OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Anvar Obidjon. Aspan attorning arizalari (hajviya)

QOP KIYGAN O‘QUVCHI YOKI BIRINCHI ARIZA

Devonai Mashrab nomiga qo‘yilgan o‘rta-sredniy maktab tirikturiga sobiq kashshof Aspan-barabandan 

ARIYZANOMA

It egasini, mushuk bojasini tanimaydurgon, ojizalar nagan otib, erkaklar bola yo‘rgaklay boshlagan ur-to‘palon zamonlar edi. Bo‘g‘oz eshak yursa qorni shilinadurgon torgina ko‘chamizdan ikki gala otliq qiy-chuv bilan bir-birini tiraqaylatib o‘tar, Rahim qorovulning karomatiga qaraganda, ulardan birovi sho‘rochilar, boshqasi madaminchilar bo‘lishi kerak edi. Tomdagi bolakaylarga qo‘shilvolib, otliqlarni hay-haylab turguvchi Sattor jinni esa «vah-vah, ikkalasiyam o‘zimiznikilar», deb chapak urardi.
Bir kuni Idris qori so‘filikdan urilib, mahalladagi machit yangicha maktabga aylanganini aytishgach, axiyri Sho‘roning qo‘li baland kelganini fahmladik. Hash-pash deguncha hammayoqni kashshof bosib ketdi. Rahmatli dadam maniyam maktabga sudrab borib, g‘ilay odamga ro‘para qildi. Muallim shu kishi ekanlar. U bir ko‘zida bulutga, bir ko‘zida manga qarab turib, ustimda ishtondan bo‘lak hech vaqo yo‘qligidan ichikib ketdi. Ana undan keyin, hukumat vakilining huzuriga yosh avlodni shu kepatada yetaklab kelasanmi, deb dadamga ko‘p davaralar qildi. Lotincha yoki o‘rischa aralashtirgan bo‘lsa kerak, o‘shanda uning ba’zi gaplariga tushunmadim.
Dadam jahl bilan mani yana uyga sudradi. Tafsilotni eshitgach, joying jannatda bo‘lgur volidamiz sabzidan bo‘shagan lincha qopning tagi va ikki chetidan tuynukchalar ochib, darhol ichiga kirishimni buyurdi. Etagi yer supurishi, yengi yo‘qligini hisobga olmaganda, yangi ko‘ylak jussamga qolipdek yopishib, bag‘oyat ochilib ketdim.
O‘qishga-ku yig‘i-sig‘i bilan kirib oldim, ammo kashshoflikka o‘tishim judayam mushkul ko‘chdi. Qoravoy qo‘rboshi deganning quloq qilingan akasi qo‘yvorgan bir xotin tog‘amning keliniga xola bo‘larkan. Kelib-kelib, shu narsa tarjimai holimga qorakuya tushirdi. Loaqal, o‘sha kelinposhshaning nusxasini ko‘rib, bironta popukli ro‘molchasiga burun artgan bo‘lsaydim, bunchalik alam qilmasdi.
Bir tasodif bois, xayriyatki, ishlarim yurishib ketdi. Birinchi Moy bayrami kuni kashshoflar safga tizilib, bayroq ko‘targanicha mahallani aylanib chiqadurgon bo‘lishdi. Domlamizning mo‘ljaliga ko‘ra, kashshoflardan bittasi saf boshida baraban urib borishi kerak edi. Qarangki, shu ishni eplaydurgon bola topilmadi.
Mani tog‘am nomdor karnaychi. Ko‘pincha to‘y-to‘ychiqlarda unga esh-qo‘sh bo‘lib, nog‘ora chalib yurardim. Hunarim shu topda asqotdi-yu, barabanni shartta bo‘ynimga ilib, «qayroqi»ga ura ketdim: trra-trak, traka-trak...
Mundog‘ qarasam, domlamizning og‘zi qulog‘ida. Zavqim kelib, ohangni «qashqarcha»ga burvordim. Qani endi manga pul qistiradurgon mard topilsa.
Xullas, shu joyning o‘zida oqlanib, shu joyning o‘zida kashshoflikka qabul qilindim. O‘sha-o‘sha, mani hamma Aspan-baraban deb chaqiradurgon bo‘ldi...
Haytovur, gapni cho‘zmay, maqsadga o‘ta qolayin: ravotning shundoqqina yoniga bitta hujracha qurishni ko‘pdan niyat qilib qo‘ygan bo‘lsak ham poydevorga bosadurgon ashyomiz yo‘qligidan xijolat chekib, bu ishga qo‘l urmay yurgan edik. Siz rahbar bo‘lgan maktabga o‘nta gurzavoyda kuydirilgan g‘isht keltirilganini kecha o‘z ko‘zim bilan ko‘rib, bag‘oyat xursand bo‘ldim. Agar malol kelmasa, qishloqdan chiqqan dastlabki o‘tyurak kashshoflardan ekanimni hisobga olib, o‘sha g‘ishtlardan mingtasini sovg‘a tarzida hovlimga tashitib qo‘ysangiz. Bahonada, hasharchi piyanerlar bilan o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazib, ilm egallashdagi katta tajribalarim haqida ularga erinmay so‘zlab bergan bo‘lardim.
Sizdan yordam kutib: sobiq kashshof
Aspan-baraban
24 mort.


