OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Viktor Alimasov. Strategema – fikrlash va yengish ilmi (2008)

Jahonda kechayotgan globallashuv jarayonlariga bugun ijobiy hodisa sifatida qaralayotgan bo‘lsa-da, ularning milliy va individual ongning o‘z “men”ini erkin namoyon etishiga xalaqit beradigan voqelik ekanini sezish qiyin emas. Hayot tarzini, madaniy rang-barang­likni, tafakkurni va qonunlarni unifikatsiyalash orqali umumsayyoraviy boshqarishni (ayrim siyosatchilar va tadqiqotchilar umumsayyoraviy hukumat, davlat tuzish g‘oyasini ilgari suradilar) shakllantirish inson aqlu idroki, ongi, ruhi mudom istaydigan turfa xillikning, plyuralizmning ham unifikatsiyalashishiga olib kelishi mumkin.

Shuning uchun bugun ilm ahli globallashuv jarayonlarini qo‘llab-quvvatlagan holda madaniyatlar xilma-xilligini, har bir insonga xos turlicha fikrlashni, betakror izlanishlarga moyillikni, plyuralizmni asrab qolish muammosiga duch kelmoqda. Keyingi yillarda xitoy strategemalariga bo‘lgan qiziqish bu boradagi izlanishlardan biridir.

Strategemalarning ayrim ko‘rinishlarini Qadimgi Xitoy mutafakkirlari Lao-tszi, Konfutsiy, Men-tszi asarlaridayoq uchratamiz. Lao-tszi qarashlari asosida shakllangan dao falsafasi strategemli fikrlashning yorqin namunasidir. Unga ko‘ra dao inson umr bo‘yi izlaydigan yo‘ldir. Shu nuqtai nazardan u jamiyatni emas – shaxsni, jamoaviylikni emas – individuallikni, an’anaviylikni emas – betakrorlikni, konformizmni emas – egoizmni e’zozlaydi. O‘zining nimaga qodirligini bilmagan shaxs hayot nima uchun berilganini bilmagan kishidir. O‘zini bilish mudom egoizmdan boshlanadi, ammo u bilan yakunlanmaydi. Dao falsafasidan bexabar kishi uning “Takabbur bo‘ling!” da’vatini bir tomonlama tushunadi, vaholanki, takabburlik, egoizm real borliqdagi ziddiyatlarning in’ikosidir. “Mayli, — deydi Lao-tszi, — qarama-qarshiliklar birlashsin. Mayli, paradokslar uchrashsin. Betakror bo‘ling, chunki hayot betakrordir. Yashang, ammo shunday yashangki, go‘yo siz o‘lgansiz. Keyin, siz o‘lganingizda, shunday o‘lingki, siz boshqa hayotga, oliy hayotga, buyuk hayotga kirgandek bo‘ling. Mayli, paradokslar uchrashsin, qo‘shilsin va birga jo bo‘lsin”. Faqat individualligini, egoizmini anglagan kishi “o‘lingki” degan so‘z boshqalar hayotiga, mahdudotga, kengroq olamga qo‘shilib, ular bilan bir bo‘lib yashashga chaqirilgan da’vat ekanini tuyadi. Lao-tszi sodda alfozda jamiyat bilan birga bo‘ling deyishi ham mumkin edi, lekin u aqlning betakrorligi, quvligi, shu tariqa o‘zining boshqacharoq fikrlashga moyilligidan kelib chiqqan.

Manbalarga ko‘ra, Qadimgi Xitoyda strategemalarga oid to‘rt mingdan ziyod traktat bitilgan. Bu shunchaki qiziqish natijasi emas edi, albatta. Xitoy tarixi ko‘rsatadiki, o‘lkada o‘zaro nizolar, urushlar, toj-taxt uchun kurash, knyazliklarning bir-birini talashi bir kun ham to‘xtamagan. “Hayot — kurashdir” degan mashhur iborani xitoyliklar tarqatgan bo‘lsa ajab emas. Ular ushbu kurashda har doim kuch, qurol emas, balki quvlik, hiyla, nayrang, aldash — strategemalar bilan g‘olib chiqish mumkinligini yaxshi bilganlar.

