OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Botirali Yo‘ldoshev. Har so‘zi rost yozilgan

Yaqinda ulug‘ mutafakkir, shoir, muarrix va davlat arbobi Zahiriddin Muhammad Bobur (1483-1530) tavalludining 531 yilligi allomaning ona Vatani – O‘zbekistonimizda keng nishonlandi. Jahon madaniyati taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan Boburning hayoti va ijodi besh asrdan buyon G‘arb va Sharq olimlari tomonidan ulkan qiziqish bilan o‘rganib kelinmoqda.

Mustaqillik bilan tengdosh Xalqaro Bobur jamoat fondi ham bu sohada katta ishlarni amalga oshirdi. Andijon shahrida bu daho shaxsga haykal o‘rnatildi va Bobur nomida istirohat bog‘i barpo etildi. Xuddi shu bog‘da “Bobur va jahon madaniyati” muzeyi va kutubxona tashkil qilindi. Fond rahbari Zokirjon Mashrabov tashabbusi bilan xalqaro Bobur ilmiy ekspeditsiyasi dunyoning o‘nlab mamlakatlaridan Bobur va boburiylarga oid turli tillardagi kitoblar, tarixiy osori-atiqalarni yurtimizga olib kelmoqda. Mazkur jamg‘armaning Bobur va boburiylar haqidagi o‘nlab kitoblarning chop etilishi va xalqaro anjumanlar o‘tkazilishida bosh-qosh bo‘lgani ham tahsinga sazovordir.

“Boburnoma” chorak asr ilgari ikki yuz ming nusxada chop etilgan edi. 2002 yilda esa Xalqaro Bobur jamg‘armasi homiyligida “Boburnoma”ning ilmiy nashri chop etildi. Quyida ana shu nashr yuzasidan ayrim fikr-mulohazalarimizni bayon qilmoqchimiz.

Buyuk memuar asarda bir yarim mingdan ziyod shaxs tilga olingan. Ularning ko‘pchiligi bir xil ism va nasabga ega. Masalan, asarda uch nafar Bikromajit ismli shaxs haqida ma’lumot berilgan. Ularning birinchisi Hindistondagi Dhar va Ujjayn hukmdori bo‘lib, miloddan avvalgi birinchi yuz yillikda rasadxona qurdirgan. Oradan 1200 yil o‘tib Dehli sultonligi bunyod etilganini hisobga olsak, “Boburnoma” hindistonliklar uchun ham qimmatli tarixiy ma’lumot berayotganiga guvoh bo‘lamiz. Ikkinchi Biromajit Gvaliyar hukmdori bo‘lib, Lo‘diylar zamonida Dehli sultonligi tasarrufiga o‘tgan. ­Uchinchi Biromajit esa Rana Sangram ­Singhning ikkinchi o‘g‘li bo‘lib, Kanva jangidan so‘ng Boburga elchi jo‘natib unga tobe’ligini izhor qilgan. ­Shunday aniq ma’lumotlar berilishiga qaramay kitob oxiridagi so‘zlikda ularning hammasi bir shaxs sifatida talqin qilingan. Shuningdek, ­kitobda ko‘p marta tilga olingan ­Xisrav ismi Xusrav deb yozilganda maqsadga muvofiq bo‘lar edi.

Sulton Mahmud Mirzoning Chaman degan joyda Sulton Husayn Mirzodan mag‘lub bo‘lgani yozilsa (48-bet), xuddi shu geografik joy nomi 131-betda Shahribonu Begimning taloq qilinishi voqeasida Chekmon deb talqin qilingan. Yuqoridagi o‘rinda Chaman noto‘g‘ri berilgan.

Endi “Sulton Abusa’id mirzoning favtidin so‘ng Sulton Mahmud mirzo Samarqand taxtig‘a o‘lturdi”, iborasiga e’tibor beraylik (62-bet). Boburning bobosi Sulton Abusa’id mirzo 1469 yilda vafot etgan. Undan so‘ng Sulton Ahmad mirzo yigirma besh yil hukmronlik qilib, Samarqand ahli rohat-farog‘atda yashaganini Boburning o‘zi ham boshqa sahifalarda zikr qilgan. Ma’lumki, Sulton Mahmud mirzo akasi vafotidan so‘ng, 1494 yili Samarqand taxtiga o‘tirgan. Yuqoridagi gap “Sulton Ahmad favtidin so‘ng”, deb to‘g‘rilanishi lozim.

