OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Zuhraning o’zginasi

 Yulduz Rizaeva bilan ko‘p suhbatlashganmiz. Suhbat damlari uning anhor bo‘yidagi uyida, aktrisa ishtirok etgan filmlar suratga olingan joylarda, kinostudiya hamda telestudiyada o‘tardi. Durdona asarlar yaratilishi jarayoni, ulkan san'atkorlar gurungi, raqs, ashulaning paydo bo‘lishi, so‘ngra film to‘qimasiga kiritilishi - bizning muloqot mavzularimizga aylanardi. Suhbati shirin edi bu kamtarin ayolning. O‘n yetti yoshida shuhrati olamga taralgan, milliy kinematografiyamizning shoh asarlari - «Tohir va Zuhra», «Nasriddin sarguzashtlari» hamda dogmatik tanqidchilik qurboni bo‘lgan «Farg‘ona qizi»da bosh rollarni o‘ynagan,

 Nabi G‘aniev, Komil Yormatov, Asad Ismatov, Obid Jalilov, Soat Tolipov kabi buyuk san'atkorlar bilan yonma-yon turib ijod qilgan bu go‘zallik va iste'dod sohibasini, ko‘rkam Zuhraning o‘zginasi yoxud uning sirdosh, fikrdosh dugonasi deb bilardim. U beg‘ubor yoshlikning o‘tkir nafasi, qizlik g‘ururi, mehri va qalb harorati ila asrlar osha bizga yetib kelgan Zuhra, Zulfi («Nasriddin sarguzashtlari»), zamondoshi Dilbar («Farg‘ona qizi») obrazini ekranda jonlantira oldi. Undan o‘z qahramonlarining dramasini his etib turishi, yoshlik shijoati, yoriga butun vujudi bilan intilishini ko‘rsatish talab etildi. Nazokatli qizning ekrandagi samimiyati o‘sha ijod damlarida ko‘zga tashlandi. Lekin oltmish yil kinostudiya xizmatida bo‘lgan Yulduzxon bor-yo‘g‘i beshta rol o‘ynadi, xolos. U 1960 yildan studiyaning dublyaj guruhida muharrir sifatida ijodiy mehnat bilan band bo‘ldi.

Yulduz opa bilan o‘tkazgan maroqli damlar, jurnalistlar tili bilan aytganda, «axborotga boy» bo‘lgan. O‘sha soatlarda Zuhraning «Otmagay tong», Dilbarning «Tanovar», Zulfining monologi bamisoli yangrab turardi. Suhbat mazmuni muhit bilan bog‘liq bo‘lishini ko‘zlab, aktrisaga davr mashaqqatlari, uzoq davom etmagan quvonchlarini eslatuvchi kadrlarni, fotosuratlarni ko‘rsatardik. Muloqot ba'zan navbatdagi film dublyaj qilinayotgan damda goh yorug‘ zalda, ba'zan zal yonidagi aktyor­lar xonasida davom etardi. Musohabaning davomi Yulduz opamizning uyi oldidan o‘tgan suv bo‘yida bo‘lardi. O‘sha azim chinor qad ko‘tarib turgan ko‘rkam bog‘ni mushtariyga ma'lum etmoqchimiz. Ehtimol, yoshlar nikoh to‘ylari arafasida xuddi shu chinor yoniga kelib Zuhrani, Tohirni yod etishar, bir-birlariga umrbod sadoqatli bo‘lishlariga ahd qilishar.

Shahrimizni olmos kamar singari kesib o‘tgan anhor bo‘ylab yursangiz, osmonu falakka bo‘y cho‘zgan sarvqomat daraxtlardan, maysazor, oqar suvdan zavq olishga vaqt topsangiz, afsuslanmaysiz. Turmush tashvishlaridan bir zum etak silkib o‘sha bog‘da sayr qilsangiz, katta bir chinorni uchratasiz. U «Tohir va Zuhra» filmiga «xizmat qilgan». O‘sha durdonaning eng nafis, eng zavqli kadrlari tug‘ilishi, tasmaga muhrlanishini «ko‘rgan». Tili bo‘lsa, so‘zlab berardi. U qalin soya tashlab turgan damda Tohir - G‘ulom Tojia'loev «Ey Quyosh» deb sevgilisiga, visol onlariga intilgani, Zuhra - Yulduz Rizaeva esa xuddi o‘sha yerda «Qalamlar»ni aytib ishq o‘tida yonayotganini bildirgan.

