OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Viktor Alimasov. Ayollar savdosi (2008)

Ijtimoiy taraqqiyot ibtidoiy instinktga, fahshga berilishni cheklash zarur degan qarorga kelgan, shu tariqa pro­s­titutsiyani qoralovchi ahloqiy, ma’muriy va huquqiy normalar yaratilgan. Shahvoniy istaklarni er-xotin munosabatlari, oila, farzand ko‘rish niyati doi­rasi bilan chegaralash ijtimoiy hayotda insoniyat erishgan eng ulkan yutuq edi.

Ammo ijtimoiy taraqqiyot odam zotidagi shahvatparastlikni, ibtidoiy instinktlarga berilishni to‘la jilovlay olmadi, axloqiy va huquqiy normalar jindek unutilgan zahoti hayvoniy hirsini qondirishga mukkasidan ketgan kimsalar, guruhlar paydo bo‘laverdi. Bugun ommaviy axborot vositalarida, adabiyotlarda “global inqirozlar”, “globallashuv jarayonlari” bilan yonma-yon, “global ayollar savdosi” iboralari ham ishlatilmoqda. Seks-trafikning inson sha’ni va huquqlarini, ijtimoiy-ahloqiy normalarni toptovchi, “qadimiy kasb”ni ulug‘lab, gender notenglikni avj oldiruvchi voqelikka aylanayotgani sog‘lom fikr egalarini tashvishga solmoqda.

2003 yili kanadalik jurnalist va tadqiqotchi Viktor Malarek “Natashalar sotiladi. Yangi global ayollar savdosi” degan kitobini chop ettirdi. Kitobda keltirilgan misol-dalillar, o‘rtaga tashlangan muammolar kishi vujudini titroqqa, qalbini vahimaga soladi. “Bugun odamlar savdosi, — deb yozadi V. Malarek, — yashirin qurollar va narkotik moddalar sotishdan keyin uchinchi o‘rinda turadigan daromadli biznesga aylangan. BMTning hisob-kitoblariga ko‘ra, u jinoiy guruhlarga yiliga 12 milliard AQSh dollarida sof foyda keltirmoqda”. Demak, ijtimoiy taraqqiyot, jamiyatni insoniylashtirish jiddiy to‘qnashuvlar, qattiq kurashlar natijasi bo‘ladi. Insoniyat bir tomondan, hayotini go‘zallashtirishga, demokratik qadriyatlarni qaror toptirishga, shaxs va jamiyat munosabatlarida qonun ustuvorligini ta’minlashga intilayotgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan, uning ushbu olijanob sa’y-harakatlarini yo‘qqa chiqarishga, o‘zining nafsini va hirsini qondirish uchun har qanday jinoyatlarga shay kimsalarning hududiy, hatto transmilliy uyushmalariga duch kelmoqda. Sivilizatsiya odam zotidagi zo‘ravonlikka, tabohlikka, fahsh­ga moyillik illatlarini bartaraf etishi zarur edi, ming afsuski, u ushbu illatlarni yangi global voqelikka ham aylantirmoqda. Viktor Malarekning kitobi ushbu yangi global voqelikni keltirib chiqarayotgan omillar, ular negizida yotgan nafs, fahsh, zo‘ravonlik, diskriminatsiya kabi gustohona illatlar haqidadir.

Ma’lumotlarga ko‘ra, bugun “ishlab kelish” bahonasida sobiq ittifoq hududidagi respublikalardan har yili 175 ming xotin-qiz chet ellarga boradi. Moskva va Sankt-Peterburgning o‘zida turli respublikalardan kelgan 150 ming xotin-qiz tungi klublarda “xizmat ko‘rsatadi”. Ushbu klublar nafaqat tunda, “xizmat haqi”ni to‘lashga tayyor har bir erkak uchun kunduzi ham eshiklarini ochishga tayyor.

XX asrni tsivilizatsiyaning cho‘qqisi sifatida qancha ulug‘lashmasin yo aynan ushbu davrda ayollar savdosi, seks-trafik, prostitutsiya global voqelikka aylandi. Bu voqelikni 70-yillarda Janubiy-Sharqiy Osiyolik (tay va fillipinlik) ayollar Yevropa va AQShga ommaviy ko‘chish bilan boshlab bergan bo‘lsalar, 80-yillarda ular safiga Gana va Nigeriyalik, ke­yinroq esa Lotin Amerika (Kolumbiya, Braziliya, Dominikan Respublikasi)lik ayollar ham qo‘shildi. Seks-trafik va pro­­­­­s­ti­­tutsiya sotsialistik lager va SSSR tarqalganidan keyin haqiqiy global hodisaga aylandi. AQSh va Yevropa fohisha bozorlariga avval Vengriya, Chexiya va Polsha, keyin Ukraina, Moldova, Rossiya, Belorusiya, Ruminiya, Gruziya va Bolgariya xotin-qizlari qatnashdi. 90- yillarning oxirlariga kelib ushbu bozorni Armaniston, Ozarboyjon va Markaziy Osiyo respublikalaridan keladigan xotin-qizlar to‘ldirdi. Shu tariqa XXI asr arafasida dunyoning deyarli barcha davlatlari va mintaqalarida rasmiy yo norasmiy bo‘lsin fohisha bozorlari yuzaga keldi. Ushbu bozorda faqat bir narsa sotiladi va sotib olinadi — ayol tanasi, unda faqat bir narsa e’zozlanadi — ayol tanasini sotishdan kelgan daromad, dollar.

