OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Mirmuhsin. Buvamni sog’inib… (hikoya)

Buvaning ta’rificha, “qush uchsa, qanoti odam yursa, oyog’i kuyadigan” qadimiy Mirzacho’lda hozir qanchalar obod qishloqlar paydo bo’ldi. Shu go’zal qishloqlardan birida Xondamir degan bola yashaydi. Uning ikki tepa tishi tushib, gapirganda kulgiliroq ko’ringani bilan asli o’zi juda yaxshi bola. Yozda doimo maykada yuradi, agar maykasini yechib qo’ysa, badanidagi oqarib turgan izi ham maykadek ko’rinadi.
Xondamirning akalari, opalari va yana kichkina chaqaloq ukasi bor. U hammalarini yaxshi ko’radi, ammo buvajonini hammalaridan ham a’lo ko’radi. Seni kim tuqan, deb so’raganlarida buvam, deb javob beradi.Uning uchun dunyoda shu buvajonidan aziz hech kimsa yo’q. 
 Ko’p yillar ilgari Farg’onadan Mirzacho’lga ko’chib kelgan buvasining bir toychasi bo’lgan ekan. O’sha toycha hozirgi to’riq, Xondamirdan o’n besh yosh katta hamon mehnat qilardi. Hovlidagi sigir, echki qipqizil tojini serkillatib yuboradigan boboq xo’rozu Qoplon degan bo’ribosardan ham Xondamir shu to’riqni yaxshi ko’rardi. 
 Buvasining ancha vaqtdan beri kasalxonada yotgani Xondamirning kichkina yuragiga g’ussa solib: “shu kasal degan narsa qayoqdan keldi? U nega kerak?! “- derdi buvasini sog’inib, bazida to’riq oldida soatlarcha xayol surib o’tirardi. Agar hamma ish uning qo’lida bo’lganida katta doktorlarni va hatto professorlarni chaqirib, buvasini ko’rsatib, tezda tuzatirib olgan bo’lardi. Mana shu masala Xondamirni juda ko’p o’ylatar, ot ro’parasida o’tirib, unga yuragini ochganday bo’lardi. “Buvamning anchadan beri kasalxonada yotganini bilasan, xafa bo’lmaysan, kusurlatib bedangni yeysan! Men bo’lsam buvamni sog’inib, kechasi uxlamay, yeig’lab chiqaman.
 Adam, opam, akalarim buvamni o’ylashmaydi! Chaqaloq ukamdan xafa bo’lish kerak emas, u hali yosh! Men juda hafa bo’lib ketayapman…” Bu gapni eshitgan to’riq oxurdan bosh ko’tarib bir laxza bedani kurs-kurs chaynashini to’xtatib, Xondamirga boqdi: “ Buvani men ham sog’indim, lekin men bog’loqman, ilojim yo’q. Buva hech qachon meni koyimagan, och qoldirmagan… Farg’onadan kelganimizda toy edim, ot bo’ldim. Buvaning hamma ishlarini jon fido qilib bajarardim…” 
 Ha, darhaqiqat, Xondamir to’riqning kursillatib beda yeyishini yoqtirar, soatlarcha ro’parasida cho’qqayib o’tirib tomosha qilardi. Qari ot Xondamirga o’rgangan, yoniga kirganida atayin bedani chiroyli, kursillatib yer bolaning hursand bo’lganidan pishqirib, qorniga qo’ngan pashshalarni dumi bilan xaydab, qariligini sezdirmay kishnab ham qo’yardi. Xondamir hovlida uyoqdan- buyoqqa o’tganida orqasidan qarab kuzatar,otxona tuynigidan termilib turardi. Hatto qoplon Xondamirning orqasidan ergashayotganida rashki kelib, yer tepinardi. To’riq hammadan ko’ra ham Xondamirning oti hisoblanardi.
 Sog’inch alami Xondamir yuragini siqabergach, u ortiq chidab turolmadi. Akasiga, adasi va opasiga bir-ikki bor buvasini juda sog’inganini aytdi. Lekin ular bu gapga uncha e’tibor berishmadi. Bundan Xondamir ranjidi. Kunlardan bir kun u akalariga sezdirmay, savatga bir necha anor, olma piyolaga bidondagi asaldan solib, qog’oz bilan yaxshilab berkitdi. Shundan so’ng, otxonaga kirib to’riqning arqonini yechi jilovladi. Lekin egarni yerdan olib ot ustiga qo’yolmadi.
