OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Toyir Jarokov (1908-1965)

O‘rol viloyatining O‘rda tumani, Jetiboy ovulida dunyoga kelgan. Dastlabki ma’lumotni rus-qozoq boshlang‘ich maktabida olgan.
Ilk she’rlari 1927 yilda "Oqinlar” adabiy to‘plamida “Oltin kun” nomi bilan chop etilgan. 1931 yilda Olmaotadagi Abay nomidagi Pedagogika institutini tomomlagan. 1934-1936 yillarda Leningrad Til va adabiyot instituti aspiranturasida tahsil olgan. Ilk she’rlar to‘plami “Yulduzlar yog‘dusi” 1932 yili nashr etilgan..
T.Jarokov ko‘plab orden va nishonlar bilan mukofotlangan.
“Gulxan atrofida" (1949), “Toshqin” (1949), “Qo‘shiq qanoti” (1956), 2 jildlik “Tanlangan asarlar” (1958-59) va boshqa to‘plamlari e’lon qilingan.

DUTOR BILAN DO‘MBIRA

O‘zgamas, o‘z elimsan, O‘zbekiston,
Ko‘ringung ko‘zga ko‘rkam sen olisdan.
Ko‘zingda nur yonganda jonga yaqin,
She’rimiz yetib bordi senga shu dam.

Qay oqin o‘zbek elin zo‘r hurmati,
Qadrdonlik haqqi-chun barq urmadi?!
Yuragin o‘ti bilan bitib baytlar,
Qay oqin bu do‘stlik deb charx urmadi?!

Biz eldan, el ham bizdan olar ilhom,
Ikki el zafarlarda qozonar nom.
Ona suti yanglig‘ egiz farzandlarga
Oydinda mavjlanar Sir ajib oqshom.

Chirchiq va to‘lqin otgan Buqtarma*ning
Nurlari ushaltirdi el armonin.
Paxtaorol oq paxta gulin sochsa,
Qozoqning dashti to‘kdi oltin donin.

She’rga solib uzumu anorlarin,
Maqtagan chog‘ siz o‘zbek palovlarin,
G‘afur aka, ko‘ringiz, Sobit og‘a
Bo‘z qirda tikdi inju yalovlarin!

Suyamiz olmaniyu anorni biz,
To‘ldirdi shirin bolga qanorni kuz.
Bir bog‘da o‘sgan naqshin mevadayin
Ertangi oq tonglarga xumorlimiz.

O, ko‘rkam qozoq yigit barmoqlari
Do‘mbira chertib tursa sayronlatib,
Oydin bir ko‘lda suzgan oqquvdayin
Qiz raqsi qo‘yar elni hayronlatib.

Oqquvning bolasiday bo‘yinlarin
Nozlatib, boshlab latif o‘yinlarin,
Evrilsa to‘qson burab xipcha belin,
O‘ziga maftun aylar elning barin.

Qalbimga oshno qilib mexrimni chin,
Talpinib yuragim-la durkun-durkun,
Toshkentga ajib she’rim aytib keldim —
Qabul et, quchog‘ing och, qardosh yurtim!

Ko‘rklanib otsa ufqdan ajoyib tong,
Yelvagay kiyib do‘ppi, ola chopon,
Bog‘iga o‘zbek og‘am suv oqizsa,
An solar qir boshida qozoq cho‘pon.

Hangoma chopondamas, cho‘pondamas,
Olqishu hamdu sano, xandondamas,
Jazm etib parvoz sari elni mudom,
Chorlasak, mudroq dillar uyg‘onsa, bas!

Qo‘shnimiz — bitta erur taqdirimiz,
Mehr va muruvvatdir qalb sirimiz.
Sevgimiz qo‘riga qo‘r qo‘shmoqlikka
Mahshargacha burchlimiz har birimiz.

Ortda qolsin moziyning faryodlari,
Tole quchsin egiz xalq zuryodlari.
Ne ajab, zafarlarga esh ikki el
Birgalikda uchsa gar samo sari!
_________________
* Chirchiq daryosiga qurilgan Buqtarma GESi.

QANTAR

Qantar oyi suluvdir, havo ochiq,
Tevarak jim, sukutda, qorlar bosib.
Ko‘rinadi yarqirab qir-adirlar,
Qo‘ygandayin tongdan naq shakar sochib.

El sergir* qal’adagi, daladagi,
G‘ichirlar oyoq bossang dala qori!
Qizarib qo‘sh betingda o‘ynaydi qon,
Bu senga izg‘irinning mehr izhori.

Billurdek musaffodir qantar oyi,
Tush ko‘rib yotar yurtning qiri-joyi.
Qarasang toqqa — ko‘zing qamashtirar,
Qor ruqing allalaydi zab kiroyi.

Mol boqqan Aydarlida - otardagi
Cho‘ponlar shod-mamnundir qatordagi -
Qiynalmay qish qo‘nog‘in qarshilashga,
Keluvchi ayoz bilan qantardagi.

Turibdi to‘zg‘imayin qamish qo‘ra,
Iliqdir ichi, chunki molga to‘la.
Oq to‘nli cho‘pon bobo qorovuldir,
To‘lamish o‘zimizning tanish bola.

To‘lamish o‘zi shu kech qor oldiga
Chiqib borib mollarga qaradi-da,
Chaqirib cho‘ponlarni kulbasiga
Daladan kirdi qaytib shom oldida.

U darhol isinarkan uyga kirib,
Qo‘raning atrofida zir yugurib,
Qor sochar qashqir quloq sur tevatlar,
Uzoqdan qora ko‘rsa birdan hurib.

Osmon — ko‘k, dala — oq qor, tun mudraydi,
Yulduzlar misli cho‘g‘dek miltiraydi.
Cho‘ponning otardagi kulbasiga
Yangi yil kirmoq uchun izn so‘raydi...

Cho‘ponlar Yangi yilga yalt qarashib,
Bir-birin tabriklashar zab yayrashib:
— “Sochuv!“ - deb uchqunlarni sochdi har yon,
Ulardan biri shampan og‘zin ochib.

Hay, shundoq qilib, Yangi yil boshlandi,
Yangi ruh chulg‘ab oldi yer-osmonni.
Men esa she’rlar bilan qarshilayman
Madh etib kengliklarni, mard cho‘ponni!
_______________
* Kamayadi, tarqaydi ma’nosida.

O‘LAN

O‘lan suluv - uyatchan ba’zan qizday,
Ba’zan qo‘ymas yurakdan kuy oqizmay.
Jonsiz o‘lan tuyg‘ungni sovutganday,
Bosiladi yurakka ba’zan muzday.

O‘lan — gohi nozlangan go‘zal yorday,
Goh lovullab, goh tafting bosilganday!
Goh osmonni yorganday yalt-yult etib,
O‘t-chaqmoqning quvvatin oshirganday!

O‘lan — ba’zan boladay talpinadi,
Ba’zan ona qalbiday balqimali.
Ba’zida sho‘x dengizning to‘lqiniday,
Fe’li bordir “tentakning“ shalqimali!

Gohi kibru havoda kerilgan kas
O‘lan qadru qimmatin hech bir bilmas.
Mensimaslik mumkinmi o‘lanni, ayt,
Asl o‘lan boqiydir, hech ham o‘lmas!

Mirpo‘lat Mirzo tarjimalari

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.