OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Jabbor Eshonqul. Eposdan romangacha

Keyingi o‘n yil ichida shunchalik ko‘p roman chop etildiki, bu kitobxonlarni ham, adabiyotshunoslarni ham bir oz shoshirib qo‘ydi. Eng achinarlisi, soxta kechinma, mayda maishiy masalalarni ataylab shishirib, uch-to‘rt yuz betga keltirib yoki kichik bir hikoyaga arzigulik kechinma tasvirlangan to‘rt-besh sahifalik qoralamani «roman» deb e’lon qilayotganlar ham uchramoqda.

To‘g‘ri, adabiyotshunoslarimiz bu «roman»larga ham o‘z munosabatini bildirayapti, hatto ularning ayrimlariga “ulkan voqea” sifatida baho berishayapti. Biroq bu baholar qanchalik to‘g‘ri va xolis? Vaholanki, bu romanlarni o‘qiganda qoniqish yoxud oddiygina hayajonlanish u yoqda tursin, ularni «roman» deb chop etgan yozuvchiga ham, ko‘kka ko‘tarib maqtab, taqriz yozgan adabiyotshunosga ham taassuf qilasan, xolos.

Biz qaysi asosga ko‘ra nasriy asarning janrini belgilashimiz lozim? Hajmiga ko‘rami yoki boshqa xususiyatlariga qarabmi?

Nega Nikolay Gogol o‘zining mashhur “O‘lik jonlar”ini roman emas, poema deb atadi? Yoki romanning yuki bo‘lgan, unga qo‘yiladigan talablarga har tomonlama javob bera oladigan “Saodat sohili” qissasini muallif roman, katta bir qissaning yuki bo‘lgan “Dashtu dalalarda” hikoyasini yozuvchi qissa deb chop etmadi? Taniqli adiblarimizning bunday kamtarligi “roman”chi qalamkashlar uchun ibrat bo‘lishi kerak emasmi?!

Adabiyotshunos olimlar tomonidan ko‘plab izlanishlar olib borilganiga qaramay, roman qanday janr, degan savolga hanuz to‘la-to‘kis javob berilgani yo‘h. Adabiyot nazariyasi bilimdonlari A.Vselovskiy, M.Baxtin, M. Shroder va boshqalar bu janr Yevropa uchun “o‘gay”ligini urg‘ulashadi. Ortega i-Gasset esa romanga o‘z umrini yashab bo‘lgan janr sifatida qaraydi.

Ayrim adabiyotshunos olimlar romanning yuzaga kelish tarixi haqida fikr yuritib, epos yuqori tabaqa vakillarining, roman esa quyi tabaqa vakillarining estetik ehtiyojlari asosida yozilgan, degan fikrni bildiradilar. Boshqacha aytadigan bo‘lsak, «Alpomish», «Go‘ro‘g‘li» kabi epik ijod namunalari, romandan farqli o‘laroq, boy-zodagonlarning estetik talablarini qondirish uchun yuzaga kelgan va bu asarlarda ularning orzu-umidlari kuylangan emish.

Bunday chalkashlik fikrlarning ildizlari G‘arb adabiyotshunoslarining qarashlariga borib taqaladi. G‘arblik olimlarning bu kabi chalkash fikrlari keyinchalik rus va boshqa xalqlar adabiyotshunoslarining ishlariga ham ko‘chib o‘tgan. Oqibatda adabiyotshunoslikda romanni eposga qarama-qarshi qo‘yish, romanni quyi qatlam ehtiyoji asosida paydo bo‘lgan badiiy janr deb baholash qat’iy fikrga aylandi.

Aslida «roman» atamasi o‘rta asrlarda yuzaga keldi. Bunga qadar G‘arbda har qanday san’at asari o‘sha paytgacha urf bo‘lgan lotin tilida yozilgan. Dastlabki tajriba sifatida roman tillarida yozilgan badiiy asarlar “roman” nomi bilan mashhur bo‘la boshlagan. Lotin tilida ilgari yozilgan badiiy asarlardan farqlash uchun bu asarlarni «conte roman» – roman tilida yozilgan qissa, hikoya deb atashgan. Bu o‘rinda «conte» so‘ziga izoh berib o‘tish zarur. Ushbu o‘rinda roman, ya’ni aynan biror-bir epik asar emas, balki asarning roman tilidagi qisqa bir shakli, ikkilamchi holati haqida so‘z ketayapti. Izohda ham aynan roman emas, balki uning qissa, hikoya ekanligi oydinlashayapti. Keyinchalik esa bu so‘zning asl ma’nosi unutilib, ­nasrda yozilgan har qanday yirik badiiy asar roman deb atala boshlandi. XVII-XIX asrga kelib esa roman eng yetakchi janrga aylandi. Oradan shuncha vaqt o‘tganiga qaramay, bu janrga berilayotgan tavsiflar yagona xulosaga, ta’rifga olib kelgani yo‘q.

