OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Izzat Sulton: Olim zakovati, san’atkor mahorati

 Endilikda ilmiy doiralarda keng qo‘llanilayotgan, o‘quv-metodik kengashlarda izohlanayotgan, ma'ruzalar, mash­g‘ulotlarda muayyan misollar ila ta'riflanayotgan ayrim atamalar borki, ularning tub mohiyatini Navoiy va Bobur, Cho‘lpon, Qodiriy, akademik yozuvchilar - Oybek, G‘afur G‘ulom, Uyg‘un, Izzat Sultonov matni tahlilida ko‘rsatish, zukko talabaga yetkazish mumkin. Chunonchi, intertekstuallik, paradigma, mediamaydon, kommunikativlik kabi keng qamrovli tushunchalar nazarda tutilib, mumtoz she'riyat hamda nomachilik san'ati, Qodiriy boshlab bergan nasr tajribasi, bir vaqtning o‘zida badiiy va ilmiy faoliyati jo‘sh urgan allomalar asarlari o‘rganilsa, ijod nashidasiga to‘lib-toshgan damlar vujudga keladi.

Qalam sohiblarining avvallari ko‘zga tashlanmagan boy tasavvurlari, satrlar orasiga «yashiringan» fazilatlari bamisoli «yirik plan»­da ko‘rinadi. Ayni bir vaqtda tadqiqotchiga xuddi shu matn, unda ifoda etilgan his-hayajon, estetik ko‘rinishlar ilhom beradi. Shu tariqa esse, hujjatli qissa, estetik va metodologik qimmatga ega bo‘lgan memuar asar, ijodiy portret, suhbatlarning ilmiy va badiiy ifodalari paydo bo‘ladi. Bu dolzarb mavzu tadqiqotlarda, turkum nazariy maqolalarda, risola va qo‘llanmalarda yoritiladi.

Izzat Sulton bilan bo‘lgan muloqot biz qalamga olgan masalalarning ayrimlarini o‘rganishga ko‘maklasharmikin, degan niyatda suhbat jarayonini tiklashga urinib ko‘rdik.

Biz tilga olgan intertekstuallik atamasi qo‘llanilishi hali u qadar odat tusiga kirmagan yillari Izzat akaga savol bergan edik:

- «Navoiy» pesasi va stsenariysining yozilishida dialoglarning she'riy misralar bilan berilish taklifi sizga tegishlimi yoki shoir Uyg‘ungami?

- Dastlab pesada faqat Navoiyning g‘azallari o‘qiladigan sahnalar mavjud edi. Boshqa o‘rinlarda - dialogda she'r o‘lchovlari, ritmini saqlab qolishga intilish bo‘lmagan. Fabulani chizib, voqealar tizimini aniq belgilab olganmiz. Mazkur sahnalar mazmuni, xarakterlar to‘qnashuvi dialog qurilishi, monologning tuzilishini belgilab bergandek edi. Shu tarzda asar yozib bo‘lingach, hamrohim Uyg‘un uni teatrga topshirish niyatida bo‘ldi. Men e'tiroz bildirdim. Dialog bu tarzda yoziladigan bo‘lsa, menga sherik muallif kerak emas edi. O‘zim yozaverar edim. She'rning ohangi, jarangdor ulug‘vorligi pesaning, kelajakda spektaklning salobatiyu mahobatini oshiradi, deb turib oldim. Uyg‘un hech unamadi. Men ham pesani bu holda teatrga topshirishga rozi bo‘lmadim. Mannon Uyg‘ur matnga e'tibor qilishini, muallif mehnatini qadrlashini, pesaga o‘zgartish kiritmasdan uni rejissurasi bilan boyitishga urinishini mazkur sahna asari poydevorining fazilatlarini spektaklda saqlab qolish, ularni ijro, so‘z va boshqa ovoz vositalari va tasvir yordamida yaqqol ko‘rsata olishini bilardim. Shu bois pesadagi dialoglarning bo‘g‘inlar soni hamda joylanishiga ahamiyat berish zarur edi. Uyg‘un ko‘p bahslardan keyin taklifimni qabul qildi. Pesa yigirma ikki kunda yozilgan bo‘lsa, uning she'riy ifodasi yigirma kunda tayyor bo‘ldi. Ritmga solingan proza va she'riy misralar pesaga kirdi. Pirovardida, ijod mahsulidan Uyg‘un ham, men ham mamnun bo‘ldik. Eslab ko‘ring, shoirning fikrdosh hamrohlariga personajlarning tili bilan ta'rif beriladi:

O‘zi qulvachchayu, idroki yuksak
Shu vajdan yaqindir
Shoirga u sak.

