OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nikolay Gumilyov (1886-1921)

Mashhur rus shoiri, "Kumush asr" deb nom olgan XIX asr oxiridagi adabiyotning eng yorqin vakillaridan biri. U 1886 yilning 15 aprelida Kronshtadtda tug'ilgan.

Nikolay Gumilyov o'z avlodiga xos tarzda rus she'riyatiga oils va notanish mamlakatlar ohanglari,ranglarini olib kirishga intilgan. 
Shoir 1921 yilning 24 fvgustida aksilinqilobiy tashkilot a'zosi sifatida bolsheviklar tomonidan otib rashlangan.

U mashhur rus shoirasi Anna Axmatova bilan oila qurgan. Bu nikohdan buyuk rus olimi Lev Gumilyov dunyoga kelgan.

Nikolay Gumilyov she'rlarining o'zbek tiliga birinchi marta qilingan tarjimalari 1989 yilda nashr etilgan "Qirq oshiq daftari" kitobiga  kiritilgan. 

 

FORSCHAGA NAZIRA

So'zing - bulbul, so'zlaring guldur,
So'zing - marjon, so'zlaring durdir.
Yirtqich erur mening so'zlarim,
Tishlari bor, shoxlari bordir.

Sen deb telba bo'ldim, ey, suluv...

Yanjqlaring sheroziy guldek,
Ularni deb yuzlarim so'ldi.
Sening tilla sochlaringni deb
Tillam ado, zar ado bo'ldi.

Xonavayron bo'ldim, ey, suluv...

Nigohlaring feruza monand,
Yo qoq tunda yoqilgan chiroq.
Yetti kecha-kunduz bedorman,
Ostonangdan ketolmay yiroq.

Ko'zim qonga to'ldi, ey, suluv...

Sen uyingdan chiqmaysan, men ham
Mayxonada har shomu sahar.
Sen mag'rursan, shu sabab alam
Qo'llarimda o'ynatar xanjar.

El mazaxlar meni, ey, suluv...

Toki quyosh, toki xudo bor,
Bir kun menga bo'lajaksan yor.

 

SAJDAGOHDA QASAMYOD ETAR...

Sajdagohda qasamyod etar
Xochni o'pib,tolib xayolga:
"Sodiq qolgum to o'lim qadar
Ul nigohi oydek ayolga".

Lek, unutdi tezda ontini,
O'zga yorlar dilin mast etdi.
Bir kun so'yib ketdilar uni
Va u jannat poyiga etdi.

"Sen emasmi, - Bir xitob yangrar, -
Qasam ichgan botib xayolga,
Sodiq qolgum dem o'lim qadar
Ul nigohi oydek ayolga.

Bor, ko'rinma ko'zga, jannatdan
Seni quvar Ko'k hukmroni,
Kim qasamni unutar ekan,
O'lib ketar ko'rmay xudoni".

U bo'lsa jim - g'angin, tiz bukmay -
Shivirladi tolib xayolga:
"Uchramagan bo'lsam men netay.
Ul nigohi oydek ayolga".

Rus tilidan Xurshid Davron tarjimalari

SUV PARISI

Suv parisi bo‘ynida marjon,
Yoqut la’llar tovlanar alvon.
Tush ko‘radi g‘aroyib, nolon, 
Dunyo karaxt, o‘ylari sarson.

So‘lgay yarim tunning jamoli,
Hayqiradi dengiz shamoli.
Suv parisi yonib qaraydi, 
Sochlarini to‘lqin taraydi.

Ul farishta ko‘zlari g‘amgin.
Men sevaman shu qizni. Tunning
Sirlariga chulg‘alar chog‘i 
Maftunkordir har bir nigohi.

Ishq kutaman faqat shu qizdan,
Qarashida shafaq pardozi.
Yoqut ko‘zning olovli nozi 
Meni olib chiqdi dengizdan.


O‘LIM

Engda mayin, rangsiz va kulrang libos.
Paydo bo‘ldi nozli qarashlar alvon.
Seni ko‘rmagandim burun bu alfoz,
Shamshir raqsi avjda, karnaylar nolon.

Ko‘zimga tillarang, sarmast ko‘rinding,
Quchasan ko‘ksimda lov-lov olovni.
Qalin tuman ichra ko‘kka urinding, 
Yorib yo‘lingdagi har qanday g‘ovni.

Mangulik shaydosi Avstreya yanglig‘
Nigohlarda ajib teranlik qa’ri.
Tomirlarda qonlar shiddatga to‘lug‘,
Pishiqroq eshildi qo‘l muskullari.

Lek seni, garchandki, o‘zgasan hozir,
Tanidim huv o‘shal orzu-hasratda.
Jannat qo‘shig‘ida sehrlar zohir,
Endi uchrashamiz bizlar jannatda.


 O‘YLAR

O‘ylar menikiga to‘plandi nechun,
Tinch zulmat qo‘ynida o‘g‘riday bexos?
Badqovoq, dahshatli kalxatday beun
Nechun talablari shafqatsiz qasos?

Umid va orzular zumda yo‘qoldi,
Hayajondan ko‘zim qinidan chiqdi.
Xayolot lavhasi ko‘zimni oldi,
So‘zim, ishim, fikrim jim o‘qib chiqdim.

Zafar quchganlarni sokin nigohim
Bilan kuzatmoqqa uringan edim.
Begunoh lablarga bu qaynoq ohim
Bokira xis bilan suringan edi,

Omoch neligini bilmasdan o‘tgan
Nozik edi bu qo‘l, nozik bu barmoq.
Darbadar qalandar qo‘shig‘in eltgan
Tuyg‘u ezg‘in edi, alamli, yangroq.