Chinor tagida jim qoldik. Yulduz opa sukunatni, jimjitlikni tinglayaptilarmi, suvning shovqininimi, ko‘m-ko‘k, mayda barglarning shitirlashinimi - bilmadim. Qanday holatda ekanliklarini so‘zlarini tinglab anglay boshladim.

- Qarang, o‘zak shoxi kesilgan novdalar o‘sib, ulg‘ayib, chinorning jarohatini yashirib turgandek ko‘rinadi. Nabi aka ham ko‘p azob chekkanlar. Hech kimga aytmas, tuhmatchilarga jazo berish haqida o‘ylamas edilar. Katta rejalar bilan yashardilar, - deb ustozi N.G‘anievni xotirlay boshladi Yulduz Rizaeva.

Mulohazalarini davom ettirishini istab savol berdim.

- Biror filmlari tanqid­ga uchramay ekranga yo‘l olmaganini nazarda tutayapsizmi, Yulduz opa?

- Yaqinda topilgan bir hujjat bilan tanishib darg‘azab bo‘ldim. «Tohir va Zuhra» filmi Moskvada muhokamaga qo‘yilganida sevgining ekrandagi ifodasidan qoniqmaganlar, simfonik orkestr­dan filmda oz foydalanilganidan norozi bo‘lishganlari haqida va'zxonlik qilganlar. Bu rejissyorning boshqa asarlari ham o‘tmishda yetarli qadrlanmagan.

Avaxtada yotgani-chi? «Alpomish»ni qo‘ymoqchi bo‘lganida imkon berilmagani-chi? Stsenariyni qabul qilish, aktyorlarni tasdiqlash, mavzu belgilash - bu kabi masalalar Moskvada hal etilishi bois u yerga qatnagani-chi?! Bir gal kech kuzda Nabi aka u yerga do‘sti Ergash Hamroevning yupqa paltosini kiyib ketardi.

- Ijod damlariga bu kabi qiyinchilik, ziddiyatlar ta'sir ko‘rsatarmidi?

- Suratga olish maydonchasiga qog‘oz, daftar, stsenariy ko‘tarib kelmas edi. Matnni, kadrlar yirikligi va kompozitsiyasini ham yoddan bilardi. Aktyorlarni ustalik bilan talab etilgan ruhiy holatga olib kirar, tanaffus vaqtida hikoya, afsona aytib berardi. Turmush tashvishlari mutlaqo unutilardi va bizdan ham shuni talab etardi. Ayniqsa, Zuhra rolini tayyorlash kunlari yumush, bozor-o‘char, behuda urinishlardan xoli bo‘lishimni talab etardi. Ayam ro‘zg‘or bilan shug‘ullanib, mening malikadek yashash muhitiga kirishishim uchun xizmat qilgan.

- Qahramoningiz Zuhraning portreti-chi? Dostonlarda uning qiyofasi faqat so‘z bilan ifoda etilgan. Malikaning chizilgan portreti bo‘lmaganligi o‘z-o‘zidan ma'lum. Shunday ekan, Zuhraning qiyofasini kamera ko‘magida «chizish­»da qanday andoza, kompozitsiya, manbalarga tayanilgan?

- Menga pardozxonada ozgina upa surardilar, xolos. Qoshim hali terilmagan edi. Terdilar. O‘shandayligicha qoldi keyinchalik. Lekin sochim kesilgan edi. Biroz o‘stirishga to‘g‘ri keldi. Aks holda ulama sochni tabiiy soch bilan «montaj» qilib bo‘lmasdi. Nabi aka rassom ham edi. Shu bois eskizlarni ko‘p chizar, ko‘ylaklar, durrachalarni rosa bezardi. Pirovardida libos sodda, ko‘rkam, ortiqcha jimjimasiz bo‘lardi. Taqinchoq va upa-surmalarga hech toqati yo‘q edi. «Yoshlikning o‘zi go‘zal, uni bezab nima qilasiz?!» deb libos va pardoz ustalariga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatardi.

