OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Doniyolbiy

Doniyolbiy otaliq (Doniyolbiy ibn Xudoyorbiy) 
(?-1785) 
(1758-1785)

Mang‘itlarning nufuzli biylaridan, otaliq. Buxoro amiri Muhammad Rahimbiyning amakisi. 1758-yil 24-martda Muhammad Rahim vafotidan so‘ng uning o‘g‘illari bo‘lmaganligi uchun xonlik taxtiga voyaga yetmagan nabirasi - Fozilto‘ra o‘tqazilgan, Miyonkol hokimi bo‘lgan Doniyolbiy unga otaliq qilib tayinlangan (1758-1785). Bundan norozi bo‘lgan viloyat hokimlari, kenagas, yuz, bahrin, burhut va saroy qabilalari amirlari markazlashgan hokimiyatga qarshi isyon ko‘tarib, 10 ming yigitni qurollantirib, Buxoro tomonga yurishgan. Ularga qarshi chiqqan Doniyolbiy isyonkor viloyat hokimlari bilan bir bitimga kelishgan. Unga ko‘ra, Fozilto‘rani taxtdan tushirib, o‘rniga Ashtarxoniy shahzodalardan bo‘lgan Abulg‘ozi xonlik taxtiga o‘tqazilgan (1758-1785). Doniyolbiy ham otaliq mansabini, ham amaldagi hukmdorlikni o‘z qo‘lida saqlab qolgan. Doniyolbiy otaliq davrida ham o‘zaro urushlar davom etib, Karmana, O‘ratepa, Nurota, Sherobod, Boysun va boshqa joylarda mahalliy kuchlar bosh ko‘tarib, poytaxt izmidan chiqishga harakat qilganlar. 1781-yil Rossiya hukumati Buxoro bilan savdo bitimini tuzishga taklif etganida Doniyolbiy bu bitimni 92 o‘zbek qabilasi boshliqlari roziligisiz imzolay olmasligini bildirgan. Bu holat Doniyolbiy davrida Buxoro amirligi siyosiy markazlashuv darajasi Muhammad Rahim davridan ancha past bo‘lganini bildiradi. Bu tabiiy suratda Buxoro shahri aholisining noroziligiga sabab bo‘lgan. Bundan tashqari Doniyolbiy qo‘shin ta`minoti uchun lo‘plab qo‘shimcha soliqlar joriy etib, bu bil;an poytaxtdagi hunarmandlar va savdo ahlini o‘ziga qarshi qo‘yib qo‘ygan edi. 1784-yil Buxoroda qo‘zg‘olon ko‘tarilib, unda mingga yaqin kishi o‘ldirilgan. Doniyolbiy hokimiyatni shaharliklar obro‘-etibori baland bo‘lgan o‘g‘li shohmurodga topshirishga majbur bo‘ldi. Buxoro xonligini birlashtirish markazlashtirish uchun kurashni Shohmurod davom ettirgan. 
Mang‘itlardan bo‘lgan Buxorolik tarixchi Muhammad Yoqubning yozishicha: “Doniyolbiy sahiy va muruvvatli hokim sifatida mashhur bo‘lgan, lekin davlat (moliya) ishlari bilan qiziqmagan. Biron ishni boshlashdan oldin ishning ko‘zini biladigan kishilar bilan maslahatlashgan”. Doniyolbiy xonlik unvonini qabul qilmagan, u otaliq unvoni qanoatlangan.
Doniyolbiy davrida me‘moray yodgorliklardan “Xalifa Xudoydod” majmuasi (masjid, madrasa, sardoba va mozor, 1777-yil ) qurilishi boshlangan.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.