DASTLABKI SHAPKALILAR YOKI IKKINCHI ARIZA

«Qizil ketmon» kalxo‘zining kamsamo‘llari va o‘spirinlari kotibi Jumavoy ukamizga sobiq yosh aktip Aspan-shapkadan

ARIYZANOMA

To‘lan-tashviqotning gapiga qaraganda, kalxo‘zimiz bublatekasida kamsamo‘llar muzegini ochib, dastlabki yosh aktiplar ishi to‘g‘risidagi suratu hujjatlarni oynador javonchalarga terib tashlagan emishsan. Ayniqsa, qishlog‘imizning birinchi kamsamo‘li Urayim-zako‘nning kattakon portreyti xonaning to‘risiga ilib qo‘yilganini eshitib, bag‘oyat xursand bo‘ldim. Chunki, go‘ring yacheyka bo‘lgur o‘sha azamat manga jonajon qo‘shni, tavoqdosh ulfat edi. Qishloqda birinchi bo‘lib u, ikkinchi bo‘lib man shapka kiyganman.
O‘shanda oyoqda choriq, ustimda yamoq to‘n, boshda ola shapka bilan qo‘rqmasdan uyga kirib bordim. Dadam ahvolimni ko‘rib, chaynab qo‘ygan ovqatini yutolmasdan, bir muddat so‘rrayib qoldi. Volidamiz qo‘liga otashkurak olib, akkashni guzargacha quvib chiqdi. Shundan so‘ng alamzada Idris qorigayam ermak topilib qoldi, aftimni ko‘rdi deguncha, mullaligini paqqos unutib, chapanichasiga aynib so‘ka boshlardi.
Shu zayil, necha kun uydan quvg‘in bo‘lib yurdim, sha’nimga ko‘p nadomatlar orttirdim, lekin kulturnoy revolutsya yo‘lida bariga chidadim. O‘sha yillarda Urayim-zako‘ndan kam jabr tortgan bo‘lsam, mani qasam urib, soqolim tulab tushsin.
Man bu gapim bilan suratimni Urayim-zako‘nning portreytiga eshqo‘shlab osib qo‘y demoqchi emasman. Lokigin, o‘zingdan kelib, shundoq qilgan taqdiringdayam sandan bir miri ketmaydi.
Voh! Chunonam og‘ir davrlar edi! Biz yosh faollar, ya’ni aktiplar kamsamo‘llarga ergashib dalama-dala kezib yurardik, ketmonchilarga gazet o‘qib berardik, ularni kalxo‘zga kirishga ishqardik. Kaltak yegan paytlarimiz ko‘p bo‘lgan. Kechqurunlari hammamiz yacheykaga to‘planib, avvaliga «Yasha, Sho‘ro»ni xirgoyi qilardik, keyin shaxmatni bilganlar dona surishardi, qolganlar pul tikmasdan, to‘g‘ramnon yoki meva qoqiga oshiq otardik.