 Oxur ustiga chiqib ot ustiga yaydoq mindi. Xondamirning tayyorgarligini sezayotgan to’riq qornini oxurga yaqinlashtirib, bola ustiga minib olishi uchun mahkam turib bergan edi. Xondamirning bir qo’lida savat bir qo’lida jilov, to’riqning bo’yniga shappatilab urdu: “ Chuv, jonivor! Buvamizni ko’rib kelamiz!” 
  Xondanir bilan to’riq hech kimga sezdirmay asta-sekin hovliga undan ko’chaga chiqishdi. Soyada yotgan qoplon darhol o’rnidan turib, ergashgan edi, Xondamir unga o’qrayib unga do’q urdi: “ Hovliga kir bizning orqamizdan yurma! “ Qoplon joyida to’xtab, hayron bo’lib qoldi. 
  ?ondamir to’riqda yo’l yurib, yo’l yursada mo’l yurib, qishloq kasalxonasiga yetdi. U adasi mashinada, akalari velosipedda bir necha bor kasalxonaga borishganini eshitgan edi.Lekin kasalxona qishloqdan ancha olisda, ko’prikdan o’tgach tuman markaziga borish, ikki qavatli “ bolalar dunyosi” magazini yonidan o’tish kerakligini ham yaxshi bilardi. 
 Kasalhona eshigi oldida otga yaydoq minib, qo’lida savat ko’targan, kalta ishton, maykadagi bolaga ko’zi tushgan qorovul, ularga baqrayib qarab qoldi. Yurib kelib bolani ot ustidan olib yerga qo’ydi. 
- O’g’lim sizga kim kerak?, - dedi bolani atayin “siz” lab.
- Buvam.
- Buvangizni familiyalari nima?
- Buvamning familiyalari yo’q.
- Otlari bormi?
- Otlari Umurzoq buva.
- E, tanidim! Mirzacho’lda Umurzoq otani tanimaydigan odam yo’q. Kiraqoling ichkariga, otni men ushlab turaman.
Sh lahza kasalxona derazasidan qarab turgan Umurzoq ota shosha-pisha hassasini ushlab hovliga chiqdi. Buvani karavotdan turolmay yotadi deb aytishgan edi. Yurib kelayotganiga ko’zi tushgan Xondamir xursand bo’lib ketdi. To’riq ham birdan kishnab yubordi. Ko’zlari chaqnab, dumlari bilan yelpib, toychoqdek jilpanglab buva tomon intildi. Xondamir ham savatini yerga qo’yib, buva bag’riga otildi. Umurzoq buva qorovul olib kelib qoygan kursiga o’tirib Xondanirni quchoqlab, peshonasidan qayta-qayta o’pdi. Yoniga yaqin kelib buvani hidlayotgan to’riqning ham lunjlari, ko’zlari tepasini silab, erkaladi.
- Somonboy, bu mening nevaram- Xondamir, bu- juda yaxshi bola. Bu – qahramon bola ! Shu kecha tushumda suvda suzib yurgan ekanman. Mana sevikli nevaramni ko’rdim, - u ko’zidagi yoshni yelkasiga tashlagan ro’moli bilan artdi. – Mana, bu- to’riq, bu jonivor ham jonivorlar ichida eng yaxshisi. U ham men bilan birga Farg’onadan kelgan. Cho’lquvarlardan…
Sog’inchu mehr kichik nevarani yo’lga otlantirgani, ota bobolari, akalari hovliqib, bezovta bo’lishini sezgani holda, adashib qolishdan ham hayiqmay, otga yaydoq minib kelgan nevarani tizzasiga olib erkalar, peshonasini silar, chol yuragi barq urardi.
Qorong’i tushganda butun rayonni izlab , hatto militsiyani ham yordamga chaqirgan adasi, akalari, yo’lda ko’rgan bilganlardan surishtirib, oxiri Xondamir otda kasalxonaga, buvasi yoniga ketganini payqab bu yerga hovliqib kelishdi. Ular buvadan hijolat ham bo’lishdi. Xondamirning koyishga mutloqo haddilari sig’madi. Uni yaxshi gapirib, to’riqni ham erkalab, o’z hovlilariga qaytarib olib ketishdi.
  Nevara bilan to’riqning poyqadami yoqdimi, bir haftadan keyin buvaning o’zi ham kasalxonadan chiqib, uyga qaytib keldi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.