OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Mirmuhsin. «Ona qabriga gul» (hikoya)

...Deraza pardalari osha keng, ko‘rkam xonaga tashlab qo‘yilgan qizil gilamlardagi oftob asta-sekin surilib, karavotdagi paryostiqchaga yetdi. Yumshoq to‘shakka cho‘kib, pishillab uxlab yotgan to‘rt yashar Erkin har gal mana shunday, oftob yuzlariga tushmaguncha uyg‘onmasdi.
Ammo bugun tong otmasdanoq cho‘chib uyg‘onib ketdi. Yonidagi oyijoni yotadigan karavotga erkalanib qo‘l uzatdi. Oyijoni o‘rnida yo‘q! U surilib borib oyijonini achomlamoqchi bo‘ldi. Topolmadi, karavot bo‘sh edi. Erkinning kichkinagina yuragi shig‘illab ketdi. Vahima bosdi. Ha, oyijoni yo‘q, u o‘lgan. Erkin karaxt, u yoq-bu yoqqa atangladi. Pastda, ko‘rpacha ustida buvisi uxlab yotardi. U oyijonining bo‘m-bo‘sh karavotiga, atlas ko‘rpaga xomush tikildi. Oyijoni mana shu karavotda, oyoqlarini pastga tushirib o‘tirgancha tizzasidagi Erkinni bag‘riga bosardi. Qayta-qayta o‘pardi. Uning bo‘ynidagi tilla zanjirni Erkin o‘ynar, yuzini oyijoni ko‘ksiga surkardi, pishillardi, qiliqlar qilardi. Hozir u oyijonisini juda ham sog‘inib ketdi. Nima qilish kerak? U oyijonisini ko‘rmasa bo‘lmaydi! U bo‘g‘ilib, yig‘lagisi kela boshladi. Yana xomush tortdi. Yana yig‘lagisi kelib qo‘llari bilan ko‘zlarini ishqaladi. Bu dunyoda uning o‘zi yolg‘iz qolganday tuyuldi. U hozir o‘zini oyijonisi bag‘riga otgisi, uning tizzalariga boshini, yuzlarini surib, erkalangisi kelib ketdi. Ammo qani u oyijonisi? Qayoqqa ketdi? Qachon qaytib keladi? Muncha uni sog‘intirmasa?! Oyijonisi shu karavotda kasal bo‘lib yotganida, uning boshini silab turib aytgan so‘zlari birdan yodiga tushdi: «Erkinjon, meni sog‘inganingda qabrimga gul olib borib qo‘ygin. Men seni juda ham ko‘rgim keladi. Men seni sog‘inaman... Gul olib kelib qo‘ysang, men seni ko‘rgandek bo‘laman.
Katta yigit bo‘lib uylansang, albatta, xotining bilan birga kelgin. Men sening xotiningni ham juda ko‘rgim keladi, tushundingmi?» Erkin o‘shanda bosh qimirlatib tushunganini bildirgan edi...
Nega uning oyisi o‘ldi? O’lmasa nima qilardi? Nahotki, kasal bo‘lgan odam o‘lib ketaversa! Boshqalar ham kasal bo‘ladi-ku? Nega uning oyijonisi bunday qildi? Bu to‘g‘ri emas! U juda yaxshi oyijon edi. U hech kimni urishmagan. U hech kimni xafa qilmagan. Shundoq yaxshi oyijoni nega o‘ladi?! Erkin bu voqeaga hech tushunmasdi. Oyijonisiz bu dunyoda yurishning unga nima keragi bor? Erkin juda xafa bo‘ldi. Uning kichkina yuragi vayron bo‘lib, dardu dunyosi qorong‘i bo‘lib ketdi.
Karavotda yolg‘iz, karaxt o‘tirgan Erkinjonning o‘pkasi to‘ldi. U yana o‘zini tutdi: uning oyijoni har narsaga arillab yig‘laydigan bolalarni yomon ko‘rardi. U hoziroq oyijoni bag‘riga otib erkalanishni qo‘msadi. Ammo, qani u oyijoni? Chiroyli karavotu gilamlar, devordagi palagu billur qandillar ko‘ziga juda yomon ko‘rinib ketdi. Uning hech narsaga qaragisi kelmasdi. Unga hech narsaning keragi yo‘q! Unga faqat o‘zining oyijonisi kerak!