- Aktyorlikka o‘qimagansiz. Zuhraning qayg‘usini, yurak iztiroblarini ko‘rsatish jarayoni yengil bo‘lmagandir?!

- Ha, uch filmda yig‘lashim talab etilgan edi. «Nasriddin sarguzashtlari»da sevgan yigitidan ajratib olmoqchi bo‘lganlarida Zulfining ko‘z yoshlari ham alam, ham qayg‘u, shu bilan birga iltijoni bildirishi kerak edi. «Farg‘ona qizi»da esa Dilbar padari buzrukvori oilaviy mojarodan keyin uyini tashlab ketganida onasiga achinganidan o‘kirib yig‘laydi. «Tohir va Zuhra»da goh g‘azabnok holga kelgan malikaning faryodini, goh esa sevinch yoshlarini ko‘rsatish lozim bo‘ldi. Qatag‘onga uchragan, qatl etilgan otamni eslatib meni yig‘latishgan. Bir gal esa Nabi aka qulog‘imning tagiga shunday shapaloq urganki, ko‘zlarimdan tirqirab yosh chiqqan. Darhol «motor!» so‘zi yangraganu, suratga olishgan. Yana bir gal esa buyuk aktyor Asad Ismatov xunobi chiqqan rejissyorning yoniga kelganu, menga qarab «menga qara» dedi. Qayrilib boqmadim ham. Jahl qilib turgan edim... «Menga qara, erka qizim!» dedi yana. O‘girilib qarasam, ko‘zlari yoshga to‘la, yuzidan tomchi-tomchi bo‘lib oqyapti. Ko‘nglim bo‘shashib ketdi. Yig‘lab yubordim. Chaqqon operatorlar darhol suratga olishibdi. Asad aka ikki filmda («Tohir va Zuhra», «Farg‘ona qizi») otam rolini o‘ynagan edi. Aktyorgina emas, bir butun xazina edi bu shaxs. O‘n yetti-o‘n sakkiz yoshimda dabdurustdan yig‘lab yuborishim og‘ir edi. Havaskor edim. Axir bu sohada o‘qimaganman-ku?!.

Hikoyaning davomi Yulduz opaning uylarida bo‘ldi. Anhor­ bo‘ylab mo‘'tabar xonadonga yetib keldik. Kelinposhsha Dilnozaxon bizga peshvoz chiqdi. Mehmonxonaning to‘rida osig‘liq rangli portret diqqatimni tortdi. Nozanin bir qiz. Biroz kesilgan sochi yelkasida erkalanib yotgandek, nigohida beg‘uborlik, lirik kayfiyat, tim qora ko‘zlarida olam-olam his-tuyg‘u hamda orzu-umidlar. Yonoqlari yonib turgandek. Portretdagi gulrang tez ko‘zga tashlanadi. Bu rangning nafisligi, maftunkorligining jozibasi, jilolanib turishi unga zid bo‘lgan qora rang, tuslar, jimjimali shakllar, yarim doira, aylanma chiziqlar ko‘magida ta'riflangan.

Portretga mahliyo bo‘lib qolganimni sezib qolgan Yulduz opa:

- Tanimadingizmi? Shunchalik o‘zgarib ketibmanmi?.. Yigirma yoshimdagi suratim.

- Nega oldingi uchrashuvlarimizda aytmagansiz?! Kimning mo‘yqalami chizgan bu ko‘rkam asarni.

- Chingiz Ahmarovning.

- Bu musavvir bilan ijodiy hamkorlikda bo‘lganmisiz?

- Yo‘q. Chamamda, u kishi filmlarda ko‘rib surat chizish niyatida bo‘lgan.

- Tafsilotlarini aytib bering. Bu asar ko‘rgazmalarga qo‘yilmagan. Zuhrani o‘ynagan Yulduz Rizaevani - sochi kesilgan, oddiy ko‘ylakda (shohona libosda emas), shirin tashvishlari bilan yurgan mashhur aktrisaning qiyofasini yosh rassom (Chingiz aka o‘sha kezlari endigina 35-bahorini qarshilagan edi) rang-tasvirda ifoda etganini hech kim bilmaydi-ku?!