Bu fikrning nasriy ifodasini personajlardan birining og‘ziga «solib qo‘ysak», talaffuz ettirsak, faqat kulgiga sabab bo‘lardik. Tabiat og‘ushidagi Navoiy ko‘klam kunlarda sevikli yorini eslaydi:

Gulimning qabriga ekkan chechaklar
Ochilgandir bu chog‘ ohim pechaklar, -

deb uzun monologiga lirik, biroz mungli tus beradi, so‘nggi satrlarda esa Guliga bo‘lgan sadoqatini bildiradi:

Gohi Layli, gohi Shirin
bo‘lib yasharsan dostonlarimda,
Xazonsiz gul bo‘lib bo‘stonlarimda.

Yagona sevgisiga umrbod sodiq qolgan qahramonimiz - shoir, ishq kuychisi Mir Alisher badarg‘a etilib, do‘stlaridan ajralib Astrobodda yurganida shunday so‘zlarni aytishi bizga ma'qul ko‘rindi.

- Izzat Otaxonovich, siz tilga olgan badarg‘a etilish, «zada bo‘lgan qushlardek saroyni tark etgan do‘stlar», ikki tarixiy shaxs o‘rtasidagi konflikt rivoj topib borishi, asaringizning final qismida shoir saroyni, Sulton Husaynni tark etishi tarixiy haqiqatga zid emasmi? O‘sha ko‘rinishlar o‘tgan asrning 40-yillarida hukm surgan mafkuraning ta'sirida, tazyiq ostida yozilmaganmi?

- Tazyiq ham bo‘lgan. «Navoiy» stsenariysining muhokamasiga partiya organlari «ishonchli vakillari»ni yuborib, «Navoiydan ayb toping», «Sulton Husayn bilan shoir Navoiy adovatda bo‘lganini ko‘rsating» degan talablarni ham qo‘y­ganlar. Bizga Bobur ta'rifi yordam bergandek ko‘ringan edi. «Boburnoma» muallifi Husayn Boyqaroning kayf-safoga berilganini qayd etgani ma'lum.

- Boshqa manbalarga murojaat etmadingizmi?

- Keyinchalik bilsak, Bobur bir gal Sulton Husaynga murojaat etib, yordam so‘raganida, iltimos bajo keltirilmagan ekan. Sababi - iltimos qondirilganida Alisherning do‘sti Husayn Boyqaro boshqa yirik shaxs, katta davlat hukmdori bilan totuv munosabatlarini saqlab qololmas ekan. Yana bir ma'lumot bizga - pesa va stsenariy mualliflariga, biz ilgari surgan kontseptsiyasiga mos kelmasa-da, aytay: Navoiy qazo qilganida Husayn Boyqaro shohona liboslarini yechib, oddiy to‘n kiyib, uch kechayu uch kunduz do‘stining xonadonida bel bog‘lab turgan. Ta'ziya­ga kelganlarni o‘zi kutib olgan.

- «Navoiy» stsenariysi «Mosfilm» kinostudiyasida ham muhokama qilinganidan xabardormisiz? U yerda ko‘p tan­qidiy mulohazalar aytilgan.

- Bizni - Uyg‘un ikkimizni taklif etishmagan. Muhokama qanday o‘tganini rejissyor K.Yormatovning qisqagina hikoyasidan bilamiz.

- O‘tgan asrning 30-40-yillarida chop etilgan gazetalarni varaqlaganimizda o‘sha kengashda aytilgan fikrlarning bayonini ham uchratdik. «Mosfilm»ning badiiy rahbari A.Eyzensh­teyn (o‘sha paytda) «Navoiy» filmi uchun ishlangan eskizlarni ko‘rib, oqil maslahat bergan. Hirot devorlari, rasadxona ko‘rinishi haqida ilmiy fikr yuritgan.

Ammo, stsenariydan o‘rin olgan Navoiy va Guli syujeti rivoj topishiga doir fikrlari u qadar haqqoniy emas. Adolat yuzasidan tan olish kerak: bu epizodlar (stsenariyda ham, filmda ham) adabiyot, ijro, rejissura nuqtai nazaridan tahlil qilinganida talabga javob bermaydi.