Erkinjon boshini quyi solib, karavotida indamay o‘tiraverdi. Devordagi oyijoni bilan dadajoni tushgan suratga qaradi. Unga bu surat ham kerak emas! Unga oyijoni kerak! Erkin beixtiyor xo‘rsindi. Hammayoq jim-jit, derazalar qorong‘i...
Hali yigirma yetti yoshga to‘lmagan Ra’no (u haqiqatan ismi jismiga monand juvon edi) og‘ir dardga mubtalo bo‘lib, operatsiya qilindi. Bu, oting qurg‘ur dard uning jismida paydo bo‘lganini o‘zi ham sezmay qolibdi.
Og‘riqlardan keyin u ikkinchi bor jarroh kursisiga yotdi. Bu ish uch-to‘rt oy ichida bo‘ldi. Oxiri u o‘z uyida yotajagini aytdi. Vrachlar ham shuni ma’qul ko‘rishibdi. Keyingi kunlarda unga faqat og‘riqni bosadigan, uxlatadigan doridan ukol qilishardi. U kun bo‘yi karavotida taqdirga tan berib yotar, ba’zi kunlari yostig‘i tagidagi daftarchaga nimalarnidir yozib qo‘yardi. Shunday go‘zal Ra’no ozib-to‘zib ketgandi... Qani u ko‘kraklaru, bellar! Xonatlas ustida yal-yal yonib, qanchalab ko‘zlarni kuydirishlar qayoqda qoldi! Uzun sochi beliga tushib, kulgan dudoqlaru bodom qovoqlar, qanot qoqib turgan qaldirg‘och qoshlar qani? U sarnigun, karavotda yotardi. Har qanday beqiyos husn ham vaqtincha ekanligini endi payqadi. Sal-pal tishi og‘rib, isitmasi chiqqanida oh-voh qilib doktor ustiga doktor chaqirtirgan Ra’no, hozir beomon dard changalida taqdirga tan berib, o‘limini kutib yotardi. Bu ruhiy holatni sezgan eri, ota-onalari uning yoniga kirganlarida ohu nadomatlarini sezdirmasalar ham tashqarida ich-ichlaridan ezilib, yig‘lashardi. Shundoq qizlari o‘lib ketaveradimi! Dod degilari kelardi. Ra’noni o‘limi oldidagi favqulodda jasorati yetmish-saksonga kirganlarni ham o‘ylatib qo‘ydi. Yoki kishi o‘lim changaliga tushib, bundan chiqib ketish iloji bo‘lmagach, shunday bahodir bo‘lib ketarmikan? Bu hol hammada ham bo‘laverarmikan?
Ichib-chekib, vaqtida ovqatlanmay isqirt yuradiganlar emas, saranjom, ozoda, o‘ziga qaraydigan Ra’no bu rak degan dardi bedavoga uchraganiga kishilar hayron. Bu o‘zi qanaqa dard? Vrachlar aytadigan hamma yomon narsalardan Ra’no qochar edi, u dono vrachlar o‘ylagan sog‘lom kishi edi. Buni qarangki, bu dard shu gulga yopishib, uni xazon qildi.
Tashqarida tong otib, sal-pal kun yorishib kelardi. Bu payt ayvonda yurib, plitada unga sut pishirib keladigan oyijonisi birdan ro‘parasidan chiqib kelayotganday, Erkin to‘xtab qoldi. «Erkinim, jonim bolam, o‘tir, mana bu sutni ich!» — degan ovoz qulog‘iga eshitilib ketganday bo‘ldi. U alanglab turib qoldi. Hamma uxlar, faqat u uyg‘oq edi. Hoziroq paydo bo‘lib qoladigan oyijonisini kutdi. Lekin oyijoni oshxonadayam, hovlidayam, ayvondayam ko‘rinmaydi. Keyin u zinapoyalardan tushib, gulxonaga bordi. Hovli o‘rtasida ochilib turgan gullarning eng chiroylisidan ikkitasini uzib olib, ko‘cha eshikka qarab yurdi. Uii hech kim payqamay qoldi. U bir oyog‘iga botinka, ikkinchisiga shippak kiyib olgan, har doim oyijoni kiygizib qo‘yadigan matroscha ko‘ylagini kiygan, yoqasi tugmasini ham solib ulgurmagan, do‘ppisini ham qidirib o‘tirmagan edi. Shu ahvolda ikki dona gulni ko‘tarib oyijoni oldiga jo‘nadi. U na kiyim, na botinkani bilardi. U yuzini ham yuvgani yo‘q, uning hech narsaga qaragisi kelmasdi. U faqat oyijonini ko‘rgisi kelardi. Unga boshqa hech narsa kerak emas edi.