- «Tohir va Zuhra» hamda «Nasriddin sarguzashtlari» shuhrat qozongan, kinoteatrlarda ertayu kech qo‘yilayotgan kunlar edi. Chingiz Ahmarov mening Zuhramni va Zulfi ismli qahramonimni ko‘ribdi. Ma'qul bo‘libdi, shekilli, studiyaga kelib portretimni chizish niyatida ekanligini aytdi. Shunda men yangi film - «Farg‘ona qizi»da Dilbar rolini o‘ynayotganimni, ish qizg‘in ketayotganini aytdim. «Studiyada chizaveraman» deya turib oldi. Men pavilonga kirib rol o‘ynab bo‘lishim bilan darhol rassom huzuriga keladigan bo‘ldim. Pavilon va Ch.Ahmarov «ustaxonasi» o‘rtasida yugurib yurishga to‘g‘ri keldi. Aslida, Chingiz aka xohlasa Zuhrani yoki Zulfining libosini rekvizit xonasidan olishi mumkin edi. Rassom «Kinoda emas, hayotda qanday bo‘lsangiz, shunday chizaman» deb biror bezak, taqinchoq, pardoz, jimjimali libossiz oddiy ko‘ylakda, ulama sochsiz rasmimni chiza boshladi. «Sochingiz ulamasiz ham jingalak ekan, o‘zingizga yarashgan. Siz pardozga, zirak-marvaridga muhtoj emassiz», deb tumonat odam orasida rasm chizaverdi. 1947 yilning erta ko‘klami. Hayotimning ham ko‘klami ekan... Endi kech kuzning izg‘irinini ham, xo‘mrayib turgan bulutimni ham, yuraklarni ezib yuboradigan yog‘ingarchiligini ham ko‘rib turibman, - deb hikoyalarini ma'yus kayfiyat bilan yakunladi.

Taskin bermoqchi bo‘ldim.

- Muborak yoshdagi Zuhrani ko‘rib turibman. Oltin zanglamaydi, deyishadi. Chiroyingizni saqlab qolgansiz, Yulduz opa. Hozir ham sizni «Zuhra opa» deb yuboraman. Zuhraning o‘zginasisiz-da! Hayot fasllarini tilga oldingiz. «Kuz» so‘ziga «oltin» so‘zini qo‘shib aytadilar. Bu faslning o‘z ko‘rki, saxovati, go‘zalligi bor. Daraxtlar turli rangga kirgan, mevalarini odamzotga berib, yukini yengil qilib, shamolda asta tebranib turishi zavq bermaydimi?! Tabiat dasturxonimizni nozu ne'­matlar bilan to‘ldirganidek, siz ham Shahnoza, Rus­tam, Xotamjondek farzandlarni voyaga yetkazib, kuyov ko‘rib, kelin tushirib, nabiralarni erkalatib, katta oilaning sevikli bekasi bo‘lib, yana bir baxtingizni topdingiz. Zuhra, Zulfi kabi qahramonlaringiz - ehtimol dugonalaringizning - ekrandagi umri uzoq bo‘layotganidan ham mamnundirsiz. Kezi kelganda sizga tashakkur aytay! O‘zbek qizining go‘zalligini, iffatini, yoriga sadoqatini ko‘rsatgansiz. Men xizmat yuzasidan safarda ko‘p bo‘laman. Yevropada ham, Osiyo shahar va qishloqlarida ham siz yaratgan o‘zbek qizlari haqida iliq so‘zlar aytishadi.

- Hamisha ko‘nglimni ko‘tarib yurasiz-a, - kulib qo‘yadi opa.