Boyvachchalar ko‘pincha bizni yo‘lda poylab turishardi, ular bilan oxirgi tishimiz qolguncha g‘ajishardik. Oqbilaklar o‘z yo‘liga, taassufki, kitob ko‘rmagan bat-rakvachchalar ham ular tarafda turib bizga musht otganda, jig‘-biyronimiz chiqardi. «Suf sanlarga, kallavaramlar, – deb qichqirardik ularga, – konturlarga sotilganing uchun ertaga yacheykaga opkelib, shunaqangi boplaylikki, toki opalaringni ochiqqa chiqaradurgon bo‘linglar».
Man pakana bo‘lsam ham juda xunuk urishardim. Bir kuni Yodgorboy deganning kenja o‘g‘liga takapo‘rma qilib kalla qo‘ygan ekanman, ko‘zi tepaga bitib, og‘zidan oq ko‘pik keldi. Shunda Urayim-zako‘n yelkamga urib: «Qoyilman, Aspanchik, sani bemalol kamsamo‘lga qabul qilish mumkin», deb yubordi.
Ha, mani, albatta, kamsamo‘lga olishardi, ish yaxshi tomonga yurib turgan vaqtda man go‘sxo‘r qandaydir chayqovchiga o‘zim bilmagan holda yordam berib qo‘yib, obro‘yimni oshqovoq qildim. Lodon ekanman, o‘shanda hushyor ish ko‘rib, kamsamo‘lga tekis o‘rnashib olganimda, hozir bozorma-bozor bo‘g‘riqib yurmay, kamida «O‘zbekbirlashuv»ning bironta idorachisini tebratib turgan bo‘lardim...
Aptabiyagrapiyani to‘xtatib, asl muddaoga o‘tayin. Shu desang, Jumavoy uka, ravotning yoniga bitta hujracha qurishga kirishib, poydevoriga ming dona kuydirilgan g‘isht bosib qo‘ydim. Kamxarju yolg‘izqo‘l bo‘lganim uchun qurilish shu joyga kelganda taqqa to‘xtab qoldi. Agar malol kelmasa, qishloqdan chiqqan dastlabki aktiplardan ekanimni hisobga olib, kamsamo‘lcha shanbalik yo‘li bilan manga besh mingtagina guvalak yotqizib bersanglar. Bahonada, hasharchi kamsamo‘llarga marhum Urayim-zako‘n haqidagi xotiralarimdan gapirib, ularning ko‘zini moshdek ochib qo‘ygan bo‘lardim.
Sandan yordam kutib: sobiq yosh aktip
Aspan-shapka
15 afrel.