Erkin jim-jit, kichik ko‘chadan katta ko‘chaga o‘tib, asfalt yo‘lakda keta boshladi. Uning qo‘lida ikki dona gul, oyijoni oldiga borardi. U o‘sha kuni katta mashina ustida, oyijonini olib ketishayotganda shu ko‘chalardan o‘tib, tramvay-trolleybuslar yuradigan katta ko‘chalar bo‘ylab ketgan edi. U go‘yo hamma yo‘lni biladiganday, tongotarda asfalt yo‘l chetida borardi. Katta ko‘chaga chikqaniga qadar uni hech kim ko‘rmadi. Faqat burchakdagi teraklar tagida ikkita laycha chopib yurganini ko‘rdi. Ular o‘z o‘rtoqlariniki ekanligini bilardi. Katta ko‘chada supurgisini yelkasiga tashlab ketayotgan kishini ham ko‘rdi. Bu odamni tanimadi. Undan so‘ng, g‘izillagancha bir mashina o‘tdi. Tramvay ham o‘tdi. Erkin ularga bir qarab qo‘ydi-yu, yo‘lida davom etaverdi. U charchaganiga ham qaramay oldinga intilardi, bir oyog‘ida shippak bo‘lgani uchun qadamini tezlatishga qiynalar, shippagi ba’zan oyog‘idan tushib qolardi. Asli shu ikkovini ham tashlab chiqsa bo‘lar ekan. U tramvay yo‘lini kesib o‘tib, kattakon bog‘, suv to‘la katta hovuz yoniga kelganida tong yorishib, yo‘laklarda odamlar ko‘paya boshladi. Mashinalar ham g‘iz-g‘iz o‘ta boshladi. Gul ko‘targan, yoqalarining tugmasi solinmagan, boshyalang bolaga ko‘zi tushganlar hayron bo‘lib kulib ketishardi. Sumka ko‘targan bir ayol jadal ketayotgan yo‘lida bir lahza to‘xtab, Erkinni kuzatdi, keyin yelkasini qisib, yana yo‘lida davom etdi... Erkin katta ko‘prikdan o‘tib ketayotganda orqasida kelayotgan papka ko‘targan ko‘zoynakli bir odam yonma-yon kelib, murojaat etdi:
— O’g‘lim, qayoqqa ketyapsan?
Erkin u kishiga bo‘zrayib qarab turdi-yu, indamadi.
— Kimning bolasisan?
— Dadamlarni.
— Nega sening yoningda hech kim yo‘q?
Erkin indamadi. U odam ham, bu bola shu yerdagi ko‘p qavatli uylardan chiqqan bo‘lsa kerak, deb o‘yladi. U ham tez-tez yurib ketdi. Nariroq borib, gul qirqayotgan keksa kishiga uni ko‘rsatib, bir nima deb ketdi. Yoqavayron, «mitti matros» chol yoniga yaqinlashganda u so‘radi:
— Hey bola, qayoqqa ketyapsan?
Erkin unga ham javob qilgisi kelmadi. Nima ishi bor? U tramvay yo‘liga tushayotgani yo‘q-ku! Agar u tramvay yoki mashina yo‘lida yurganida uni chaqirib olsalar bo‘lardi. U qo‘lidagi ikki dona gulni ushlaganicha, boshini baland ko‘tarib ketaverdi.
— He bola buyoqqa kel! Men senga gul beraman.