Ijozat so‘rab portretni osig‘liq joyidan olib, deraza yoniga olib borib ko‘rdim. Chingiz Ahmarovning nihoyatda sezgir mo‘yqalami ijodiy yutuqdan, favqulodda mashhur bo‘lib ketganidan ko‘ngli to‘lgan, o‘zini baxtiyor his etgan, o‘ziga, aktyorligiga tamomila ishongan shaxsning shirin orzu-umid og‘ushida parvoz etayotgan damlarini rang­lar ifodasida muhrlangani uchun minnatdorchilik so‘zlarini aytgimiz keldi.

2-maqola

Aktrisa Yulduz Rizaeva "Tohir va Zuhra" filmidagi Zuhra obrazi bilan hammamizga tanish. Gazetamizning o‘tgan sonlaridan birida maqola muallifining Yulduz opa bilan bo‘lgan suhbati or­qali "Tohir va Zuhra" filmini ishlash jarayonidagi hodisalar, filmning keng jamoatchilik tomonidan qanday qabul qilingani, shuningdek, aktrisaning kino olamiga kirib kelishi, ijod bilan bog‘liq shaxsiy kechinmalari to‘g‘risida ma'lumotlar berilgan edi. Quyidagi maqolada esa Yulduz Rizaevaning ijro mahorati, o‘z qahramonlari haqidagi fikrlari hikoya qilinadi.

Yulduz opa bilan suhbatlashganimizdan keyin u ishtirok etgan filmlarni qayta ko‘rgimiz kelardi. Ko‘rikdan keyin esa aktrisa bilan yana uchrashish, savollarimizga javob olishni istardik. Ushbu jarayon tasmadagi ba'zi murakkab kompozitsiyalarning yechimini topishga, ovoz va tasvir, so‘z hamda ijro masalalari shoh asarlarda qanday hal etilganini anglash, bu kabi muammolarga ilmiy, kinoshunoslik, san'atshunoslik, musiqashunoslik nuqtai nazardan yondashishga yordam berardi. Chunonchi, Yulduz Rizaevaning dublyori bo‘lganmi yoki otni ham o‘zi minganmi? Mototsikl, paxta terish, yaganalash mashinalari, traktorni o‘zi haydaganmi? Qo‘shiqlarni, raqslarni o‘zi ijro etganmi?..

Shunday mulohazalarimni aytganimda Shahnoza - Yulduz opaning to‘ng‘ich farzandi - savol aralash javob ham bergan edi:

- Traktorni, terim mashinasini o‘zbek ayollaridan birinchi bo‘lib Tursunoy Oxunova haydagan, deb yozishgan. Aslida ayam, 1946-47 yillarda qishloq xo‘jaligi texnikasini boshqarishni o‘zlashtirgan! Buni o‘sha yillari suratga olingan «Farg‘ona qizi» filmida ham ko‘rish mumkin.

Yulduz opa esa kamtarinlik bilan:

- Bu sohada birinchiman, degan da'voyim yo‘q. Lekin mototsiklni, siz aytgan texnikani «SoyuzNIXI» deb atalgan korxonaning keng dalasida o‘rganganimdan xursand bo‘lganman. Ijodiy guruhga shunday epchil, uddaburon qiz kerak edi. Dublyorni yirik planda olib bo‘lmaydi. Tomoshabin aktrisaning o‘rniga bosh­qa kishi kadrda paydo bo‘lganini darhol sezib qoladi... Guruhimizning xizmatini ado etgan vaqtlarim ham bo‘lgan. Rejissyor «Kazbek» papirosini chekardi. Tamaki tamom bo‘lib qolib, xumor tutardi. Atrofda do‘kon yo‘q. Tog‘lar orasidamiz. Shunda hamma menga qarar, rayon markazidagi do‘konga mototsiklda borib kelishimni iltimos qilishardi. Yalintirmas edim.

