OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Shodmon Otabek. Xavfli yutuq (hajviya)

Oldindan aytib qo‘ya qolay — kamina shaxmat jinnisi. Shu o‘yin desa o‘zimni tomdan tashlayman. Mahoratlari qalay deysizmi? Albatta, ishqibozlikka yarasha-da! Ancha-munchasiga bo‘sh kelmaymiz. Ishxonada kaminaga yutqazaverib alamzada bo‘lganlar, zimdan tish qayrab yurganlar oz emas. Yutqazganlari bir nav, hammasidan mening gaplarim o‘tib tushadi: «Odam quriganday kelib-kelib sen bilan shaxmat o‘ynab yuribmanmi? Oldin ham o‘ynaganmiding o‘zi? Bor, kitobini o‘qib kel!» Shunda bechoraning rangi bo‘zarib, jig‘ibiyron bo‘lganini ko‘rsam maza qilaman. Bu ham kamlik qilgandek, alam qilsa burningni tishla, deb qo‘yaman. Yiqilgan kurashga to‘ymas deganday, «yana bir o‘ynaylik» deb yalinishlarini ko‘rsangiz... «Men yutqazgan odam bilan o‘ynamayman» deya biroz tarang qilib turaman-da, keyin donalarni qayta tera boshlayman. Rahmim kelganidan ba’zan atay qolib bersammikin, deb qo‘yaman. Ammo xudo ko‘rsatmasin, yutqazib bersangiz keyin og‘iz ochirmaydi bu xumparlar. Shuning uchun ham mushuk sichqonni yeyishdan oldin ermak qilib o‘ynaganiday, picha ermak qilib turaman-da, keyin «hap» etib «yutib» yuboraman.
Bir kuni uchrashuvga bora turib, yo‘lakachi sartaroshxonaga kirdim. Aft-angorni sal epaqaga keltirib bormasak bo‘lmaydi. Qaylig‘imiz maymunsifat «majnun»larni yoqtirmaydi.
Sartaroshxonaning kutish xonasida besh-olti chog‘li odam davra qurgan, o‘rtadagi shaxmat taxtasida dahanaki «jang» ketyapti. Salom berib, sekin so‘radim:
— Kim oxiri?
— Qayoqqa?
— Qayoqqa bo‘lardi, sartaroshga.
— Bu yerda navbat shaxmatga! Yutqazgan turib ketaveradi!
«Tavba, sartaroshxonami o‘zi bu yer yoki choyxonami? Mendan battar shaxmat jinnilari ham bor ekan-u bilmay yurgan ekanman. Bir o‘zimni ko‘rsatib qo‘ysammikin? Uchrashuvga hali ikki yarim soat bor. Lobarxon baribir bir soat kechikib keladi. Tavakkal, o‘ynaganim bo‘lsin!»
Sekingina davraga suqildim. Hash-pash deguncha oldiga kelganni «yamlamay yutayotgan», burni mushtumday, baroq qoshli shaxmatchiga ro‘para bo‘ldim. U «hali sen ham bormiding?» deganday menga bir o‘qrayib qo‘ydi-yu, jerkibroq so‘radi:
— Oqda o‘ynaysizmi, qoradami?
— Ustasiga baribir — oqmi, sariqmi... — ilmoqli, bepisand javob qildim. Tuyqus «zarba»dan raqibimning ko‘zlari olayib ketgandek bo‘ldi. Muvozanatini andak yo‘qotdi. Men uchun shunisi muhim edi.
Shaxmatchi hujumning hamma usulidan voqif bo‘lishi kerak. Aytishlaricha, qaysar shaxmatchi Fisher ham oldin raqibini bir balo qilib muvozanatdan chiqarib olarkan-da, keyin o‘z maqomiga yo‘rg‘alatarkan. Ammo mening raqibim hadeganda no‘xtasini birovga beradiganlardan emas edi. Qaltis tuzoqlarga, tekin «hadya»larga parvo qilmadi. Men ham qarab turmadim. Payt poylab turib, boplab sipohni qurbon qiluvdim, xuddi qopga tushgan mushukday tipirchilab qoldi. Ana endi sho‘rlikning holini ko‘ring. Sirtmoqdan chiqish uchun o‘zini har tomonga urib ko‘rdi, bo‘lmadi. Noiloj, oxiri taslim bo‘ldi.
