OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Anvar Obidjon. Ayollar va xayollar (hajviya)

1. EHTIROS KAMROQ BO‘LSIN

– Buncha xilvat ekan bu yer?
– Ha! Bunday xilvat joylar savob ish uchun yaratilmagan!
– Voy, nima qilyapsiz? Qo‘lingizni oling. Erim bilib qolsa...
– Tupurdim o‘sha eringizga. Oshqovoq nima-yu, u nima.
– Hamma erkaklar ham oshqovoq. Faqat, po‘sti har xil.
– Bahomni oshirib yubordingiz. Rahmat! Men ahmoq sizni tushlarimda ko‘rib yuribman. Kecha tushimda hatto o‘pib oldim. Mana bunday qilib...
– Bo‘ldi! Bas! – stolni shapillatib qichqirdi rejissyor. – Repetitsiya tamom!
U grimxona sari borayotgan artist yigitning ortidan xo‘mrayib qarab qo‘ygach, «engiltak ayol» rolida o‘ynayotgan aktrisaga o‘grilib, do‘ng‘illadi:
– Bugun sal kechiksam kerak. Qizchamizni bog‘chadan olib, to‘g‘ri uyga jo‘na.

2. KO‘NIKIB HAM KETARSIZ

– O‘zi nima gap? Nega yig‘layapsiz, singlim?
– Anavi uyatsiz chol...
– Xo‘sh, xo‘sh?
– Manavi yerimni...
– Xullas... tuf, – og‘zidagi nosni purkab, bamaylixotir gap boshladi chol, – oyimtillaning o‘sha joyini siypaladim. Siypalashga haqqim bor.
– Hm-m, bilasizmi... Sirasini aytganda, bizda odat shunaqa, singlim. Anavi ayollar ham dastlabki paytlarda sizga o‘xshab qimtinib yurishardi. Mana endi, siypalash u yoqda tursin, hatto, kiyimingni yech desangiz ham... Qisqasi, sharoitga tezroq ko‘nikishga urining...
Direktorning bu gapidan keyin, go‘sht kombinatining tashmachilikka qarshi kurashuvchi qorovuli tantanavor qiyofada soqol silab qo‘ydi.

1978 yil.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.