124-betda Boburning onasi qirqi yaqin qolganida xolasi Mehr Nigorxonim va Muhammad Hasan dug‘lat Kobulga yetib kelgani yozilgan. Bu yerda Boburning pochchasi Muhammad Husayn dug‘lat nazarda tutilgan bo‘lib, uning o‘g‘li Muhammad Haydar Mirzo keyinchalik yetuk muarrix bo‘lib yetishgan va “Tarixi Rashidiy” nomli ajoyib kitob yozib qoldirgan. Bu kitob avvaliga rus tiliga, so‘ngra o‘zbek tiliga o‘girilgan va tarjimonlardan biri Vahob Rahmonov “Boburnoma”ning oxirgi nashri mas’ul muharriri sifatida bu xatoni o‘tkazib yuborishi ajablanarli holdir. Afsuski, bu kichik xato 1989 yilgi nashrda va ruscha tarjimada ham bor. Ingliz va hind tillaridagi tarjimalarda va ­tanqidiy matnda to‘g‘ri berilgan.

Puroyin darasidagi kichik bir to‘qnashuv voqeasida ham chalkashlik bor (160-bet). “Puroyin darasigacha borildi. ...Qosimbekning kuyovi Puroyinni yetib, boltu bila chopib olur mahalda, yana yigitlar yonib zo‘rlab qochurub, Puroyinni ayirib oldilar” iborasida avvaliga geografik joy nomidagi Puroyin keyin shaxs sifatida talqin etiladi. Bu yerda Puroyin chindan ham dara, ammo Qosimbekning kuyovining ismi ­Puroyin emas, Bo‘ron.

Boburning shoh asarida hijriy to‘qqiz yuz o‘n to‘rtinchi yil voqealaridan so‘ng salkam o‘n bir yillik uzilish bor. 161-betda hijriy 925 yil arabcha “Vaqoi’i sanayi xamsa va ishrina va tis’a mia” (925 yil voqealari) deb sarlavha ostida keltirilgan bo‘lsa-da, tagsatrda “To‘qqiz yuz o‘n beshinchi (1509-1510) yil voqealari”, deb qo‘pol xatoga yo‘l qo‘yilgan. Albatta, bu xatoni arab tilidan xabardor o‘quvchi tuzatib o‘qishi mumkin. 1989 yildagi nashrda esa forscha “Vaqoei bistu panjum”, ya’ni yigirma beshinchi (yil) voqealari, deb keltirilgan. Aslida to‘qqiz yuz yigirma beshinchi yil voqealari deb to‘g‘ri ko‘rsatilganda ma’qul bo‘lar edi.

O‘sha yili rabi ul-oxir oyining o‘n ikkisida, seshanba kuni Bobur Kobulda Hirotdan tashrif buyurgan qarindoshlari bilan ko‘rishganini bayon qiladi. So‘ngra oyning yettisida, yakshanba kuni Bobo Shayxni banddan bo‘shatganini yozgan. Albatta, Bobur ba’zi voqealarni oldin yo keyin qog‘ozga tushirgan. Bu yerda oyning o‘n yettisi ekanini isbotlash uchun hijriy va milodiy taqvimlar jadvaliga qarab rabi ul-oxir oyining yettinchi kuni payshanbaga, o‘n yettinchi kun esa yakshanbaga to‘g‘ri kelishi orqali bu gapda “o‘n” so‘zi tushib qolganini aniqlash qiyin emas.

Nashrning 163, 171, 177, 185, 190, 192-betlarida ham joy nomlari, ­ismlar, ayrim so‘z va iboralar noto‘g‘ri yozilganiga, bayt misralari o‘rni almashib ketganiga guvoh bo‘ldik.

Panipat jangi bayonida (193-bet) javong‘or uchida turgan beklarni sanaganida Abulmuhammad nayzabozdan keyin turgan Shayx Ali tushib qolgan. Xuddi shu satrda “yasadukkim” so‘zidagi “kim” yuklamasi tushib qolgan. O‘sha jang ishtirokchisi Muhammadiy Ko‘kaldosh 1989 va 2002 nashrlarda Muhammad Ali deb berilgan. Uning yonida turgan Yunus Ali esa Yusuf Ali deb xato yozilgan (193-bet). Jangdan so‘ng Bobur Dehli shiqdorlig‘ini Vali Qizilga inoyat qilgan. Ana shu gapdaga “shiqdor” so‘zi “eshikdor” shakliga aylanib qolgan (194-bet).

