OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Shodmon Otabek. Kuyovbola va to‘tiqush (hajviya)

Nihoyat, o‘g‘ilni uylaydigan bo‘ldik. O‘ziga qolsa hali-beri uylanish xayoliga kelmaydi. Hozir qaysi bola “Ota, menga xotin olib bering!”, deydi?
— O‘zidan ham bir og‘iz so‘raylik, — dedi xotin, — balki bironta ko‘z ostiga olgani bordir...
— Oldin uylanishga rozimi-yo‘qmi — shuni bilishimiz kerak, — dedim xotinga shungayam aqling yetmaydimi degandek tik qarab. — Hozirgi yoshlar ja-a boshqacha bo‘p ketishgan, ayrimlari xorijliklarga o‘xshab qirqqa kirmagunimcha uylanmayman, deb gojlik qilishadi.
— Qani yo‘q deb ko‘rsin-chi! — dedi xotin xezlanib, — bu yoqda ukalari, singillari ketma-ket yetilib turibdi. Oilaning to‘ng‘ichi! Tezroq boshini ikkita qilish kerak!
O‘g‘ilni ko‘ndirish masalasini xotin zimmasiga oldi. Qarangki, bir gap bilan ko‘ndirdi-qo‘ydi. Endigi asosiy masala — o‘g‘ilga yoqadigan qiz topish. Men oldiniga nima ko‘p — tanish-bilish, oshno-og‘ayni ko‘p, bu nozik masalani darrov hal qilib tashlayman, deb chuchvarani xom sanab yurgan ekanman. O‘zimiz ko‘z ostimizga olib yurgan tanish-bilishlarning qizlaridan birontasi o‘g‘ilga yoqmadi. Agar nomzod sal ozg‘in bo‘lsa, “Bu qiltiriqni nima qilaman?”, deb burnini jiyiradi. Nomzod bug‘doyrang bo‘lsa, “Buningizning pardoziga falon pul ketadi”, deb tixirlik qiladi. Noilojlikdan uzoqroq bir qarindoshimizning o‘tiribroq qolgan qizini ko‘rsatgan edik, uchrashuvdan ko‘zlari ola-kula bo‘lib qaytib keldi: “Bo‘lmaydi, karatist ekan-ku! Muzqaymoq yeyotgan edik, shilqimlik qilmoqchi bo‘lgan bir bolani bir hamla bilan sulaytirib qo‘ydi. Menga ham iyy-ya deb tashlanib qolsa, dodimni kimga aytaman?”
Tanish-bilishlar oldida yuzimiz shuvut bo‘lib qoldi. Ayrimlari salom-alikni yig‘ishtirib qo‘yishdi. Tavba, qizi o‘g‘limizga yoqmasa, bizda nima ayb, deya xit bo‘laman.
O‘g‘ilning esa parvoyi palak. Xudoning bergan kuni xonasiga qamalib olib kompyuterda har xil o‘yinlar o‘ynaydi, yosh bolaga o‘xshab soatlab multfilm tomosha qiladi. Bunaqada diplomini qachon yozadi-yu o‘qishini qanday bitiradi — hayronman. Hay mayli, uylansa sal quyilib qolar, deyman. Ammo nomzod masalasi cho‘zilib ketayotganidan ko‘nglim g‘ash.
— Bizning topganimiz yoqmayotgan bo‘lsa — o‘zing top! — dedim bir kuni o‘g‘ilni iskanjaga olib. — Yigitmisan o‘zi? Nahotki shu paytgacha birontasi bilan yurmagan bo‘lsang?
— Yurganman, ota, yurganman, — dedi o‘g‘il ko‘zlarini lo‘q qilib, — hozirgi qizlar yurishga ja mos-da...
— Gapingga tuz solib gapir, tentak, — deyman o‘g‘ilning surbetligidan achchiqlanib. — Ota-bobolarimiz qanday oila qurishganini bilasanmi? Men ham onangni chimildiqqacha faqat bir marta ko‘rganman, xolos.
— Shuning uchun ham oyim bilan ko‘p urishasiz-da!
— Ho‘-vv bola, ko‘p haddingdan oshma!
Jahl bilan o‘rnimdan turib, xonamga chiqib ketaman. Tavba, deyman o‘zimcha xunob bo‘lib, bu zamonning yoshlari, goh qarasang bolaga o‘xshaydi, goh qarasang... Bizning o‘g‘il esa haliyam dumbul. Ishonasizmi, xuddi ana shu “fazilati” axiyri mushkulimizni oson qildi. Qanaqasiga deysizmi? Mana, eshiting.
Bir kuni ishxonamda telefon orqali nomzod qidira-qidira obdon charchab, uyga qaytdimu ovqatga ham hushim bo‘lmay, xonamga chiqib, gazetadagi oila qurish haqida berilgan g‘aroyib e’lonlarni ko‘zdan kechirib o‘tirgandim, o‘g‘il shumshayib kirib keldi.
— Ota, menga to‘tiqush olib bering! — dedi u kutilmaganda, tomdan tarasha tushgandek.
— To‘tiqushni nima qilasan? — bu gapning hazil yo chin ekanligini bilolmay kuyovbolaga jiddiyroq razm soldim.
— O‘ynataman-da, zerikib ketyapman! — o‘g‘ilning gap ohangi xuddi otasidan xo‘rozqandga pul undirmoqchi bo‘lgan tantiq bolakayni eslatardi. Birdan jahlim chiqib ketdi: tavba men nima g‘amda-yu, u nima g‘amda!
— E bor-bor, ko‘p boshimni qotirma!
— Yo‘q-yo‘q! Olib berasiz! Olib bermasangiz uylanmayman, o‘qishgayam bormayman, diplomniyam himoya qilmayman! Tamom-vassalom...
Basharasiga tuzukroq razm solsam, hazillashayotganga o‘xshamaydi, mutlaqo jiddiy turib talab qilyapti.
Shunda... shunda ichdan huruj qilib kelgan kulguni to‘xtatolmay, qah-qah urib kulib yubordim. Kuyovbola eshikni taraqlatib chiqib ketdi. Uning xurmacha qilig‘i nasha qilib, ko‘zlarimdan yosh chiqquncha kuldim. Qah-qahani eshitgan xotinim xonamga hovliqib yugurib chiqdi.
— Tinchlikmi, dadasi?
— Tinchlik, tinchlik, — dedim kulgidan yoshlangan ko‘zlarimni artib. Keyin kulgining sababini aytib berdim.
— Xo‘sh, mana endi o‘zing ayt-chi, shu bolani, shunaqa bolani uylash kerakmi o‘zi? O‘g‘limiz hali g‘irt dumbul ekan-ku! Kel, boshimizni qotirib yurmaylik. Hozircha to‘tiqushini o‘ynatib yuraversin. Vaqti-soati kelganda uylarmiz.
— Voy, bitta to‘tiqushni deb umr savdosini paysalga solasizmi, dadasi!
— Vey, to‘tiqushga o‘xshab, bitta gapni takrorlayverasanmi, — dedim bo‘g‘ilib. — Nega tushunmaysan?!
Xotinim nimanidir anglaganday bo‘lib, o‘zicha sal jilmayib qo‘ydi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.