqu ichra to‘rt bolam.
Qarayman-da, quvonaman, toshaman.
Oyog‘imni men avaylab bosaman.
Ko‘rpalarni,
yostiqlarni tuzatgum,
Uyg‘oqman-u,
uyqularni kuzaggum.
Kiprik, qoshi,
lablariga boqgum jim,
(Bari mening quyib qo‘ygan yoshligim!)
O‘ylar chulg‘ab,
chorlar meni shu oni —
Iqbolimning yozilmagan dostoni!
Uyqusida
ana biri kulmoqda,
Balki hozir shirin bir tush ko‘rmoqtsa.
Balki qayta ko‘rar kechgan bayramni,
Deyman,
nurli yuzlar,
ko‘rmang hech g‘amni!
Zuryodlarim,
mening poydor umrimsiz,
Qalbda yolqin,
jonimdagi qumrimsiz!
Turfa,
ajib xayollarga to‘ldim men,
Sizga boqib,
qayta go‘dak bo‘ldim men!
Va qalbimda ajib ilhom chaldi soz,
Bitilmagan misralarda aytib roz.
Men she’rlarni garchi shoshib to‘qirdim,
To‘rt bolamning yuzlaridan o‘qirdim.

Yozilganmi shundoq kitob — yarqiroq!
Nasib etmas hech oqinga u biroq!
Aytinglar-chi, bu dunyoda nima bor,
Shu to‘rt yurak urishidan azizroq!

Mirpo‘lat Mirzo tarjimalari

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.