Darvoqe, qo‘shiq, raqs sahnalari yaratilishi jarayoni qanday bo‘lganini bilasizmi? "Farg‘ona qizi"da E'tiborxon Jalilova mening o‘rnimga qo‘shiq aytgan. "Tohir va Zuhra"da - Saodat Qobulova "Otmagay tong"ni, "Qalamlar"ni, kabi qo‘shiqlarini aytgan. Men ham aytganman. So‘zlarini yodlab, ohangini o‘zlashtirib olganman. Saodatxonning qo‘shiqlarini menga kinomexanikning xonasida qo‘yib berishardi. Tinglab, o‘rganib, xonandaga ergashib aytishga harakat qilardim. "Opa-singillar" filmida esa qahramonim Komila raqs tushadigan katta epizod bor edi. Bir necha hafta raqqosalarga shogird tushib, raqs tushishni o‘rganishga uringanman. Lekin filmlardagi yirik planlardagina mening qiyofam, harakatim suratga olingan. Raqsni asosan Gulnora Mavoeva ijro etgan. Ulardan minnatdorman.

- Sevishganlar Said va Zulfining qizg‘in suhbati ishkom tagida o‘g‘irda jo‘xori yanchayotgan paytda bo‘ladi. O‘g‘irning dastasi goh sizning qahramoningiz, goh mahbubingiz rolini o‘ynayotgan aktyor Qobil Xoliqov qo‘lida bo‘ladi. Ishq dardiga mubtalo bo‘lganlarning ehtirosli his-tuyg‘ulari, to‘siqlarni yengishga otlanganlari qisqa-qisqa jumlalardagina emas, harakatlari, tanlangan rekvizit (o‘g‘ir va o‘g‘ir dastasi, yanchilayotgan jo‘xori) ko‘magida ham qayd etiladi. Kadrlar kompozi­tsiyasi va yirikligini belgilashda, mizansahna qurishda, ayniqsa hikoya montaj ritmini, maromini tanlashda qaynoq qalblarning bir-biriga intilishini, jo‘sh urib turishini ta'kidlamoqchi bo‘lganlar. Birgalikda buni uddalagansiz. Yoshlar so‘zlari qat'iy ekanini og‘irgina dastani o‘g‘irga - jo‘xori yoki bug‘doy solingan yog‘och idishga zarb berib ham tasdiqlaysiz. Lirik holat vujudga kelganida harakat ham sustlashadi, yog‘och dastani ushlagan qo‘llar bir-biriga intiladi. "Farg‘ona qizi"da esa qahramoningiz Dilbar so‘lim bog‘ ichra "Tanovar"ni aytib, sochlarining qirq kokilini barmoqlariga o‘rab keladi. Qo‘shiqning ijro etilishi, ritmiga barcha harakat - odim tashlash, qo‘l harakati maromi, montaj sur'ati, turli yiriklikdagi planlarning o‘zaro almashuv sur'atining o‘zgarib borishi, ya'ni kinoning barcha ijro, estetik hamda texnik imkoniyatlari qaratilgan. Bu kabi talablar yosh ijrochilarga og‘ir kelmaganmi?

- 1943 yili kinoshirkatida sinovdan o‘tkazishganida mening eshitish qobiliyatim, ritmni his eta olishimga ahamiyat berishgan. Buning sababini keyinroq angladim: kinoda ritm tushunchasi juda keng ekan. Studiyaning badiiy rahbari M.Romm qalamni stol­ga urishda ovozli bir jumla paydo bo‘lganida "Il­g‘adingizmi?" deb so‘radi. Qo‘limga qalam berib "Siz ham shu "ovozli jumla"ni, taktni qaytaring-chi" deb taklif etdi. Bajardim. Yana bir taktni - bu gal murakkabrog‘ini qalam va yog‘och stol vositasi ila "ijro" etdi-da, "Bunisini ham qaytarolasizmi?" dedi. Mening taqillatishim bu gal ham ravon, muhimi, Mixail Ilich chertgan taktning aynan o‘zi bo‘ldi, shekilli, u "Molodets! Ditya prirod?! Prekrasnoe, vesma odorennoe ditya!" deb maqtagandek bo‘ldi. Aktyor ritm­ni, taktni his eta olishi, u talab etgan tezlikda harakat qilishi, so‘zlashi, qo‘shiq aytishi talab etilishini bir-ikki filmdan keyin tushundim. Siz aytgan epizodlarda, avvalo, rejissyorning ustaligi hal qiluvchi omil bo‘lgandir. Biz - aktyorlar ham ijro ritmini his etib turishimiz uning ishini yengillashtirgandir. Tohir rolini o‘ynagan G‘ulom Tojia'loevning aytishicha, xuddi o‘sha sinov kuni N.G‘aniev mening imtihondan o‘tishimni kuzatib, Zuhra rolini menga bermoqchi bo‘lgan ekan.