Bobur raqibi Ibrohim Lo‘diyning onasiga marhamat ko‘rsatib, yetti laklik daromad keltiradigan pargana ajratib bergan. Ammo ­nashrda Ibrohim Lo‘diyning otasiga deb ko‘rsatilgan (194-bet). ­Vaholanki, Ibrohim Lo‘diyning otasi 1517 yili vafot etganidan so‘ng o‘g‘li Dehli taxtiga o‘tirganini ­Bobur o‘zi ham zikr qilgan.

Mazkur nashrdagi: “Bajavrni zo‘r bila ikki-uch kerrida olib,” deb boshlanuvchi gapdagi “kerri” so‘zi nimani anglatishini bilish o‘quvchining o‘ziga havola qilingan chog‘i (194-bet). Bu yerda kerri emas, gari (ghari) so‘zi vaqt o‘lchov birligidir. 196-betda: “Ul fursatta yurub, umarosi muxolafat maqomida edilar”, degan gap uchraydi. Mazkur gapda “yurub” so‘ziga 917-raqam bilan tagsatrda “yurt” bo‘lsa kerak, degan izoh ham berilgan. Aslida bu yerda Purab so‘zi yozilishi kerak. Purab so‘zi ham hind tilidan olingan bo‘lib, Sharq degan mazmunni beradi. Bu xato keyingi sahifada ham takrorlangan: “Bu jamoatni puriy derlar”. Aslida “purabiy”, ya’ni sharqiylar ma’nosida kelishi kerak. Bu o‘rinda o‘rta asrlarda poytaxti Jaunpur sanalgan Sharqiylar davlati nazarda tutilmoqda. Nashrning 219, 229-betlarida ham shunga o‘xshash xatolarga yo‘l qo‘yilgan.

Ma’lumki, Bobur obodonchilik sohasiga katta e’tibor qaratgan. Ayniqsa, bog‘dorchilik va me’moriy obidalar yaratish bo‘yicha ulkan ishlarni amalga oshirgan. Besh asr ilgari Bobur barpo etgan bog‘ va ba’zi imoratlar hozir ham saqlanib qolingan. Bobur Sekri ko‘li o‘rtasida sakkiz qirrali tosh supa tayyorlatgani haqida “Boburnoma”da zikr etib o‘tgan: “Ko‘lning ichida buyurg‘on musamman sufa tayyor bo‘lub edi. Kema bila borib, shomiyona tikturub...” degan gapda mazkur ko‘l “Ko‘yil” shaklida, yanada aniqroq qilib aytsak, shahar deb noto‘g‘ri talqin qilingan. Bu xatoning yuzaga kelishi hoynahoy Boburning Koil shahrini sayr qilgani bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Ammo matnni diqqat bilan o‘qisak va Sekri hamda Algarh shaharlari orasida suv yo‘li yo‘qligini hisobga olsak, bu xato ekanini anglaymiz. ­Ta’kidlash kerakki, 1989 yildagi ­nashrda bu xato yo‘q.

To‘qqiz yuz o‘ttiz beshinchi yil voqealari boshida “ulug‘ bir ko‘l yaqosida tushub o‘y quvladuk” iborasi bor (237-bet). Bu yerda “uyquladuk”, ya’ni uxlamoq fe’li berilganida “o‘y” so‘zini ot so‘z turkumi sifatida ­anglagan o‘quvchi qiynalib qolmasdi.

Albatta, yuqoridagi fikr-mulohazalarimiz, ulug‘ adib iborasi bilan aytganda “bu yozganlardin aslo shikoyat emas”. Balki “Boburnoma”dek buyuk asarning kelajakda nashr etilishida bu kabi nuqson va xatolarni tuzatishga doir takliflar o‘rnida qabul qilinadi, degan umiddamiz. Zero, Bobur hazratlari o‘zining bu hayotnomasidagi “har bir so‘zi rost yozilishini” maqsad qilib qo‘yganini ta’kidlab o‘tgan. “Boburnoma”ning Yaponiyada, Angliyada, Osiyo va Yevropaning ko‘plab davlatlarida, AQSh va Afrikada qayta-qayta tarjima qilinib chop etilgani uning naqadar nodir asar ekanidan dalolatdir. Bu qomusiy kitob Boburning ona vatanida to‘rt marta o‘zbek tilida, ikki marta rus tilida va bir marta tabdil etilib nashr qilinganiga qaramay unga ehtiyoj va talab yanada ortayotir. Umid qilamizki, “Boburnoma”ning mukammal tanqidiy matni yaqin orada o‘zbek sharqshunos olimlari tomonidan amalga oshiriladi.

Botirali Yo‘ldoshev,

sharqshunos

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 2014 yil 30-son

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.