Zo‘ravonlik bilan itoat ettirilgan yurt, viloyat bir kunmas bir kun bosh ko‘tarishini, yovuzlik, dahshatga solish yoki o‘ziga bo‘ysundirish maqsadida aldash uzoq davom etishi mumkin emasligini anglab yetganlar. Shu tariqa strategemalarga ba’zi hollarda hiyla, nayrang, aldash yo‘llari bilan zo‘ravonlikdan xalos bo‘lish, boshqa bir hollarda esa ular yordamida boshqalarni o‘z maqsadiga xizmat qildirish, bo‘ysundirish usullari sifatida qarash shakllangan.

“Strategiya” so‘zi yunoncha bo‘lib, “stratos” — lashkar, qo‘shin, “ago” yetaklayman, boshqaraman, ergashtiraman degan ma’nolarni anglatadi. Demak, strategema qo‘shinni, lashkarni boshqarishga oid bilimlar, harbiy ilm sohasidir. Ammo ushbu ilk etimologik ma’no hozir transformatsiyaga uchragan, ya’ni strategemaga inson aqlu idroki, faoliyati bilan bog‘liq barcha sohalarga taalluqli voqelik sifatida qaralmoqda. Shuning uchun ham biznes, iqtisod, savdo-sotiq, sport, ijtimoiy boshqaruv, ta’lim-tarbiyaga oid strategemalar to‘plamlari Xitoyda ham, Yevropada ham yuz ming­lab nusxalarda chop etilmoqda.

Xitoy tilida nafaqat “tszi” so‘zi, xuddi shuningdek, “in” so‘zi ham quvlik, aqllilik, hiyla ma’nolarini beradi. Agar aql aqldan o‘zishga, o‘z “men”ini namoyon qilishga intilmaganida, insonning hur fikrlilik, erkinlik, plyuralizm, hatto ijod qilish haqida o‘ylashiga hojat qolmasdi. “Aql aqlni charxlaydi” degan ibora tagida aslida aql quvligini qo‘llab-quvvatlash yotadi.

Aqllilik quvlikdadir. Xitoy tafakkurida ular diaxron va sinoxron voqeliklar sifatida qaraladi. Hayotning ziddiyatlarga, notekis, sinergetik rivojlanishga xosligi aqlni quvlikka undaydi. Oddiy aql esa hayotni sof tarzda, ya’ni tashqi ko‘rinishi qanday namoyon bo‘lsa shunday idrok etadi. Shuning uchun u hayotiy muammolarni ham tashqi belgilarga, oq yoki qora, yaxshi yoki yomon kabi qoliplar, tushunchalar bilan hal qilishga intiladi.

Ammo strategemalarni, aql quvligini qo‘llab-quvvatlashni salbiy ma’nodagi hiyla, nayrang, sohirlik, kishilarni laqillatish usullari deb tushunmaslik lozim. Birinchidan, hamma narsa muvaqqat, o‘tkinchidir. 26 asr oldin Budda “hammasi o‘tkinchi, hammasi o‘tar” deganida dunyoning, hayotning o‘tkinchi ekanini nazarda tutgan. O‘tkinchi narsaning esa aldashi turgan gap. Ikkinchidan, ong, aql, fikrlash sub’ektiv voqeliklar sifatida ob’ektiv borliqni to‘la idrok etolmaydi. Ularning har qanday g‘oyasi, talqini va ta’riflari cheklangan, hatto xatodir. Demak, adashish yoki aldanish insonning tabiiy holatidir. Ammo strategemani insonning ushbu tabiiy holati emas, balki ma’lum bir maqsadlarga kam kuch va kam xarajat sarflab, oson, yengil va tez yetishning samarali yo‘llarini topish qiziqtiradi. Shu nuqtai nazardan strategema boshqalarning xayoliga kelmagan, aqli yetmagan optimal usullardan foydalanish ilmidir.