Raqibim rostdan ham yutqazib o‘rganmaganmi yoki o‘zidan zo‘rlarni tan olish odati yo‘qmi, boshini xam qilgancha miq etmay o‘tiraverdi. Atrofdagilar unga hamdardlik bildirganday, achinib qarashdi. Men ham ayb ish qilib qo‘ygan boladay indamay qoldim. Nihoyat, uchrashuv esimga tushib, ichkariga kirdim. Sartaroshlarning biri ish bilan band, ikkinchisi kiyimini almashtirayotgan ekan. Ishini tugatgan sartarosh o‘rniga hozir boshqa usta kelishini aytib, chiqib ketdi. Kuta boshladim. Dimog‘im chog‘. Bir tomondan g‘alaba nash’asi, ikkinchi tomondan bo‘lajak uchrashuv va hozir sartaroshxonadan archilgan tuxumday bo‘lib chiqishimni o‘ylab, o‘zimcha hovliqib qo‘yaman.
Shu payt kutilmaganda xonaga boya shaxmatda menga yutqazgan raqibim tumtayib kirib keldi. Men uni soch oldirsa kerak deb o‘ylab, surilib yonimdan joy bo‘shatdim. Ammo u ichkaridagi boshqa bir xonaga kirib, oq xalat kiyib chiqdi.
U menga g‘alati qarash qildi, qiyofasida kulgigami, zaharxandagami o‘xshash bir nima paydo bo‘ldi. Noiloj u ko‘rsatgan o‘rindiqqa cho‘kdim.
Sartarosh qutilarini sharaq-shuruq qilib, nimadir qidirdi. Keyin eski bir ustarani topib, qayray boshladi.
Yuragim birdan «shuv» etib ketdi. Negadir xayolimga vahimali o‘ylar keldi. O‘ tavba, nimalar bo‘lyapti o‘zi? Sartaroshning avzoyini ko‘rib, igna ustida o‘tirganday bezovtalana boshladim. Namuncha ustarasini uzoq qayramasa! Sekingina quyon bo‘lib qolsam-chi?! Bo‘lmaydi, oriyat o‘limdan qattiq. Xo‘sh, nima bo‘lishi mumkin o‘zi? Jahl usti-da... Yo‘g‘-e! So‘ysa o‘ziga qiyin — qamaladi! Bilmay qolibman deb shartta qulog‘imni kesib olsa-chi? Eh, eson-omon shu yerdan chiqib olay, keyin... shaxmatni kim bilan qanday o‘ynash lozimligini bi-ir yaxshilab o‘ylab ko‘raman...
Sartarosh «gurs-gurs» yurib yonimga keldi. Sochimni nari-beri tekislab bo‘lgach, soqolimni sovun ko‘pigi bilan bir karra shosha-pisha ishqalab chiqdi-da, iyagimga tig‘ tegizdi. «Tamom» dedim-u ko‘zimni chirt yumib oldim. Ustara har qirtishlaganda badanim tuz sepganday achishib og‘rir, ko‘zlarimdan tirqirab yosh chiqib ketar edi. Sartarosh esa parvoyi falak, xuddi po‘stdumba tozalayotganday boshimni goh o‘ngga, goh so‘lga ayovsiz qayirar, o‘tmas ustarada terimni shilib olayotganga o‘xshar edi. Goho «jiz» etgan joylarga yumshoq bir narsa tekkanini sezib qolardim.
Nihoyat, sartarosh yelkamdagi oq choyshabni olib, sochlarni qoqayotganda sekin oynaga qaradim. Turqi-tarovatimni ko‘rib, hangu mang bo‘lib qoldim. Soqolim oppoq paxta, xuddi qorboboning o‘ziman. Quloqlarim xuddi shamol tegirmonining parragiday dikkayib qopti. Obbo! Bu ahvolda endi uchrashuvga qandog‘ bordim? Hay mayli, qutulganimga shukur!
Sartarosh qo‘lini beliga tiragancha tirjayib turardi.
— Qalay, yigitcha, yana bittadan tashlashamizmi?
Xo‘sh, siz nima deysiz? Tashlashib ko‘rsammikin-a?..

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.