... 1999 yili germaniyalik ikki “tadbirkor” bolalar uylariga, yetimxonalarga homiylik ko‘rsatuvchilar niqobi ostida Kareliyada paydo bo‘lishadi. Ular maktabni bitirayotgan 16-17 yashar qizlarni Xitoyda o‘qitib, Germaniyada nufuzli muassasalar va restoranlarda ishlatamiz, degan va’da bilan olib ketishadi. Ota-onasiz o‘sgan yosh qizlarni kasb-korga o‘rgatib, keyin ish bilan ta’minlashni o‘z ustiga olgan homiylar topilganidan hamma behad shod edi, ular qizlarni tantana bilan kuzatib qo‘yadilar. Homiylar qizlar mingan avtobusni Xitoyga emas to‘g‘ri Germaniyaga haydashadi. Sodda, hali hech nima ko‘rmagan qizlarni “tadbirkorlar” fohishaxonalarga sotishadi. Kunu tun o‘nlab erkaklar bilan yotishga majbur qilingan qizlardan bir nech­tasi qochishga muvaffaq bo‘ladi, shu tariqa “tadbirkorlar – homiylar”ning jinoyati ochiladi.

Yana bir misol. LA STRADA inson huquqlari nodavlat tashkilotining xabariga ko‘ra, 2000 yili germaniyalik “homiylar” qizlardan tuzilgan ansambl­ga Yevropa bo‘ylab gastrol o‘tkazishni, shu tariqa dollar ishlab topishni taklif etishadi. Yo‘l sarf-xarajatlarini “ho­miylar” o‘z ustiga olishini bildirishadi. Soddadil, o‘z iqtidorini Yevropa san’at shinavandalariga ko‘rsatish imkoni tug‘ilganidan qizlar xursand edilar. “Homiylar” qizlarni Germaniyaga olib kelib islovatxonalar va boshqa davlatlardan kelgan sutenerlarga sotib yuborishadi. Shu tariqa endigina hayotga qadam qo‘ygan yosh, o‘smir qizlar fohishalarga aylantiriladi.

V.Malarekning dalillar keltirishicha, Serbiya, Bosniya, Gertsogovina va Bolgariya bugun Yevropa islovatxonalariga, sutenerlariga xotin-qizlar yetkazib beruvchi bozorlarga aylangan. Masalan, Serbiyada aldab olib kelingan xotin-qizlar erkaklar hirsini qondirish usullariga o‘rgatiladi, keyin boshqa davlatlardan kelgan sutenerlar oldiga yalang‘och olib chiqiladi, istagan erkak ularning tanasini ushlab ko‘rishi, tishlarini tekshirishi mumkin. Ruminiyalik 17 yashar Sofiya ismli qiz boshiga tushgan ko‘rgiliklarni gapirib beradi. Ikki erkak uning bo‘ynigacha pichoq tirab, mashinasiga o‘tqazishgan va sohilga keltirib, serb sutenerlariga pullashgan. Serb qizni yurtiga keltirib islovatxonaga sotadi. U yerda Ukraina, Moldova, Ruminiya va Bolgariya­dan aldab va zo‘rlab keltirilgan qizlar ham bor ekan. Qizlar qorong‘u, zax xonalarda goho ovqatsiz, suvsiz ushlab turilgan. Islovatxona egasi Sofiyani albaniyalik sutenerga, albaniyalik esa Italiyaga sotib yuboradi. Italiya islovatxonalarida “xizmat qilishga” majbur etilgan Sofiya bir kuni qochishga muvaffaq bo‘ladi.

Kosovada tinchlik o‘rnatish maqsadida kelgan kanadalik politsiya ofitseri Gordon Mun deyarli 300 ta yosh ayollar va qizlarni islovatxonalardagi tutqunlikdan ozod qilgan. Beixtiyor savol tug‘iladi: nahotki, XXI asrda, tag‘in Yevropada qul bozorlari bo‘lsa? Axir ayollar diskriminatsiyasiga qarshi kurashga da’vat etayotgan Yevropa emasmi?