SHUVITYUZ ULFAT YOKI UCHINCHI ARIZA

Mahallamizning obro‘li oqsoqoli Sulaymon polvonga shu mahallaning sobiq choyxonachisi Aspan-samovardan

ARIYZANOMA

Guzardagi choyxona esingdami? Bedanalarni osmachiroqqa toblab, tong ottirardik. Jang ko‘rgan «polvoncha»larning to‘rqovog‘iga sadaf qadatib, suvdoniga do‘dana osib qo‘yardik.
Hay-hay-hay! Bedana urishtirishda sanga teng keladurgon jirrakini uchratmaganman, yutsang – yutganing, ish chappa ketayotganini payqasang, qildan qiyiq topib, to‘palang chiqararding. Yertegirmondagi katta olatasirda bir nomard ko‘zingga bigiz sinchib, istarangga putur yetkazganidan hali-hali achinib yuraman. Xotining ham o‘shandan keyin sandan ko‘ngilsiz bo‘lib ketib qoluvdi. Buning ustiga manam uchinchi xotinimni taloq qo‘yib, prasto‘y-xalasto‘y yurardim. Choyxona bizga ham ro‘zg‘or, ham xotin bo‘p qoluvdi. E, sadag‘asi ketay, deb qo‘yaman ba’zida, o‘sha kunlaram bir davr ekan – kunda bedanavozlik, kunda oshxo‘rlik...
Hay darig‘, keyinchalik o‘rtamizga ola it oraladi. Erkakchasiga aytadurgon bo‘lsam, oshnachilikning buzilishiga ko‘proq o‘zim aybdorman. San g‘aribga vafo qilmagan o‘sha yuzsiz xotinga uylanib nima qilardim man ahmoq? O‘zing bilasan, bu dardisar ham avvalgilardan besh battar chiqdi. Haliyam ahvol shu – tishi to‘kilsayam, tili tiyilmaydi. To‘rqovoqqa sopqo‘ysang, manaman degan «tezotar»ingni qochiradi xumpar. Shundan zap qutulib ketgansan-da, oshna.
Omading bor ekan, kam bo‘lmading. Farg‘ona kanolini kavlashda qayoqdanam nazarga tushib, ko‘p o‘tmay, kalxo‘zga burgadur bo‘pketding. Piloning to‘lavurdi, san semiravurding – oshxo‘rlikda yopilmagan qovurg‘alaring burgadurlikda yopildi. Nomingni gazetalarda ko‘rib qolsam, bag‘oyat quvonardim, bir yo‘la suratingniyam qo‘shib yopishtirishmaganidan afsuslanardim. Keyin o‘ylab ko‘rib, suratga tushishdan o‘zing iymangan bo‘lsang kerak, deb taxmin qildim. To‘g‘ri-da, bir ko‘zing ojizligini el-yurtga oshkor qilib, jinni bo‘psanmi?
Odamlarga aralashib, ma’qul ish qilgan ekansan, kalxo‘z bitta sigir yetaklatib, sani pensiyoga uzatdi. Mana, oxiri to‘yida besh pud guruch damlanadurgon kattakon bir mahallaga oqsoqol bo‘lib o‘tiribsan. Tutun chiqqan joy borki, sanga atab alohida tugun tugib qo‘yiladi. Xayriyat deyish kerak, mahalladagilar insofli, ustingdan yozadurgon odam yo‘q...
Eski qaysarliging qo‘zib, «xo‘sh, maqsading nima o‘zi», deb so‘rab qolishing mumkin. Maqsadimni endi aytaman.
Shu desang, ravotning yoniga mehmonu musofirlarning hojatini chiqaradurgon bir hujra qurishni ko‘pdan niyat qilib yurardim. Oxir vaqti-soati kelib, shu inshootning poydevoriga ming dona kuydirilgan g‘isht bostirib, besh mingta guvalak yumalattirib qo‘ydim. Yolg‘izqo‘llik qursin, buyog‘iga jinday qiynalib qoldim.
Do‘stim Sulaymonjon, agar malol kelmasa, uzunhovuz atrofida behuda savlat to‘kib turgan mirzateraklardan bir nechtasini xudo yo‘liga kestirib bersang. Bu – birinchisi. Ikkinchi o‘rindagi iltimosim shuki, usta Abduqahhorni savob ishga safarbar etib, hujraning yog‘och-cho‘pini tiklagach, eski qadrdonlik hurmati devor hashariga o‘zing bosh-qosh bo‘lmasang, mahallada mani yuz qilib hovlimga qadam bosadurgon banda yo‘q. Bahonada, bu anjumandan foydalanib, hasharga kelgan yosh-yalanglarga san zabardastning kalxo‘z tuzishdagi mayda-chuyda xizmatlaringni bo‘yab-bo‘rttirib gapirib bergan bo‘lardim.
Sandan yordam kutib: sobiq jonajon ulfating
Aspan-samovar
19 moy.


SHOVVOZ IZVOSHCHI YOKI TO‘RTINCHI ARIZA 

Qishloq ijroqo‘mining raisasi o‘rtoq Pochchaevaga shu mahkamaning sobiq xodimi Aspan-izvoshdan