Lekin Sergey Mixaylovich - Sharq madaniyati bilimdoni, Firdavsiy, Navoiy, Jomiy, Kamoliddin Behzod maktabini yuksak qadrlagan olim va san'atkor o‘sha muhokamada «Husayn va Navoiy o‘rtasidagi konfliktni kuchaytirish kerak» deb fikr yuritishidan taajjublandim. Bu o‘rinda u tarixiy haqiqatga rioya qilish haqida emas, ko‘proq sobiq ittifoq mafkurasi hamda kuchli tarixiy shaxslarning o‘zaro to‘qnashuvi tafsilotlari tomoshabinni qiziqtirishi haqida o‘ylaganmikin?

Eyzenshteyn ham nazorat ostida bo‘lgan. Uni ko‘p tanqid qilishgan, ikki filmini «komissiya» qabul qilmagan. Keyin u xatolarini bo‘yniga olib, tavba-tazarru qilgani ma'lum. U o‘z mulohazalarida tarixiy tamoyillarga rioya qilmaganiga sabab shumikin, balki?

- U «Aleksandr Nevskiy», «Ivan Grozniy» filmlarida tarixiylik, haqqoniylik talablarini yodda saqlagan. Bizning madaniyatimizni ham qadr­lagan. 1939 yili Eyzenshteyn O‘zbekistonga kelib, ko‘p manbalarni o‘rgangan. Uning filmlaridan hayratga tushgan, yozgan tadqiqotlarini ko‘p o‘rgangan edim. Bir kuni olim, qalamkash do‘stlarim bilan suhbat qurayotgan yevropalik bir kishini ko‘rdim. Eyzenshteyn bilan uchrashib turganimni bilmagan ekanman. U kishi o‘shanda o‘zbek ziyolisining mulohazalarini diqqat bilan tingladi. Bir necha tilni biladigan, jahonni kezgan, mash­hurlikda tengi yo‘q Eyzenshteyn so‘zlashni emas, ko‘proq tinglashni, ilmiy axborot olishni yoqtirar ekan. Mirzo Ulug‘bek, unga zamondosh bo‘lgan musavvirlarni chuqur o‘rganganini o‘sha suhbatda sezgan edim. Bizning stsenariyni u paytda o‘qimagan bo‘lishi mumkin.

- Izzat aka, qarang-a, tillarni o‘zlashtirib, dunyo kezgan Sergey Mixaylovich xato qilganu, Andijonda tug‘ilib, hatto slavyan, lotin yozuvini bilmagan buyuk aktyor Asad Ismatov Husayn Boyqa­roning talqinida haqiqatga juda yaqin bo‘lgan. Bu rol unga topshirilganida, kirill yozuvida chop etilgan «Navoiy» stsenariysidagi o‘ziga, ya'ni Sulton Husaynga tegishli matnni eski o‘zbek alifbosiga rioya qilgan holda ko‘chirib olgan. Rol ustida ishlash davrida yanglish kontseptsiyani ifodalashi og‘ir bo‘lgan.

Izzat Otaxonovich keyingi yillardagi suhbatlarimizda bosib o‘tgan yo‘lga nazar tashlar, bugungi kunni kechagisi bilan qiyos qilar, qat'iy tarzda:

-     Totalitar tuzum davrida ko‘p qon to‘kildi. Buni kechirib bo‘lmaydi. Birgina Qo‘qon muxtoriyatidagi qirg‘inni oling. Dahshat bo‘lgan... Endilikda hurriyatni eskirib qolgan uslublar, shakl­lar ko‘magida ta'riflab bo‘lmaydi. Ikki jarayon bir-biri bilan bog‘liq bo‘lishi zarur ko‘rinadi: o‘zimizni ham, qahramonimizni ham tarbiyalash yo‘lidan borish zarur, deb bilaman.

Bunday mulohazalarini ehtiros bilan aytayotganida iliqqina ijodxonalari bo‘ylab yurar, kitoblar javonidan goh u asarni, goh bunisini olib varaqlar, nimalarnidir izlardi. Bizni kuzatayotganida ham yaqindagina yashirib, hech kimga ayta olmagan gaplarini baralla aytar, ko‘ngil armonini bildirar edi.