Janubiy koreyalik Turizmga ixtisoslashgan assotsiatsiya prezidenti Kim Keng Sa ham seks-turizmni rivojlantirish uchun boshqa davlatlar ayollaridan foydalanish g‘oyasini ilgari suradi. Uning fikriga ko‘ra, mamlakatda joylashgan AQSh harbiy kuchlari Janubiy Koreyaga joylashtirilganida mamlakat qashshoqlikni o‘z boshidan kechirayotgan edi. AQSh harbiy bazalari yaqinlarida bar, klublar ochilib, ularga qashshoq yashayotgan koreys xotin-qizlari yollangan. Bu mahalliy ayollarni AQSh­lik harbiylarning jinsiy ehtiyojlarini qondirishga xizmat qilishga undagan. Keyinroq iqtisodiy ahvol yaxshilandi, koreys ayollari “qadimiy kasb”- siz ham oilasini boqish imkoniga ega bo‘ladi. Natijada barlar, klublar ayollarsiz qoladi, ushbu ahvolni to‘g‘irlash uchun barlar va klublar egalari birlashib turizmga ixtisoslashgan assotsiatsiya tuzadilar. Ular 1990 yili hukumatdan Ye-6 raqamli chet davlatlardan keladigan ayollar uchun viza olish huquqiga erishadilar. 1999 yili chet davlatlardan keltirilgan ayollarga 2522, 2000 yili 4317, 2001 yili 6980, 2002 yilning birinchi yarmidayoq 6230 viza berilgan. Ularning 4200 tasi harbiy bazalar yonidagi barlar, tungi klublarda ishlashi qayd etilgan. 2002 yilgi ma’lumotlarga ko‘ra, Janubiy Koreya barlari va tungi klublarida ishlayotgan xotin-qizlarning 1813 tasi rus, 1471 tasi fillipin, 126 tasi xitoylik, 113 tasi ukrainalik, 44 tasi bolgariyalik va 34 tasi qozo­g‘is­tonlik bo‘lgan. Koreya politsiyasining ochiq tan olishicha, Ye-6 vizasi “prostitutsiyani niqoblashdan boshqa narsa emas”. Harbiylarning barlar va tungi klublarda nimalar bilan shug‘ullanishidan AQSh qo‘mondonligi ham yaxshi xabardordir.

Bunday misollarni Birlashgan Arab Amirligidan ham keltirish mumkin. Masalan, Saudiya Arabistonilik yirik amaldorlar, badavlat kishilar Parijdan go‘zal, yosh xotin-qizlarni keltirishga buyurtma berishadi. Seshanba kuni keladigan chet ellik xotin-qizlar arablarga «xizmat qiladi» va kelasi dushanba kuni qaytib ketadi. Hatto ba’zi joylarda arab erkaklariga xizmat qiladigan yuzlab ayollar saqlanadigan islovatxonalar mavjud.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 90-yillarning boshida Gretsiyada ikki mingga yaqin ayol “qadimiy kasb” bilan shug‘ullangan. Ke­yingi o‘n yil ichida ular soni 20 mingdan oshib ketdi. Bugun Gretsiya, Turkiya, Yaqin Sharq va Yevropa davlatlariga “jonli tovar”, islovatxonalar uchun sobiq ittifoq hududlaridan xotin-qizlar yetkazib berish makonidir. Butun Gretsiya politsiya ofitserlari konfederatsiyasining prezidenti Dmitris Kiriazidisning ochiq aytishicha, Gretsiya politsiyasi “chet ellik ayollarni yashirin tarzda mamlakatga olib kelishni uyushtirishga tortilgan”.

Shubhasiz, BMT inson huquqlarini dunyoda qaror toptirish, tenglik, birodarlik va ezgulik g‘oyalarini targ‘ib etish borasida beqiyos loyihalarni hayotga tatbiq etmoqda. Ammo yuqoridagi misollardan ayon bo‘ladiki, uning tasarrufidagi ayrim halqaro uyushmalarda va tashkilotlarda o‘z nafsini hamda hirsini qondirishga moyil shaxslar ham yo‘q emas. Shuning uchun V. Malarekning quyidagi fikrlari va takliflariga to‘la qo‘shilish mumkin. U yozadi: “BMT ning odam savdosi — trafik masalalariga betaraflik siyosatiga aslo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Tashkilot muam­moning qanchalik jiddiyliligini anglashi va qa’tiy, hal etuvchi choralar ko‘rishi zarur. “Tinchlik o‘rnatuvchilar”ning o‘zi aldangan ayollarga g‘ayriinsoniy zo‘ravonlik ko‘rsatmoqdalar... Yordam ko‘rsatishga yuborilgan xayriya tashkilotlarining xodimlari o‘z maoshini ayollar sotib olishga sarflamoqda. Ular shaxsan foydalanish maqsadida ayollar sotib oladilar va ularni qulfda uyda saqlaydilar. Bu o‘z mavqeini suiistemol qilishdir. BMT haqiqatga chin dildan qarashi, zo‘ravonlikka, ayollar savdosiga chek qo‘yishi kerak”. Bu aslida nafaqat BMTga, shuningdek, o‘zida insoniylikni yo‘qotmagan barcha kishilarga qaratilgan da’vatdir.

Ayollar savdosi seks-trafikni global tarzda taqiqlash lozim. Ayollar diskriminatsiyasini, gender notenglikni hech qanday bahona — etnomadaniy, etnopsixologik va genetik sabablar bilan oqlab bo‘lmaydi. Seks-trafik va diskriminatsiya zo‘ravonlik usullaridir. Shuning uchun tarbiyadagi, ijtimoiy munosabatlardagi gender notenglikni bartaraf etmay insonpar demokratik jamiyat qurish amri maholdir.

“Hurriyat” gazetasidan olindi (2008).

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.