— Menga gul kerak emas, — dedi Erkin kattalardek. U qo‘lidagi gulni cholga ko‘rsatdi.
— Meniki yaxshiroq, mana buni ham ola ket!
Erkin nariroq yurib, o‘ylamsirab to‘xtadi. Cholning guli yaxshi bo‘lsa, uni ham olish kerak. Oyijoniga eng yaxshi gullardan olib borishi kerak! Erkin orqasiga qaytib, bog‘bon chol yoniga keldi.
— Ma, ol, bolam! — chol Erkinga darhaqiqat yana to‘rtta ajoyib «prezident» atirgulidan berdi. Ikkitasi qizil, ikkitasi oq. Chol Erkinga boshdan-oyoq tikilib, yana so‘radi:
— Erta-saharlab qayoqqa ketyapsan, bolajonim?
— Oyijonimning yonlariga.
— Oyijoning qayoqdalar?
— O’lganlar...
— E, bundoq degin, — bog‘bon chol yuziga fotiha tortdi. Bu bola onasini qidirib, ichikib, tentirab yurganini payqadi. Tentakroqmikan, degan xayolga ham bordi. U sog‘inch achangasida ketayotganini sezdi. Nahotki shundoq bolaning tentirab ko‘chaga chiqib ketayotganini hech kim payqamagan bo‘lsa!
— O’g‘lim, u yer uzoq, hozir uyingizga qaytib keting! Ertaga dadangiz bilan birga borasiz!
Erkin boshini sarak-sarak qildi.
— Adashib qolasiz, bolam! — chol atay «siz»lardi.
— Oyijonimning oldilariga boraman!
— Yo‘q, qayting!
Chol ushlab qolishdan qo‘rqib, qushdek uchishga tayyor turgan Erkin birdan chopib, o‘zini odamlar ichiga urdi. U yana yo‘lida davom etaverdi. Odamlar ichiga kirgach, bir oyog‘iga botinka, bir oyog‘iga shippak kiygan «matros»ni ko‘plar payqashmadi. U katta hovuz va ko‘kka otilib turgan favvoralar yoniga keldi. Bir lahza uning xayolini maydondagi kaptarlar tortdi. Ularga angrayib turdi-da, yana birdan xayoliga oyijoni keldi. U yana gulini ushlaganicha odamlar orasiga kirdi. Oyijonining ovozi qulog‘iga eshitilgandek bo‘ldi. U yoq-bu yoqqa alanglab, yo‘lida davom etdi. Bir muddatdan so‘ng yo‘l chetidagi magazin oynalari ichiga terib qo‘yilgan sut shishalariga qaradi. Ichkisi kelib yutindi. Gastronom ichkarisiga kirib, sut, pishloq sotayotgan oq xalatli semiz, do‘mbillagan xotinga tikildi. Sotuvchining qo‘li qo‘liga tegmas, chek olib odamlarga sut, kefir berardi. Semiz xotinning ko‘zi Erkinga tushdi. «Onasi bilan kelib, bu yerda adashib qolgan...» bolaga o‘xshatdi.
— Hey bola, nima qilib yuribsap?
Erkin indamadi. U ko‘zini sut-pishloqdan uzmasdi. Sotuvchi ayol matroscha kiyinib, dildirab turgan do‘mboq bolachaning boshdan-oyog‘iga razm soldi:
— Oying bilan kelganmiding, dadang bilan kelganmiding? Adashib qoldingmi?
Erkin boshini sarak-sarak qildi.
— Nima kerak senga?
Sotuvchi xotin oq bulochka ustiga ikki bo‘lak yaproqlangan pishloq qo‘yib Erkinga uzatdi. Yarim stakan sut ham berdi. Erkin stakanni olib, sut ichdi-da, ochiqib non bilan pishloqni yeya ketdi. U juda mamnun, oq xalat kiygan yaxshi xotinga iljaygandek bo‘lib gastronomdan chiqdi. U non chaynab, yana yo‘lida davom etdi. U yana ko‘prikdan, tramvay, trolleybuslar boradigan chorrahadan o‘tib, keng asfalt yo‘lda qadam tashlay boshladi. Uning qorni to‘ydi. Lekin oyoqlari chalishib, charchagandek bo‘ldi. Shu orada yo‘lka chetidagi o‘rindiqqa o‘tirib, bir lahza dam olgisi keldi. U o‘tirib orqasiga suyandi. Katta yo‘lda g‘iz-g‘iz o‘tayotgan mashinalarga, yo‘lakdagi odamlarga tikildi.