Akademik yozuvchi bilan bo‘lgan suhbatlarimizga yakun yasaydigan bo‘lsak, avvalo matnning intertekstualligi, ya'ni muallif bitgan asar to‘qimasida o‘zga matn (Navoiy g‘azallari) bo‘lishi ma'lum bir badiiy vazifani bajarish usulini ham ko‘rsatib berganini ta'kidlab o‘tamiz. Pesaning she'riy ifodasi esa rejissuraning shoironaligi va ijroning ko‘tarinki ruhini belgilab berdi. Markaziy obrazlardan biri - Husayn Boyqaroning portretini chizishda, tafakkuri, fikrlashi, atrof-muhitga bo‘lgan munosabatini ta'riflashda qo‘yilgan nuqsonni sahna bezaklari, ijro vositalari, rejissuraning beqiyos imkoniyatlari ko‘magida ham bartaraf etib bo‘lmadi. Bu hol, ayniqsa, mazkur mavzuning stsenariy hamda film­dagi talqinida ko‘zga tashlandi. Zero, harakatdagi tasvir, ovoz vositalarining keng miqyosda qo‘llanilishi, qahramonlarning psixologik port­retlari yirik planda namoyon bo‘lib, ruhiy holatni bo‘rttirib ifoda eta olishi badiiy kontseptsiyaning ayrim qusurlarini ham yaqqol ko‘rsatdi. Bu o‘rinda olim va san'atkor Izzat Sulton o‘zining badiiy asariga talabchan munaqqid sifatida nazar tashlab, odil va oqil hukm chiqarishga qodir bo‘lganini ko‘rdik. Asrlar osha bizga yetib kelgan estetik darajaga ko‘tarilgan axborot, turli hujjatlar, xotiralarga yondashishi, qarashlari mukammallashib, kamol topib, tobora chuqur ilmiy tus olib borganidan ham voqif bo‘ldik. Shunday jo‘sh urib turgan jarayon o‘zbek ziyolisining istiqlol g‘oyalarini bajonidil qabul qilgani va ularni kitob, sahna va ekranning nafis bo‘yoqlari ila ko‘pchilikka yetkazmoqchi bo‘lganidan mamnun bo‘ldik.

 

Milliy kino san'atimizning buguni, avvalo, estetik mustaqillikka erishish yo‘lidagi izlanish davom etayotgani bilan ta'riflanadi. Mavzu, qahramon, janr, ijod uslubini tanlash erkinligi ta'minlangan bir vaqtda ekran mahsulotining badiiy vositalari bilan bog‘liq shunday muammolar paydo bo‘lyaptiki, ularga faqat ijod ahlining emas, keng jamoatchilikning diqqatini qaratish zarur ko‘rinadi.

 Kinodramaturgiya - rejissura  - ijro. Kino hamda televizion faoliyatning bu uch qirrasi studiyalar, maxsus ta'lim muassasalari, gumanitar fanlar dargohlari, shuningdek, mumtoz san'atkorlar, zukko olimu fuzalolarni qiziqtirib kelayotgani bejiz emas. Zero, zaif stsenariy baquvvat filmga aylanmaydi. Aktyor esa bevosita obraz yaratadi, insonning eng murakkab ruhiy holatlarini jonli ijro vositalari ila namoyon etadi. Rejissura esa bu kabi vositalarni yagona maqsadga - muallif ilgari surgan g‘oyalarni to‘la-to‘kis ochishga qaratish imkonini izlaydi. Bu jarayonni kuzatib borish, tadqiq qilish qiziqarli, shu bilan birga, ancha murakkab, ba'zan esa ziddiyatli ko‘rinadi.

Shu bois mazkur serjilo jarayonni mushohada qilish, unga ta'rif berishda ilmiy metodologiyalarni kompleks ravishda qo‘llash, shuning bilan birga unga retrospektiv nazar tashlash, muammolarning yaqin o‘tmishdagi yechimiga murojaat etish, badiiy, ilmiy tajribadan saboq olish ehtiyoji paydo bo‘layotgani tabiiy bir holdir. Bu o‘rinda ko‘p qiyinchiliklarni, sun'iy to‘siqlarni yengib, yetuk asarlarni yaratishga erishgan yoxud shunday ijod mahsuli paydo bo‘lishi uchun  sog‘lom muhit yaratgan, iqtisodiy, tashkiliy, texnik imkoniyatlarni izlagan  zahmatkashlarning ustaxonasiga, ular qoldirgan ma'lumotlarga, minbardan ­aytgan yoki o‘zaro munozarada, muloqot damlarida bildirgan fikrlarini bugungi kun talablaridan kelib chiqib o‘rganishning oliy maqsadi bor.