Ochiq aytish zarurki, strategema har doim ham axloq-odob normalariga amal qilavermaydi, goho ularni mensimaydi, toptaydi. Axloq kishilararo munosabatlarni mustahkamlashga qanchalik xizmat qilmasin u quvlikni, hiylani, nayrangni maxinatsiya, bad, fusungar xatti-harakatlar sifatida qoralaydi. Axloq yaxshilik bilan yomonlik o‘rtasida nozik o‘tishlar borligini tan olmaydi, u xatti-harakatlarni yaxshi yoki yomonga guruhlashga o‘rgangan. Quvlik, hiyla, nayrang aql uchun zarur ekanligini, inson hayotining biror qirrasi ularsiz rivojlanmaganini axloq xayoliga keltirmaydi. Strategemalar axloqning tor, bir qolipdagi o‘lchovlarini buzadi; aslida hayot axloq talablariga emas, balki axloq hayot talablariga quriladi. Strategemalar axloq-odobning barcha normalarini emas, balki hayot talablariga mos kelmaydigan shafiqlikni rad etadi, shu tariqa u axloqning hayot talablariga yaqinlashishini tezlashtiradi.

Strategemalar kishilararo munosabatlarga tayangani uchun ular ushbu munosabatlarni taraqqiyot maqsadlariga yo‘naltiruvchi yuridik qonunlarga bo‘ysunadi. Shu nuqtai nazardan ular yuridik qonunlar ruxsat etgan, to‘g‘rirog‘i, yuridik qonunlar taqiqlamagan usullardan, imkoniyatlardan to‘la foydalanish san’atidir. Agar strategemalar qonunlarga zid kelsa, fuqarolarning huquq va erkinliklarini buzsa, toptasa, ular salbiy hodisalar, g‘ayriqonuniy xatti-harakatlar sifatida qoralanadi. Strategemalar ushbu omillarga muvofiq Xitoyda alohida fan («moulyuesyue») sifati o‘rganiladi.

Ingliz tadqiqotchisi Robert Grinning fikriga ko‘ra, dunyo raqobatga, kim o‘zdiga, beayov kurashga qurilgan. Ayniqsa, mansab, taxt uchun kurash quvlik san’atini namoyish qilish uchun bebaho imkondir. Agar hayot to‘g‘rilikka, ezgulikka, axloqqa qurilganida edi, insoniyat ideal borliqda, huzur-halovatda, rohat-farog‘atda yashayot­gan bo‘lardi. Ming vahki, tarix bunday hayot, ideal jamiyat qurilganini bilmaydi, bunday yetuk borliqni kelgusida yaratish ham amrimaholdir. Shuning uchun «barcha kishilararo munosabatlar u yoki bu darajada aldashga tayanadi, hatto aytish mumkinki, inson hayvonlardan aldashi va makr ishlata olishi bilan farq qiladi... Aldash tsivilizatsiya yaratgan san’atdir va u hokimiyat o‘yinlarida ishlatiladigan o‘ta zarur qudratli quroldir».

Nemis tadqiqotchisi Xarro Fon Zengerning yozishicha, quvlik, ayyorlik xitoyliklarga, umuman, Sharq­qa xos xislat degan qarash G‘arbda qaror topgan. «Sharq — nozik narsa» («Vostok delo tonkoe») degan ibora tagida mazkur qarash yotadi. Shuning uchun quvlik, ayyorlik, nayrangni Sharq, Xitoy va G‘arb, Yevropa turlicha baholashadi. Masalan, xitoy falsafasida quvlik, ayyorlik, hiyla aqllilik ko‘rinishi sifatida qabul qilinsa, G‘arb ularni qoralaydi, hatto maxinatsiya, tsinizm sifatida jazolaydi. «Dao de tszin» va «O‘zgarishlar kitobi»da quvlik yashash, fikrlash usuli sifatida tan olinsa, «Injil»da ularni ishlatgan o‘lim jazosiga tortilishi uqtiriladi. Xitoyda quvlik bilan aqllilik yaqin voqeliklar, G‘arbda esa ular o‘t va suv kabi antipod narsalar hisoblanadi. Biroq, X.F.Zengerning fikriga ko‘ra, G‘arb quvlikdan, hiyla ishlatishdan kechgan mutlaq musaffo qutb emas. «Qadimgi zamonlardan beri G‘arbda quvlik instinktiv qo‘llaniladi, u vaziyatlarga muvofiq zimdan ishlatiladi, lekin xijolatomuz yashiriladi». «Injil»dagi «Ilon kabi oqil bo‘ling» da’vati aslida ilon kabi hiylagar, ayyor bo‘ling demakdir. Roqiylik G‘arbda ham keng tarqalgan.