Bir muddatdan keyin boshi qiyshayib, uxlab koldi. U juda ham charchagan ekan, mashinalar shov-shuvini sezmay, ko‘lidagi gullarni mahkam ushlagancha qotib uxlab yotardi. Saldan keyin o‘z karavotida yotgandek oyoqlarini uzatib cho‘zildi. Yo‘lovchilar gul ushlab uxlab yotgan bolaga tikilishar, birov iljayib qo‘yar, birov bezovtalanardi. Ehtimol, bechora bola betob bo‘lib qolgandir, a? Betob bo‘lsa pishillab uxlamasdi. Shu atrofdagi shopmo‘ylovli militsioner ham bola yotgan skameyka yoniga kelib unga tikildi. Bolani daf’atan uyg‘otib yuborgisi kelmadi. U sekin skameykaning bir chekkasida undan ko‘zini uzmay, qo‘riqlaganday o‘tirdi. Allaqanday ekskavatorning shaldirab, yerni larzaga solib o‘tayotgani Erkinni uyg‘otib yubordi. U ko‘zini ochib, tepasida militsioner turganini ko‘rdi. Uyalinqirab, boshini ko‘tardi.
— Ha, o‘g‘lim, adashib qoldingmi? Kimning bolasisan? 
Erkin nima deb javob berishini bilolmay, serrayib turardi.
— Uyingga olib borib qo‘yaymi? Uying qayoqda?
— U yoqda, — dedi Erkin ko‘chani narigi tomonini ko‘rsatib.
— Yur, olib borib qo‘yay.
— Yo‘q. Men oyijonimning oldilariga ketyapman.
— Oyijoning qayoqda?
— O’lganlar.
Militsioner o‘ylamsirab, bolaga tikildi. Bolaning ichikib uydan chiqib ketganini fahmladi. — Nima qilish kerak? — deb labini tishladi. Erkinga gap kotdi:
— Yur, men ham o‘sha tomonga ketayotgan edim olib borib qo‘yaman. Mening ham sendek o‘g‘lim bor.
Ular o‘n besh daqiqa yo‘l yurib, militsiya idorasiga kelishdi.
Erkin bu yerdan ham juftakni rostlamoqchi bo‘lgan edi, iloji bo‘lmadi. Uni navbatchi militsioner yonidagi stulga o‘tqazib qo‘ydi. Oradan yarim soat vaqt o‘tar-o‘tmas otasi mashinasini eshikda qoldirib, xonaga hovliqib kirdi. O’g‘lini ko‘rib uni dast ko‘tarib bag‘riga bosdi. Ko‘ziga yosh olib:
— O’g‘ilginam, — deya oldi.
Erkin ham yig‘lamsirab unga tiqilinch qilishga tushdi.
— Adajon, oyijonimning oldilariga boraylik.
— Bo‘pti! O’g‘lim, bo‘pti boramiz, — dedi u o‘g‘lini bag‘riga qayta-qayta bosib, keyin xijolat aralash militsionerga murojaat etdi:
— Men erta bilan barvaqt aeroportga, mehmonlarni kutgani chiqib ketgan edim, buvisi bilan qolgan edi. Yaqinda boshimizga baxtsizlik tushgan... Kechirasiz... — dedida, unga tashakkur aytib chiqib ketdi.
Ular mashinalarida uyga qaytib kelib, bunda «tug‘ib o‘tirgan» buvini tinchitishdi. Ota Erkinga ham tasalli berdi. Birpasdan so‘ng oyijoni yoniga olib borishini aytdi. Otaning gaplariga Erkin itoat saqlab, oyijoni yoniga borishga boshqatdan tayyorgarlik ko‘rdi. Yuzlarini yuvdi, yangi kiyim, botinkalarni topib berishdi. U qornini ham to‘ydirib, eshikda turgan mashinalariga hammadan avval chiqib, o‘tirib oldi. Uning barcha harakatlarini kuzatib turgan otasi ko‘zlariga yosh oldi... Kichik bola uchun onaning o‘limidan og‘ir baxtsizlik yo‘q, derdi ota o‘ziga o‘zi.