Shu ma'noda ijodkor, olim, kino ishlab chiqarish ustasi, akademik Izzat Sultonning merosi noyob ko‘rinadi. Dramaturg "Tanlangan asarlar"i tarkibida stsenariylari ham borligidan haqli ravishda faxrlanardi. Aslida kitob shaklida chop etishga arzigulik kino va telestsenariylar nihoyatda oz. Muallif I.Sultonov "Fidoyi" deb atalgan stsenariysining asl nusxasini kinostudiyadan, Davlat arxivi fondlaridan izlagani, uni nashrga tayyorlagani va "Saylanma"ga kiritishi jarayonidan boxabar bo‘lganmiz. Bugina emas, Izzat Otaxonovich "O‘zbekfilm" studiyasida maslahatchi, 1943-1945 yillari esa bu ijod dargohining rahbari sifatida qizg‘in ish olib bordi. Shu kezlari milliy kino san'atimizning jahonda shuhrat qozongan asarlari yaratildi: "Nasriddin Buxoroda" komediyasi ishlab chiqarishga tushirildi. Ekran yuzini ko‘rdi ham. "Tohir va Zuhra" tarixiy dramasi suratga olindi, montaj qilindi, katta ekranga yo‘llanma oldi. "Nasriddin sarguzashtlari" hamda "Alisher Navoiy" tasmalarining stsenariylari, eskizlari qiyomiga yetkazildi. I.Sultonov dramaturg va kinomunaqqid sifatida hamisha studiya xizmatida bo‘ldi.

Muloqot damlari Izzat akaning xonadonida - javonga mehr ila terilgan rang-barang muqovali kitoblar orasida, Yozuvchilar uyushmasining katta zalida, Kinochilar uyining eski va yangi binolarida, kinostudiyada, bir gal esa "Moskva" mehmonxonasining hamisha gavjum foyesida, uning yonginasidagi maydon atrofidagi aylanma yo‘lkada o‘tgan edi. Birinchi suhbat esa "Imon" spektaklining ilk ko‘rigidan keyin o‘sha paytdagi Hamza nomidagi akademik teatr direktorining xonasida qizg‘in bir tarzda o‘tdi.

- Izzat Otaxonovich, o‘zbek ziyolisi hayoti, mashaqqatli faoliyatiga bag‘ishlangan pesangizda aktyorlar, ayniqsa, Olim Xo‘jaev yayrab ijod etganini ko‘rdim. Lekin asaringizga juda jo‘n, tomoshabinni yig‘latishi ko‘zda tutilib kiritilgan melodramatik syujet meni ajablantirdi. Onaning bevaqt qazo qilishiga nomard farzand sababchi bo‘lib chiqadi: u yillar davomida yashirib kelgan bir dori ko‘p qatori onasiga ham nasib etmaydi. Fursat boy berilganidan oila armonda qoladi... Sahnada ham, tomosha zalida ham ko‘z yoshi to‘kiladi... Bu sahna pesaning ruhiga yod ko‘rinadi. Bunday yig‘loqi ko‘rinish ko‘ngli bo‘sh tomoshabinni nazarda tutib yozilgandek go‘yo.

Muallif gapimni bo‘lmay, kulimsirab tingladi. Nimalarnidir daftarchasiga yozib qo‘ydi. So‘ngra  shoshmay so‘z boshladi:

- "Imon" pesasi "Drujba narodov" jurnalida chop etildi. Shunda asarning rus tilidagi variantini yana bir o‘qib ko‘rdim. Siz "melodramatik, sentimental syujet" deganingiz menga ham yoqmagandek bo‘ldi. Hali bir qarorga kelib ulgurmaganimda o‘sha jurnal tahririyatidan qo‘ng‘iroq qilib, ko‘p iliq so‘zlar aytishdi. Men gumonimni aytdim: o‘sha sahnani qisqartiraymi, qayta yozaymi? - deb maslahat so‘radim. "Zachem budete razrushat konstruktsiyu?!" deb qisqagina javob berishdi. Teatr esa "Tegmang pesaga, ayniqsa, o‘sha ko‘zyoshiga sababchi bo‘ladigan sahnaga" deb turib oldi. «Shunday vaziyat, holat, syujet keskin o‘zgarishi aktyorga ham juda qo‘l keladi», deya ko‘ndirgandek bo‘lishdi.