Dunyo xalqlarining og‘zaki ijodida, tomosha san’atida o‘zini go‘l, sodda, hatto tentak ko‘rsatib savol va javoblarda, topqirlikda hukmdorlarni, amaldorlarni kulgi, masxara manbaiga aylantirgan, oddiy kishilar tarafdori bo‘lgan obrazlarga duch kelamiz. Masalan, Nasriddin Afandi, Aldar ko‘sa, Birbal va saroy masxarabozlari, askiyachilar Sharq xalqlari folklorida keng tarqalgan ana shunday obrazlardir. Hatto topishmoq, boshqotirma, frazeologizm va aforizmlarda ham aql quvligining ta’siri mavjuddir. Yuqoridagilardan kelib chiqib aytish mumkinki, quvlik, ayyorlik, hiyla, nayrang, aldash — strategemalardan foydalanish barcha xalqlarda, barcha madaniyatlarda, insonning barcha aqliy faoliyatlarida uchraydi.

Xitoyda strategemalar 12, 36, 54, 68 larga bo‘linadi, ular ichida keng tarqalgani va mashhuri 36 strategemalardir. Aslida esa, xitoyliklar strategemalarni kuchi, quvvati bor paytda hujumga, zaif, quvvatsiz paytda himoya­ga o‘tishga yordam beradigan turlarga klassifikatsiya qiladilar. Shu bilan birga ular ushbu strategemalar aralashib kelishini ham unutmaydilar, lekin xitoyliklar uchun eng muhimi strategemalardan o‘rinli va oqilona foydalanishdir. Biz uchun esa ular fikr­lash san’ati hamdir, chunki oson, yengil, kam kuch va xarajat sarflab maqsadga yetish usullarini topolgan aqlgina o‘z quvvatidan va imkoniyatlaridan to‘la foydalangan hisoblanadi. Jang­ga, kurashga, bahsga ochiqdan-ochiq, ko‘krak kerib tashlangan emas, balki o‘zini tarbiya ko‘rgan, demokratik qadriyatlarni e’zozlaydigan qilib ko‘rsatadigan, ammo aql quvligidan, topqirligidan, hiyladan mohirona foydalanadigan aql hayrat va havas uyg‘otadi. Hayot tinch taraqqiy etayot­ganida, ko‘krak kerib kurashga otiladiganlar taajjub uyg‘otadi, xolos.

Strategemadan bexabarlik, uni mensimaslik ba’zan kishining boshiga noxush hollarni solishi yoki maqsadlariga yetishiga to‘siq bo‘lishi mumkin.