ARIYZANOMA


Muguzing qayilgur Adovlip Gitler qizil Maskovga lashkar tortmasdan burun hozir san boshqarib turgan ana shu mahkamada salkam uch yil izvosh minganman. Buni san bilmaysan, rahmatli otang bilardi buni. U kishi o‘sha paytlarda idoramiz yaqinidagi miskarlik do‘konida tirikchilik o‘tkazardi. Gohida unga izvoshimni yuvdirib, mo‘may choychaqa berardim, shunda u «sanga mandan qaytmasa, bolalarimdan qaytsin», deb duo qilardi. Farishtalar omin degan ekan, mana, endi sanga ishim tushib turibdi.
U vaqtlarda izvosh minish hozir shopirlik qilishdan o‘n chandon og‘ir, yuz chandon mas’uliyatli edi. Endi hamma yo‘llar asfal, moshinaga yog‘ni quyib, isko‘risini to‘g‘ri ursang, aytgan joyingga g‘uvillatib eltib qo‘yadi. Man izvosh minib, itning kunini ko‘rmadim, mundog‘roq bo‘ldim. Baytallar qari, yem-xashak tanqis. Buning ustiga, Mahramboyvachchadan tortib olingandan keyin yana o‘ttiz tashkilotning darvozasini ko‘rgan manjalaqi izvosh kunda bir ishkal chiqarib turadi degin. Otboqaram, izvoshchiyam, sleysariyam o‘zim.
Bir kuni desang, qizim, rayondan trakto‘rlarning katta xo‘jayni kepqoldi. Moshinasidan tushdi-yu, kelinayangga bor, deb shopirini iziga qaytardi. Boshida to‘ng‘izteri shapka, qo‘ltig‘ida lo‘labolishdek popka, belida naganbop tasma, oyog‘ida kavaleriska xirom. Raisimiz tizzalagudek ahvolda borib, qo‘sh qo‘lini uzatgan edi, u burun jiyirganicha ikkita barmog‘ini cho‘zdi. Boshqalar-ku, atrofda emaklab yurishibdi.
Ana shunday martabali odam ham man ro‘lavoy bo‘lgan izvoshga chiqib o‘tirdi. Yonida raisimiz. Ulardan buyruq olib, baytallar boshini «Baynalminal» kalxo‘ziga burdim. O‘sha davrdagi yo‘llar yayov yurganniyam ichak-chavog‘ini aralashtiradurgon ahvolda edi. Qirchindagi tuyao‘rkach yo‘ldan lo‘ki-lo‘k borayotganimizda, izvosh xunasaning orqa g‘ildiragi chiqib ketsa bo‘ladimi. Ana tomosha-yu, mana tomosha. Avval mehmon ag‘darildi, keyin xo‘jayinim. Xayriyatki, raisimiz o‘sha kuni ichmagan ekan, hushyorlik qilib, vaqtida boshliqning tagiga kirib oldi.
Qarasam, ish chatoq. Boshimni suyanchiqqa urib qonatdim-u, chalao‘lik odamday miq etmay yotaverdim. Rais o‘rnidan turib, burnidan loy qoqdi. Katta xo‘jayin gandiraklaganicha kelib, yerda yotgan g‘ildirakni tepdi, «he baloningga falonim», deb sasib qo‘ydi. Bir ko‘zimni qiya ochib, barini ko‘rib turgan bo‘lsam ham, o‘sha sulayganimcha miq etmadim. Shunaqa qilmasam bo‘lmasdi, zamon nozik edi. Boshliqlar istasa, yangiroq do‘ppi kiyganniyam quloq deb, ko‘zi olaroqni xalq dushmani deb, surgun qilvorishardi...
U davrdagi gaplarni gapiravursang, jabru jafoning poyoni yo‘q. Hartugur, maqsadga o‘taylik, qizim. Qariganda boshpanaga zoriqib, ravotning shundoqqina yoniga to‘qqiz to‘sinli bir hujracha qurgan edim. Poydevoriga ming dona kuydirilgan g‘isht bosib, sinchiga to‘rt arava yog‘och, devorlariga besh mingta guvalak xarjladim. Yolg‘izqo‘llik qursin, tomni yopishga kelganda, hamyonim bujmayib qoldi. Agar malol kelmasa, og‘ir zamonlarda ijroqo‘m yumushlariga kamarbasta turganimni hisobga olib, tomimni istandartno‘y tunuka bilan yopib bersang. Bahonada, tom yopadurgon ustalarga hukumatimizning mehnatkashlarga qilayotgan odamgarchiliklari haqida gapirib, ularni siyosiy tomondan anchagina puxtalab qo‘ygan bo‘lardim.
Sandan yordam kutib: ijroqo‘mning sobiq
xodimi Aspan-izvosh.
28 iyyun.


QIZILO‘RDADA YARALANGAN ASKAR YOKI BESHINCHI ARIZA

Rayon vayankamatining kattakoni patpalko‘mnik Ivan Nazaripga sobiq pro‘ntavoy sallot Aspan-yaradordan