Bunday axborotdan qoniqmaganimni sezgan pesa ijodkori savol berdi:

- "Sen yetim emassan" filmida sentimental ohang yo‘qmi?! Bor! Juda ko‘p. Nega bu haqda yozmadingiz? "Ekran" jurnalida bosilgan taqrizingizni o‘qidim. Moskvada chop etganingiz yaxshi bo‘libdi. Bizda ham durustgina filmlar borligini bilib qo‘yishsin.  

- Sentimentallik, avvalo, Ikrom Akbarovning o‘sha filmga yozgan musiqasida baralla yangragan. Stsenariyda ham ma'yus ohang mavjud. Lekin sizning stsenariylaringiz zaminida paydo bo‘lgan ikki badiiy filmni ko‘rib, aktyorlar bilan suhbatlashib, taajjubga kelganimni ham aytay. "Fido­yi"ning ikkinchi plandagi qahramonlarini juda beo‘xshov, badbashara bir tarzda tasvirlanganining sabablari nimada?..

Izzat aka darhol javob berdi:

- Rejissyor Zohid Sobitov shunday tipajlarni, ya'ni tashqi qiyofasi rollarga mos kelganlarni izlardi. Ko‘pincha ko‘rkamlikdan yiroq kishilarni topib, pardozxonada o‘ziga ma'qul bo‘lgan portret chizgilarini yanada bo‘rttirib suratga olardi. Men muallif sifatida e'tiroz bildirar edim. Shunda rejissyor «U vas glavn?y geroy chertovski krasiv. Etogo dostatochno» deb javob berardi. Bosh rolni teatr va kino aktyori To‘g‘on Rejamatov o‘ynagan edi.

- Abdulla Qodiriyning ikkinchi plandagi qahramonlari Ziyo shohichi ("O‘tgan kunlar") yoki Sultonalini ("Mehrobdan chayon") shu tarz­da - beso‘naqay, beo‘xshov tarzda ko‘rsatish musavvirni va rejissyorning hayoliga ham kelmasdi. Chunki ularning  ko‘rinishlari, lirik-psixologik portretlari qalamga olingan, kitobxonga yetib borgan. Stsenariyda ham shunday bo‘lishi talab etiladi. Negadir yozuvchi kino asarini yozayotganida kinematografik tafsilotlarga e'tibor bermaydi. Masalan, sizning "Senga peshvoz" stsenariyingiz qahramoni - qishloq o‘qituvchisi Malohatning libosi  uning madaniyat darajasi, badiiy didi, atrof-muhit, hamqishloqlarning yashash tarziga mos bo‘lishi kerak edi. Bu rolga taklif etilgan aktrisa (O.Norboeva)ga qunduz yoqali oppoq palto kiygizishgan. Aktrisa kula-kula o‘sha damlar haqida hikoya qilib berdi: "Qishloqda o‘sgan, o‘sha yerda endigina o‘qituvchilik qila boshlagan mening qahramonim bunday kiyinib yura olmaydi, axir! Toza, lekin odmiroq, qishda loy, yozda chang ko‘chalar, hattoki hamqishloqlar, o‘qituvchilar nazarda tutilib tanlangan kiyim unga yarashadi», deb ko‘p bahslashdim. «Yo‘q, siz o‘qituvchisiz, sevikli yoringiz (Komil - artist 
M.Oripov) arxitektor bo‘lgani uchun ham biz faloncha pulga tayyorlagan paltoni kiyib suratga tushasiz, deb turib oldilar. Ko‘nmadim. Filmni yarmi suratga olib bo‘lingani sababli shartimni qabul qilishga majbur bo‘ldilar.

Suhbatdoshim betakalluf kinochilardan gina qilgandek bo‘ldi:

- Rejissyor va yordamchilarining zo‘ravonligi bu. Men personajimni bunday oppoq, qunduz yoqali paltoda tasavvur eta olmayman. U qancha o‘qimasin, qanchalik sevmasin, sevilmasin, baribir, o‘sha davr qishlog‘ining muhiti, taomilini yoshligidan tanasiga singdirib olgan. Bu holni yaxshi aktyor sezib turadimi, deyman-da?..