Yulduz opamizning izohlaridan keyin tilga olingan filmlarni yana bir bor ko‘rdim. Bu gal tasvir va ovoz kassetada bo‘lgani sababli ayrim kadrlar tez o‘tib ketishiga yo‘l qo‘ymay, zarur bo‘lganida videomagnitofonda uzluksiz aylanib turgan tasmani to‘xtatib, kadrlarni tahlil qilishga kirishdim. Shunda o‘g‘ir yonida Zulfining soddaligi va so‘zga chechanligi, sevgisi, sadoqatini ifodalab bergan aktrisa keyingi kadrlarda o‘z qahramonining dardini, murakkab ruhiy holatini maromiga yetkazib namoyon etganidan zavq oldim. Uning qizidan, rafiqasidan, opa-singillaridan ajraganlarning har biriga murojaat etib, javob ololmay, yelib-yugurib, faryod ko‘tarishida burro so‘zlar, ta'sirchan jumlalar o‘rtasida pauzalar bo‘lishi zarurligini nazarda tutgani seziladi. Montaj ritmi asta o‘sib boradi. Yulduzxon - Zuhraning monologi ham. Lekin javobsiz qolgan savollar o‘rtasidagi pauza, ozgina davom etgan sukunatda ham dramaturgik «yuk» mavjudligini ko‘rdim.

Voqealar rivoji avjiga chiqqan nuqtalarni olaylik. Sandiqqa solib, oqar suvga tashlanadigan epizodni tomoshabin Zuhraning nigohi bilan ko‘radi. Dramatik voqeani malika qanday iztirob bilan ko‘rsa, biz ham shunday hayajon bilan kuzatamiz. Kadrlar tonalligi qorong‘i: osmonu falakni qop-qora bulut qoplab olgan, sovuq, nam shamol esadi, Zuhrani yori tomon uchirib yuborgudek ko‘rinadi. Noxush marosim guvohlari - saroy ahli hamda soqchilar hech kimni daryo bo‘yiga yaqinlashtirmaydi. Kadrlar markazida Zuhra bir yoqda otasining beshafqatligidan azob cheksa, ikkinchidan, Tohirdan ajralish qayg‘usi bilan olamga sig‘maydi. Zuhra goh zolim otasiga yolvorib boqadi, undan rahm-shafqat kutadi, goh Tohir qamalgan sandiq tomon yuguradi, goh uni mazax qilib turgan Qorabotirga cheksiz nafrat bilan qaraydi. Epizodda garchand Tohirning dramasini ko‘rsatish maqsad qilib qo‘yilgan bo‘lsa-da, kadrda ko‘proq Zuhra - Yulduz Rizaeva bo‘ladi. U bor-yo‘g‘i ikki jumla aytadi, xolos. Ruhiyatini o‘tkir nigoh, keskin harakati, tirqirab chiqayotgan ko‘z yoshi, odim tashlashining ritmi o‘zgarib turishi - shu kabi ijro vositalari bilan ifodalaydi.