Misol: er. avv. 501 yili Konfutsiy Lu viloyatining hukmdori Din Gu tomonidan avval ijtimoiy vazifalarni tashkil etuvchi, keyin esa sud ishlarini yurgizuvchi lavozimlariga tayinlanadi. Mutafakkir targ‘ib etib yurgan axloqiy g‘oyalarini, ezgu maqsadlarini real voqelikka aylantirish imkoni yuzaga kelganidan shod edi; u saroyga sidqidildan xizmat qiladi — boshqarish ishlarida tartib o‘rnatadi, ajdodlar an’analariga amal qilishni odatga aylantiradi, kishilarning Osmonni va Osmon o‘g‘lini e’zozlashiga, ular o‘rnatgan tartiblarga bo‘ysunishiga va shu tariqa el-yurtda obro‘ topadi. Konfutsiyning islohotlari ijobiy samaralar beradi va uning shuhrati yon-atrofdagi viloyatlarga tarqaladi. Si viloyati hukmdori tashvishga botadi, agar Konfutsiy islohotlarini davom ettirsa uning aholisi, fuqarolari Lu viloyatiga o‘tib ketishi mumkin. Bu Si viloyatining Lu hukm­dori qo‘liga o‘tishiga olib keladi. Si hukmdori qanday bo‘lmasin Konfutsiyni saroy xizmatidan yiroqlashtirish rejasini tuzadi. U Din Guga har qanday erkak o‘yu xayolini o‘g‘irlaydigan saksonta go‘zal qizlarni va bir yuz yigirmata bezatilgan tulporlarni sovg‘a qilib yuboradi. Din Gu diljo‘ qizlarga hirs bilan tikiladi. Maxsus topshiriqlar bilan jo‘natilgan qizlar Din Guni tinmay aysh-ishratga, ko‘ngil ochish bazmlariga tortishadi, natijada u davlatni boshqarish ishlarini tashlab qo‘yadi. Konfutsiyning da’vatlari, iltijolari unga ta’sir qilmaydi; ezgu harakatlari bee’tibor qolayotganini ko‘rgan mutafakkir saroydan ketishga majbur bo‘ladi.

Konfutsiy ezgu maqsadlarini real voqelikka aylantirib Osmonostiga xizmat qilish imkonidan ayriladi, u umrining oxirigacha shunday imkon qayta paydo bo‘lmaganidan afsus chekib yuradi. Uning “Meni biror vazifaga taklif etishmadi, men yeyil­maydigan qovoq bo‘lsam kerak”, degan so‘zlari afsus-nadomatga to‘la. Konfutsiy Si hukmdori uyushtirgan hiylani sezmaydi, aybni Din Gu va qizlardan izlaydi. Muvaffaqiyat qancha ko‘p, martaba qancha yuqori bo‘lsa, ularga hasad qiluvchilar ham shuncha ko‘p topilishini u xayoliga keltirmaydi. X.F.Zenger xulosa chiqaradi: “Bu dunyoda ezgu amallarning bilimdoni bo‘lish yetarli emas; hech bo‘lmaganda zararli strategemalarni ko‘ra bilish va ularning oldini olish ham muhimdir”.

“Loyqa suvda baliq ushlash”. X.F.Zenger kitobida u 20 strategema sifatida qayd etiladi. O‘zbek tilidagi “ko‘zni shamg‘alat qilish”, “ustasi farang”, “to‘rga tushirish”, “qarmoqqa ilintirish” kabi iboralar uning mazmuniga yaqindir.

Baliqni qo‘l bilan ushlash qiyin, shuning uchun odam qarmoq, to‘r degan narsalarni o‘ylab topgan. Loyqalangan suvda baliq yon-atrofini ko‘rolmaydi, havo ololmaydi, natijada, u yorug‘likka, havo olish uchun tepaga intiladi. Bu esa baliqchi uchun ayni muddaodir. Demak, strategema chalg‘itish, soxta informatsiyalar tar­qatish, ko‘zni shamg‘alat qilib to‘rga tushirish usulidir.

Ko‘pchilik kimda kuch, orqasida madad, zarur imkoniyatlar bo‘lsa u jangda ham, hayotda ham g‘olib yashaydi, barcha maqsadlariga erishadi deb hisoblaydi. Ammo harbiy yurishlar tarixi va kundalik hayot ko‘rsatadiki, kuch emas — aql, imkoniyatlar emas, quvlik, hiyla ishlata olgan yutadi. Quv aql, hiyla bilan eng kuchli raqibni mot etish, eng murakkab vaziyatdan qutilish mumkin. Xalq behuda “Chorasi yo‘q narsa yo‘q”, demaydi.