- Ha, Shukur Burhonov ham «Yer farzandi» filmida bosh qahramon roli ustida ishlaganida «Qahramonim Yalangto‘shning qalin to‘rdan tikilgan to‘ni Samarqand muzeyida saqlanadi. O‘shani avaylab olib kelinglar. Kiyaman, suratga olasizlaru, darhol joyiga olib borib qo‘yasizlar, deb shart qo‘ygan, - deb Izzat akaning gaplarini ma'qulladim. So‘ngra bir-ikki tafsilotni keltirdim. - «Samarqandga borib keldik. Siz aytgan to‘n 70-80 yil sandiqda yotaverib, shaklini yo‘qotib, iplari chiriy boshlab qo‘lga tegsa, titilib ketadigan darajaga kelib qolibdi. Keling, xuddi o‘shanga o‘xshash libos tiktiraylik», - deb taklif kiritgan rejissyor yordamchisiga Shukur aka «Yalangto‘sh holatiga kirishimni xohlasangiz o‘sha to‘nni kiyishim kerak. Yo‘qsa, boshqa aktyorni toping. O‘ynamayman», deb so‘zini o‘tkazgan.

- Demak, bu o‘rinda ham stsenariy kengaytirilgan. To‘nning «asl nusxasi»ni kiygan aktyor qahramonining o‘ylarini, tashqi qiyofasiga bo‘lgan munosabatini, libos tanlamaganini (yoki libosga talabchanlik qilganini) tasavvur etishi uchun o‘zi qulay sharoit yaratgan. Stsenariy to‘ldirilgan. Badiiy talqin yo‘li mukammallashib borgan.

- Bundan stsenariy film yaratilishi davrida o‘zgaradi, to‘ldiriladi, qayta yoziladi, binobarin, uning dastlabki shakli mukammal bo‘lishi shart emas, degan xulosa kelib chiqmasligi kerak. U studiyada ishlab chiqarishga tushirilishiga qadar badiiy asar sifatida qiziqib o‘qilishi, kino asari sifatida suratga olish guruhiga ham ilhom, aniq ko‘rsatma berishi talab etiladi. Bunday talablarga ishtirokingizda bunyod etilgan «Navoiy» stsenariysi ham ko‘p jihatdan javob beradi.

- Bu stsenariy ham pavilonda, montaj xonasida sayqal topib borgan. Husayn Boyqaro va Yodgorning dahanaki jangi qaerda bo‘lishi stsenariyda aniq ko‘rsatilmagan edi. Lekin dialog saqlab qolinishini ta'minlagan rejissyor Komil Yormatov keskin so‘z olishuviga mos kelgan dinamik tasvir topgan. Yodgor raqibiga kinoyali so‘zlarni zaharxandalik bilan aytishi jo‘sh urib oqayotgan daryo fonida suratga olingan. Oqar suv, unga mos kelgan musiqa taxt uchun bo‘lgan kurash azaldan davom etib kelayotganini ta'kidlab turadi. Stsenariy deyarli o‘zgarmagan, lekin rejissyor K.Yormatov va rassom V.Yeremyan epizodni oldindan ko‘ra bilgani, harakatdagi tasvir, yirikligi o‘zgarib borgan kadrlar o‘zaro bir-biriga ulanishi, ba'zan esa to‘qnashishi, montaj maromi tezlashib borishi - bular avval eskizlarda chizilishi, so‘ngra ochiq havoda suratga olinishi - samara bergan. Ikki Temuriyning psixologik portretlari ovoz vositalari bilan bog‘langan holda tomoshabinga, tinglovchiga yetkazilishi biz yozgan stsenariyga mos kelibgina qolmay, uni boyitgan ham.

- Bir mavzu kinoda yoritilganidan keyin muallif unga qayta murojaat etib, adabiyotning mustaqil asarini yozishga kirishishining boisi ham shundadir. Ijodxonasida qalam tebratadigan adib qahramonlarini pavilonda, tasmada, ekranda ko‘rishi tasavvurini boyitsa kerak-da. Muhit, qiyofalar, voqealar sirasi, interer va eksterer - bularning barchasini ifoda etishga so‘z, matn ila kitobxonga yetkazish imkonini qo‘lga kiritadi. Rahmat Fayziy «Sen yetim emassan» stsenariysini yozish bilan cheklanib qolmay, o‘sha film mavzusidagi «Hazrati inson» romanini bitganiga ham sabab shudir. Chingiz Aytmatov esa o‘z asarlarini ekranlashtirishda ishtirok etganidan so‘ng aytgan so‘zlarini eslayman: «Endi men proza ustida ishlayotganimda  kitobxon bilan birga tomoshabinni ham nazarda tutadigan bo‘lib qoldim». Kinematografik ko‘rish, eshitish qobiliyati kamol topgan yozuvchining badiiy bisoti yanada rang-barang, serjilo bo‘lgan, demak. U voqealarni, personajlarni, dramaturgik qurilishning ichki dinamikasini, harakatdagi tasvirni sezib turgan. Bu esa yozish, tasvirlash texnikasiga ta'sir ko‘rsatgan. Demak, mulohazalar kino va adabiyotning o‘zaro munosabatlari bilan bog‘liq. Umuman, integratsion jarayonning murakkab ko‘rinishlarini san'atlar munosabatida, ular bir-biriga ta'sir ko‘rsatishi jarayonini kuzatib borish amaliyot uchun ham, nazariya uchun ham muhim bo‘lib qoldi, chamasi. Izzat Otaxonovich, bu manzara sizda qanday fikr uyg‘otadi?

