OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Muhammad Rahim

Muhammad Rahim ibn Muhammad Hakimbiy 
(1709-1758-yil 24-mart), 
(1756-1758)

Muhammad Rahim otaliq, mang‘itlar sulolasining asoschisi, qushbegi, 1756-1758-yillarda rasman Buxoro xoni (1747-yildan amalda), otasi – Muhammad Hakimbiyning ko‘magi bilan ashtarxoniy hukmdor Abulfayzxon saroyida bosh vazirlik lavozimida hizmat qilgan. Eron shohi Nodirshohning Buxoroga hujumidan keyin uning mamlakatda mavqei yanada oshgan va Abulfayzxonning qiziga uylangan. Buxoroning obro‘li kishilardan 12000 nafariga bosh bo‘lib, ularni oq uylik sifatida Eron poytaxti – Mashhadga olib kelgan. U 1745-yildagi kattaqo‘rg‘onlik Ibodullohbiy boshchiligida xitoy-qipchoq qavmlari ko‘targan isyonni bostirish uchun Nodirshohning buyrug‘iga ko‘ra Buxoroga qaytadi va qushbegi- bosh vazir lavozimini egallaydi. Aynan shu paytdan boshlab u Buxoro xonligining amaldagi hukmroniga aylangan. Muhammad Rahimbiy buyrug‘i bilan 1747-yilda Abulfayzxon Mir Arab madrasasi hujralaridan birida o‘ldiriladi. Taxtga Abdulmo‘minxon (1747-51), Ubaydullaxon III (1751-54), Sherg‘ozi (1754-56) ni o‘tqazib, bu qo‘g‘irchoq xonlar davrida markaziy hokimiyatga bo‘ysunishni xohlamayotgan Miyonkol, Nurota, Urgut, Jizzax, O‘ratepa, Xo‘jand, Toshkent, Shahrizabz, Boysun, Hisor, Qubodiyon va boshqa bekliklarini to‘rt yil davomida ustiga yurish qilib ularni o‘ziga bo‘ysuntiradi. Burqut, bahrin, kenagas, qipchoq, yuz, saroy boshqa qavmlarni mamlakatning turli hududlariga ko‘chirib xonlikning yaxlitligi va havfsizligi uchun izchil kurashgan. Urushlar tufayli vayron bo‘lgan Darg‘on kanalini qayta tiklattirgan. Buxoro shahrining mudofaa devori mustahkamlanib, 1752-53-yillarda balandligi ikki metrli yangi devor qurilgan. 1756-yil 16-dekabrda Muhammad Rahimbiy Buxoro taxtiga rasmiy ravishda xon bo‘lib o‘tirgach, Buxoroda hokimyat tepasiga yangi sulola - mang‘itlar sulolasining hukmronligi boshlandi va bu sulola mamlakatni 1920-yilgacha idora qilgan. 
Muhammad Rahimxon mamlakatda o‘zining mutlaq hukmdorligini o‘rnatish hamda ichki bosh-boshdoqlikni tugatish siyosatini tutdi. Bunday siyosatdan ko‘zlangan maqsad – markazlashgan davlatni tiklash edi. Muhammad Rahimxon bu siyosatni ro‘yobga chiqarishga qat`iy kirishdi va barcha mahalliy hukmdorlarni o‘z huzuriga chorlab, ularga o‘zining asl maqsadini, o‘z dasturini ma`lum qildi. Qaysi mahalliy hukmdor markaziy hokimiyatga bo‘ysunmasa, undaylarni ayovsiz jazoga tortilishini ogohlantirdi. Xiva xonligidagi siyosiy nizolardan foydalanib, taxtga o‘z odamlarini o‘tqazgan.Muhammad Rahimxon yirik yer egalarining davlatni boshqarish ishlarida shu vaqtgacha davom etib kelgan aralashuvlarini keskin kamaytirishga erishgan. Shunday bo‘lsa-da, u barcha bekliklarning markaziy hokimyatni tan olishlariga to‘la erisha olmagan. Buxorolik tarixchi Mirzo Abdulazim Somiy Bo‘stoniyning yozishicha Muhammad Rahimbiy G‘ijduvon tumanidan qaytayotganida yo‘lda vafot etgan. Buxorodagi Shohrud anhori bo‘yida, Mozor darvozasidagi Abu Bakr tarxon qabristonida dafn etilgan.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.