Bir soatlardan keyin ular yana hovlidagi gullardan qirqib, kattagana guldasta yasab, mashinada qabristonga jo‘nashdi.
Hali marmartosh qo‘yilib, atrofi panjara bilan o‘ralmagan, tuproq uyilib, ketmon bilan tekislab qo‘yilgan yangi bir qabr tepasiga borib, ota-bola bosh egishdi. Qabr ustiga guldastani qo‘yishdi. Erkin dadasi yonida yangi qabrga tikilib turardi. Qani uning oyijoni? Nahotki uni atlas ko‘ylaklari bilan shu tuproqqa ko‘mishgan bo‘lsa? Axir uning paltosi etagiga ozgina tuproq tegsa ham cho‘tka bilan erinmay tozalardi. Uning chiroyli yuzlari, oltin ziraklari, nozik oppoq qo‘llari nahotki shu tuproq tagida yotgan bo‘lsa? Erkin xomush turardi.
— Oyijonim buyoqqa chiqmaydilarmi? — Erkin dadasiga murojaat etdi.
— Yo‘q, — dedi dadasi g‘amgin. U o‘g‘lini ovutish niyatida yolg‘on gapirmadi. Ota-bola qabristondan chiqib, uyga qaytib kelishdi. Lekin ertasiga u shamolladimi, isitmalab kasal bo‘lib qoldiyu tepasiga kelgan dadasiga ham, buvisiga ham, boshqalarga ham oyijon, deb qo‘l cho‘zib talpinar edi. Isitma ichida qo‘lida atirgul, oyijonini qidirardi.
Erkinning dovdirab, ichikib yurgani Humoyunlar xonadonini larzaga soldi. Buvasiyu buvisi, ammalari Erkin atrofida girdikapalak bo‘lib qolishdi. Xotini qazosidan keyin, «etti»ni o‘tkazib Humoyun xizmatga bordi. Ilgari xushomad qilib yuradigan ba’zi juvonlarga ham ortiqcha so‘zamollik yo‘q, qaragisi ham kelmasdi. Uning ko‘z oldida oyijonini yo‘qotgan ma’yus Erkin turar, bu mitti bolaning dardu dunyosi qorong‘i, hech narsasi qolmaganday ko‘rinishi yuragini ezardi. U na ota va na buvisi, hech kimning gapiga quloq solmasdi. Unga o‘zining oyijoni kerak. Oyijonini topib berishlari kerak! Qani uning oyijoni?! Nahotki uning oyijonini ko‘mib kelishdi! Nahotki oyijoni uni bag‘riga bosmaydi! U, Humoyunning ko‘ziga oyijonisiz yashay olmaydiganday ko‘rinardi.
Advokat Farrux Do‘stmuhamedovlar oilasi motamsaro, bir kichik jon butun bir xonadonni larzaga solardi.
Oradan uch yil o‘tdi. Erkin ham maktabga bordi. Ammo hamon Humoyun uylanmay yurardi. Uning ko‘z oldida hamon o‘sha Ra’no... Yer sovuq, kishi qazo qilgach, qolgan qadrdonlari yuragida uning mehri sekin-asta soviydi, derdilar. Bu to‘g‘ri emas ekan. Humoyun yuragida Ra’no muhabbati hamon yashardi. U, Ra’noni ancha vaqt ketidan yurib, yaxshi ko‘rib olgan edi. Nazarida yana bir boshqa kishini Ra’nochalik sevishga qurbi yetmaydigandai tuyulardi. Biron kimsa yuragida g‘alayon uyg‘otolmasdi. Humoyun uch yildan so‘ng birinchi marta Onaxonni ko‘rib, yuragi jiz etib ketdi. Uning ro‘parasida Ra’no turganday bo‘ldi. Uning bir yeri Ra’noga o‘xshashib ketardi. Ovozi o‘xsharmikan? Humoyun o‘ylanib qoldi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.