Qasos olmoq vaqt sabr ham tugar,
Ko‘rlar aldov qasrin buzar mashshoqday.
O‘ylar-sukunatning o‘g‘risi bo‘g‘ar
Meni qorong‘uda qolgan qashshoqday.


 G‘ALABADAN SO‘NG

Jingalak sochimga quyosh nur to‘kar
Shamol-la tillashib, gullar uzaman.
Nechun baxtlimasman shu go‘dak qadar?
Nechun o‘zni shohday notinch sezaman?

Yoy iplari tarang, titrab tolmaydi,
Shivirlaydi borliq shamshir shivirin.
U telba orolni unutolmaydi,
Moviy dengizdagi bemisl qirg‘in.

O‘lim hozirlaydi kimlarga yana,
Ey, qudratli qilich, ey uchqur kamon?
Bilmaysizki, bizlar bizga do‘stona
Egilgan har qarich yerga hukmron.

Ne dengizlar kemam o‘pdilar tosha,
Qirg‘oqlarni ishg‘ol etdik jang bilan.
Nahot zamin va ko‘k sarhadi osha
Sizga ayon bo‘ldi biz bilmas dushman?
 

 AQLLI SHAYTON

Bu qo‘shiqni menga do‘st Shayton aytdi: 
U menga qadrdon, sodiq shu tobda:
«–Tun bo‘yi dengizchi suzdi girdobda
Tong otarda dengiz qa’riga qaytdi.

Pasayar, ko‘pirar qayta va qayta,
To‘rt tarafda to‘lqin devori qaynoq,
To‘lqin tomchisidan ham toza, oppoq
Buyuk ishqi oqdi roz ayta-ayta.

U suzib ketarkan bong urildi, bong:
«Seni aldamayman, o, menga ishon!»
Unutma,-o‘tindi aqlli Shayton,- 
U cho‘kkan mahalda otar edi tong».


 TUSHIMDA

Tushimda ikkimiz jon berdik birga,
Ranglar tongdan tiniq, nigohlar sokin.
Ikkita oq, oppoq qabrlar to‘rda
Yonma-yon turibdi, shundoq yonma-yon. 

Qachon jonimizga tegdi barchasi,
Qachon ayon bo‘ldi bu tilsim tuyg‘u?
Yurakdan siljimas muzlar parchasi,
Na og‘riq,na yig‘i, na alam, qayg‘u.

Bu jonsiz hislarning jozibasi bor,
Dong qotgan bu o‘ylar mayin, beqadar.
Lablaringga yo‘qdir menda mayl, zor,
Garchand ular dilbar, hamisha dilbar.

Taqdir buyuribdi, jon berdik birga,
Yotibmiz, nihoyat, nigohlar sokin.
Ikkita oq, oppoq qabrlar to‘rga
Yonma-yon qo‘yilgan, shundoq yonma-yon.


 SHOM

Yana bir besamar kun,
Kechdi, nedan umidvor!
Orombaxsh soya, kelgin,
Qalbga kiydirgin rido.
Yarashar bu inju tun,
Sen kelding... O‘ldirib jim
Vahshiy qush g‘amlarini.
G‘olib qadamlaringning
Nashidasini bir zum
Yengishga kimda had bor,
O, sen tungi hukmdor!
Yulduzlar sukunati.
Yorqin oy–bilakuzuk.
Orzular saltanati– 
Tushimga kirar nozik
Baxt azaldan azador.


 ZAHARLANGAN ODAM


«Sen qordayin oppoq, oppoq butunlay,
Bunchalar oqarib ketdi rang-ro‘ying.
Ne uchun titraysan, menga oltin may
Qo‘ya turib jomga to‘ldimi o‘ying?»
Qayrilding shu qadar yengil va mahzun...
Ko‘rdim u sharobni, sham o‘char, sekin
Seni bo‘g‘ar o‘lim, talvasa beun...
Men esa yoniqib so‘zlayman: «Ne tong,
Azizam, men ajib tush ko‘ribman, tush.
Hududsiz yalanglik bo‘ldi nomoyon,
Bosh uzra tillarang osmon olar hush.
Na qahrim,na zahrim va na qatra kek,
Kim bilan bo‘lsang ham baxtli bo‘lgin, chek
Ko‘yaman qayg‘uga, hasratga, ol,-erk.
Menga jannat ichra shaffof hilqatda
Ko‘rinar eng yorug‘ kun misli ohu.
Yig‘lama, jonginam, jonim rohatda,
Meni zaharladi sen bergan og‘u.»


 QO‘SHIQ

Taratgaysan xushbo‘y islar, islar xushlasang,
Kelmoqdasan porlab-porlab, chaqnab misli oy.
Muqaddasdir qo‘llaringga neki ushlasang,
Uyg‘onajak, ko‘rinajak eng sirli Chiroy.

Seni desam tashvishlarning ko‘shklari qular,
Qadamingda oqar orom yolqinlarimi?
Ko‘zlaringda g‘ami tiniq osmonmi? Qo‘llar
Afsonaga to‘lug‘ dengiz to‘lqinlarimi?

Bu dunyoning ko‘pdir, xo‘bdir dilbar ayoli,
Yolg‘iz seni istab keldi ko‘nglim xayoli.

Oygul Suyundiqova tarjimalari

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.