OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Mixail Svetlov (1903-1964)

TIRIK QAHRAMONLAR

Shafkatni bilmagan,
Kokildor Taras,
Eshitilar menga
Kechalar, hayhot! —
Eshik orqasidan
Dahshat to`la sas:
“Andriy! Senga men bergandim xayot!...”
Go`zal panna turar,
Yuzida yo`q, qon.
Shamolda o`ynaydi o`rim sochlari.
Uq teshgan Andriy
Qular nogahon
Bo`ronda yiqilgan qayin singari.

Poltava ustida
Suzar yarim tun,
Mana u, bor ichra kezar rudapo.
Bu kech
Rossiyaga qarshi yashirin
Yurish o`ylamoqda sotqin Mazepo.

Kochubey tutqunda,
Qorong`u zindon.
Qochishni o`tkazar mahbus ko`ngildan.
Tong bilan Kochubey
Qatl etilgan on
Yevgeniy Onegin turdi o`rindan.

«Pechorin! O, dahshat!
Atrof zim-ziyo.
Shubha o`rtamoqda, do`stim, dilni ko`p».
Qimor o`ynar ekan Dostoyevskiy,
Kampirlarni bo`g`ar
Shum Raskolnikov.

Jimgina pirpirab
So`nar yulduzlar,
Tong otib kelmoqda quyuq tumandan.
Parovoz qo`zg`aldi,
Titradi izlar,
Anna Karenina ayrildi jondan.

O`rtoq klassiklar!
Endi shumi ish!
Bari qahramonlar yitib ketmoqda!
Nahot, niyatingiz
Faqat o`ldirish —
Duel,
Poezd yo`li
Va yo sirtmoqda!

Roman yozmoqchiman o`zim,
Kattakon!
Kitobining birinchi betidan boshlab,
Hunar o`rganadi
Har bir qahramon,
Men xam o`rganaman g`aflatni tashlab.
Ruhiy azoblarga bo`lsayu taslim,
Qahramon zerikib qolsa biror kech.
Parovoz ostiga
Tashlayman o`zim,
Ammo qahramonim tashlamaymav xech.

Bu yorug` dunyodan
Ko`z yumsam agar,
Tobutum ortidan
Iztirob-la jim —
Meni so`nggi yo`lga kuzatib borar
Men qutqarib qolgan qahramonlarim.

Qabrim tepasida
To`xtagan yo`lchi
So`raydi:
— O`lgan kim? So`yla, birodar!
Qahramonlar aytar:
— Svetlov o`ldi!
Haqiqiy yozuvchi edi u odam!


RUMOLIK YIGIT

Tuproqda yotipti rumolik yigit,
Ko`ksida benaqshin, oddiy qora but.
Mushtipar onaning yolg`iz o`g`loni,
Musofir o`lkada uzilgan joni.

Neapol shahrida o`sgan azamat,
Nima izlab kelding Rossiyaga, ayt?
O`z ona tuprog`ing, go`zal yurting bor,
Netardi, elingda bo`lsang baxtiyor?!

Men seni Mozdokda o`ldirgan odam —
Vulqonli yurtingni g`oyat sevardim.
Bepoyon Volgada shavq ichra bir dam
Yengil gondolada suzmoq istardim.

Va lekin men, axir miltiq ko`tarib
Sening diyoringga yo`l olganim yo`q!
Rafael qadami tekkan yer uzra
Uchib o`tgani yo`q men otgan bu o`q!

Men o`z tuprog`imda o`q uzdim, bu yer
Meni ardoqlagan kutlug`, ezgu yer!
Bu o`lka haqida aytilgan ertak
Tarjimada shunday chiqmasa kerak.

Mening O`rta Donim, qo`ng`ir tuprog`im
O`rgangan edimi chet ellik olim?
Munisam Rossiya, Rossiyam yerin
Yo sen haydab ekkan edingmi ekin?

Seni keltirdilar poyezdga ortib
O`zgalar yerini olmoqqa tortib.
Toki sen ko`ksingga taqqan bu salib
Mozoring ustida tursin yuksalib...

Yo`q! Qilich ko`tarib, hech inson hech vaqt
Mening diyorimga qo`yolmas oyoq,
O`q uzdim — dunyoda yo`qdir adolat
Dushmanga men uzgan o`qdan odilroq.

Musofir o`lkada bukun jon berdi
Mushtipar onaning yolg`iz o`g`loni.
Jonsiz ko`zlarida aks etib turdi
Go`zal Neapolning zangor osmoni.

Erkin Vohidov tarjimasi

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.