G‘arbda epik san’at so‘na boshlagani bois bu turdagi ijod namunalari faqat tarixiy mavzuda bo‘ladi, deb tushinilgan. Vaholanki, turkiy xalqlar epik ijod namunalari qahramonlik, jangovor, tarixiy va kitobiy dostonlardan iborat ekanini yaxshi bilamiz. ­Qahramonlik dostonlaridagi syujet, motiv rang-barangligini kuzatamiz. Qolaversa, G‘arb epik ijod namunalarining yakuni ko‘pincha fojeali bo‘lsa, bizdagi dostonlarning aksariyati yaxshilik, ezgulikning tantanasi bilan yakun topadi. Albatta, har bir janrning ­yuzaga kelishi jamiyatdagi o‘zgarishlar va buning natijasida insonlar ­tafakkurida yuz beradigan evrilishlar bilan bog‘liq.

Umuman, badiiy so‘z san’ati namunalari qadimdan uchta katta: epos, lirika, drama turlariga ajratib kelingan. Buni Aristoteldan ancha ilgariroq Suqrot urg‘ulagan bo‘lsa-da, «Poetika»da bu fikr yanada chuqur asoslanib, ma’lum bir tizim holatiga keltirildi va oradan shuncha vaqt o‘tganiga qaramay adabiyotshunoslikda Aristotelning qarashlariga suyanib kelinmoqda. Shuningdek, tadqiqotchi olimlar, jumladan, A.Vselovskiy ham adabiy turlar qadim zamonlarda marosim qo‘shiqlaridan kelib chiqqanini urg‘ulaydi. Demak, badiiy san’atning asosi folklorda ekan, keyinchalik yuzaga kelgan har qanday janrni folklor namunalariga qarama-qarshi qo‘yish, umumxalqqa tegishli ma’naviy mulkni muayyan bir tabaqa ehtiyoji bilan bog‘lash mantiqsizlikdir.

Ma’lum bir davrda ustuvor bo‘lgan qonuniyatlar boshqa bir davrda susayishi, unutilishi, o‘rniga yangilari kelishi mumkin. Shunday ekan, yangi davrda epos ijrochilari bilan bir qatorda yangi ijodkorlarning maydonga kelishi hayotiy zarurat edi. Biroq bu degani epik ijod tamoman unutildi, uning o‘rnini roman egalladi, roman o‘z-o‘zidan paydo bo‘lgan, badiiy adabiyotda eposning inkori o‘laroq yuzaga kelgan mutlaqo yangi hodisa, deyish to‘g‘ri emas. Roman eposdan andoza olgan holda, unga taqlid o‘laroq yuzaga keldi. Biroq eng muhimi, bu janr biz uchun tamomila begona yoxud tom ma’noda kutilmagan bir yangilik emas.

Romanning eposdan farqli tomoni bu og‘zaki emas, yozma qonuniyatlar asosida yaratilishida hamda urg‘u asar yozilayotgan zamon voqeligiga qaratilishidadir. Ma’lumki, har qanday epik ijodi namunasi hech bo‘lmaganda bir yoki ikki avlod tomonidan og‘zaki ijroda kuylangan bo‘lishi shart. Biroq shunday epos namunalari ham borki, ular faqat bir baxshi repertuarida uchraydi. Shunday ekan, eposda faqat olis o‘tmish voqeligi aks etgan bo‘lishi shart, degan tushuncha ham o‘zini oqlamaydi.

M.Baxtin fikricha, faqat romangagina xos deb urg‘ulagan ko‘p qatlamlilik, zamon va makonga munosabat masalalarini bemalol epik ijod namunalariga ham tadbiq etish mumkin. Umuman, romanning yevropa adabiyoti uchun «o‘gay»ligini ko‘pgina adabiyotshunoslar tan olishadi. Bu «o‘gay»lik nimalarda ko‘rinadi?

Roman aslida Yevropada eposga taqlid, uning zamonaviy ko‘rinishi sifatida yuzaga kelgan. Biroq roman urf bo‘lganda Yevropada epik ijod deyarli so‘nib bo‘lgan edi. Bu masalaning bir tomoni. Ikkinchi tomoni esa, adabiyotshunoslar, xususan, G‘arb adabiyotshunosligi o‘z qarashlarini isbotlash uchun birinchi navbatda yunon adabiyotiga, xususan, Gomer ijodiga suyangan.

O‘tgan asrning ikkinchi yarmiga kelib Gomerning shoir emas, baxshi bo‘lgani, u yaratgan «Iliada» va «Odissiya» dostonlari og‘zaki ijod namunasi ekani fanda oydinlashdi. Bu yangilik xorijda qanchalik shov-shuvlarga sabab bo‘lmasin, xorijlik adabiyotshunoslar Gomer ijodiga suyanib chiqargan xulosalarini qayta ko‘rib chiqqanlari yo‘q. Bu, jumladan, roman janriga ham taalluqlidir.