- Ancha murakkab manzara bu. Kuni kecha adabiyotga, teatrga, tasviriy san'atga, hatto musiqaga taqlid qilib kelgan kino bugun ijodning mustaqil turiga aylanib yozuvchi, sahna rejissyori, mo‘yqalam ustasi, bastakorning izlanish va faoliyatiga ta'sir ko‘rsatmoqda. Ahamiyat bering, hozirgi pesalar xuddi stsenariydagidek kichkina-kichkina sahnalardan, ya'ni kinodagidek epizodlardan iborat. Sahnadagi aktyorni nur manbalari aniq «mo‘ljalga olib» yoritadi, boshqa personajlardan uni ajratib oladi-da, bamisoli yirik planda uning qahramonini ko‘rsatadi... Yoki sahna ortida monolog, musiqa yangrashi kinodagi kadr ortidan eshitiladigan ovoz vositalarini eslatmaydimi?! ... Hozirgi talablardan, stsenariylarga bo‘lgan katta ehtiyojdan kelib chiqib mulohaza qiladigan bo‘lsam yozuvchi, katta adabiyotda tajriba orttirgan ijodkor kinoni, xususan, kinodramaturgiya imkoniyatlarini o‘rganishi zarur, deb bu sohaga qalam sohiblarining diqqat-e'tiborini qaratar edim. Zero, kino ijod maktabi xizmatini o‘tashi mumkin. Menimcha, o‘z ijodini kinodan boshlagan yoki kino uchun tez-tez stsenariy yozib turadigan yozuvchi ekran san'ati uchun xizmat qilibgina qolmay, o‘zi va adabiyot uchun ham foydali ish qilgan bo‘ladi. Kino yozuvchini har jihatdan baqquvvat va ixcham asar yaratishga o‘rgatadi.

Film 70-80 betli stsenariy asosida vujudga keladi. Undagi voqealar bir yarim soat ichida yakunlanadi. Demak, stsenariy yozayotgan yozuvchi kinoning ana shunday qonun-qoidalari bilan hisoblashishi zarur. Fikrni lo‘nda qilib, serzavq ekran kompozitsiyasida ifodalashni katta san'at deb bilaman. Yozuvchi stsenariy yozganida darhol biror rejissyor o‘qiydi-yu ham kitobxon, ham tomoshabin, ham professional san'atkor sifatida o‘z mulohazalarini aytadi. Bundan chiqdi, u asariga so‘nggi nuqta qo‘yishidan oldin qog‘ozda ifoda etilayotgan fikrlari bilan malakali o‘quvchini tanishtira oladi. Bu jarayon ijodkor uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Asar va uning muallifi sinovdan o‘tadi. Xuddi shu daqiqada stsenariy bitayotgan yozuvchi rejissyorning  kinematografik bisotiyu tajribasidan foydalanishi uchun sharoit vujudga keladi. Adib rejissyordan oziqlanadi. Rejissyor yozuvchi ko‘magida katta adabiyotga yanada yaqinlashadi. Men ko‘p rejissyorlardan minnatdorman. Ulardan ekran vositalarini nazarda tutib stsenariy yozishni o‘rgandim.

Akademik drama teatrimizning Eski Jo‘vadagi avvalgi binosida boshlangan suhbat uzoq davom etdi. Muloqot damlarida Izzat aka bir vaqtning o‘zida ham badiiy ijod vakili, ham puxta nazariyaga tayangan olim sifatida fikr yuritishi ma'qul ko‘rinardi. Shu bois ham bu noyob iste'dod sohibi bilan o‘tkazgan damlarimning qadrini bebaho sanayman.

Hamidulla Akbarov
“Ma’rifat” gazetasidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.