ARIYZANOMA

Izdaraviya jilayu, tavarish kamandur! Mani tanimasalar, tanib qo‘ysinlar – sobiq pro‘ntavoy sallot, hozir mahallada o‘ziga yarasha obro‘ orttirgan bir grajdon o‘zlariga xat jo‘natib turibdi.
Man desangiz, urush boshlangan dastlabki kunlardayoq ijroqo‘mdagi ishimdan tezda bo‘shab olib, qachon armiyaga chaqirisharkin deb, jonim halak kutib yurdim. Har kuni po‘shtachining yoqasini g‘ijimlaymanki, manga povuska bormi, deb. Axiyri qatorga qo‘shishmaganidan qattiq o‘pkalab, kezargonlik qilmasam bo‘g‘ilib o‘ladurgon darajaga yetdim. Keyin bilsam, uydan chiqibman-u, orqamdan povuska kelib, man go‘sxo‘rni dog‘da qoldiribdi.
Sayohat – o‘z yo‘liga. Ochdan o‘lmaslik uchun yo‘l-yo‘lakay mardikorchilik qilishgayam to‘g‘ri keldi. Shu tariqa, yillar o‘tganini bilmay qolibman. Bir kuni mani Marg‘ilonda tutib olishib, san dizertursan deyishsa bo‘ladimi? Kim dizertur deb, ulardan baland sapchigan bo‘ldim. San qo‘limga aptamat ber-chi, man o‘sha pashistni nima qilarkinman, dedim. Qani, ko‘ramiz-da, deyishib, akkashni urushga jo‘natishdi.
Vago‘nda ketyapman-u, birovning qovunpoyasiga kapa tikkan dushmonni o‘ylab, zardam qaynaydi deng. Otangdan qolgan o‘rmoningda qo‘ziqoriningni yig‘ib yuravermaysanmi, zoti past, deb kuyunaman. To‘g‘ri-da, tili boshqa yurtda poshsho bo‘lganingdayam, baribir silqindiligingcha qolaverasan.
Man alamzada qachon pro‘ntga borib bo‘mbaboz samolyot minarkinman deb, vago‘nning tomida betoqat boryapganimda, xachirdan tarqagan paravo‘zimiz Qizilo‘rdada taqqa to‘xtaganicha turib qoldi. Bir temiryo‘lchi mastravoydan: «Shto tako‘y, vey?» – deb so‘radim. Mastravoy iljayib qo‘yib, «tvoy uje apazdal», deb o‘tib ketdi.
Qarangki, krasno‘y armiya biz ketayotganimizdan bexabar yana qattiq urushga kirib, Girmonning poytaxtini qo‘qqisdan olib qo‘yibdi. Dushmonga osmondan bo‘mba tashlash man sho‘rlikka nasib bo‘lmadi.
Ikkinchi tomondan, sallotlarimiz urushda yutganidan suyundim. Qopchiqdagi yong‘oqlarimni vokzoldagi musofirlarga arzonroq tarqatvoraqolay deb, vago‘nning tomidan sakraganimni bilaman, shoshilishda istrelkaning ustiga tushib, oyoqni tarashayorish qildim. Hushimga kelib qarasam, atrofim to‘la do‘xtir.
Xullasi kalom, Adovlip Gitlerning ahmoqligi tufayli soppa-sog‘ oyog‘im uch joyidan darz ketib, ikkinchi grubiy invalit bo‘lib qoldim. Ammo, bekor yotgim kelmay, mana necha yildirki, bozor-ucharlarga jamoatchilik asosida aralashib, savet mehnatkashlarining hojatini chiqarib yuribman...
Mayli, muddaoga o‘taylik. Man notavon ravotning shundoqqina yoniga to‘qqiz to‘sinli hujra solib, tomiga istandartno‘y tunuka bosgan edim. Hujraning old tomoni ochiq, atrofida deraza yo‘qligi tufayli baayni garajga o‘xshab qoldi. Agar malol kelmasa, hukumatning bus-butunligi yo‘lida chap oyog‘imni pachoqlaganimni hisobga olib, man vatanparvarga bitta «Zaparojiz» degan lo‘kkavoy moshinani rahmatnoma qilib berishingizni so‘rayman. Bahonada, ana shu moshina bilan boshqa rayonlardagi bozorlargayam yetib borib, davlatimizning pro‘ntavoylarga ko‘rsatayotgan katta g‘amxo‘rliklari to‘g‘risida dallolu xaridorlarga gapirib bergan bo‘lardim.
Sizdan yordam kutib: sobiq pro‘ntavoy sallot
Aspan-yarador.
4 avg‘us.