Atoqli adibimiz Abdulla Qodiriy: «Modomiki, biz yangi davrga oyoq qo‘ydik, bas, biz har qanday yo‘sinda ham shu yangi davrning yangiliklari ketidan ergashishimiz va shunga o‘xshash dostonchilik, ro‘monchilik va hikoyachiliklarda ham yangarishg‘a, xalqimizni shu zamonning «Tohir va Zuhra»lari, «Chor darvesh»lari, «Farhod-Shirin» va «Bahromgo‘r»lari bilan tanishtirishka o‘zimizda majburiyat his etamiz», deb yozgandi.

Bir qarashda adib bu gaplarni kamtarlik ma’nosida aytganday tuyuladi. Biroq roman janrining kelib chiqishi tarixiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, adib so‘zlari chin haqiqat ekani anglashiladi.

Roman janri tarixida iz qoldirgan F.Rablening «Gargantyua va Pantagryuel»ini olamizmi yoki J.Sviftning «Gulliverning sayohatlari», ­D.Defoning «Robinzon Kruzo»sini olamizmi — barchasida eposga taqlidni ko‘ramiz. Zero, Gegelning romanda voqelikning epik tasviri bo‘lishi shartligini urg‘ulashi, V.Belinskiy «roman shaxs hayotining eposi»dir, degan xulosaga kelishi bejiz emas. Roman janri eposga taqlid o‘laroq paydo bo‘lib, mustaqil janr sifatida shakllanish jarayonida hamda bugungi holatida ham (Joys, Markes asarlarida misolida) folklordan uzoqlashmagan, ayniqsa, yangicha ijod tamoyillari asosida folklorga yaqinlashgan. Shu boisdan ham bir qator xorijlik olimlar xalq dostonlariga nisbatan “roman” atamasini qo‘llashadi. Roman bilan dostonning farqiga borishmagani uchun emas, balki har ikkala janr xususiyatlarini o‘rganib, Yevropa o‘quvchilarga tushunarli bo‘lishi uchun aynan shu atamani ishlatishadi.

Yuqoridagi fikrlardan kelib chiqib, romanga qisqacha shunday ta’rif berish mumkin: roman — motiv va syujetlar talqinida ko‘p qatlamlilikka ega, xalq dostonlaridagi kabi voqelik keng epik ko‘lam kasb etgan, biroq epik ijoddan farqli o‘laroq individual ijodkor tomonidan yaratilgan, turli murakkab vaziyatlarda gavdalantirilgan qahramonlar xarakterining shakllanish jarayoni tasvirlangan, rang-barang obrazlar galereyasi hamda nasr yoki nazmda o‘ziga xos uslub hamda badiiy tasvir vositalari bilan ajralib turuvchi yozma ijod namunasi. Albatta, bu ham so‘nggi ta’rif bo‘lolmaydi. Eng muhimi, romanga ta’rif berilar ekan, uni eposga qarama-qarshi qo‘ymasdan, badiiylik mezonlaridan kelib chiqqan holda yondoshmoq lozim.

Romanni qissa yoki hikoyadan farqlantirib turadigan asosiy jihat bu — xalq dostonlariga xos bo‘lgan epik ko‘lam. Motiv va syujetlar qurilishi, voqea bayoni, obrazlar talqinida ham ana shu epik ko‘lam sezilib turishi shart. Biror bir asarda ana shu yaxlit epik ko‘lam yo‘q ekan, hajmi qanchalik katta bo‘lishidan qat’i nazar, uni roman deb atay olmaymiz. Qissada esa epik ko‘lam ma’lum darajada chegaralangan. Bu chegaralanish voqealar talqini, qahramonlar tavsifida ham o‘z aksini topgan bo‘ladi. Hikoyada esa qahramonning ma’lum bir vaqt yoxud vaziyatdagi holati, kechinmalari o‘z aksini topadi. Epik ko‘lam hikoyadan talab etilmaydi.

Romanga xos tafakkur, til, uslub, qahramon va xarakterlar talqini hamda eng muhimi, voqelikni poetik idrok etishda epik ko‘lam bo‘lmas ekan har qanday «salmoqli» qoralama roman talabiga javob bermaydi. Roman janri epos kabi xalqning tarixi, taqdiri, tafakkur tarixi bilan bevosita aloqadordir.

Albatta, birgina maqolada roman janri bilan bog‘liq masalalarga to‘la-to‘kis oydinlik kiritish mushkul. Shuning uchun keyingi maqolalarimizda romanda epik ko‘lam va voqelik, xarakterlar talqini, mazkur janrda uslub, zamon va makon muammosi, til va badiiyat masalalarini imkon qadar yoritishga harakat qilamiz.

Jabbor Eshonqul,

filologiya fanlari doktori

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 2014 yil 24-son

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.