Afsuski, Yulduz opaning mahoratidan yaqin o‘tmishda unumli foydalanilmadi. Yetmish yetti yil umr ko‘rgan bu iste'dod sohibasi bor-yo‘g‘i beshtagina rol o‘ynasa... U O‘zbekoyim yoki Oftoboyimni ekranda gavdalantirsa bo‘lardi-ku! Gap rejissuraning befarqligidami, aktrisaning xohishidami? Harqalay, Yulduz opa bu haqda gaplashishni istamas edi. Savolimga «Uy yumushlari bilan band bo‘ldim. Uch farzand ko‘rdim. Umr yo‘ldoshim Isoq aka ham diqqat-e'tiborga tashna ko‘rinar edi», deb qisqagina javob berardi. So‘ngra eski fotosuratlarga qarab, ma'yus ohangda «Yoshligimiz, shoir aytganidek, ko‘cha changitib o‘tib ketdi. Baxt­li kunlar ham, qiyinchiliklar ham. Zuhra, Zulfiya, Dilbar - mening dugonalarim, mening yoshligim. Ular bilan g‘oyibona suhbatlashgandek bo‘laman. Kulib yuboraman daf'atan. Keyin atrofimga hech kim yo‘qmi deb qarayman. Ko‘chada ketayotib, meni tanib qolganlarni, nimalarnidir so‘ramoqchi bo‘lganlarni uchrataman. Jur'at etib savol berganlarga javob beraman: «Zuhra hozirgi hayotga qanday qarardi, deysizmi? Quvonardi. Sevishganlar murodiga yetayotganidan xursand bo‘lardi. Zarur bo‘lsa, Tohirning hozirgi avlodlari - navqiron yigitlar nomidan zuhralarga, zulfilar, dilbarlar, komilaxonlar xonadonlariga sovchi bo‘lib borardi». Qulay vaziyatdan foydalanib, nozik savol berdim:

- Yulduz opa, G‘ulom Tojia'loev - Tohirga xushtor bo‘lgan qizlar maktublar yo‘llashgan, yo‘l poylashgan, deyishadi. Siz unga ko‘ngil bermaganmisiz?

- Hamidulla, kinoni bilasiz, kitob yozasiz, ayting-chi, filmda sevishganlar rollarini o‘ynaganlar hayotda ham bir-biriga ko‘ngil beradi, degan mulohazalarni eshitganmisiz? Men ko‘p eshitganman. G‘ulom akani hurmat qilaman. Kam uchrashamiz. Ikki marta sizning teleko‘rsatuvingizda ishtirok etganda ko‘rishgan edik. Oppoq to‘n kiyibdilar, soqol-mo‘ylov yarashibdi. Bizning sevgi yoshimiz urush yillariga to‘g‘ri kelgan. Bu nozik his-tuyg‘u haqida o‘ylamas edik ham. Rejissyorning sa'y-harakati bilan stsenariydagi holatga kirar edik. Urushdan ancha yillar keyin Hasanboyga to‘yga borgan edim. Bir yigit ro‘paramga kelib o‘tirib oldi, qo‘llarini iyagiga qo‘yib, menga qarab tikilib qoldi... Qishning qahraton kunlari to‘yimiz bo‘ldi.

Samimiyat bilan aytilgan bu so‘zlar yana Yulduz opa ekranda namoyon etgan kamtarin, ochiq chehrali, oqila qizlarni eslatdi. Zuhra - Yulduz Rizaeva kanizagiga «Meni «malikam» demang, Zuhraxon deyavering» deb tabassum bilan boqadi, Komila («Opa-singillar») esa «... Men xonim ham, raqqosa ham emasman, oddiy o‘zbek qiziman», deydi. Bu ta'rif Yulduz Rizaevaga ham tegishlidek ko‘rinadi. Faqat farg‘onalik bu «oddiy o‘zbek qizi» o‘zbek madonnasiga aylanganini ham e'tirof etish mumkin.

Madonnaga 2002 yilning qishi og‘ir keldi. So‘nggi uchrashuvimiz Yulduz opa farzandi Rustam bilan shifoxonaga ketayotganida bo‘ldi. Qor aralash yomg‘ir yog‘ayotgan edi. Bir zum gaplashdik. Kuzatib qo‘ydim. Ozgina fursat o‘tmay (2003 yil 11 yanvar kuni) bandalikni bajo keltirdi. «Meni otangiz yoniga qo‘yinglar» deb turmush o‘rtog‘ini tilga olibdi. Tohir - G‘.Tojia'loevga Zuhraning vafotini darhol xabar qilish og‘ir bo‘ldi... Keyin uyidan mashinaga o‘tqazib olib keldik. Unsiz yig‘ladi. Men esa Yulduz Rizaeva - Dilbar va onasi o‘rtasidagi savol-javobni esladim («Farg‘ona qizi» filmi):

- Dilbar, uxladingmi?

- Ha, aya, uxladim.

Hamidulla Akbarov
“Ma’rifat” gazetasidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.