RAYSOBESGA PO‘PISA YOKI OLTINCHI ARIZA

Raysabzining boshlig‘i Alaydin Salaydinipga hukumat uchun katta xizmatlar qip-qo‘ygan Aspan-veterondan 

ARIYZANOMA

Man kim – qishloqda birinchi kashshof, birinchi kamsamo‘l bo‘lib yurib, keyinchalik «Qizil choyxona»ga mudirlik qilib, undan so‘g‘in qishloq ijroqo‘miga mas’ul ishga o‘tib, oxiri Girmon urushidan faxriy cho‘loq bo‘lib qaytgan yurtparvar insondurman.
Zamon o‘zgarib, domlalar qo‘liga adabcho‘p olmaydurgon bo‘lgandan keyin ham, talay batrakvachchalar maktabga borishdan bezillab yuraverdi, Sho‘roga zehni o‘tkir, kitob ko‘rgan kadrlar zarurligini qishloqda birinchi bo‘lib man tushundim. Ko‘ylagim yo‘qligini bahona qilib o‘tirmay, egnimga o‘z ixtiyorim bilan qop kiyib, o‘qishga qatnay boshladim, kashshof bo‘ldim. Ana undan so‘g‘in, boshqa bolalar mandan o‘rnak olishdi.
Man kamsamo‘l bo‘lgan paytlarimdayam davr bejo edi, ishtonbog‘ingni popugi qizg‘ishroq bo‘lsa, sani bolshibekka chiqarib, uyingga o‘t qo‘yadurgonlar topilardi. Qo‘ynidagi nosqovoqni yurak deguchilar o‘zicha g‘o‘dayib yuraversin, gapni mandan eshit, uka: mana sanlarga kulturnoy revalutsya dedim-u, qishloqda birinchi bo‘lib shapka kiydim. Endi boshga tushgan ko‘rgilardan so‘rasang, onam oq qilmadi-yu, mundog‘roq bo‘ldi, Idris qori kaminani nimalar deb so‘kkanini ochiq yozadurgon bo‘lsam, uyatdan qog‘oz qizaradi.
«Qizil choyxona»ga mudirlik qilgan vaqtimda davlatga yanada ko‘p foydam tegdi. Orqamizdan ola boqib, pinhon jag‘ silab yurgan konturlar haliyam topilib turishiga qaramay, man Marks boboyning jo‘rnoldan qirqilgan suratini choyxonaning to‘risiga ilib qo‘yishdan qo‘rqmadim. Bundan tashqari, har xil gazetalarni xontaxtalarga yoyib, tashviqot ishlarini avj oldirdim.
Keyinchalik mani qishloq ijroqo‘miga mas’ul ishga o‘tkazishdi. Ijroqo‘m raisi ikkalamiz izvoshga chiqib olib, kechani kecha, kunduzni kunduz demay, kalxo‘zma-kalxo‘z izg‘ib yurardik. Paxtani o‘tga bostirgan yalqovlar bilan o‘sha joyning o‘zida yoqalashib qolardik. Chunonchi, bundaylarga hayfsan berish uchun majlis chaqirib o‘tirishga vaqtimiz yo‘q edi.
Tobora obro‘yim ortib borayotgan bir paytda, Girmon pashistlarining lashkari karnay-surnay bilan ustimizga yopirilib kelayotganini eshitib, ularni bag‘oyat yomon ko‘rib qoldim. Belni qirq joydan tugib, ishimdan shartta javob oldim. E pashist, sanki o‘zing yomonlikni boshlabsan, endi mandan xafa bo‘lma, deb dabravoliska bo‘lib urushga ketdim. Oyog‘im sinsa ham, yuragim butun qolib, yengilmasdan qaytdim.
San nimani ko‘ribsan, uka? Omading bor ekan, yaxshi zamonda tug‘ilib, baxmal ko‘rpada katta bo‘lding. Maktabdayam, instito‘tdayam sani tekin o‘qitib, tagingga purjinali kursi berib qo‘ygan ekan, davlatga rahmat degin. Ana shunday davlatni qurishga jonini tikkanlardan bittasi man bo‘laman...
Muddaoga o‘tadurgon bo‘lsak, ko‘rib turganingdek, el-yurtga ko‘p fidoyiliklar qilgan rustamzodalardanman. Yo‘qsa, manga bepiliska garaj qurishib, buning ustiga, g‘oyibdan «Zaparojiz» moshinasini berib qo‘yishmasdi. San ana shularni hisobga olib, manga beriladurgon pensiyoni oshirish chorasini ko‘r. Hozircha, viloyat ahamiyatiga molik deb rasmiylashtirsang ham mayli, respublikanikini keyinroq gaplashamiz.
Sandan o‘n kun ichida javob olmasam, ustingdan teparoqqa yozishga to‘g‘ri keladi. Puxta o‘ylab ol, uka.
Sandan javob kutib: hukumat uchun
katta xizmatlar qipqo‘ygan Aspan-veteron.
30 dekabur.

1977–1979-yillar.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.