Misol: Er.avv. 480 yili dahshatli floti bilan Kserks Yunoniston ustiga yurish qiladi. Yunon floti forslarga qarshi turishi qiyin edi. Femistokl, yunon lashkarboshisi hiyla ishlatadi, ya’ni ulkan Kserks flotini Salamin oroli yonidagi tor bo‘g‘ozga jalb qiladi. Natijada, jang paytida forslar ulkan flotini qaysi tomonga burishini bilmay o‘z kemalarini o‘zlari g‘arq qiladilar. Zaif va oz sonli qo‘shini bilan Femistokl forslarni tor-mor qiladi va Yunonistonni dushmandan tozalaydi. Salamin jangi esa harbiy yurishlar tarixida eng shonli va ibratli g‘alaba hisoblanadi.

Yana bir misol: er.avv. III asrda Si viloyatining hukmdori Tan Dan ustiga bostirib kiradi va uning ko‘p shaharlarini ishg‘ol etadi. Tan Dan Szimo shahriga chekinishga majbur bo‘ladi. Deyarli qo‘shini va shaharlaridan ayrilgan Tan Dan hiyla, ya’ni “soxta vaziyat” yaratib qo‘rquvga solish usulidan foydalanadi. U Si hukmdorining yurishidan Osmon qahr-g‘azabga kelmoqda, u o‘ch olish uchun ajdaholarini yubormoqchi degan soxta shov-shuvlarni, mish-mishlarni tarqatadi va zimdan mingta buqa topishni buyuradi. Buqalar ajdaholar ko‘rinishida bezatiladi, ularning shoxlariga o‘tkir qilichlar bog‘lanadi va kechasi quyrug‘iga o‘t yoqib dushman tomon haydab yuboriladi. Ajdaho shaklida chopib kelayotgan olovlardan Si lashkari dahshatga tushadi va Osmon o‘ch olmoqda degan o‘y bilan tum-taraqay qocha boshlaydi. Tan Dan sanoqli askarlari bilan dushmanini yengadi va shaharlarini qaytarib oladi.

Chalg‘ituvchi xabarlar tarqatish strategemasidan siyosat, biznes, savdo-sotiq sohalarida juda ko‘p foydalanishadi. Arzimagan narsani ulkan yutuqlar darajasida maqtash, populistik va’dalar berish, real holatni, mavjud muammolarni kishilardan yashirish, aholini siyosiy jarayonlarga aralashishdan chalg‘itish kabilar ushbu strategemaga misollardir.

Odam zotiga nafaqat hamkorlik, ezgulik, qo‘llab-quvvatlash, xuddi shuningdek, takabburlik, zo‘ravonlik, hasadgo‘ylik ham xos. Ushbu salbiy xislatlar zarbasiga avvalo sirini yashirolmaydigan, dilida bor gaplarni o‘ylamay-netmay to‘kib soladigan, barchani bequsur farishta ko‘radigan aqllar duch keladi. Ammo haqiqiy soddalik, go‘llik bilan o‘zini atayin sodda, go‘l ko‘rsatishni aralashtirmaslik kerak. Aslida ham, quv aql o‘zini atayin sodda, go‘l ko‘rsatadi. Baltazar Gratsian haq: “Kim o‘zini befahm ko‘rsatsa, u befahm emas. Barcha bilan yaxshi munosabatlar o‘rnatishning eng yaxshi usuli o‘zini o‘ta go‘l ko‘rsatishga intilishdir”. Nasriddin Afandi va Aldar ko‘sa o‘zini sodda, go‘l, befahm ko‘rsatib raqiblarini mot, mag‘lub etadilar. Aslida go‘llik, soddalik maqsadni makrona yashirish ilmidir. Faqat quv aqlgina ushbu ilmdan mohirona foydalanadi.

Viktor Alimasov,

falsafa fanlari doktori

“Hurriyat” gazetasidan olindi (2008).

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.